O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim vazirligi



Yüklə 366,19 Kb.
səhifə2/6
tarix22.10.2017
ölçüsü366,19 Kb.
#11025
1   2   3   4   5   6

Tayanch iboralar

Eroniyzabon xalqlar, oriyzabon qabilalar, umumoriyzabon qabilalar, hindiyzabon xalqlar ko‘chmanchi xalqlar, o‘troq xalqlar, tub yerli aholi.


Savollar

  1. Eroniy tillarning davriy bo‘linishini qanday tushunasiz?

  2. Oriyzabon qabilalarning joylashish o‘rni haqida olimlar o‘rtasida qanday turli qarashlar mavjud?



IV. MAVZU
ISH REJASI:

  1. Eroniy tillar tarixining davriy bo‘linishi. Eroniy tillarning umumoriy tillardan ajralib chiqishi.

  2. Eroniyzabon qabilalar va eng qadimgi xalqlar (asosiy manbalar).


Eroniy tillar tarixining davriy bo‘linishi

Eroniy tillarning umumoriy tillaridan ajralib chiqishi

Eroniy tillarning oriy umumjamoa tillaridan ajralishi (taxminan er.av. II minginchi yillarning boshlanishi) eroniy tillar oilasi tarixining davriylashiga asos bo‘ladi.

Fanda Eroniy tillar tarixini shartli ravishda uch davrga ajratish qabul qilingan.


  1. Qadimgi eroniy tillar davri (er.av. II minginchi yillarning boshlanishi va er.av. IV-III asrlargacha).

  2. O‘rta eroniy tillar davri (er.av. IV-III asrlardan to eramizning VIII-IX asrlarigacha).

  3. Yangi eroniy tillar davri (eramizning VIII-IX asrlaridan to shu kunlargacha).

Yuqorida aytganimizdek, tillarni davrlash bu shartli holatdir chunki til juda asta-sekin rivojlanadi. Jamoaning keskin o‘zgarishi bilan tildagi o‘zgarishlar bir-biriga mos kelmaydi. Shuning uchun davrlar o‘rtasida keskin chegara tortish mumkin emas.

Til tarixini davrlash esa yiG‘ilgan ko‘plab materiallarni klassifikatsiyalash va ularni sistemalashga imkon beradi. Til tarixini yaratishda asosiy material bo‘lib, yozma yodgorliklar xizmat qiladi, chunki bunda tilning grammatik strukturasi, lug‘at tarkibi va shu o‘rganilayotgan davrga oid tilning fonetikasi mujassamlashgan bo‘ladi. Goho o‘rganilayotgan tilning o‘zida yozma yodgorliklar qolmay, bir necha asr keyinroq boshqa tilda yozilgan yozma yodgorliklardan mazkur tilning grammatik strukturasi, lug‘at tarkibi va fonetikasi haqida ma’lumotlar topamiz. Masalan: Xorazm tili o‘rta eroniy til davriga xos bo‘lsa ham, undan yozma yodgorlik qolmagani uchun (hozirgi) yangi eroniy tillardan, yoki arab manbalaridan ma’lumotlar olamiz (XII-XIII asrlar).


QADIMGI ERONIY TILLAR DAVRI

(er.av. II minginchi yillarning boshlanishi er.av. IV-III asrlar)

Eroniyzabon qabilalar va eng qadimgi xalqlar

(asosiy manbalar)

Qadim zamonlarda qadimgi forsiyzabon qabila va elatlar yashagan tarixiy va tarixiy-madaniy hayotni o‘rganishdagi asosiy manba bo‘lib, Avesto va qadimgi mixxat yozuvlari xizmat qiladi.

