Himolay tog’lari. Himolay Janubiy Osiyoda joylashgan Yer yuzidagi eng baland tog’ tizimidir. Uning nomi "qorlar makoni" degan ma’noni bildiradi. Himolay tog’larining chegarasi tabiiy geografik, tektonik, orografik jihatdan aniq ifodalangan. U shimolda Tibet tog’ligidan Hind va Braxmaputra daryolarining bo’ylama tog’ oralig’i tektonik vodiylari orqali ajralib turadi. Janubda Hind-Gang pastekisligining shimoliy chekka qismi bilan chegaradosh. Himolay shimoli-g’arbda Hindiqush tog’lari bilan, janubi-sharqda Sino-Tibet tog’lari bilan chegaralangan. Tizma shimoli-g’arbdan janubi-sharqqa tomon 2400 km masofaga cho’zilgan. Kengligi 200-300 km ni tashkil etadi, o’rtacha balandligi 6000 m, maydoni 650 000 km2. Himolayda har biri 8000 m dan baland bo’lgan 11 ta cho’qqi bor. Shulardan eng balandlari Jomolungma (8848 m), Kanchenjanga (8585 m), Dxaulagiri (8221 m), Nangaparbaton (8126 m) va boshqalar. Jomolungma (Everest) Yer yuzidagi eng baland cho’qqi bo’lib, u al’pinistlar tomonidan ilk bor 1953 yilda zabt etilgan.
Himolay tog’ tizimi Al’p orogenizining oligosen, miosen va antropogen fazalarida vujudga kelgan. Bu tizim O’rta dengiz burmalanish mintaqasida joylashgan Tibet tog’ligidan farq qilib, u Hindiston platformasining shimoliy chekkasida neogen va antropogenda yuz bergan intensiv vertikal tektonik harakatlar natijasida burmalangan. Himolayning geologik tuzilishida asosan kembriydan oldingi qadimiy kristall metamorfik vulkanik jinslar, qisman geosinklinal tipdagi dengiz yotqiziqlari va kontinental jinslar ishtirok etadi. Himolay tog’larining ko’tarilishi hozir ham davom etmoqda. Seysmik harakatlarning faolligi va kuchli zilzilalarning tez-tez takrorlanib turishi buning isbotidir.
Himolay tog’lari Hind-Gang pastekisligi tomonidan tik ko’tarilgan uchta bosqichli orografik mintaqadan iborat. Birinchi yosh yotqiziqlardan tuzilgan tog’oldi mintaqasi Sivalik tizmasi deb ataladi. Uning shimoliy va janubiy yon bag’irlari tik, balandligi 1000 m gacha boradi. Ikkinchisi kristall va metamorflashgan jinslardan tarkib topgan Kichik Himolaydir. Bu tizmalar uchun intensiv burmalanishlar, ko’ndalang va bo’ylama uzilmalar, vulkanizm xarakterli. Kichik Himolay tizmasining o’rtacha balandligi 3500-4500 m, ayrim tog’ cho’qqilarining balandligi 6000 m dan oshadi. Uchinchisi Himolayning eng baland
cho’qqilari joylashgan Katta Himolaydir. Sharqqa borgan sari Himolay tog’lari toraya boradi. Sharq tomonda Kichik Himolay tizmasi juda yaqinlashib kelib, o’rtacha balandlikdagi Maxobxorat va kuchli parchalangan Duara tog’lariga bo’linib ketadi. Katta va Kichik Himolay tizmalari oralig’ida bo’ylama tektonik botiqlar hosil bo’lgan. Shulardan eng yiriklari 1400 m balandlikdagi Katmandu va 1600 m balandlikdagi Kashmir botiqlaridir. Katta Himolaydan shimolda balandligi 4000- 4500 m bo’lgan Ladakx tizmasi cho’zilgan. Undan shimolroqda Hind va Braxmaputra daryolari oqib o’tadigan bo’ylama tektonik cho’kma joylashgan. Himolayda qazilma boyliklar geotektonik strukturaga bog’liq holda tarqalgan. Kristall jinslar keng tarqalgan hududlarda mis, xromit rudasi, oltin konlari bor. Botiqlarda va tog’oldi zonasida neft, tabiiy gaz, qo’ng’ir ko’mir, turli xil tuz konlari joylashgan.
