www.ziyouz.com kutubxonasi
121
— Xotirangizga balli, o‘sha odamman. Men sizni tanimadim-ku?
— Biz u paytda yalangoyoq bo‘z bola edik. Ko‘rgan bo‘lsangiz ham bizga o‘xshagan
chuvrindilarga e’tibor bermasdingiz. Ot o‘ynatib yurar edingiz. Rahmatli Olamg‘ir aka
bilar ulfatchilik qilardingiz...
— Hammasini bilan ekansiz. Tuz-nasiba bor ekan, Xitoyga o‘tib, unda tabiblikni kasb
etdim. Qani, qo‘lingizni bering-chi, ie, oshqozonga ovqat yaxshi botmas ekan-ku?
Jahongir Murodillani zimdan kuzatib, fikrni chalg‘itishga ustaligiga tan berdi. Damin
esa joniga darmon bo‘luvchi tabibni uchratganidan xursand, mayor Solihov surishtirib
borganida ko‘nglida oralagan shubhani unutayozgan edi.
— Oyog‘im qattiq og‘riydi, aka, — deb hasrat boshlaganida Jahongir uning so‘zini
shart bo‘ldi:
— Damin, tabib akang sen bilan meni davolayman, deb yuribdilar. Sen Yo‘lchivoy
bilan hovliga chiqib, gaplashib tur. Mening bu kishiga aytadigan so‘zim bor.
Damin ham, Yo‘lchivoy ham bu qarordan ajablanib, Jahongirga qarab qoldilar.
Yo‘lchivoyning nigohida ajablanish bilan birga xavotir ham zohir edi.
— Ikki og‘izgina gapimiz bor. Chiqib turinglar.
Ular noiloj turib, chiqishdi. Eshikni yopishdi-yu, lekin uzoqlashishmadi.
— Akamni nimaga o‘ldirdingiz? — dedi Jahongir unga tik qarab. U Murodilla bu
savoldan gangib qolar, deb o‘ylagan edi. Murodilla bu savolni avvaldan kutgani uchun
ham xotirjamligini yo‘qotmadi.
— Akangiz rahmatli nodonlik qildilar.
— Sizni boshlab chiqishlaridan maqsad — meni o‘ldirishmidi?
— Nauzambilloh! Qaysi musulmon odam ukasini o‘ldiraman, deb qasd etadi. Akangiz
sizni insofga chaqirmoqchi edilar.
— Siz-chi?
— O‘tgan gapni qo‘zg‘amang, chuvi chiqmasin.
— Yaxshi, qo‘zg‘amayman. Endi nima maqsadda o‘g‘limga ergashib yuribsiz?
— Yo‘lchivoy sizni davolashimni o‘tinib so‘radi.
— O‘g‘il bola gapni ayting.
— O‘g‘il bola gapmi? Sizni o‘ldirmoqchi emasman. Orqangizdan odam qo‘yilgan,
bilaman. Men sizni ham, o‘g‘lingiz, nevaralaringizni ham o‘ldirmoqchi emasman.
«Ularni o‘ldirishim ham mumkin, lekin o‘ldirmayman» degan ma’noda burab-burab
aytilgan keyingi so‘z Jahongirni sergak torttirdi.
— Maqsadingizni ayting, — dedi u qat’iy tarzda.
— So‘zimga tushundingiz-a: men sizni ham, o‘g‘lingiz, nevaralaringizni ham
o‘ldirmoqchi emasman.
— Maqsadingizni ayting, deyapman!
— Otangiz rahmatlidan qolgan boylik sizga endi kerak emas. Mening esa bola-chaqam
ko‘p. Musofirlikda aziyat chekkan bandaman.
— Shuning o‘zimi?
— Ha, shuning o‘zi. Keyin qiyomatli og‘a-ini bo‘lib ketamiz. Nevaralaringizning
to‘ylarini ko‘rasiz.
— Inshoolloh!
Jahongir shunday deb unga tikildi. Uni shu yerning o‘zida bo‘g‘ib tashlasammi deb
ham o‘yladi. Hozir tashlansa, shubhasiz, birinchi bo‘lib o‘g‘li yugurib kiradi. So‘ng
ko‘chadagi charxchi... Umidi ushalmay qoladi. «Bu mal’un hiyla ishlatyaptimi, bas, men
ham hiyla qilay», degan qarorga keldi.
— Ertaga choshgohda Daydidarada uchrashamiz, — dedi u Murodilladan nigohini
uzmay. Daydidarani eshitib, Murodilla yengil seskandi.