Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə180/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   176   177   178   179   180   181   182   183   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Armaniston tog’ligi. Armaniston tog’ligi g’arbda Kichik Osiyo, sharqda Eron tog’liklari, shimolda Katta Kavkaz, janubda Mesopotamiya pastekisliklari bilan chegaralangan. Maydoni 400 ming km2 atrofida. Tog’lik tektonik tuzilishi, rel’ef xususiyatlari, iqlimining kontinentalligi bilan Kichik Osiyodan farq qiladi. Armaniston tog’ligida Kichik Osiyo va Eron tog’liklaridagiga nisbatan burmali tog’lar bir-biriga yaqin joylashgan va o’zaro tutashgan. Kars yassi tog’ligidan boshqa keng ichki yassi tog’liklar yo’q. Qadimgi burmalar paleozoyda sodir bo’lgan. Kaynozoyda qaytadan burmalanib, tizmalar va bukilmalar hosil qilgan. Asosiy rel’ef tiplari neogen va antropogenning lava-tuf jinslaridan tuzilgan tizmalar, tog’liklar, platolar, vulkan konuslari va tektonik botiqlardan iborat. Botiqlar burmali-palaxsali tizmalar bilan o’ralgan. Tizmalarning ko’pchiligi qator so’ngan vulkanlardan tashkil topgan. Eng yirik vulkanlari va baland cho’qqilari Katta Ararat (5165 m), Sebelan (4821 m), Syupxan (4434 m), Jilo (4168 m), Aragas (4090 m), Kichik Ararat (3925 m), Kaputjux (3904 m) va boshqalar.
Tog’likning shimolida balandligi 3000-4000 m dan oshadigan Kichik Kavkaz (Mesxet, Trialit, Shoxdog’, Qorabog’, Vardenin, Zangezur tizmalari), Tolish tog’lari, janubida balandligi 2500-3500 m ga yetadigan Sharqiy yoki Armaniston Tavr tog’lari, Kurdiston tizmalari joylashgan. Tog’ tepaliklarida Al’p rel’ef shakllari keng tarqalgan. Tog’oralig’i botiqlari orasida eng yiriklari Kolxida, Kura, Ararat, Arzirub, Tabriz va boshqalar dengiz sathidan 100 m dan 2000 m gacha balandlikda joylashgan. Barcha botiqlar aholining zichligi tufayli kuchli o’zlashtirilgan, ayrimlari ko’llar bilan band.
Armaniston tog’ligining iqlimi subtropik, kontinental. Yer yuzasining katta qismi baland bo’lganligi va tog’lik ustida antisiklon sharoiti vujudga kelganligi tufayli qish sovuq bo’ladi va uzoq davom etadi. Yanvarning o’rtacha harorati -15°S
gacha tushadi. Yozi jazirama issiq, botiqlarda iyulning o’rtacha harorati +24°+30°S ni tashkil etadi. Tog’ yonbag’irlarida va platolarida yozda mo’tadil issiq bo’lib, o’rtacha harorat +20°S dan oshmaydi. Kolxida va Kura botiqlarida, Lenkoran pastekisligida qish oylarining harorati 0°S dan yuqori. Kura-Araks pastekisligida yanvarning o’rtacha harorati +1°+3°S ga, Kolxida pastekisligida +4°+6°S ga teng. Tog’larning baland cho’qqilarida harorat yil davomida 0°S dan past bo’ladi. Tog’ tizmalarining tashqi yon bag’irlarida yog’in miqdori 1000 mm gacha yetadi. Lenkoran pastekisligi va Tolish tog’ etaklarida bu ko’rsatkich 1200-1700 mm ni, Kolxidada 1500-1800 mm ni tashkil etadi. Ichki hududlarning g’arbida yillik yog’in miqdori 500-700 mm ga, sharqida 300-500 mm ga teng. Qor chizig’i 4200-4300 m balandlikdan o’tadi.
