Mashrab lirikasi. O`z davrining ilg’or g’oyalarini yuksak badiiy san`at bilan ifoda etuvchi, chin insoniy his-tuyg’ularni kuylovchi, yomonlik va yovuzlikni qoralab, inkor etuvchi haroratli asarlar yaratgan mohir so`z san`atkori, jo`shqin qalb egasi Boborahim Mashrab asarlari, ayniqsa, lirikasi hamon qadrlidir. Mashrab o`z she`riyati bilan insonni hayot go`zalliklaridan bahramand bo`lishga undaydi va aksincha, ba`zan, asarlarida bu dunyoni o`tkinchi, bebaqo deb biladi va undan voz kechishga chaqiradi, uning azob va xo`rliklaridan tezroq qutulish lozimligini ta`kidlaydi, «bir zumda shattalab o`tish» kabi o`ta pessimistik kayfiyatni olg’a suradi. Shular jumlasida va ular bilan aralash holda yana o`zining «toat-taqvoni bir shisha mayga almashtirishga» yoki «bir pulga sotishga» tayyor ekanligini baralla e`lon qilib, o`zini sha`riy rasm-rusmlardan batamom ozod hisoblaydi va hokazo. Shoir «Alif»ni dilga jo qilmoqni...» so`zlari bilan boshlanuvchi she`ri qatorida: Meni devona Mashrabga muhabbatdin bayon aylang, Namozu ro`zadin forig’ bo`lub makkora Mashrabman1.
yoki: Xonoqoyu Ka`badin, Mashrab, muroda etmadim, May ichibon sokini butxona bo`ldum oqibat kabi o`sha davrda isyonkor ruhda jaranglovchi bayt — misralarni bitadi. Mashrab lirikasida hayotiylik real inson madhi ustun tursa-da, ba`zan shoir tasvirida yor, unga muhabbat so`fiylarning yaratuvchiga bo`lgan muhabbati, fidoiyligi ruhini oladi, «ma`shuqa esa ilohiylashadi: “Ey mening nozik niholim, oromi jonim qaydasan?”.
Mashrab mumtoz adabiyotimiz yirik namoyandalarining an`analari zaminida, ular meroslarini tinmay o`rganish, mutolaa qilish asosida ijodkor bo`lib shakllandi, voyaga etdi. Shoir asarlarida, birinchi navbatda, uning ishqiy lirikasida ana shu an`analarning ta`sirini kuzatish mumkin. Masalan, Mashrab Lutfiyning mashhur: