O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI
A.ISMOILOV
ERON FILOLOGIYASIGA KIRISH
fanidan ma’ruza matnlari
TOSHKENT – 2009
I. MAVZU
ISH REJASI:
-
Muqaddima.
-
O‘zbekistonda eronshunoslik.
-
Eronshunoslik markazlari.
-
Eron filologiyasi va eronshunoslik.
-
Istorizmning eron filologiyasi uchun ahamiyati.
-
Eronshunoslik va Eron filologiyasi sharqshunoslik fanlari tarkibida.
MUQADDIMA
Eron filologiyasiga kirish maxsus fanini o‘qitishdan maqsad eroniy tillar va bu tillarda yaratilgan adabiyotlarni o‘rganuvchi o‘quvchilarni shu fan bilan bog‘liq boshqa fanlar olamiga olib kirishdir. Bu fan eroniy tillarni o‘rganuvchi hamma mamlakatlarning ilmiy markazlarida o‘qitilib kelinmoqda.
Rossiyada 1804-yildan beri Moskva va Sank-Peturburg universitetlarida mashhur rus eronshunoslari A.A.Freyman, L.A.Xentagurov, I.M.Oranskiy va boshqalar mazkur fanni o‘qiganlar. Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Sharq filologiyasi fakulteti “Eron-afg‘on filologiyasi” kafedrasida bu fan 1955-yildan beri o‘qitilmoqda. Fanni o‘qitishda I.M.Oranskiyning 1960 va 1988-yillarda nashr etilgan “Vvedenie v iranskuyu filologiyu” kitobi asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yillar o‘tishi bilan Eron filologiyasiga kirish faniga oid materiallar kengayib bormoqda. Shuning uchun jamlangan hamma materiallarni bir maxsus fanga ajratilgan darslarda yoritib berish qiyin. Ayniqsa:
a) qadimgi yozma yodgorliklar;
b) Eron tilshunosligi;
v) Eroniy tillar shevashunosligi shular jumlasidandir.
Yuqoridagi muammolar bo‘yicha fors, rus, ingliz va boshqa tillardagi nashr qilingan monografik va kollektiv ilmiy ishlar qayd qilib o‘tiladi xolos1.
Bundan tashqari eroniy tillarga bag‘ishlangan davriy jurnallarda ham ko‘plab ilmiy materiallar berib borilmoqda. «Iranskoe yazikoznanie» (Rossiya), «Studia Iranika» (Fransiya), Studien zur Indologie und “Iranistik” (Germaniya) “Acta Iranika” (Teheran – Liege) hamda «Avstriya fanlar akademiyasining «Eron komissiya»si shular jumlasidandir.
Keyingi 20-25 yillar ichida Afg‘onistonda sodir bo‘lgan siyosiy o‘zgarishlar natijasida afg‘onshunoslikka bo‘lgan qiziqish ham ortib bormoqda. Afg‘onistondagi mahalliy tillarni o‘rganish bo‘yicha bir qator ilmiy kitoblar nashrdan chiqdi, hamda “Afghanistan journal” (qraz), “Afqhan Sfudies” (London), “Bibliofheca Afqhanica” (Liestal) davriy nashrlari ham chop etib kelinmoqda.
Eroniy tillar guruhiga kiruvchi xalqlarning adabiyotlari va ayniqsa, hozirgi zamon adabiyotini o‘rganishga oid materiallar deyarli chetlab o‘tiladi.
Mazkur ma’ruza matni o‘zbek tilida ilk bor yozilayotgani va bunga O‘zbekistondagi eronshunoslarning ilmiy faoliyati kiritilinayotgani sababli kamchiliklar bo‘lishi tabiiy holdir.
O‘zbekistonda eronshunoslik
Eroniy tillarda gaplashuvchi xalqlar bilan turkiyzabon xalqlar azal-azaldan yonma-yon yashab, ko‘plari deyarli ikki tillik bo‘lganliklari haqida ko‘plab ma’lumotlarga egamiz. O‘zbek mumtoz adabiyoti fors-tojik adabiyoti bilan hamnafas bo‘lib, ularning o‘zaro ta’siri haqida olimlarimiz ko‘p va xo‘b yozishgan.