O’lkaning shimol tomonga oqadigan daryolari Kaspiy va Qora dengiz havzalariga, janub tomon oqadigan daryolari Fors qo’ltig’i havzasiga qaraydi. Armaniston tog’ligidan Kura, Araks, Dajla, Frot kabi yirik daryolar boshlanadi. Ular qorlar, muzliklar va yomg’ir suvlaridan to’yinib, bahorda va yozda to’lib oqadi. Daryo suvlari qishloq xo’jalik ekin maydonlarini sug’orishda foydalaniladi. Armaniston tog’ligida uchraydigan tektonik ko’llar turli balandliklarda joylashgan. Ular orasida eng kattasi bo’lgan Urmiya (Rezaye) ko’li dengiz sathidan 1275 m balandda joylashgan. Maydoni 5800 km2, chuqurligi 15 m. Suvining sho’rligi 150/00 dan 23°/00 gacha ko’tariladi. Bahorda yog’in ko’p paytida ko’lning suv sathi ko’tarilib, qirg’oq chizig’i o’zgaradi, qirg’oqdagi pastqam yerlarni suv bosadi. Kattaligi jihatidan ikkinchi o’rinda Van ko’li turadi. Uning balandligi 1720 m, maydoni 3764 km2, chuqurligi 25 m, suvining sho’rligi 20°/00. Sevan ko’lining balandligi 1900 m, maydoni 1400 km2, chuqurligi 86 m. Sevanga 30 ga yaqin kichik daryolar kelib quyiladi va undan Razdan daryosi oqib chiqadi. Kolxida pastekisligida qadimgi lagunaning qoldig’i bo’lgan Paleostomi ko’li bor.
O’lka iqlimi quruq kontinental bo’lganligi sababli tog’, dasht va chala cho’l landshaftlari keng tarqalgan. Katta-katta maydonlarni qoplagan och tusli kashtan, qo’ng’ir, och tusli qo’ng’ir tuproqlarda dasht, chala cho’l o’simliklari, kserofit butalar o’sadi. Daryo vodiylarida butazorlar, o’tloqzorlar va qamishzorlar mavjud. O’rmonlar tog’ tizmalarining yog’in ko’proq tushadigan tog’ yonbag’irida o’sadi. Tog’ etaklari, botiqlar va pastekisliklarda paxta, sholi, tamaki, bug’doy, makkajo’hori ekiladi, sitrus plantasiyalari, turli xil mevali bog’lar va tokzorlar barpo etilgan.
Kavkaz. Kavkaz g’arbda Qora va Azov dengizlari bilan, sharqda Kaspiy dengizi bilan chegaralangan. Shimolda Kuma-Manich botig’i orqali Sharqiy Yevropa tekisligidan, janubda Rioni-Kura cho’kmasi orqali Armaniston tog’li o’lkasidan ajralib turadi. Kavkaz hududining katta qismini Al’p bosqichida paydo bo’lgan yosh baland tog’lar va kichikroq qismini paydo bo’lishi tog’lar bilan chambarchas bog’liq bo’lgan tekisliklar va balandliklar egallagan. Kavkazning geologik rivojlanish tarixi juda murakkab. Uning hududida burmalanish dastlab kaledonda, so’ngra gertsin bosqichida sodir bo’lgan. Kavkazning hozirgi tektonik tarkibi yura davridan shakllana boshlagan. Paleozoydagi ko’tarilishlar Katta Kavkazda orollar shaklidagi quruqlik massivlarini hosil qilgan. Neogenda Katta
Kavkaz va Zakavkaze geosinklinallarida vertikal harakatlar kuchayib tog’larning maydoni kengayadi, tog’oldi va tog’oralig’i cho’kmalari vujudga keladi. Neogenda burmalanish bilan birga vulqonlar faoliyati ham kuchayadi. Bu davrda Katta Kavkaz Zakavkaze tog’ligi bilan tutashadi. Antropogenda yangi ko’tarilishlar natijasida Katta Kavkaz tog’lari yoshargan, Elbrus va Kazbek cho’qqilari harakatdagi vulkanlar bo’lgan.
Kavkaz geologik tuzilishi jihatidan Kavkazoldi va Katta Kavkazga bo’linadi. Kavkazoldining shimoliy va o’rta qismlari gertsin burmalanishida vujudga kelgan platformali strukturaga ega bo’lib, u Skif platformasining bir qismi hisoblanadi. Katta Kavkaz bilan Kavkazoldi oralig’ida kambar tektonik bukilma cho’zilgan. Uning g’arbiy qismi Indol-Kuban bukilmasi, sharqiy qismi Terek-Kaspiy bukilmasi deb ataladi. Kavkazoldining o’rta qismidagi Stavropol balandligining asosini kam o’zgargan gertsin burmali platformasi tashkil etadi. Beshtov lakkolitlari to’rtlamchi davr magmatizmi vujudga keltirgan vulkanogen shakllardir.
