www.ziyouz.com kutubxonasi
109
— Unda, sizningcha, buni ohanraboday tortayotgan narsa nima? — o‘smoqchiladi Kalxeyn. — Uy
va fermalarmi yo advokatning issiqqina o‘rnimi?
Berns yelka qisdi:
— “Merrey Xill” uning uy va fermalarini musodara qilolmaydi. Garrining bo‘ynida hech qanday qarz,
hech qanday majburiyat yo‘q. — Berns yana Palmerga mo‘ltayib qaradi: — To‘g‘ri aytayapsanmi?
— Bundan xabarim yo‘q. U haqida kredit boshqarmasida u-bu narsani bilib olsa bo‘ladi.
— Garri haqida u yerda ko‘p narsa bilolmaysan, — dedi Kalxeyn. — U to‘lovlarni to‘lashga qodir.
— Buyuk ish — joriy hisob, — xayol surib dedi Berns, — agar kimdadir bor bo‘lsa, bu shubhasiz
Garri bo‘ladi. To‘g‘ri aytyapmanmi, Vudi?
— Nimani nazarda tutayapsiz, o‘zi? — so‘radi Palmer.
— Men nazarda tutmayapman, — tushuntirib dedi Berns, — ya’ni shuni nazarda tutamanki, Garri
na faqat xo‘jako‘rsinga (chunki viskiga ham, taksiga ham u to‘laydi), balki chinakamiga to‘lovlarni
to‘lashga qodir, to‘g‘rimi?
— Joriy hisoblar turlicha bo‘ladi, — og‘zidan eshilib chiqayotgan so‘zlarga erinibgina quloq solib
g‘udrandi Palmer, — ba’zilari viski qultumidek o‘zlari oqib keladi, ba’zilari esa...
Kalxeyn hamdardlik bilan bosh irg‘adi.
— Siz anavindan juda oshirib yuboribsiz, — xabar qildi u Palmerga.
— Yo‘g‘-e? — suyunib hayron bo‘ldi Palmer.
Berns nimanidir miyasida pishitardi.
— Xo‘sh, hammasini gaplashib oldilaringmi? Yo gaplashmagan biron narsa qoldimi?
— Yo‘q, — ishontirdi uni Kalxeyn.
— Unda, demak, qizlarni chaqiramizmi? — taklif qildi Berns.
— Menga kerak emas, — dedi Kalxeyn. — Aytdim-ku, ruhoniy bo‘lishga tayyorgarlik ko‘ryapman
deb. Ikkita narsaga ont ichganman — bokiralikka va hirsni o‘ldirishga.
— Qasamlaringga sodiqsan, — ming‘irladi Berns. — Xushaxloq bolakay. — U yana Palmerga burilib
qaradi. —Xo‘sh, qizlarga qalaysan, Vudi?
— Unga ham hech kim kerak emas, — e’lon qildi Kalxeyn.
— Ikkita ont ichganman, — tushuntirdi Palmer, o‘ng qo‘lini ko‘tarib, — haqiqatni gapirishga
tantanavor ont ichganman.
— Konstitutsiyaga kiritilgan Beshinchi tuzatishdan foydalanib qoling, — maslahat berdi unga
Kalxeyn.
— Aldamayman, — davom etdi Palmer. — Sadoqatga sodiqman, besoqolbozlik kabi narsalarga
qarshiman...
Berns oq telefonni o‘zi tomon surdi-da, raqam terdi.
— Shaftolimisan? — so‘radi u. — Bu Mak. Seni uyg‘otib yubordimmi?
— Shaftolini olmang, — ogohlantirdi Kalxeyn Palmerni, san’atkorona shivirlab. — U haddan
tashqari besaranjom.
— ... Biz ixchamgina ulfatbozlik qilgan edik, — derdi Berns go‘shakka, — ikki-uchta yigitchadan
iborat.
— Sizga uning tanlaganlari yoqmaydi, — dedi Kalxeyn, — ular orasida bitta ham jajji qizaloq yo‘q.
Hammasi allaqayoqdagi ro‘dapolar. Umuman, arzimaydigan ish.
— ... O’zing bilan bironta portlovchi xotinni olvol, Shaftoli, — dedi Berns.
— Unga aynan shunaqalar yoqadi, — davom etdi Kalxeyn, — meni ham shundaylar bilan
ta’minlashga o‘rgangan, chunki mening gavdamga ular mos keladi-da. Uning o‘zi esa Gollivuddalik
vaqtidayoq shunaqalarga mazaxo‘rak bo‘lib qolgan, uni kelbatlari tortadi. Qaerlardan qidirib toparkin-
a ularni? Qidirsang, kunduz chiroq yoqib topolmaysan. Birontasi G’arbiy sohildan shaharga tushib
qolgudek bo‘lsa, darhol bunga qo‘ng‘iroq qiladi. — Kalxeyn kuchanib o‘rnidan turdi, Bernsning oldiga
bordi va undan go‘shakni yulqib oldi.