www.ziyouz.com kutubxonasi
157
— Yo‘q, bunday emas, — dedi Elder. — Shunchaki yil o‘tib ketdi. Ularning rejalari kengaydi, ularga
ko‘proq shu kerak. Men buni tushuna olaman. Nahotki sen tushunmayotgan bo‘lsang?
— Nega tushunmay? Bo‘pti, rahmat, Garri.
— Kecha kabaredagi tomosha haqida nima deysan? — so‘radi Elder.
— Menga stolda — dasturxon ustidagi tomosha ko‘proq yoqdi.
— Vudi, sen tuturuqsiz yigitchaga o‘xshab qolayapsan asta-sekin. Bu, bilasanmi, tuturuqsiz choldan
ko‘ra yomon.
— Men tuturuqsiz emasman. Shunchaki qiziquvchanman.
— Men bilmaydigan biron narsani bilasanmi? — qiziqsindi Elder.
— Dangal aytaman: hech narsani.
— Tuturuqsiz cholning boshini qotirma, Vudi.
— Xayolimga ham kelgani yo‘q.
— Kelasi safar valaqlash kasaling xuruj qilib qolganida, menga xabar qil. — Ichki aloqa o‘chirib
qo‘yildi.
Virjiniya Kleri jimib qolgan interkomga qarab turardi.
— Bular bari nimani anglatadi?
— Yana bir dunyo qaltis savollar.
— Siz bilan Elder kecha oqshom bir joyda bo‘lganmidingiz?
— Berkxardt va Mergendal, xotinlarimiz va yana bir nechta mehmonlar bilan birga edik.
Juvon interkomdan nigohini olmayotgandi, biroq uning ko‘zlari xiyol toraydi.
— Hayotingiz hodisalarga haddan tashqari to‘lib-toshgan, mister Palmer, — dedi u.
— Men bu ziyofatga kechikib bordim. Butunlay esimdan chiqib ketibdi.
— Rostdan esingizdan chiqqanmidi?
— Rostdan. Ziyofatgacha bir ish bo‘ldiyu kallamga hech narsa kelmabdi.
Juvonning jim turganini ko‘rib, Palmer stol osha unga egildi-da, qog‘ozlarni bir chetga surib, dedi:
— Bir nima desangiz-chi.
— Avval o‘ylab olay, keyin aytaman. — Oxiri juvon ko‘zlarini ko‘tarib, unga qaradi. Palmer uning
xijolatda qolganidan ko‘ra ko‘proq jahli burni uchida turganini ko‘rdi.
— To‘g‘risi ham shu-da. Ziyofat butunlay esimdan chiqib ketibdi.
Bir soniyadan so‘ng juvonning chehrasi xijolatdan qizardi. U teskari o‘girilib, xo‘rsinib qo‘ydi.
— Jinniman, — dedi Virjiniya — Hatto nega jahlim chiqqanini ham bilmayman. Bu ahmoqlik
bo‘lmay nima? — U ko‘zining qiri bilan yigitga qarab qo‘ydi-da, yana undan nigohini olib qochdi: —
Iltimos, bunga e’tibor qilmang.
— Siz-chi?
— Unutaman, — va’da berdi juvon.
Ular uzoq jim qolishdi.
— Jin ursin, kechiring meni, — birdaniga dedi yigit oxiri. Juvon qaddini rostladi va jilmayishga
harakat qildi. — Hammasi joyida. — So‘ng nafasini o‘nglab, boshini keskin siltadi: — Endi yaxshi.
Qani, bering o‘sha qaltis savollaringizni. — Juvon yana boshini dadil silkib qo‘ydi, go‘yo bu bilan unda
endi haqiqatan ham hammasi joyida ekanini tasdiqlagandek.
— Bo‘pti. — Yigit stolning o‘zi qog‘ozlardan xoli qilib qo‘ygan joyga qaradi. Xoli joy hozir
Palmerning shuurini band etgan fikrning o‘zi kabi mungli va yakrang ko‘rinar edi. Bo‘shliqni to‘ldirish
uchun u beixtiyor bir qancha duch kelgan qog‘ozni o‘sha joyga surib qo‘ydi.
— G’oyam shu qadar oqilona va shu qadar ahmoqonaki, shunday narsani o‘ylagan kallam kallami
yo oshqovoqmi, o‘zim bilmayman.
— Menda sinab ko‘ra qoling.
— Siz, rostdanam, bu g‘oyam to‘g‘riligini sinab ko‘rishdan cho‘chimaydiganim yagona odamsiz! —
U qo‘li bilan yuzini asta silab qo‘ydi. — “Jet-Tex” bizdagi haddan tashqari katta va past foizli, juda
uzoq muddatli me’yordagi pul zayomi to‘g‘risida muzokaralar olib borishga urinayotganini eshitsangiz,