Himolay tog’lari Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyo o’rtasida iqlim bo’luvchi vazifani bajaradi. Uning shimoliy qismida mo’tadil mintaqaning kontinental havo massasi, janubida mussonli tropik havo massasi hukmronlik qiladi. Himolayning shimoliy va janubiy yon bag’irlari iqlimi o’rtasida keskin farq bor. Uning janubiy yonbag’irida yil bo’yi harorat yuqori bo’ladi. 2000 m balandlikkacha yanvarning o’rtacha harorati +6°+7°S gacha ko’tariladi. Iyulning o’rtacha harorati +18°+19°S atrofida. 3000 m balandlikkacha yanvarning o’rtacha harorati 0°S dan pastga tushmaydi. Iyul oyida manfiy harorat 4500 m dan yuqorida kuzatiladi. Janubiy yonbag’irlarda atmosfera yog’inlari g’arbda 1000 mm dan sharqda 2000-3000 mm gacha ko’payib boradi. Tog’oralig’i botiqlarida va ichki daryo vodiylarida yillik yog’in miqdori 1000 mm dan oshmaydi. Baland tog’lar uchun kuchli shamollar xarakterli. Qor chizig’i g’arbda 5100-5300 m dan sharqda 4500 gacha pasayadi. Himolay tog’larida muzliklarning hosil bo’lishi uchun balandlik va namlik omillari to’liq mujassamlashgan. Shuning uchun barcha cho’qqilar qor va muzliklar bilan qoplangan. Eng katta muz massivlari Kumaon Himolayidagi Gangotri (uzunligi 26 km), Kanchenjondagi Zemu (25 km), Jomolungmadagi Rongbuk (19 km) muzliklaridir. Janubiy Osiyoning eng yirik daryolari Hind, Gang, Braxmaputra va ularning ko’plab irmoqlari ana shu qor va muzliklardan to’yinib, yozda to’lib oqadi. Shulardan Braxmaputra daryosining uzunligi 2900 km, havzasining maydoni 935 ming km2, o’rtacha yillik suv sarfi 12100 m3/sek.
Himolayda o’simlik mintaqalari asimmetrik shaklda joylashgan. Yog’in ko’p tushadigan janubiy yon bag’rida nam tropik o’rmonlardan tortib, subal’p va al’p o’tloqlarigacha rivojlangan. Himolayning janubiy tog’ etaklarida teraylar - botqoq bosgan chakalakzorlar va o’rmonlar polosasi joylashgan. Tuprog’i qoramtir balchiq tuproqlardan iborat. Butazor va qalin o’rmonlarda sovun daraxt, sal, mimoza, magnoliya, banan, bambuk, pakana palmalar o’sadi. Daraxt tanalariga lianalar chirmashib ketgan. Quritilgan terassalarda tropik ekinlar ekiladi.
Teraylardan yuqorida 1000-1200 m balandlikkacha doimiy yashil nam tropik o’rmonlar o’sadi. Bu o’rmonlar dafna, baland bo’yli palma, daraxtsimon paporotnik va bambuklardan iborat. Lianalar va epifitlar keng tarqalgan. 1000-1200 m dan yuqorida tropik o’rmonlar tarkibiga doimiy yashil, bargini to’kuvchi subtropik turlar
- emanlar, qarag’aylar, zaranglar, kashtanlar, magnoliyalar ko’shiladi. 2000 m dan
balandlikda subtropik o’rmonlar mo’tadil tipdagi o’rmonlar bilan almashinadi. Igna barglilar orasida kumush rang pixta, tilog’och, mojjevelniklar ko’p uchraydi. 3500 m dan yuqorida o’rmonlar baland bo’yli o’tlar va butalar o’sadigan subal’p mintaqa bilan va undan yuqorida al’p mintaqasi bilan almashinadi. Al’p mintaqasining yuqori chegarasi sharqda 5000 m balandliqdan o’tadi.
Janubiy yonbag’irning g’arbiy qismida namlik kamroq bo’lganligi sababli teraylar uchramaydi. O’simlik qoplamida o’rta dengiz subtropik turlar - doimiy yashil tosh eman, tilla bargli zaytun, Himolay kedri, pixtalar ko’pchilikni tashkil etadi. O’rmonlardan yuqorida subal’p va al’p mintaqalari joylashgan. Himolayning shimoliy yonbag’irida aksincha, balandlik mintaqalar unchalik aniq ifodalanmagan. Mavjud bo’lgan tog’ landshaftlarining xususiyatlari Markaziy Osiyo tog’-cho’l landshaftlariga o’xshash. Quyi daryo vodiylaridan tog’ tepalarigacha siyrak quruq o’tlar va kserofit butalar uchraydi. Himolayning hayvonot dunyosi nihoyatda xilma- xil. Ayniqsa uniig janubiy yon bag’rida tropiklarga xos fauna turlari ko’p uchraydi. Teraylarda va nam tropik o’rmonlarda fil, buyvol, yovvoyi cho’chqa, karkidon, antilopa, maymunlar, yirtqich hayvonlardan yo’lbars va qoplonlar yashaydi. Tog’larnipg yuqori qismlarida va shimoliy yon bag’irlarida Markaziy Osiyo faunasiga xos turlar-yovvoyi qo’y, yovvoyi echki, qo’tos, tog’ bo’risi, Himolay qora ayig’i va ko’plab kemiruvchilar uchraydi. Qushlardan yovvoyi tovuqlar, to’tilar, tustovuqlar va tovuslar xarakterli.