Asosiy qism 2.1 Islom yо‘nalishlarining xalq ma’naviyatidagi о‘rni. Islom IX-X asrlarda Tatariston, X-XII asrlarda Boshqirdistonga kiritilgan; Qozog‘iston va Qirg‘izistonda esa bu jarayon XIX asrda ham davom etgan. Dinning bunday keng miqyosda yoyilishida ishontirish, ma’rifat, targ‘ibot yо‘llari asosiy omillardan bо‘lgan Markaziy Osiyo xalqlari hayotiga islom yо‘nalishlarini (asosan sunniylik) targ‘ibot yoki arab istilosi orqali kiritilishi bilan bir vaqtda islom madaniyati, ma’naviyatini mahalliy xalqlar о‘rtasida keng yoyilishi kuzatiladi. Bu xududda sunniylikning hanafiya mazhabi qonun-qoidalarini mahalliy xalqlar hayotiga singdirish sunniylikning boshqa mazhablarga nisbatan tezroq amalga oshdi. Imom A’zam asos solgan hanafiya mazhabi boshqa mazhablarga nisbatan, birinchidan, diniy bag‘rikenglik (ya’ni boshqa mavjud dinlar va ularning urf-odatlari ham davom etish imkoniyati); ikkinchidan, mо‘tadil mazhabligi (ya’ni mahalliy xalqlar, millatlarning xususiyatlariga mos kelishi, uning talablarini oddiy odamlarga mos kelishi); uchinchidan, bu mazhabga e’tiqod qiluvchilarning ortib borishi va hozirgi vaqtda musulmonlarning kо‘pchiligi hanafiya mazhabiga e’tiqod qilishi bilan ajralib turadi Islom evolyusiyasida vujudga kelgan yо‘nalishlarning muhim jihatlaridan biri xalqlar ma’naviyatini shakllantirishga yо‘naltirgan qonun-qoidalar va diniy e’tiqod talablaridir. Islom dinini qabul qilgan har bir musulmon uchun diniy marosimchilik talablarini bajarishdan tashqari hayotda halol, pok, vijdonli bо‘lish, xalol va xaromning farqiga borish, boshqalarning mulkiga kо‘z olaytirmaslik; oila qurish bilan о‘z farzandlarini islom ta’limoti, talabi ruhida tarbiyalash, halol mehnat qilish bilan kun kechirish kabi axloqiy normalar mujassam bо‘lishi talab qilinadi. Shuningdek, bu ta’limotda davlat, jamiyat, ota-ona, vatanga muhabbat insonparvarlik, adolat, halolik mezonlari xalqlar ma’naviyati shakllanishining asosini tashkil qilgan. Bunday da’vatlar islom evolyusiyasining qaysi davrida bо‘lmasin о‘zining tarbiyaviy ahamiyatini yо‘qotmagan aksincha islom diniga e’tiqod qilganlar ma’naviyatini shakllantirishga о‘z hissasini qо‘shib kelgan. Uning bu jihati, hozirgi fuqarolik jamiyat shakllantirilayotgan mamlakatimizda, jamiyatda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirishga qо‘shayotgan hissasi ijobiy baholanib muhim tarbiyaviy-axloqiy ahamiyat kasb etmoqda.Jahon dinlari ichida eng kenjasi bо‘lgan islom dini tez orada juda kо‘p xalqlar va millatlar hayotiga kirib borib, ularning turmush tarzidan munosib о‘rin olishidan tashqari kо‘pgina sharqdagi davlatlarning boshqarish mafkurasiga aylandi. VIII-IX asrlarda islom evolyusiyasida turli yо‘nalishlar, mazhablar vujudga kelishiga qaramay islom ta’limoti (uning asosiy manbalari Qur’oni karim va hadisi sharif)ga kishilarning hayotida, xususan ularning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashlarining shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi Islom dinining umuman ta’limoti va ma’naviy-axloqiy jihatidagi ta’siri masalalarini о‘rganishga qiziqish sharq xalqlaridan tashqari Yevropa va Amerika olimlarining islom paydo bо‘lgan dastlabki asrlardayoq vujudga kelgan bо‘lsa, bu fenomenni fan sifatida о‘rganish ancha keyin boshlangan. Masalan, Yevropa, Amerika va Rossiyada islom, uning tarixi va manbalarini о‘rganish XIX asrning 2-yarmida boshlangan. Lekin islom tarixi, ta’limoti, muqaddas yozuvlarini tahlil, tadqiq qilish Rossiyada ayniqsa, О‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Shimoliy Kavkazda keng kо‘lamda ancha oldin amalga oshirilgan. Bu ish endi yanada kengroq miqyoslarda olib borilmoqda.Yevropalik olimlar islomshunoslik fanini yaratish, islom tarixi va manbalarini о‘rganish yо‘lida kо‘p xizmat qilganlar. Jumladan, M.Myuller, E.Teylor, K.Tile, SH.Dela Sosse, J.Freyzer va boshqalar. Ularning xulosalarida ayrim chekinishlar bо‘lishiga qaramay, ular bu fanning rivojlanishiga muhim hissa qо‘shganlar.
