Okeansuviningharorati.Dunyo okeani issiqlikning juda katta akkumulyatori hisoblanadi. Uning yuza qatlami Quyoshdan keladigan energiyaning 99,6 % ini yutish qobiliyatiga ega, materiklarda esa bu ko’rsatkich 55-65 % ni tashkil etadi. Okean yuzasidagi suvlarning o’rtacha yillik harorati +17,5ºS ga, okean ustidagi havo harorati esa +14,4 ºS ga teng. Okeanlar ichida eng ilig’i Tinch okean (o’rtacha harorat +19,4 ºS), eng sovug’i Shimoliy Muz okeani (o’rtacha harorat - 0,75 ºS).
Shimoliy yarim sharda materiklarning ta’siri tufayli suvning harorati janubiy yarim shardagiga nisbatan baland. Shuning uchun termik ekvator ham ekvatordan shimolda joylashgan. Bu yerda o’rtacha yillik harorat +28ºS ga, ichki tropik dengizlarda esa +32ºS ga teng. Ekvatordan qutblarga borgan sari suvning harorati asta-sekin pasayib boradi. Qutbiy o’lkalarda harorat 0ºS dan ham pastga tushadi. Xuddi shunday okean yuzasidan chuqurlashgan sari ham harorati pasayib boradi. Okean ostiga yaqin suv qatlamida harorat +1,4º+1,8ºS ni tashkil etadi. Arktikayoni va antarktikayoni suvlari ostida -0,2º -1,3 ºS ni tashkil etadi.
Dunyookeanisuvlarisirkulyasiyasi.Okeanning 150-200 m chuqurlikkacha bo’lgan yuza qismida okean suvlari doimiy esadigan shamollar ta’sirida sirkulyasiya qiladi. Bunday jarayon Dunyo okeanida suv harakatlarining eng muhim shakllaridan
biri bo’lgan doimiy yuza oqimlarini vujudga keltiradi. Ular hosil bo’lishiga ko’ra friksiya, quyilma, haydama, kompensasiya va zichlik oqimlariga bo’linadi. Friksiya oqimlaridan eng asosiysi doimiy esadigan shamollar ta’sirida hosil bo’lgan dreyf oqimlaridir.
Dunyo okeanidagi barcha oqimlar muayyan qonuniyatlarga bo’ysungan holda harakat qiladi. Jumladan, okeanlarda ekvatorning har ikkala tomonida doimiy esib turadigan passat shamollar ta’sirida paydo bo’lgan passat oqimlari sharqdan g’arbga tomon harakat qiladi. Ular Koriolis qonuniga binoan shimoliy yarim sharda o’ngga, janubiy yarim sharda chapga buriladi.
Atlantika va Tinch okeanlarida Shimoliy va Janubiy Passat oqimlari o’rtasida g’arbdan sharqqa tomon harakat qiladigan ekvatorial qarshi oqim vujudga kelgan. Janubiy yarim sharning o’rtacha geografik kengliklarida doimiy shamollar yordamida hosil bo’lgan G’arbiy shamollar oqimi g’arbdan sharqqa tomon oqadi. Mussonli o’lkalarda yuza oqimlar mavsumga qarab o’zgarib turadi. Okeanlarda dengiz oqimlari xalqalar hosil qiladi. Eng katta xalqalar ekvator bilan 400 parallellar orasida vujudga keladi. Shimoliy yarim shardagi xalqalarda suv soat strelkasi yo’nalishiga teskari, janubiy yarim shardagi xalqalarda esa soat strelkasi yo’nalishi bo’yicha harakat qiladi. Shunday qilib yuza oqimlar okean frontlari yoki gidrologik frontlar bilan bir-biridan ajralib turgan siklonal va antisiklonal xarakterga ega bo’lgan xalqalar tizimini hosil qiladi. Xalqalar tizimi shimoldan janubga tomon bir- biri bilan almashinadi.
Dengiz oqimlari suvining haroratiga ko’ra iliq va sovuq oqimlarga bo’linadi. Iliq oqimlar guruhiga Gol’fstrim, Shimoliy Atlantika, Braziliya, Shimoliy Tinch okean, Kuro Sio, Sharqiy Avstraliya va Passat oqimlari kiradi. Sovuq oqimlar guruhiga G’arbiy shamollar, Peru, Kaliforniya, Kuril, Bengal, Kanar oqimlari kiradi. Ular iqlimning shakllanishiga nihoyatda kuchli ta’sir ko’rsatadi. Dengiz oqimlarining ayrim joylarida tutashish zonalari, ayrim joylarida tarmoqlanish zonalari vujudga keladi. Oqimlarning tutashishi konvergensiya, tarmoqlanishi divergensiya deb ataladi.