www.ziyouz.com kutubxonasi
232
— Ha-a? — Berns hamon o‘yga cho‘mib tik turardi. — Ha-a. — takrorladi u.
Ular bir-birlariga ko‘zlarini tikishdi. Shunda Palmer o‘zi kutganidan ham ortiq darajada Bernsga
nisbatan haq ekanini angladi. Bu odam jahli chiqqanda mantiq-pantiqni bir chetga uloqtirib
yuborishdan ham, o‘z manfaatiga qarshi ish tutishdan ham toymaydi. — ibodatxonani o‘z boshiga
ag‘darib yuborgan Samsonning o‘zi deyvering.
— Yaxshi yotib tur, o‘rtoqjon, — dedi Berns.
Labining bir chetini qiyshaytirib, u miyig‘ida kulib qo‘ydi.
— Yaxshi yotib tur, Mak.
— Og‘irroq bo‘l, bo‘tam.
— Sen ham.
Darbon mashina eshigini yopdi. Haydovchi tormozni qo‘yib yubordi va mashina guldiragancha tun
qo‘ynida yelib ketdi.
Qirq to‘qqizinchi bob
Ertalab soat o‘nlarda Palmer o‘z xonasi tomon ketib borardi. Siynalari lo‘mbozday kotiba telefonda
gaplashardi. U kotibaning: “Ketdingmi? Yaxshi,” — deganini eshitdi va kotiba go‘shakni ildi.
— E-ha, mister Palmer!
Palmer odimlarini sekinlatdi.
— Xo‘sh?
— Mister Berkxardt liftda o‘z xonasiga ko‘tarilayapti.
— Rahmat.
Palmer xonasiga kirdi, stolga o‘tirdi va shu shanbada Utikda irod etishi kerak bo‘lgan nutqini tahrir
qilishda davom etdi. Virjiniya uning o‘tgan kungi Bruklinda qilgan nutqidan namuna olib, qoralama
qilib qo‘ygandi. Bir necha kundan beri ertalablari Berns bilan suhbati haqida afsuslanib mulohaza
yuritar ekan, Palmer uning agar to‘liq bo‘lmasa-da, ellik foizdan ko‘proq haq ekanini anglagandi.
Uning nutqi, albatta, takabburlikdan xoli edi, ammo u o‘ta mayin, o‘ta sipolik bilan va tinglovchilarga
nisbatan tirnoqcha takallufsiz gapirgandi. Mana, endi u qalamda nutqning avvalidayoq iltifotli so‘zlarni
yozib qo‘ymoqda edi: “Qattiq band bo‘lishingizga qaramay men uchun vaqtingizni ayamaganingiz va
meni sizlarga murojaat etish sharafiga muyassar etganingiz uchun barchangizdan minnatdorman...”
— shu top uning xonasiga yirik-yirik odimlar bilan Berkxardt kirib keldi va eshikni gursillatib yopdi.
Palmer ko‘zini ko‘tardi. Ichida o‘zi bilan o‘zi kurashgandek boss eshik oldida bir zum turib qoldi —
yo darg‘azab edi, yo shunchaki havo yetishmayotgandi. Uning doimiy qizil yuzi yanada qizarib
ketgandi, shuning uchun naridan-beri jilmayganda ko‘rinib ketadigan tishlari hayratomuz darajada
oppoq va sun’iy bo‘lib ko‘zga tashlanardi.
— Salom, Leyn, — dedi Palmer o‘rnidan turarkan.
Berkxardt nimadir deb ming‘irlab qo‘ydi-da, o‘tiraver degandek qo‘l silkidi.
— Bu bosh o‘lgur sira tashvishlardan chiqmadi-chiqmadi, — bidirladi u.
Palmer qo‘li bilan ro‘paradagi o‘rindiqni ko‘rsatdi va uning qanday o‘tirishini kuzatib turdi.
— Qanaqa tashvishlar?
— Tonggi ro‘znomani ko‘rdingmi? Olbanidan xabar bosilgan.
— “Tayms” va “Trib”ni o‘qidim, ularda aytarlik hech gap yo‘q edi.
— Sen “Byulleten”ni o‘qi avval, bolam, — dedi Berkxardt past xirildoq ovozda. U paltosi tugmalarini
yechdi va ichki cho‘ntagini uzoq kavlashtirib, oxiri undan necha marta buklab tashlangan tuturuqsiz
ro‘znomalardan birini chiqardi. Palmer Berkxardtning atrofidagilardan “Byulleten” xabarlarini o‘qishini
va umuman ularga qiziqishini yashirishga harakat qilishini angladi. — To‘rtinchi betda, — dedi boss
ro‘znomani stolga shaloplatib tashlarkan.