O‘zbekistonda olimlarimiz eronshunoslik bilan 1920-28-yillarda Turkiston davlat universitetida va 1944-yildan Toshkent Davlat universitetining sharq fakultetida, 1991-yildan esa Toshkent davlat sharqshunoslik institutida eron-afg‘on filologiyasi va xorijiy sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasida shug‘ullanishmoqda.
Ular fors-dariy-pashtu tillarining xususiyatlari va adabiyotini o‘rganadilar. Ushbu sharqshunoslik maktabida yetishib chiqqan hozirgi zamon fors adabiyotining chuqur bilimdoni, Firdavsiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, f.f.doktori, professor, Shoislom Shomuxammedov, f.f.d. professor Abdurahim Mannonov, f.f.d. Orif Usmonov, dotsentlar S.Yuldasheva, Rahmonxo‘ja Inomxo‘jaevlar fors-dariy, pashtu tillari adabiyoti bilan shug‘ullanishsa, f.f.d., professorlar A.G‘.G‘aniev, A.Quronbekov, M.Imomnazarov, dotsentlar N.A.Muhammedova, M.Abdusamatov, Z.Umarov, A.Ismoilov, O.Shokirov, A.Vohidov va boshqalar fors, dariy tillarining grammatik, leksik-semantik va sotsio-lingvistik xususiyatlarini o‘rganish bilan mashg‘uldirlar. Tarix fanlari doktori professor M.Ishoqov, Asqar Maxkamov O‘rta Osiyoda birinchilardan bo‘lib, avestoshunoslik va So‘g‘dshunoslik yo‘nalishida ilmiy ishlar olib borishmoqda.
Eronshunoslik markazlari
Eroniy tillarning xususiyatlari ularning adabiyoti, tarixi va etnografiyasini o‘rganish bilan jaxonning turli mamlakatlarida ko‘plab olimlar mashg‘uldirlar. Eronning o‘zida Tehron, Isfahon, Shiroz, Tabriz, Mashhad shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan universitetlarda, ilmiy-tekshirish markazlarida eroniy tillarning, xususan, fors tilining adabiyoti va tarixi o‘rganilmoqda.
Afg‘onistonda Kobul universiteti va FAda pashtu, dariy va Afg‘onistonda mavjud bo‘lgan tillarning xususiyatlari, folklori va adabiyoti o‘rganilmoqda.
Tojikistonda Tojikiston davlat universiteti, FA huzuridagi Sharqshunoslik institutida eroniy tillar bilan bir qatorda tojik tilining xususiyatlari va adabiyoti o‘rganilmoqda.
Rossiyada eroniy tillar bilan Sankt-Petrburg va Moskva Davlat universitetlari va Rossiya FA huzuridagi sharqshunoslik instituti xodimlari shug‘ullanmoqdalar.
Eronshunoslik bilan Yevropada Germaniya, Angliya, Fransiya, Shvesiya va Norvegiya davlatlarida, sharqda esa HHindiston, Pokiston, shuningdek, hamdo‘stlik mamlakatlaridan: Gruziya, Armaniston va Ozarbayjon, hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarida olimlar muvaffaqiyatli shug‘ullanib kelishmoqda.
Transkripsiya
Ma’ruza matnida uchraydigan qadimgi va o‘rta eroniy tillar va dialektlarga oid materiallarni berishda biz M.Oranskiyning «Vvedenie v iranskuyu filologiyu» kitobidagi (12-14-betlar) transkripsiya va shartli belgilardan foydalanishni ma’qul ko‘rdik. Chunki, eronshunoslikda hozirgi kunlarda transkripsiyaning turli variantlaridan foydalanilmoqda.