Katta Kavkazning yadrosi yuqori proterozoy, paleozoy, trias jinslaridan tuzilgan. Ularning yura, bo’r, paleogen va neogen davrlarining cho’kindi qatlamlari qoplab olgan. Uning o’ziga xos geologik xususiyati antiklinal tuzilishga ega ekanligidir. Katta Kavkaz Al’p geosinklinal oblastning chekka megaantiklinoriy zonasiga kiradi. Kolxida, Kura-Araks pastekisliklari, Kichik Kavkaz, Tolish tog’i va Javaxet-Armaniston tog’ligi Katta Kavkazdan farq qilib, Al’p geosinklinal oblastining ichki burmali-struktura zonasiga kiradi. Kavkazning shimoliy hududlarida - Kuban tekisligi, Stavropol balandligi, Checheniston va Dog’istonda neft va tabiiy gaz konlari keng tarqalgan. Ular paleogen va neogen yotqiziqlaridan qazib olinadi. Katta Kavkazda metall rudalar, shimoliy yonbag’irida, Sadonda tarkibida rux, qo’rg’oshin, kumush ko’p bo’lgan polimetall konlari, volfram va molibden ruda konlari mavjud. Kavkaz shifobaxsh mineral suvlarga juda boy. Mineral buloqlar asosida ko’plab sihatgohlar tashkil etilgan.
Kavkazning geomorfologik strukturasi asosan yirik tog’ massivlaridan, balandliklardan, pastekisliklardan tarkib topgan. U genetik jihatdan bir xil bo’lgan ikkita geomorfologik oblastga Kavkazoldi va Katta Kavkazga bo’linadi. Kavkazoldi G’arbiy va O’rta Kavkazoldi hamda Kaspiybo’yi pastekisligining bir qismi bo’lgan Terek-Kuma pastekisligidan iborat. G’arbiy Kavkazoldi Kuban-Azovbo’yi pastekisligi deb atalib, o’rtacha balandligi 50-100 m atrofida. O’rta Kavkazoldining asosiy orografik birligi Stavropol balandligidir. Uning mutloq balandligi Strijament tog’ida 831 m, balandlikdan janubi-sharqda dasht zonasi o’rtasida 18 ta orol shaklidagi lakkolitlar ko’tarilgan. Ularning eng baland nuqtasi Beshtov tog’ida 1401 m ni tashkil etadi. Lakkolit tog’lardan janubi-sharqda Terek va Sunja balandliklari, ularning oralig’ida Alxanchurt vodiy botig’i joylashgan. Balandliklarga g’arbdan va janubdan Kabarda, Osetin va Chechen qiya tekisliklari tutashgan. Sharqiy Kavkazoldi yoki Terek-Kuma pastekisligi suglinkali, gilli va sho’rxok chala cho’l tekisliklaridan, Terek va Kuma qum massivlaridan, Terek va Sulak daryolarining del’talaridan iborat.
Katta Kavkaz tipik tog’ landshaft oblasti bo’lib, 1100 km masofaga cho’zilgan, eng keng joyi Elbrus hududida 180 km, maydoni 145 000 km2. U g’arbda Taman va
sharqda Apsheron yarim orollari bilan tugaydi. O’lka rel’ef xususiyatlariga ko’ra uch qismga bo’linadi: G’arbiy, Markaziy va Sharqiy Kavkaz. Ular o’rtasidagi chegara Elbrus va Kazbek meridianlari orqali o’tadi. Katta Kavkazning baland tog’ zonasi ikkita tizmadan -Bosh yoki Suvayirg’ich yaxlit tizmadan va unga shimol tomondan cho’zilgan Yon tizmadan iborat. Ularning tuzilishida kristall jinslar, ohaktoshlar, gilli slaneslar, konglomeratlar ishtirok etadi. Katta Kavkazining eng baland qismi Markaziy Kavkazdir. Uning ko’pchilik cho’qqilarining balandligi 5000 m dan oshadi. Jumladan, Elbrus cho’qqisi 5642 m, Dixtov 5204 m, Kashtantov 5151 m, Shxara 5068 m, Kazbek 5033 m baland. G’arbiy Kavkaz Markaziy qismga nisbatan pastroq. Uning eng baland cho’qqilari Domboyo’lgan (4046 m), Gvandra (3983 m), Pshish (3785 m) lardir. Tizmaning janubiy yonbag’irida kanonsimon vodiylar bilan kesilgan Abxaz, Gagra, Bzib, Kodor palaxsali tog’lari ko’ndalang joylashgan. G’arbiy Kavkaz sohil tomon pasayib borib, Qora dengiz Kavkazini hosil qiladi. Sharqiy Kavkaz G’arbiy Kavkazga nisbatan baland. Uning bir necha tog’ cho’qqilari 4000 m dan yuqori ko’tarilgan. Bular Tebulosta (4493 m), Bozordyuzi (4466 m), Shak (4451 m), Diklosmta (4285 m), Shoxdog’ (4243 m) va boshqalardir. Sharqiy Kavkazning shimoliy yon bag’irlarida Dog’istonning yirik burmali tog’ tizmalari - Andiya, Bogos, Gimri, Samur joylashgan. Uning sharqiy chekka past qismi Kaspiy Kavkazi deb ataladi.
