Birinchi bosqich. Bu bosqichda tarmoq uchun maqbul maʼlumotlar bazasi qidiriladi. Hududning fizik, geografik, kartografik, geodinamik, hududda joylashgan geodezik tarmogʻining maʼlumotlar bazasi, tarmoqning konfiguratsiyasi, va tarmoq nuqtalarini boshlangʻich bazaviy tayanch punktlar koordinatalar tizimiga bogʻlash uchun zarur boʻlgan minimal parametrlar soni aniqlanadi. Shuni aytib oʻtish joizki, maʼlumotlar bazasi parametrlari tarmoq turiga qarab belgilanadi, masalan, nivelirlash tarmogʻi uchun z yoʻnalishidagi bitta koordinata kerak boʻlsa, uch oʻlchovli GNSS tarmogʻida x-, y- va z yoʻnalishidagi uchta koordinata talab qilinadi [11, 22, 78, 92, 119]. Geodezik tarmogʻining punktlari, masalan, minimal yoki ichki cheklovlar bilan belgilanishi mumkin. Avvalgi holatda, maʼlumotlar aniqlanishida bir qator qatʼiy cheklovlar, masalan, tayanch punktlarning pozitsiyalari, yoʻnalishlari va masofalari qoʻllaniladi, ikkinchisida esa tarmoqning markazida sunʼiy ravishda olingan stansiyaning baʼzi cheklovlari belgilanadi. Birinchi bosqichni minimal cheklovlar yigʻindisi bilan amalga oshirishda, eng qulay stansiya pozitsiyalari, yoʻnalishlari va masofalari tarmoqqa oʻrnatilishi aniqlanadi. Ushbu cheklovlarni inobatga olinishi, tarmoqni tenglashtirishda eng yuqori aniqlikka erishishga olib keladi.
Ikkinchi bosqich. Bu bosqichda hal qilinishi mumkin boʻlgan yana bir muammo. Tarmoq punktlarining taxminiy joylashuvi odatda dastlabki rekognossirovka, asosan, hudud relyefiga qarab belgilanadi. Anʼanaviy yer usti tarmogʻini loyihalashda nuqtalar orasidagi masofa va punktlarni bir–biriga koʻrinishi muxim ahamiyat kasb etar edi, GNSS tarmoqlarida esa ochiq osmon koʻrinishi zarur. Ammo, punktning taxminiy joylashuvini tarmoq sifati va aniqligini oshirish uchun oʻzgartirilishi mumkin. Loyihalash va optimallashtirish jarayonining boshlanishida oldindan belgilangan mezonlarga asoslangan holda, bu bosqichda oldindan belgilangan chegara ichida tarmoq punktlarining taxminiy koordinatalariga baʼzi oʻzgarishlar kiritiladi. Jumladan, Muruntov karyeri atrofida mavjud geodezik tarmoq punktlarining planli va balandlik koordinalari klassik mahalliy (SK-42, SK-63) koordinata tizimlarida aniqlangan [78, 83, 108]. GNSS texnologiyasi esa geodezik tarmoq punktlarning koordinatalarini WGS-84 koordinata tizimlarida oʻlchashga ixtisoslashtirilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Muruntov karyeri atrofidagi geodezik tarmoq punktlari koordinatalari aniqligini oshirish uchun joyda GNSS oʻlchashlarini olib borish, eng kichik kvadratlar va matematik statistika usullarida tenglashtirish uchun punktlarining koordinatalarini bir xil tizimga keltirish va aniqlikni baholash kerak.