Mantiq fanining ilmiy ishonch-e’tiqodning shakllanishida tutgan o‘rni Faktlar va boshqa dalillarga taya’ni b yuritiladigan fikr yuksak ishontirish kuchiga ega bo‘ladi, kishilarda ishonch-e’tiqodni mustahkamlaydi. Bilishning maqsadi ilmiy asosga ega bo‘lgan e’tiqodni yaratishdan iborat. Ana shuning uchun ham yoshlarda ilmiy asosga ega ishonch-e’tiqodni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Argumentlash ishonch-e’tiqodni shakllantirish vositasidir. Ishonch-e’tiqod esa, insonning komillik mezonlaridan biri hisoblanadi.
Ishonch-e’tiqod – bu kishillarning xulq-atvori va xatti-harakatini belgilab beradigan qarashlari va tasavvurlaridir.
Vatanimizning gullab-yashnashi, barqaror rivojlanishi ma’lum bir darajada yoshlarning chuqur bilimga, mustahkam ishonch-e’tiqodga va, umuman, komil inson bo‘lishlariga bog‘liq. Bu haqda birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov shunday deb ta’kidlagan: “Komil inson deganda biz, avvalo, ongi yuksak, mustaqil fikrlay oladigan, xulq-atvori bilan o‘zgalarga ibrat bo‘la oladigan, bilimli, ma’rifatli kishilarni tushunamiz. Ongli, bilimli odamlarni oldi-qochdi gaplar bilan aldab bo‘lmaydi. U har bir narsani aql, mantiq tarozisiga solib ko‘radi. O‘z fikr-o‘yi, xulosasini mantiq asosida qurgan kishi yetuk odam bo‘ladi”15.
Chuqur tahlilga, mantiqqa asoslanmagan bir yoqlama fikr odamlarni chalg‘itadi. Faqat bahs-munozara, tahlilga asoslangan to‘g‘ri xulosalargina haqiqatni bilishga yo‘l ochadi.
Bahs, munozara yuritishning, chin fikrlarni isbotlay bilishning, xato fikrlarni rad etishning o‘ziga xos qonun-qoidalari mavjud. Bu qoidalarni bilish har bir insonga, shu jumladan, talabalarga chin fikrni xato fikrdan ajrata bilish, to‘g‘ri tafakkurlash madaniyatini shakllantirish imkonini beradi
Takrorlash uchun savollar
Tafakkurning asosiy xususiyatlari nimalardan iborat?
Tafakkur shakli nima?
Tafakkur qonuni nima?
Formal mantiq nimani o‘rganadi?
Formal mantiq tafakkurni o‘rganuvchi boshqa fanlar bilan qanday munosabatda?