www.ziyouz.com kutubxonasi
120
— Kishi agar yuz, agar ming yil yashasa ham o‘ladi. Faqat bu kuch qachon kelishini
bilmaydi. Umrimiz boricha yashayveraylik-chi.
Jahongir bu gapini eshitib, mudarrisi tez-tez takrorlaydigan baytni esladi:
— «Agar sad sol moni var yake ro‘z, Biboyad raft azin koxi dilafro‘z». Daminning forschaga tishi o‘tmas edi.
— O‘zbekchalab tushuntir, — dedi u.
— O‘zbekchasi sen aytgan gapga o‘xshaydi: agar yuz yil va agar birgina kun
yashasang ham, ko‘ngil ochuvchi bu qasrdan ketish kerak bo‘lur.
— Ha, afsuski, ketish onlarimiz yaqinlashyapti. Men o‘lib ketishimdan
afsuslanmayman. Armonim boshqa — havoda qushning, suvda baliqning, hayotda esa
bizning izimiz qolmaydi. Shunisiga dog‘man.
Jahongir sukut saqladi. So‘ng do‘stini ranjitib qo‘ymaydigan ohangda dedi:
— Damin, mening izim qoladi. Xudoga shukr, o‘g‘lim, nevaralarim bor...
— Bilaman... Shuning uchun endi ko‘proq yashashing kerak.
— Sen afsus chekma. Odamlar yuragiga yaxshilik urug‘ini qadagansan. Sening izing
shu. Odamning barcha yaxshi-yomon ishlari ketidan soyadek ilashib yuradi. Sening
yaxshi ishlaring ko‘p. Men birovga yaxshilik qilishga ham ulgurmadim. Men armon
qilsam arziydi.
— Sen... Xadichani taloq qilgan ekansan... Endi... nikohingga ol.
Jahongir darrov javob bermadi. U do‘stiga ko‘nglidagi niyatini oshkor qila olmas edi,
shu niyati nikohga yo‘l bermasligini tushuntirishga haddi sig‘mas edi.
— Ko‘p o‘ylama, shariat yo‘l beradi, — dedi Damin.
— Shariat-ku, yo‘l beradi... — Jahongir shunday deb xayoliga kelgan bahonadan
quvondi. — Iddat degan qoidalar bor.
— Iddating nima?
— Beva ayol erining vafotidan so‘ng bir yuz o‘ttiz kun sabr qilishi kerak. Shu
vaqtgacha men unga nomahramman.
Damin tizzasiga shapatilab qo‘ydi. Yarim tunga qadar ikki oshna o‘tgan-ketganlarni
eslab, gaplashib o‘tirishdi.
Ertalab Damin uyg‘onganida Jahongir tasbeh o‘girib o‘tirardi. Endigina tong otgan,
tunning o‘zi chekingani bilan, salqini hali hukmron edi. Ko‘cha tomondan charxning
shig‘illashi, charxchining «Pi-choq chax-layman!» degan xitobi eshitilardi.
— Namuncha ertalabdan kelmasa bu charxching, — dedi Damin oyog‘iga maxsisini
kiya turib.
— Bu charxchi anoyi emas, pichoq bahona meni poylayotgandir.
Damin uning gapiga ishonmay, ko‘cha eshigini ochib qaradi: charxchi — o‘rta yosh
kishi — qo‘li ishda-yu, ko‘zi alang-jalang edi.
Nonushta qilib o‘tirishganda eshikda Yo‘lchivoy, so‘ng Murodilla ko‘rindi. Jahongir
uning albatta kelishini bilardi. Lekin bunchalik tez yo‘qlar, deb o‘ylamagan edi. Ular bir
piyoladan choy ichishgach, Murodilla muddaoga ko‘chdi:
— Kecha o‘rtog‘ingizni shifoxonaga borib ko‘rgan edim. Rozi bo‘lsalar bugun muolajani
boshlasak, — dedi u Daminga qarab. — Kasalning kelishi oson, ketishi qiyin deydilar.
— Damin, bu kishi Xitoydan kelgan tabiblar. Seni ham ko‘rib qo‘yadilar, — dedi
Jahongir hayron bo‘lib o‘tirgan do‘stiga.
— Xitoylik deysanmi? Taqsir, men sizni bir odamga o‘xshatdim. Tepabellik Murodilla
aka emasmisiz?
Murodilla kulimsiradi.