Eron filologiyasi va eronshunoslik
Istorizmning eron filologiyasi uchun ahamiyati
«Filologiya – yunoncha so‘z bo‘lib, so‘zga muhabbat, fikrlash», degan ma’noni anglatadi. (Filo – mehribon, sevguchi, do‘st va logos – so‘z, fikr, mulohaza).
Qadimgi Yunonistonda differensiallanmagan antik fan davrida hamma olimlarni, qanday fan olamida ish olib borishlariga qaramay, filologlar, ya’ni “so‘zga mehribonlar”, deb atashgan. Keyinchalik fanning rivojlanishi va boyishi natijasida hamda fanlarning ma’lum sohalarga bo‘linishi oqibatida filologiya tushunchasining hajmi va mazmuni ma’lum darajada o‘zgardi.
Ma’lumki, o‘rta asrlarda va uyg‘onish davrida filologlar, asosan, qadimgi mualliflarning asarlarini o‘rganardilar, shuning uchun filologiya nomi ostida qadimgi yodgorlik asarlarini o‘qish va izohlashni tushunganlar. Buning uchun esa asar qaysi tilda yozilgan bo‘lsa o‘sha tilni chuqur o‘rganish va o‘sha davrning tarixiy – madaniy vaziyatini yaxshi bilish lozim edi. Shuning uchun filologiya vaqt o‘tishi bilan biror xalqning tarixiy, madaniy vaziyatini yozma adabiyot bilan birga o‘rganishi uchun yaratilgan fan sifatida maydonga chiqdi.
Hozirgi paytda filologiya fanining asosiy o‘rganish ob’ekti – qadimgi yozuv yodgorliklari bo‘lib, ular turli ijtimoiy-tarixiy bosqichlarda biror xalqning og‘zaki adabiy ijodi va tilini aks ettiradi. Mana shu turli tarixiy bosqichlarda adabiyotning o‘sishi tarix fani bilan bog‘liqdir. Bu esa filologiya bilan tarix fanlarining bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi. Ana shuni Eron filologiyasiga tatbiq qilib, shunday deb ayta olamiz: Eron filologiyasi – eroniy tillar bilan tillarda yaratilgan adabiyotni (xalq og‘zaki ijodini hisobga olgan holda) o‘zining tarixiy taraqqiyotida jamiyat tarixi bilan bo‘lgan munosabatini o‘rganadigan fandir. Eron filologiyasi ham o‘z navbatida ikki qismga bo‘linadi:
1) eroniy tillar tilshunosligi;
2) eroniy xalqlar adabiyoti.
Agar biror qadimiy asarni tekstologik o‘rganilsa bu adabiyotshunoslikka kiradi, uning tilini o‘rganish esa tilshunoslikning vazifasidir. Shunday qilib, eron filologiyasi eronshunoslikning bir bo‘lagi bo‘lib, eroniy tillar guruhida gaplashuvchi xalqlar, elatlarning madaniy tarixi va umumiy tarixi bilan shug‘ullanuvchi fandir.
Eronshunoslik va eron filologiyasi sharqshunoslik fanlari tarkibida
Eron filologiyasi faqat eronshunoslik fanlari bilan emas, balki sharqshunoslikning ko‘pgina fanlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Masalan, hindshunoslik, semitologiya, turkologiya va h.k. Bularni bir-biridan ajratib o‘rganish mumkin emas, balki ular qadimiy yozma yodgorliklarni o‘rganishda va ularni tarjima qilishda katta ahamiyatga ega.
Tayanch iboralar
Tarix va filologiya, eron filologiyasi, transkripsiya va transliteratsiya, sharqshunoslik fani.
Savollar
-
Eron filologiyasiga kirish fani qachon va qaerda birinchi marta o‘qitila boshlandi?
-
O‘zbekistonda sharqshunos-eronshunoslardan kimlarni bilasiz?
-
Sharqshunoslik fani qaysi fanlar bilan chambarchas bog‘liq?
