Obyektivlik prinsipi. Bu prinsipga muvofiq predmetni bilish jarayonida qanday bo‘lsa, shundayligicha, subyektiv qo‘shimchalarsiz olib o‘rganishga intilish zarur. Uning ahamiyati bilishning predmetni adekvat tarzda aks ettirishi, unga to‘la mos kelishini ta’minlashga yo‘naltirilganligi bilan belgilanadi. In’ikos adekvatligi o‘rganilayotgan obyektga unga xos bo‘lmagan belgilarni asossiz ravishda tegishli deb hisoblashga chek qo‘yish natijasi sifatida namoyon bo‘ladi. Obyektivlik prinsipining buzilishi ko‘p hollarda predmetni uning boshqa predmetlar bilan bo‘lgan aloqalaridan uzib qo‘yish, uzluksiz o‘zgarishi, harakatda bo‘lish omillarini inkor etishda uchraydi. Shuningdek, u predmetning mohiyatini emas, tashqi tomonidan ko‘rinishi, hissyotimizga berilishni o‘rganish bilan chegaralanib qolishda namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, predmetning asl tabiati, mohiyati hamma vaqt ham uning tashqi ko‘rinishida, hodisa tarzida namoyon bo‘lishida o‘z ifodasini topavermaydi. Gusserl fenomenologiyasi, ekzistensializm va boshqa shu turdagi ta’limotlarning zaifligigi aynan predmetning mavjudlik holati, uning subyekt hissiy tajribasida qayd etilishi natijalarini tadqiq etishga urg‘u berishi bilan belgilanadi.
Obyektivlik prinsipiga amal qilish predmetning asl tabiati, mohiyatini bilish yo‘llari va vositalarini izlab topish, ular yordamida predmet “ichki dunyosi”ga kirib borish, to‘siqlar uchraganda asossiz ravishda predmetga xos bo‘lmagan xususiyatlar, munosabatlarni unga tiqishtirmasdan, haqiqatni izlashda davom etishni taqozo qiladi. Bunda eng muhimi, qadimgi yunon faylasufi Epikurning qanday qilib bizdan tashqarida bo‘lgan narsa obyektiv tarzda ongimizga kiradi, degan savoliga javob topishdir. Bu javobni topish oson emas, albatta. Chunki, odatda, bilish, aqliy mushohada yuritish jarayonida o‘rganilayotgan predmetga qaysi belgining obyektiv tarzda xos, qaysilari subyektiv tomonidan “kiritilgan”ligini aniqlash qiyin. Bu holat hozirgi ilmiy bilishda inson predmetning ichki strukturasiga tafakkuri ila chuqur kirib borayotgan bir shroitda, masalan, mikrodunyo hodisalarining tabiatini aniqlashga yo‘naltirilgan faoliyatida yanada murakkablashadi. Xususan, mikrodunyo predmetlari, hodisalarini nafaqat oddiy hissiy mushohada yo‘li bilan, balki eng mukammal asbob-uskunalar yordamida ham bilish imkoniyati nihoyatda cheklangan.
Bundan tashqari, predmetlar strukturalarining shakllanishi, sinergetikada o‘rnatilganidek, nochiziqli taraqqiyot asosida, xaosdan tartiblanganlik, sistemaga o‘tish shaklida sodir bo‘lishi tufayli, shuningdek, mavjud obyektlar strukturalarining tasodif omili ta’sirida o‘zgarishi sababli, “sof obyektivlik”ni qayd etish yanada murakkablashadi.
Lekin bunday holatlarning mavjudligiga qaramay, inson inson bilish jarayonida predmet va hodisalarga xos obyektiv xususiyatlar, munosabatlar, jarayonlarni aniqlashga intilishi kerak, va bunga muayyan darajada erishadi. Agar bunday bo‘lmaganda inson tomonidan aniqlangan qonuniyatlar amaliyotda tasdiqlanmagan bo‘lar edi; masalan elekrrga xos ilmiy qonunlar obyektiv bo‘lmaganda, elektr energiyasini hosil qilib bo‘lmas, unda ishlaydigan asbob-uskunalar, mashinalar va mexanizmlarni yaratib bo‘lmas edi.
Predmetni obyektiv tarzda o‘rganish prinsipi to‘g‘risida gapirar ekanmiz, yana bir holatga e’tibor qaratish zarur bo‘ladi: insonning barcha turdagi faoliyati amaliyoti, bilish, baholashi va boshqalar obyektiv tarzda taqozolangan subyektiv holat hisoblanadi, ya’ni u ijtimoiy subyektning obyektiv qonuniyatlarga muvofiq tarzda amalga oshiradigan xatti-harakatlaridan iborat. Predmet va hodisalarning obyektiv xususiyatlari inson, ya’ni bilish subyekti ongida unga xos ko‘rinishda - subyektiv obrazlarda, tafakkur shakllarida, xususan, tushunchalar, mulohazalar, gipotezalar, g‘oyalar, ilmiy qonunlar, ilmiy nazariyalar va shu kabilarda aks etadi. Bunda subyektiv jihatlar insonning ideallashgan, abstraktlashgan obyektlarni qurishida, ular ustida turli fikriy eksperimentlar olib borishida, turli taxminlarni, gipotezalarni, g‘oyalarni ilgari surishida namoyon bo‘ladi. Demak, bilish jarayonidagi “subyektivlik” insonning predmetga muayyan xususiyatni asossiz ravishda xos deb hisoblashida (bunday hollar ham uchraydi) emas, balki uning obyektiv hodisalarning subyektiv, ya’ni subyektga xos ko‘rinishda aks etishda namoyon bo‘ladi hamda bu bilimlarimiz mazmunining obyektivligi, uning ifodalanish shaklining (mantiqiy shaklining) subyektivligi, ularning o‘zaro bir-birini taqozo etishida yuzaga chiqadi. Bu holat, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, inson faoliyatining, shu jumladan, bilishning obyektiv omillar bilan taqozolangan subyektiv faoliyat ekanligini o‘zida namoyish etadi.
Dostları ilə paylaş: |