www.ziyouz.com kutubxonasi
38
Shaytonvashlik inson bolasiga yot. Olloh har bir bandasini shayton domgohidan salomat
saqlasin.
— Sin tushunmagan, sin bilmagan. Mujikda gunoh kup. Ularga Xudo yuk. Sin Nuh
paygambarni esla. Mujik unga kulok solmagan. Xudo tufon yubargan.
O‘sha kuni ular uzoq gaplashdilar. Bahslashdilar. Bir necha kundan so‘ng Sergey
kutilmaganda yana shu mavzuga qaytdi.
— Sin tugri gapirgan, — dedi u Jahongirga, — Vatandan ketgan notugri. Vatan bitta,
uni sotgan vakshiy. Sen tugri aytgan. Senga Vatan — Turkestan. Senga kiyin. Turkestan
madaniyatga kutarish kerak. Madaniyat yuk, savod yuk.
Jahongir bu gapni eshitib, unga norozi qiyofada boqdi.
— Singa yokmagan bu gap, lekin tugri. Besh yuz yil aldin yukari bulgan savod,
madaniyat. Keyin uxlab kolgan Turkestan. Turkestan hozir ham uxlagan.
— Uxlagani rostdir. Lekin madaniyatsiz, savodsiz deyishga haqqingiz yo‘q. Men
qishloqda o‘sganman, katta shaharda madrasa ko‘rdim. Shuncha yil yurtimizda yashab
har mahallada maktab borligini bilmadingizmi?
— Nu, maktablar yakshi emas.
— Al Xorazmiy, al Beruniy, ibn Sino, hazrat Navoiylar ham shunday maktablarda bilim
olganlar.
— Kani ular, yangi Navoi kani?
— Ulug‘lar kunda dunyoga kelavermaydi. Bu Ollohning irodasi bilan bo‘ladi. Madaniyat
deganingiz nima? Ovrupocha kiyinib yurishmi? Libosni o‘zgartirishdan osoni yo‘q. Ammo
madaniyat libos emas. U inson vujudidagi fazilatlar. Madaniyat — tan pokligi, iymon
pokligi. Siz mening xalqimga tuhmat qila ko‘rmang. Yuzko‘rmas bo‘lib ketamiz. Bu g‘ayri
xayollar bilan Samarqandga qaytib borsangiz men rizomasman. Xalqimning zaif
tomonlari, illatlari ham bordir. Lekin bu illat mening xalqimniki. Men uni shu illatlari bilan
ham sevaman. Olloh iymonimni basalomat asrar ekan, bu fikrdan qaytmayman. Siz
yana shunday tuhmat gap aytsangiz, so‘ng meni Parvardigor deb sig‘insangiz ham
gunohingizdan kechmayman.
— Kechir, sin minga tushunmagan. Min aytmakchi bulgan: sen Turkestanni uygat,
unga yardam ber. Jadidlar buni tugri tushungan. Sin jadid emas.
Ular keyin ham bu mavzuga qaytdilar. Sergey Turkiston tarixini Jahongirdan ko‘ra
durustroq bilar ekan. Ba’zan shunday voqealarni gapirib berardiki, Jahongir «rostmi,
yolg‘onmi gaplari», deb ajablanardi. Sergeyning Jahongirga o‘zini yaqin olishi besabab
emasdi. Bir kuni buni o‘zi aytdi.
— Men Turkestan tarixin Yevropadan bilgan. Nemis kitoblari ukigan. Endi menga
arabcha urganish kirak. Sin minga urgat. Min singa ruscha urgatgan, nemischa
urgatgan. Kelishdik?
Kelishdilar. Qor usti, muz usti, qisqa yoz kunlari tuproq ularga daftar bo‘ldi. Sergey
astoydilroq edi. U arab tilini nima uchun o‘rganayotganini bilardi. Jahongirda esa
maqsad yo‘q edi. Bu rus tili, nemis tili qaerda asqotishini bilmas edi. U Sergeyning bir
gapiga qo‘shilardi: ko‘p til bilish — madaniyat belgisi, inson bolasiga xos fazilat. Lekin bu
bilim asqotsa durust, kallada qolib ketganining nima nafi bor? Sergey ba’zan
Jahongirdagi bu loqaydlikdan bezib uni urishardi. «Bilimni sen olmasang, xalqingni sen
ko‘tarmasang kim ko‘taradi. Tarixing bilan men shug‘ullanayotganimdan uyalmaysanmi,
g‘ururingga tegmaydimi», deb qattiq ham gapirardi. «Xalqimni sevaman», deb yuruvchi
Jahongirga bu malomat toshlari aytarli ta’sir qilmas edi. Chunki unda ilm bilan
shug‘ullanishga ixlos yo‘q edi. Ayniqsa, boshiga bu ishlar tushgach, maqsadini butunlay
o‘zgacha belgilab qo‘ygandi. O‘zini ilmga baxsh etish fikri miyasiga o‘rnasha olmas edi.