II. MAVZU
ISH REJASI:
-
Eroniy tillar va shevalar. Eroniy tillar oilasi haqida tushuncha. Eron tilshunosligi.
-
Qadimgi eroniy tillar.
-
O‘rta eroniy tillar.
-
Eroniy tilshunoslikda tarixiy-qiyosiy uslub.
Eroniy tillar va shevalar. Eroniy tillar oilasi (guruhi) haqida tushuncha.
Eroniy tilshunoslik
Til kishilar o‘rtasidagi o‘zaro muomala qurolidir. Ma’lum tarixiy davrda ma’lum sabablarga binoan muomaladan chiqqan tillarga o‘lik tillar deyiladi. Shunga binoan eroniy tillar ikki gruppaga ajratilinadi.
1. Qadimgi o‘lik eroniy tillar.
2. Hozirgi zamon (tirik) eroniy tillar.
Tirik tillarni o‘rganish oson, chunki, ma’lum aniq qurollar bilan shu tilning fonetikasi, dialektlarini va leksik-grammatik xususiyatlarini o‘rganish mumkin.
Lekin o‘lik tillar esa buning tamoman aksidir, chunki o‘rganuvchi ob’ekt kishi qo‘lida tirik tilga o‘xshab to‘la material bo‘lmaydi. O‘lik tilni fan faqat shu holda o‘rganishi mumkinki, agar shu tilda biror yozma yodgorlik asari mavjud bo‘lsa. Bundan tashqari o‘sha davr shohidlarining guvohligi ham ma’lum rol o‘ynaydi. Lekin bu yozma yodgorliklar o‘rganilayotgan tilni grammatikasi, strukturasi, so‘z tarkibi va lug‘at boyligi haqida hech qanday ma’lumot bermaydi, chunki bu asarlarda atoqli otlar yoki biror shohning urushdagi g‘alabalari haqida yozilgan bo‘ladi. Qancha qadimgi davrga kirib borsak shuncha yozma yodgorliklar kam uchraydi. Chunki ko‘pgina qo‘lyozmalar har xil sabablar bilan yo‘qotib tashlangan. Masalan, O‘rta Osiyoda, Eronda va Afg‘onistonda arablar bostirib kelishi bilan bu yerlardagi juda ko‘plab qo‘lyozmalar yo‘qotib yuborilgan. Xatto shu kunlarda ham Afg‘onistonda Toliblar hukumatining qarori bilan Kushoniylar sulolasi davriga oid yodgorliklar buzib tashlandi. Bu esa qadimgi davrga oid yodgorliklarni o‘rganishni mushkullashtirib yuboradi. Garchi lotin, qadimgi yahudiy, qadimgi yunon tillari muomaladan chiqqan bo‘lsa ham, lekin ular hozirgi kunda diniy va ilmiy sohalarda qo‘llanib kelinmoqda, qadimgi eroniy tillar esa umuman muomaladan siqib chiqarilgan. Shunday tillar ham borki ulardan hech qanday yozma yodgorliklar qolmagan. Fanda esa ular haqida boshqa tillarda yozilgan asarlardan keltirilgan ba’zi ma’lumotlar bor xolos. Qadimgi eroniy tillar davriga kiruvchi ba’zi tillar shular jumlasiga kiradi.
Qadimgi eroniy tillar
Avesto tili. Bu til nomi emas, balki Avesto kitoblar to‘plami bo‘lib, unda diniy «goh»lar-gimnlar va qadimiy eroniy tillarda gapiruvchi xalqlarning tashkil topishi bayon qilingan. Avesto tili shartli nom bo‘lib, har xil davrda va har xil sharoitda yozilgan, I qismlari er. avvalgi II minginchi yillarda og‘zaki holda to‘qilgan bo‘lib, og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan. Diniy hikoyalar, gimnlar, odatlar eramizning birinchi yillari qisqartirilgan holda yozilgan bo‘lsa kerak. Bu davrda Avesto tili o‘lik til bo‘lib, hech kim bu tilda gapirishgan emas va Sosoniylar davrida (eramizning III-VII asr). Tavrot, Injil va Qur’onga o‘xshash muqaddas kitob sifatida o‘qilgan. Avesto kitobining juda oz qismi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, u ham VIII-IX asrlarda yozilgan. Avesto tili ham yetarli darajada o‘rganilmagan, faqat Eronda mashhur avestoshunos Pur Dovud uning tili va tarjimasi bilan shug‘ullangan va nashr ettirgan.
Qadimgi eroniy til. Eramizdan avvalgi I minginchi yillarda Eron yassi tog‘liklarida yashagan fors qabilalarining tili bo‘lib, mixxatdan foydalanishgan. Er.avvalgi VI-IV asrlarda Ahamoniylar sulolasi shu xatda yozishgan.
Sak (skif) tili. Shimoliy qora dengiz bo‘yida yashovchi qabilalarning tili bo‘lib, er.avvalgi VIII-VII asrlardan to eramizning IV-V asrlariga taaluqlidir.2
Midiy tili. Eramizdan avvalgi I minginchi yillarning yarmida Eron yassi tog‘ligining Kaspiy dengizining janubiy tomon ketgan hududida yashagan midiy qabilalarining tili bo‘lib, uning tili haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Faqat ayrim midiy so‘zlari yunon tarixchi-olimi Geredotning «Tarix» va boshqa asarlarida va qadimgi eron matnlarida uchraydi.
O‘rta fors tili. Eramizning III-VII asrlarida Eron hududida oromiy yozuvining turli variantlarida yozilgan ko‘plab yodgorliklarning tili shartli ravishda yuqoridagi termin bilan ataladi. Sosoniylar sulolasi Eronda hukumronlik qilgan paytda o‘rta fors tili davlat tili bo‘lib, u ibodatxonalarda otashparastlik dinining tili bo‘lib ham xizmat qilgan. Bu tilda ko‘plab diniy (otashparastlik) va dunyoviy adabiyotlar yaratilgan.
Sharqiy Turkistonning Turfan qal’asida topilgan Moniylar xarakatini aks ettiruvchi xujjatlar ham shu tilda yozilgan. O‘rta fors tilini ko‘pincha pahlaviy tili deb ba’zi adabiyotlarda beriladiki, bu xatodir.
Parfyan tili. er.avvalgi I minginchi yilning oxirlarida va eramizning I minginchi yillarining boshlarida O‘rta Osiyo va Xurosonda yashagan qabila – xalqlarning tilidir. Bu tildagi so‘zlarning ayrimlari hozirgi arman tilida uchraydi. Parfyan tilidagi yozuvlarning ko‘pchiligi toshga yozilgan.
So‘g‘d tili. Zarafshon daryosi vohasida yashovchi sug‘diyon xalqlari tili bo‘lib, ular VIII asrga oiddir. Sug‘d tiliga oid materiallar Tojikistonning Panjikent va Zahmatobod tumanlarida olib borilgan qazish ishlarida ko‘plab topilgan. So‘g‘d tilida zarb etilgan tangalar sharqiy Turkistonda topilgan.
Xorazm tili. Amudaryoning quyi oqimidagi pasttekistlikda yashagan xalqning tili. Xorazm tili haqida ma’lumotlar juda kam, faqat arabiy manbalarda Xorazm tilida qo‘llanilgan so‘zlar va iboralar uchrab turadi. (VIII-XIV asr) Xorazm tilida yozilgan ko‘plab epigrafik yodgorliklar qadimgi Xorazm tuprog‘ini qazish ishlari olib borilganda topilgan.
Sak (xo‘ton) tili. Eramizning I minginchi yillariga oid sharqiy Turkiston hududida, asosan Xo‘tonda, topilgan buddiy dini asosida yozilgan diniy va dunyoviy adabiyotlar va xujjatlar tiliga aytiladi.
Baqtriya tili. Amudaryoning yuqori oqimi shimoldagi hisor tizmalari va janubda hinduqush tog‘lari orasida yashagan qadimgi baqtriya xalqlarining tili. Fors tilidagi adabiyotlarda “tohar” deb ham nomlanadi. hozirgi Baqtriya tilida yozilgan matnlar (XX asrning 50-yillari) Shimoliy Afg‘onistonda (So‘rx Ko‘tol) topilgan. Ularning biri nisbatan katta, ikkinchisi esa yozuv parchalaridan iboratdir. Bu xristian dinining boshlanishi davrida yozilgan bo‘lib, yunon alifbosining o‘zgargan variantida yozilgan.
Alan tili. O‘rta asrlarda janubiy Rusiya va shimoliy Kavkazning cho‘l zonalarida joylashgan alan qabilalarining tili. O‘rta asr olimlarining asarlarida alan tilidagi ba’zi so‘zlar va iboralar uchrab turadi.3
Hozirgi zamon eroniy tillar
Hozirgi zamon eroniy tillar oilasiga tojik, fors, afg‘on, osetin, kurd, baluj kabi ko‘p sonli xalqlar bilan birga nufuzi kichik parachi, ormuri, munjon, tat, talish, yag‘nob va pamir tillaridan – shug‘non, ravshan, yazg‘ulom, vaxan, ishkashim kabi tillar hamda Erondagi lur, baxtiyor, mazandaron, kumzori va kaspiybo‘yi shevalari kiradi. Bu tillar va shevalar haqida keyingi boblarda alohida to‘xtalamiz.
Eron tilshunosligida tarixiy-qiyosiy uslub (metod)
Eron tilshunosligining asosiy uslubi bu tarixiy – qiyosiy uslubdir. Bu uslubning asosiy vazifasi til yoki tillarning tarixini tiklashdir. Bunda o‘rganilayotgan til yoki tillar guruhini qarindosh tillar bilan qiyoslash asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Eng qadimgi eroniy tillarning yodgorligi bo‘lmish Avesto, Ahamoniylar davrining mahsuli mixxat yozuvlarini deshifrofka qilish, o‘rta fors, So‘g‘d, parfyan, xorazm tillarini o‘rganishda bu uslubning ahamiyati juda katta bo‘ldi. Shu uslubni qo‘llash natijasida osetin, afg‘on, pamir, skif va boshqa tillarning eroniy tillar guruhiga taaluqli ekanligi aniqlandi va eroniy tillar o‘rtasidagi munosabatlar hamda ularning taraqqiyotini ichki qonunlari ochib berildi.
Tayanch iboralar
O‘lik tillar, tirik (jonli) tillar, qadimgi eroniy tillar, o‘rta eroniy tillar, eramizdan avvalgi, milodgacha bo‘lgan davr, tarixiy qiyosiy uslub.
Savollar
-
Tillar oilasi haqida nimani bilasiz?
-
Eroniy tillar oilasiga kiruvchi qadimgi va o‘rta eroniy til davriga oid tillar haqida qaysi kitoblarda ma’lumotlar bor?
III. MAVZU
ISH REJASI:
-
Eroniy tillarning mustaqil guruhga ajralishi.
-
Eroniy tillar tarixining davrlanishi.
-
O‘rta Osiyoning oriyzabon qabilalari.
-
Umumoriyzabon qabila jamoasining parchalanishi.
-
Eroniy tillar guruhining ajralishi.
Eroniy tillarning mustaqil guruhga ajratilishi.
Eroniy tillarning tarixiy davrlanishi
O‘rta Osiyo va unga chegaradosh viloyatlarda qadim-qadimdan eroniyzabon xalqlar yashashgan. O‘rta Osiyo va unga qo‘shni Afg‘oniston ham Eron hududlari, ayniqsa, bu maydonlardagi daryo vohalari, tog‘ yonbag‘irlari aholi yashashi uchun juda qulay bo‘lgan. O‘zbekistonning janubiy hududidagi Teshik Tosh g‘orida (Boysun tog‘i) topilgan eng qadimgi (eramizdan av. 100-40 ming yillar) oid qabr yoki Xorazm vohasidagi arxeologik qazilmalar (kelt-minor madaniyati) yoki Amudaryo yoqasidagi qamish va daraxtlardan qurilgan uylar buning yaqqol misolidir. Bu yerlarda yashagan xalq qaysi tilda gapirishgani fanga ma’lum emas, lekin bu yerli aholining iqtisodiy-madaniy hayotini aks ettiruvchi lavhadir.
O‘rta Osiyoning oriyzabon qabilalari
Eramizdan avvalgi III-II minginchi yillargacha O‘rta Osiyo hududining eng qadimgi qismlarini tahlili shuni ko‘rsatadiki, Veda va Avestoni yaratgan hindiy zabon va eroniyzabon xalqlar birgalikda bir hududda yashashgan va bir-biriga yaqin qarindosh oriyzabon shevalarida so‘zlashishgan. Buni shundan ko‘rish mumkinki, ikkala epik kitoblarning mazmuni ham umumiydir. Diniy mafkura ham umumiy etnik nom (av. A’rua, ved.arua) ham umumiydir. Xatto xudolarning nomi ham bir-biriga o‘xshash. M.Avestoda shoh Ilma va uning o‘g‘li Vivaxvantni veda qaxramoni shoh Yama va uning o‘g‘li Vivasvant bilan taqqoslash ham bunga kifoya qiladi. Bunday o‘xshashliklarni ko‘plab keltirish mumkin. Eng asosiysi, Avesta tili va Veda tili (veda sanskrit) o‘zining grammatik va fonetik tuzilishi, so‘z yasalishi va siktaksisi bo‘yicha bir-biriga juda yaqindir. Yuqoridagi zikr etilgan omillar Avesta va Vedani yaratgan tillar bir umumiy til – oriy til negiziga olib keladi.
Fan yuqoridagilarga asoslanib shunday xulosaga keladiki, qadim zamonlarda hindiy zabon va eroniy zabon xalqlar oriy tilining shevalarida gapirishgan lekin, fanni ikki savol qiziqtiradi:
-
Oriyzabon xalqlar hindiy va eroniy zabon guruhlarga ajralguncha qaysi hududda yashashgan?
-
Qaysi davrda oriyzabon xalqlarni qabila jamoasi umumiy qabila jamoadan ajrala boshlagan?
Umumiy oriyzabon qabila jamoasining parchalanishi.
Eroniy tillar guruhining (oilasi) ajralishi
Umumjamoa oriy qabilasi davri juda qadim-qadimgi zamonga borib taqaladi. O‘sha davrga oid yozma yodgorliklar yo‘q. Buni keyinroq vujudga kelgan yodgorliklar va tarixiy-madaniy guvohliklar asosida o‘rganish mumkin. Tarixan (Inda) Hind vohasida yashagan va hindiy tillar va shevalarda gapirishgan qabilalar hamda eroniy tillar va shevalarda gapirishib, Eron yassitog‘liklari va O‘rta Osiyoda yashagan qabilalar va xalqlar aslan tub aholi bo‘lishmagan. Bu tillarda so‘zlashuvchi qabila va xalqlarning hammasi biz yuqorida nomlarini keltirgan yurtlarga kelgindilardir. Buning isboti shuki, Veda matnlarida oriyzabon (hindiyzabon) qabilalarning hind vodiysi tomon yurishi va er.av. III-II minginchi yillarda yuqori madaniyatni yaratgan o‘troq tub aholi bilan kurashganlari aks ettirilgan. Xuddi shunday xolatni Eron yassitog‘liklarida (ayniqsa uning g‘arbiy qismlarida) yashagan qabilalar eroniy tillar va uning shevalarida gapirishmagan tub aholini tashkil qilgan, ya’ni tor ma’noda oriy tili guruhiga, kengroq aytganda, hindevropa tillariga taaluqli bo‘lmagan. Oriy shevalarida gapirishgan qabilalarning ona yurti O‘rta Osiyo va unga yondosh hududlar bo‘lgan. Bu fikrning dalili bo‘lib Avesto kitobi ham xizmat qiladi. Chunki Avesto mualliflariga O‘rta Osiyoning topografiya va toponomikasi yaxshi ma’lum bo‘lgan. Ikkinchidan hindshunoslarning fikricha Rigvedi hind vodiysida to‘la yaratilgan bo‘lib u er.av. II minginchi yillarning o‘rtalariga mos keladi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, umumoriyzabon qabilalarining davri er.av. III minginchi yillarning oxiri va II minginchi yillarning boshlariga to‘g‘ri keladi. Keyinroq ko‘chmanchi holatda yashovchi oriyzabon xalqlar turli siyosiy-iqtisodiy sabablarga ko‘ra ikki yo‘nalishda O‘rta Osiyodan boshqa yurtlarga ko‘chib ketganlar.