Kavkaz mo’tadil va subtropik iqlim mintaqalarida joylashgan. Katta Kavkazning suvayirg’ich zonasidan shimoliy qismi mo’tadil iqlim, janubiy qismi subtropik iqlim xususiyatlariga ega. Kavkazoldida qish sovuq, yanvarning o’rtacha harorati -2°-5°S, janubiy tog’ etaklarining g’arbida +5°S, sharqda +3°S. Yoz issiq, iyulning o’rtacha harorati g’arbda +23°+24°S ga, sharqda +25°+29°S ga teng. Katta Kavkazda iqlim balandlik mintaqalari bo’ylab o’zgarib boradi. Yillik yog’in miqdori Qora dengiz Kavkazida 1200-1600 mm, Kuban-Azovbo’yi pastekisligi, Ichki Dog’istonda 400-600 mm, Terek-Kuma pastekisligining g’arbida 350 mm va sharqida 200 mm. Hozirgi zamon muzliklarining keng tarqalishi Katta Kavkazning xarakterli xususiyatlaridan hisoblanadi. Muzliklarning soni 2047 ta, umumiy maydoni 1424 km2. Ularning 70% ga yaqini shimoliy yonbag’irda, 30% ga yaqini janubiy yon bag’irda joylashgan. Eng yirik muzliklar Markaziy Kavkazga to’g’ri keladi. Kavkazning daryolari Kaspiy (Sulak, Terek, Kuma, Samur, Alazani), Qora (Rioni, Inguri, Kodori, Bzib) va Azov (Kuban irmoqlari bilan) dengizlari havzalariga qaraydi. Ular asosan yomg’ir, qor va muzliklardan to’yinib, bahorda va yozda to’lib oqadi.
Kavkaz hududida tuproq va o’simliklarning taqsimlanishi kenglik zonallik va balandlik mintaqalik qonuniyatlariga bo’ysunadi. Azovbo’yi pastekisligida va Stavropol balandligining g’arbiy qismida qalin gumusli qora tuproqlar keng tarqalgan. Stavropolning sharqida to’q tusli kashtan, undan sharqroqda och tusli kashtan tuproqlar shakllangan. Terekning quyi qismida sho’r tuproqlar va qumlar, Kubanning quyi qismida botqoq va o’tloq tuproqlar katta maydonlarni egallagan. Kolxida pastekisligiga qaragan tog’ etaklarida qizil, sariq, podzol sariq tuproqlar rivoj topgan. Katta Kavkazda qora va kashtan tuproqlar tog’ o’rmon qo’ng’ir va tog’
podzol tuproqlari bilan, undan yuqorida baland tog’ o’tloq tuproqlari bilan almashinadi.
Kavkazning shimoliy yonbag’irida dasht mintaqasi 200-400 m balandlikda, o’rmon-dasht mintaqasi 400-800 m balandlikda joylashgan, keng bargli o’rmonlar mintaqasida (600-1200 m) buk, eman, grab, shumtol, ilm, zarang, qayrag’ochlar o’sadi. Igna bargli o’rmonlarda (1000-2200 m) baland bo’yli Kavkaz pixtasi, eldor qarag’ayi, pitsund qarag’ayi, Pallas qora qarag’ayi va oddiy qarag’aylar ko’pchilikni tashkil etadi. G’arbiy Kavkazda 2200-2600 m, Sharqiy Kavkazda 2600-3500 m balandliklarda subal’p va al’p o’tloqlari keng tarqalgan. Bu yerda Al’p qo’ng’irboshi, yaltirbosh, tog’ yo’ng’ichkasi, Kavkaz zirasi o’sadi. Eng yuqorida nival mintaqa joylashgan.
Kavkaz faunasining asosiy qismi kelib chiqishiga ko’ra O’rta dengizbo’yi va Old Osiyo faunasi bilan bevosita bog’liq. Kavkazoldi dashtlarida yumronqoziq, qo’shoyok, olaxurjun, malla quyon, tulki va bo’rilar ko’p, Sharqiy Kavkazoldida no’g’ay qo’shoyog’i, qumsichqon, dala qumsichqoni uchraydi. Terek va Sulak del’talaridagi to’qayzorlar uchun yovvoyi cho’chqa, chiya bo’ri va to’qay mushugi xarakterli. Tog’ o’rmonlarida asl bug’u, o’rmon suvsari, o’rmon mushugi, tog’ echkisi, uykuchi olmaxonlar yashaydi. Kavkazda noyob landshaftlarni muhofaza qilish va ularni tabiiy holda saqlash maqsadida Risa, Pisunda- Myusser, Arxiz, Teberda, Kabarda-Balqar, Shimoliy Osetiya, Zakatali va boshqa qo’riqxonalar tashkil etilgan.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   176   177   178   179   180   181   182   183   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin