4.4. Er polotnosi va suv qochiruvchi inshootlar
Ajratish punktlarining er polotnosini loyihalash ularning planini joyning topografik holati, bosh yo’lning bo’ylama profili muxandislik – geologik ma’lumotlar asosida ishlash bilan birvarakayiga olib boriladi.
Er ishlari hajmining optimal bo’lishida bekatni bo’ylama profilda to’g’ri loyihalashning ahamiyati katta.
Bekatning bo’ylama profilini loyihalashni yo’lning iz sathini belgilashdan, ularni mahalliy sharoit bilan bog’lashdan boshlamoq lozim. Yo’lning bo’ylama profili o’rtadagi yo’l bo’yicha yoki bosh yo’l bo’yicha olinadi. Iz sathini belgilashda har bir park bo’yicha tuproq to’kish yoki uyish balandligining kamayishiga erishish kerak.
Bekat yo’llarini profillashda yondosh yo’llarning profillari va qiyaliklarining o’zaro moslashuvini ta’minlash kerak. Bunda yondosh yo’llarning bo’ylama profildagi farqi 15 sm gacha ruxsat etiladi. Yo’llar orasida strelkali s’ezdlar bo’lsa profil farqi 5 sm dan oshmasligi kerak. Yondosh yo’llarning farqi yo’l boshidagi 50 m uzunlik orasida bartaraf etilishi kerak. Buning uchun profilning o’zgarish qiyaligi 1,5‰ dan oshmasligi kerak va profilning sinish joylari strelkali o’tkazgichda bo’lmasligi kerak.
Ushbu bayon qilingan bo’ylama profilni loyihalash tartibi boshqa barcha turdagi bekatlar uchun ham qo’llaniladi..
Bunday tekislashda izni ko’tarish 10-15sm dan oshmasligiga yoki tushirish 5 sm dan oshmasligiga erishish kerak.
Ajratish punktlarining er polotnosi ko’ndalang kesimlari qurilish me’yorlari va qoidalari, hamda temir yo’l er polotnosi tuzilishining texnik shartlariga mos bo’lishi kerak.
Yangi I darajali yo’llarda er polotnosining kengligi bir yo’llik to’g’ri uchastkalarda 6 va 7 m, ikki yo’llik uchastkalarda esa 10,1 va 11,1 m, II darajali yo’llarda 6,5 va 5,8 m , III darajali yo’llarda 6 va 5,2 m, IV va V darajali yo’llarda 5,5 m va 5 m qabul qilinadi.
Raqamlarning kichigi qattiq katta bo’lakli va yaxshi o’tkazuvchan qumlik grunt uchun tavsiya etiladi.
Ajratish punktlarida chekka yo’l o’q chizig’idan er polotnosi qosh chizig’igacha (chekkasigacha) bo’lgan masofa bosh yo’l er polotnosi kengligining yarmidan kam bo’lmasligi, strelkali ko’chalar va tortish yo’llarida esa yo’l darajasidan qat’iy nazar 3,25 m dan kam bo’lmasligi kerak.
Bekatdagi suv qochirish inshootlari tizimi, er polotnosi, suv qochirish ariqchalari, sun’iy inshootlarni vertikal rejalashtirishni nazarda to’tadi. Ayrim hollarda er osti suvlari sathini pasaytirish va er polotnosi chidamliligini oshirish maqsadida er ostida yopiq drenaj inshootlari quriladi.
Katta bekatlarda ishlab chiqarish va xojatxona oqava chiqindilarini, ayrim holatlarda yog’ingarchilik suvlarini ham qochirish uchun kanalizatsiya tizimlari, qabul - nazorat va chiqaruv quduqlari quriladi. Bekatlarda suv qochirish inshootlar tizimi gidravlik va texnik-iqtisodiy hisoblar asosida tanlanadi.
Yog’ingarchilik suvlarini qochirish uchun er polotnosi va ballast qatlami ustiga tashqi suv qochirish inshootlari tomoniga qaratib qiyalik beriladi. Ushbu qiyalik qiymati va bir qiyalikda ko’ndalangiga joylashadigan yo’llar soni tuproq holatiga, ballast turiga va hududning iqlimiy sharoitlariga qarab belgilanadi.
Er polotnosining ko’ndalang qiyaligi yaxshi o’tkazuvchan va o’rtacha o’tkazuvchan grunt uchun odatda 0 dan 0,01 gacha bir qiyalikda esa 10 yo’lgacha olinadi.
Er polotnosining ballast qavati ustining ko’ndalang kesimlari bekatdagi (yoki uning alohida parkidagi) yo’llar soniga, grunt tarkibiga va yog’ingarchilik miqdoriga qarab yakka qiyalik, ikki qiyalik va arrasimon ko’rinishda olinishi mumkin. Yakka qiyalikli profillar (rasm 4.3 a) asosan bir yo’llik uchastalarda yo’l tarmoqlari kam bo’lgan raz’ezdlar va oraliq bekatlarda quriladi.
Oraliq bekatlari va quvib o’tish punktlarida er polotnosining asosiy maydonchasiga va ballast qavati ustiga ikki tomonli qiyalik beriladi (rasm 4.3 b). Ikki tomonli qiyalik ko’ndalang kesimlari bekatlarning aloxida parklarida ham qo’llanadi (rasm 4.3 v). Yo’l tarmoqlari ko’p bo’lgan saralash va boshqa parklarda er polotnosi ko’ndalang kesimi arrasimon (rasm 4.3 g) qilib loyihalanadi. Bunda sat hi eng pasaygan yo’l oraliqlarida bo’ylama qiyaligi 0,02 dan kam bo’lmagan bo’ylama yopiq turdagi temir-beton ariqchalar (lotoklar) yotqizilib, ulardan suv er osti kollektorlari orqali olib ketiladi.
Rasm 4.3. Bekatlarda er polotnosining ko’ndalang kesimi
Rasm 4.4. Suv yo’llarning chizmasi
Yangi va mavjud bekatlarning er polotnosi va suv qochiruv inshootlarini loyihalashda markazlashtirilgan strelkalar, vagon sekinlatgichlar, mexanizatsiyalashgan yuk hovlilari, konteyner maydonchalari, yo’lovchi platformalari va shu kabi inshootlardan suv qochirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Ajratish punktiga ajratiladigan er chegarasini (polosa otvoda) belgilashda bekat yo’llarining va inshotlarining kelajak rivoji hamda temir yo’l shaharchasining joylashishini hisobga olish kerak. Ajratish punktining oxirgi yo’lidan ajratma er chegarasigacha masofa kengligi er polotnosi ko’ndalang kesimi va suv qochiruv inshootlarini, aloqa yo’llarini hisobga olgan holda kamida 10m olinadi.
Dostları ilə paylaş: |