1. Sharqiy yo‘nalish:
III ming yillikning oxiri va II ming yillikning boshlarida ko‘chmanchi oriyzabon qabilalarining bir qismi ona yurti O‘rta Osiyoni tark etib, Afg‘oniston orqali Panjob va Ganga vodiysining yuqori qismlariga ko‘chib ketishgan.
2. G‘arbiy yo‘nalish:
Xuddi shu davrda oriyzabon qabilalarning bir qismi kichik Osiyo va Mesopatamiya vohalariga ko‘chib ketishi kuzatilgan.
Shunday katta territoriyaga joylashgan oriyzabon qabilalarning tillari ma’lum darajada o‘zgargan. Shevalarda ham katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. Bu esa umumoriy jamoa tilining bo‘linib ketishiga olib kelgan. Bu yerda shuni ta’kidlash lozimki, 70-80-yillarda hind-evropa tillarining paydo bo‘lishi va uning manbai to‘g‘risida Amerika va G‘arbiy Yevropa olimlarining qarashlari bo‘yicha qator maqola va monografiyalari chop etila boshlandi. Bulardan Moskva-Tbilisi shaharlarida nashr qilingan T.V.Gamkrelidze va V.V.Ivanovlarning («Indoyevroneyskiy yazik i indoyevropeysi» I-II jild, Tbilisi 1984) nomli ikki jildlik ilmiy asarlari alohida diqqatga sazovordir. Mualliflarning fikricha, Hind-Yevropa tillarida gapirishgan qabilalar er.av. VIII-VII mingyilliklarda Mesopatamiya va Yaqin Sharq hududida yashagan va ular ham ikki yo‘nalishda hijrat qilganlar:
1. Janubiy Sharqiy yo‘nalish:
Er.av. III-II minginchi yillarda turli shevalarda so‘zlashuvchi qabilalarning bir guruhi Yaqin Sharq hududidan janubiy Kavkaz va Shimoliy Eron orqali Afg‘oniston, O‘rta Osiyo va Hindiston tomon xijrat qilganlar va keyinchalik yerlik tub aholi bilan yonma-yon yashay boshlaganlar.
2. Kichik Osiyo, Shimoliy Qora dengiz yo‘nalishi. Boshqa guruh qabilalari (Shumerlar bilan birga) Kichik Osiyoga o‘tib, undan Qora dengiz, Azov dengizi, Ural daryosi orqali Xorazm vohasigacha yetib borganlar. I.M.Oranskiyning «Vvedenie v iranskuyu filologiyu» kitobiga asoslangan holda shuni aytish joizki, O‘rta Osiyo hududidan chiqib ketgan oriyzabon qabilalar – hindiy tillari guruhi va eroniy tillar guruhiga ajralib, mustaqil rivojlanish yo‘liga kirganlar.
Dostları ilə paylaş: |