www.ziyouz.com kutubxonasi
70
— Ahvolimga tushunib bo‘psiz! Sizni ayblamayman! Ammo hamkasblaringizda vijdon
yo‘q. Birontasi chiqib, tavba qildimi? Mayli, bizga tavba qilishmasin, marhumlar xotirasi
oldida tavba qilishsa bo‘lardi. Ha, mayli, qo‘ying ularni. Mendan nimani istaysiz?
— Yigirma ikkinchi yilda birga o‘girganlaringda kimdandir o‘ch olishi lozimligini
gapirganmi?
— U yerlarda, azizim, o‘ch olish haqida emas, tirik qolish haqida gap borardi.
— Akasi haqida gapirmaganmi?
— Akasi?.. Nazarimda hech kimi yo‘q edi uning. Ha... opalari bo‘lgan. Quloq qilingan
ekan. Izlab topolmabdi. O‘ttiz yettida uchrashganimizda shundan afsusda edi.
— Peshonasidagi yozuvdan xabaringiz bordir?
— Ha, «alqasosu minal haq». Bu «qasos olaman» degani emas, «Qasos Haqdandir»
degani. Ya’ni, boshiga bu kunlarni solganlardan Xudoning o‘zi qasos oladi, demak. Nima,
siz yigirma ikkinchi yildagi alam uchun endi o‘ch oldi, deyapsizmi?
— Bo‘lishi mumkin emasmi? Pushkinni eslang: so‘nggi o‘qni otish uchun necha yil
payt poyladi?
— O, Pushkinni ham bilasizmi? Azizim, Pushkin bu asarni sizlarga qo‘llanma sifatida
yozmagan. U san’at asari! Unda tirik odamlar, ularning ruhiyati bor. Sizlar uchun ruhiyat
sariq chaqa-ku? Sizlarga dali kerak, guvoh kerak. Uchtagina guvoh...
— Shaxsan men uchun sariq chaqa emas. Qotilning ruhiyatini bilolmasam, jinoyat
ildizini ocholmayman. Siz ham bizning ruhiyatimiz bilan hisoblashmayapsiz. Xato qilindi,
tan olindi. Lekin jinoyatlar davom etyapti, odamlar o‘ldirilyapti. Demak, jamiyat bizning
xizmatimizga muhtoj.
— Shundaymi? Lekin, azizim, bu xizmatlaringiz idorangiz gunohlarini yuvib
ketolmaydi. Yuz yildan keyin ham bu malomatdan qutulolmaysiz.
Ramazonov Komlevga e’tiroz bildira olmadi. «Chindan ham shunday, — deb o‘yladi u,
— igna bilan topgan-tutgan obro‘ panshaxa bilan sovurildi. Yana igna bilan obro‘ to‘plash
mumkin bo‘larmikin?»
— Sergey Vasilevich, men siz bilan bahslashgani kelmovdim, — dedi kapitan gapni
burishga majbur bo‘lib.
— Ha, ha, tushunaman. Men savollarga javob berdim shekilli?
— Siz Muhammadrizaev bilan uchrashishni istamaysizmi?
Bu taklifni Komlev kutmagan edi. Shu sababli darrov javob bermadi.
— Ochig‘ini aytsam, Muhammadrizaevning qotillikni bo‘yniga olishi bizda gumon
uyg‘otgan. Jinoyat ildizi boshqa yoqda bo‘lishi kerak.
— Hozir qamoqda o‘tiribdimi u?
— Hozir... shifoxonada.
— Yaxshi, boraman. Lekin sizga yordam berish uchun emas. Jahongir uchun
boraman. Ertaga ilmiy kengashim bor. Raqiblarimni yanchib, keyin boraman.
— Raqiblaringiz ham bormi? — dedi Ramazonov hazil ohangida.
— O, siz nima deb o‘ylovdingiz, — dedi Komlev bu nimhazilni tushunmay. — Bizni sud
oqladi, lekin hamkasblarimiz oqlagani yo‘q. O‘ttiz yettinchi yilda ilmiy ishimga qarshi
turganlar hali ham qarshi. Olam o‘zgarib ketdi, lekin ularning dunyoqarashi
o‘zgarmagan. O‘zbeklarga hayronman, Men rusman, o‘zbelarga qarab: «Tarixlaring
boy», desam ular «Bizga bunday tarix kerakmas», deyishadi. Siz shirin palov pishirib
qo‘shnilarga ulashsangiz-u, o‘zingiz och o‘tirsangiz, shunaqasi bo‘ladimi? Bo‘lar ekan.
O‘zbekning madaniyat tarixidan butun dunyo bahramand, o‘zi esa ko‘zlarini yumib,
quloqlarini berkitib olgan. Ko‘zni ochishga qo‘ymaydilar. Ertaga ular bilan olishaman.
Umr so‘qmog‘ini kurash va alam shamollari supuradi. Undan kechib bo‘lmaydi.