Rus sharqshunosligida ham islom tarixi, diniy manbalarni tadqiq qilish sohasida barakali ishlar olib borilgan V.R.Rozen asos solgan mashhur «Rus akademik sharqshunosligi»ning vakillari N.A.Mednikov, L.E.Shmidt, A.YE.Krimskiy, V.V.Bartold, I.Y.Krachkovskiy, YE.E.Bertels, A.A.Semenov va boshqalar islomshunoslik sohasida qimmatli asarlar yaratilgan. Bu asarlar hozir ham islomshunoslik olimlar uchun boy manba bо‘lib xizmat qilmoqda. Islomning paydo bо‘lishi va uning ta’limotini ilmiy nuqtai nazardan о‘rganish masalasi XX asrning 30-yillariga kelib jiddiy ravishda о‘rtaga qо‘yildi. Bu sharqshunoslik va umuman tarix fanining tiklanish davri edi. Asrlar davomida tarix fani va sharqshunoslik erishgan yutuqlar va yuzaga keltirgan xulosalarni ilmiy nuqtai nazaridan qayta kо‘rib chiqish va baholashdek juda mas’uliyatli va murakkab muammo hali ham tо‘la yechilgani yо‘q. Bunday sharoitda har bir muhim ilmiy masala bо‘yicha xilma-xil fikrlarning mavjud bо‘lishi tabiiy edi. Islomning paydo bо‘lishi yо‘nalishlari, mazhablari va ta’limoti yuzasidan ham juda kо‘p fikr va mulohazalar о‘rtaga tashlangan hamda muhokama qilinib, muayyan yechimini topgan. Qо‘llanmaning ushbu qismida ana shu fikr-mulohazalarning obyektiv, nisbatan asosli, aksariyat islomshunoslar tan olgan nuqtai nazarlaridan foydalanilgan. I.Karimov asarlarida bu din haqida, uning ma’naviy-axloqiy jihatlari xususida olg‘a surilgan fikr-mulohaza va dasturlar asos qilib olingan.
Jamiyat hayotining barcha sohalarida bо‘lgani singari ma’naviy, jumladan axloqiy nuqsonlar hukm surayotgan hozirgi davrda islomning mehr-shafqat, muruvvat, sahovat, odamiylik, halollik xususidagi pand nasihatlaridan umuminsoniy qadriyatlar sifatida foydalanish g‘oyat о‘rinlidir. Zero, hayotimizning ma’naviy jabhalari qayta qurilayotgan hozirgi davrda islomning regulyativ funksiyasining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Xususan О‘zbekison musulmonlari idorasi turli xildagi xayri, ehson, saxovat jamg‘armalarini tashkil etib, hojatmandlarning dardiga malham bо‘lmoqda. SHо‘rolar davrida vayron holatiga kelgan madaniy yodgorliklarni va tarixiy obidalarimizning davlat mablag‘lari va umumxalq hashari yо‘li bilan ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.
Islom, uning dunyoviy vazifalarini ham bajaradigan ruhoniylari asrlar mobaynida jamiyatning ijtimoiy hayoti, fan, madaniy, maorifini о‘z nazorati ostida ushlab, tarixiy an’analar, insonlarning turmush tarziga katta ta’sir о‘tkazib kelgan. Yana u islomga e’tiqod qiluvchi turli millat va ellatlarga xos ijtimoiy tabaqalar vakillarining Alloh oldidagi tengligini tan olgan va ularni yagona xudoning bandalari sifatida tenglashtirgan. Bu diniy ta’limotlarning umumiyligini mustahkamlagan holda ijtimoiy munosabatlarning mavjud tizimini saqlash funksiyasidir.
Hokimiyatni boshqarishda dindan vosita sifatida foydalanish qadimda ham bо‘lgan. Masalan, dastlabki xalifaliklarda hali siyosiy, harbiy va diniy hokimiyat halifalarning qо‘llarida bо‘lgan; Buxoro amirligi, Xiva va Qо‘qon xonliklarida ham hokimiyat arab xalifaligi yohud Turkiya sultonining gо‘yoki о‘rinbosarlari bо‘lgan amir va xonlar qо‘lida edi. О‘rta Osiyolik amirlar va xonlar siyosiy, huquqiy, diniy va iqtisodiy hayotni о‘zlaricha boshqarib borganlar. Xalq ommasiga ular о‘zlarini xudoning yerdagi soyasi, deb tashviqot qilib, hokimiyatni muqaddaslashtirganlar. «Amir soyai xudo xasb» degan ibora shunda paydo bо‘lgan.
Islomning hayotga joriy etilishida uning ixtiyorida bо‘lgan maorif va musulmon huquqi shariatda katta rol о‘ynagan. U о‘z ixtiyoridagi barcha vositalar yordamida hukmron tuzumni mustahkamlashga uringan. Yagona tilda yozilgan muqaddas yozuvlarda aytilgan fikrlar asosida, yagona tilda taot-ibodat ishlarini olib borish barcha musulmonlarni birlashtirgan. Barcha dinlarning arboblari о‘z dinlarini birdan-bir tо‘g‘ri din deb targ‘ib etganlar.
Demak, qadimgi davrlarda bо‘lgani singari hozir ham barcha dinlar bir-biri bilan bog‘liq bо‘lgan bir qancha funksiyalarni bajarib kelmoqdalar.