www.ziyouz.com kutubxonasi
228
Palmer chayqalib ketdi. Eng avval nima qilish kerakligini u bilardi — bemalol, aqlni peshlab yana
barqaror holatiga qaytishi, qaddini rostlashi, kuchini to‘plashi va ko‘tarilishda davom etishi kerak.
Limmo-lim bir vannadan sutday, to‘sattan oppoq, tip-tiniq nur tepadan uning boshi uzra to‘kildi.
— Vudsmisan?
Yorug‘likdan u o‘ziga keldi, boshi aylanishdan to‘xtadi. U qaddini rostladi va ikkala qo‘lini
panjaradan oldi.
— Mazang bo‘lmayaptimi?
— Sal ko‘proq olvoribman, shekilli, — dedi u xayoliga kelgan dastlabki o‘yga mahkam yopishib; shu
zahoti o‘zini mehribon xotinining ixtiyoriga topshirib qo‘yayotganini ham angladi.
— Gapingni anglamayapman. Bo‘pti, bu yoqqa chiq.
Egniga ko‘k-yashil shotlandcha xalat kiyib olgan Edis unga qarab turardi. Uning sochlari mayda
sariq gajak qilib burab tashlangandi. Yuzi bo‘rday oppoq va ma’nosiz, ko‘zlaridagi surma yuvilib
ketgan, lablari pushti edi. Yanoqlari tagida zaif yashilga moyil soya ko‘zga tashlanardi.
— Seni uyg‘otib yuborganim uchun uzr.
— Uyg‘otmading. Kitob o‘qib yotgandim. Kelib, kamin oldida nimalar bilandir mashg‘ul bo‘lganingni
eshitib turgandim. Uydaligingni bilganimdan keyin uxlab qoldim.
— Kutishning keragi yo‘q edi. Qanchagacha hayallab qolishimni bilmayman degandim-ku.
— Ha. — Xotinining qo‘li chiroq o‘chirgichdan pastga tushdi. — Bu shaharlarda... — U qo‘li bilan
noaniq, tushunib bo‘lmaydigan harakat qildi, — nima bo‘lishi mumkinligini hech qachon bilmayman.
Yarim tunda senga nima bo‘lishini ham hech qachon bilmayman.
— Qo‘yaver. Men taksida yuraman.
— Keyin, — dedi juvon gapida davom etib, — uxlab qolib, darrov uyg‘onib ketdim, chunki sen
bo‘kiribmi yo ingrabmi yubording. Bu ham juda qo‘rqinchli ovoz edi, Vuds. Bilmadim, ammo shunday
eshitildiki... — Ayol boshini chayqadi.
Qirq sakkizinchi bob
Bruklinda qattiq sovuq hukm surardi. Ist-River uzra tungi yanvar shamoli esar, daryoda muz
bo‘laklari suzardi. Xeyts tumanida mayda, ammo serhasham ko‘pxonadonli uylar orasida va Borou
Xoll atrofidagi ochiq joylarda shamol uvlardi. Tungi soat o‘nlarga yaqin hatto ishchan odamlar
yashaydigan mahallalarni ham sukunat chulg‘agandi, ahyon-ahyonda bu sukunatni bitta-yarimta
mashina ovozigina buzar edi. Olisdagi Bruklin ko‘prigi panjaralarini hisobga olmaganda, o‘yladi
Palmer, ushbu tumanni har qanday mo‘‘jaz shaharchaning ishchan qismiga yo‘yish mumkin edi.
Shiddatli shamol ko‘chalarni ana shu tariqa shibbalab tashlagandi.
Palmerning asli bruklinlik bo‘lgan haydovchisi mashinani mohirlik bilan bir qancha tor ko‘chalardan
olib o‘tdi-da, agar granit devoriga o‘yib ishlangan emblemalariga qarab hukm chiqarilsa, bir vaqtlar
mason ibodatxonasi bo‘lgan muhtasham eski bino oldida to‘xtatdi. Endi ibodatxonaligi ham qolmagan,
deb o‘yladi Palmer mashinadan chiqarkan, chunki bugungi yig‘ilishni shu yerda o‘tkazishga kelishilgan
edi.
U izg‘irinli shamolda birpas to‘xtab turdi va shoshilmay atrofga nazar soldi. Bu uning Bruklin bilan
birinchi marta to‘qnashuvi edi. Eski shahar, o‘yladi u. U bir vaqtlar tarovatli bo‘lgan Manxettendan
ancha ko‘hnaroq ko‘rinmoqda edi.
— Jimmi, endi yarim tungacha siz menga kerak bo‘lmaysiz, — murojaat qildi u haydovchisiga. —
Issiqroq bir joy topib, isinib olsangiz bo‘larmidi.
— Bu paytda bu yerda hamma narsa yopiq bo‘ladi, mister Palmer.
— Unda mashinani qulflang-da, men bilan yuring.
Ular endor tosh zinadan ko‘tarilishdi. Haydovchi zalvorli o‘ymakorli eshikni itarib ochdi. Yong‘oq
yog‘ochidan oro berilgan vestibyulda hech zog‘ yo‘q edi. Palmer quloq solib, kulgi ovozini eshitdi. U