www.ziyouz.com kutubxonasi
123
...Shu jabrdiyda olamdan o‘tibdi. Jahongir o‘limni kutib yotganida, Azroil Soqovnikida
ekan-da...
— Qanoat qila-qila boradigan joyimiz tayin ekan, — dedi Shoymardon, chuqur uf
tortib. Keyin Daminga qarab, dedi: — Aka, biz ko‘p nohaq jabr tortganmiz.
— Akangiz ham jabr chekkanlar, — dedi Jahongir, — siz-ku, asir tushganingiz uchun
qamalgansiz. Bu kishi kitob o‘qiganlari uchun o‘tirganlar.
— Vo. Xudo, necha ko‘rgiliklar ko‘rdik-a, adolat qolmagan ekan dunyoda.
— Adolat bor, — dedi Damin unga, — lekin adolat deganlari hamisha kuchga xizmat
qilgan. Ichki yaralar yuzaga chiqib, endi bilyapmiz bularni. Donishmand deganimiz
qoqilgan ekan, orqasidan butun xalq qoqilibdi. Qanoat deysiz. Qanoat tuyada ham bor.
Tuyaning qanoati tugab, g‘azabi uyg‘onsa, kushxonaga jo‘natiladi. Odamniki tugasa-chi?
— Yaxshi gap aytdingiz, aka, kam bo‘lmang. Endi men boray. Sizlarni yo‘ldan
qoldirmay. Soqovning yigirmasiga birga boramiz, o‘zim kirib o‘taman.
Shoymardon chiqib ketgach, Jahongir eshikka qulf urib, Damin bilan birga yo‘lga
tushdi.
Qirqbelga yaqinlashishganda Jahongir Ajdarqoya sari burildi. Qabristonga borib qor
ustiga tiz cho‘kdi. Yuqorida ajdarning uchta boshi oq qalpoq kiygan. Pastda do‘mpaygan
qabrlar ham oq o‘ragan. Jahongir tilovat qildi. Har kelganida ota-onasi bilan xayolan
suhbat qurardi. Bu safar ham odatini kanda qilmadi:
«Dada, akamni bag‘ringizga oldingiz, gunohlaridan o‘tdingizmi?»
— ...
«Mendan rozimisiz? Gunohlarimdan o‘tasizmi?»
Bu ikki savol qayta-qayta takrorlandi, lekin javob bo‘lmadi.
Jahongir Daminning uyiga qaytib, u bilan deyarli gaplashmadi. Ertasiga nonushtadan
keyin duo o‘qidi-da, oshnasiga iltijo bilan dedi:
— Damin, bergan osh-tuzingga rozi bo‘l.
— Jahon, esingni yig‘, nima qilmoqchisan, menga ayt. Murod keladimi Daydidaraga?
— Damin, jon oshna, so‘rama. Joyingdan jilmay o‘tir. Kechgacha kelmasam, milisaga
xabar ber. Yana bir omonat gapimni Yo‘lchivoyga yetkazasan. Daydidaradagi chinordan
qibla tomonga ellik qadam sanab odam bo‘yi kavlasin. Bobosining omonati o‘sha yerda.
— Jahon!
— Biz birovga yomonlikni ravo ko‘rmadik. Oshnachiligimizga xiyonat qilmadik,
shunisiga shukr.
Jahongir shunday deb Damin bilan xayrlashdi.
Daydidara kimsasiz edi. Chinor ham, do‘ngliklarni turtib chiqqan katta-kichik qoyalar
ham, qoyalarga tojday qadalgan do‘lanalar ham sukutda. Jahongir chinorga yaqinlashib,
atrofni diqqat bilan kuzatdi. Oppoq qordan ko‘zlari qamashdi. Hech kim yo‘qligiga
ishonch hosil qilgach, daraxtdan sharq tomonga o‘n qadam o‘lchab pichog‘ini qinidan
chiqardi. Qorni oyog‘i bilan nari-beri surib, so‘ng yerni o‘ya boshladi. Jahongir akasi bilan
uchrashishdan avval bu yerga kelgan, otasidan qolgan omonatning katta bir ulushini
ellik qadam nariga olib chuqurroq ko‘mgan edi. U yerni tizza bo‘yi o‘ygach, pichoqqa bir
latta ilashdi. Jahongir latta tugunchani ehtiyotlik bilan olib ochdi. Tugunchadagi
to‘pponchani yengiga artdi-da, o‘qdonini chiqardi. Bittagina o‘qni qoldirib qolganini
chuqurchaga tashladi. So‘ng o‘rani asliday qilib ko‘mdi. Ustiga qor ham surib qo‘ydi.
U dam-badam atrofga alanglardi. Qancha tikilmasin, uzoqdagi qoya ortida Solihov,
Ramazonov va yana uch yigitning durbinda kuzatayotganini sezmas edi. Solihov
Jahongir Qirqbel tomon yurgandayoq uning maqsadini fahmlagandi. Erta tongda u
odamlari bilan Daydidaraga yetib kelgan, xuddi bo‘riga o‘xshab chinor o‘sib turgan
do‘nglikni aylanib o‘tgan edi. Shu sababli bu atrofda odam izlari ko‘zga tashlanmas edi.