Eroniyzabon yodgorliklarni va o‘sha davr tarixiy hayotini o‘rganishda va yoritishda qadimgi Sharq va O‘rta yer dengizi atrofida yashagan boshqa xalqlarning yozma manbalari ham qo‘l keladi. Mixxat yozuvidan foydalangan tillardagi manbalar eronzabon xalqlar tomonidan egallangan hududlar haqidagi ma’lumotlar ikki daryo oraliG‘idagi shumer va akkad (vavilion va assuriy shevalari bilan) tillaridagi yodgorliklarda birinchi bor aks etgan. Eron yassi tog‘liklarining g‘arbiy qismlari haqidagi ozgina ma’lumot er.av. III minginchi yillarning tarixi va II minginchi yillarning boshlariga oid eski akkad va shumer tillaridagi manbalarda uchraydi.4
Bibliya (Injil)

Middiy va Pors podshohliklarining tashkil topishi va ularning xarbiy yurishlari skif qabilalarining bostirib kelishlari bilan bog‘liq ma’lumotlar qadimgi juhudlarning yozma adabiy yodgorligi Bibliyada uchratish mumkin. Eroniy qabilalar va elatlarning tarixini yoritishda payg‘ambarlarning diniy siyosiy vazifalari: Naum (er.av. VII asr oxiri), Ieremin (er.av. VI asr boshi), Ezra va Nexemin (er.av. V asr) va boshqalar katta axamiyatga ega. Boshqa ba’zibir ma’lumotlar diniy kitoblar, jumladan Podshohlik kitobi (kniga sarstv) da uchraydi.


Yunon manbalari

Qadimgi yunon mualliflarining Eron, uning tarixi va aholisi bilan qiziqishi er.av. V asrlarda yunon-fors urushi va Iskandar Zulqarnaynning (Makedonskiy) sharqqa yurishi bilan bog‘liqdir.

Qadimgi fors mixxat yozuvlarini deshifrovka qilgunga qadar yunon mualliflarining bayozlari qadimgi eroniyzabon qabila va elatlarning tarixi va tarixiy madaniy hayotlarini aks ettiruvchi asosiy manba bo‘lib xizmat qildi va hozirgi kunga qadar ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.

Ayniqsa, Geredotning (er.av. 425-yilda vafot etgan) «Tarix» kitobi juda ahamiyatlidir. Kitobdagi Midiy podshohlarining forslar davlati boshliqlari va Ahamoniylar sulolasi tarixi haqidagi ma’lumotlar bevosita midiy va fors qabilalarining mashhur urug‘lari namoyandalari bergan ma’lumotlar asosida yozilgan. Ayniqsa, Geredotning skiflar haqidagi ma’lumoti juda muhimdir. Yana Ktesiya (er.av. V asr oxiri – IV boshlari) va Ksenofont (er.av. 430-yilda tug‘ilgan)larning shaxsiy kuzatuvlari ham katta axamiyatga ega. Ktesiyaning «Persica» asaridan ba’zi parchalar keyingi mualliflar asarida saqlanib qolgan.

Yunon mualliflariga va mixxat yozuvchilarida O‘rta Osiyo va Sharqiy Eron hududi va uning aholisi haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmagan.
Qadimgi Misr hududidan topilgan manbalar

Er.av. 525-yilda Misr maydoni ahamoniylar tomonidan bosib olingan. Fors podshohlarining tashqi siyosatiga bog‘liq Misr yozuvlarida bu haqda aytiladi. Bundan tashqari Misr maydonidagi mefantil xarbiy qo‘rg‘onidagi qazish ishlari olib boilmoqda Ahamoniylar hukumronlik qilgan davrni yorituvchi oromiy xujjatlari ham katta ahamiyatga ega.


Tayanch iboralar

Umumoriy til eramizdan avvalgi, miloddan avval, qadimgi eroniy tillar davri, o‘rta eroniy tillar davri, yangi eroniy tillar davri, Ahamoniylar sulolasi.


Savollar

  1. O‘rta Osiyoda yashagan tub aholi kimlar bo‘lgan ?

  2. Eroniy zabon xalqlarning hijrati qaysi yo‘nalishlarda borgan ?

  3. Qaysi manbalarda eng qadimgi eroniyzabon xalqlar haqida ma’lumot beriladi?


V. MAVZU
ISH REJASI:

  1. Qadimgi eroniy til davrida eroniyzabon qabila va elatlarning joylashishi.

  2. Eroniyzabon qabila va elatlarning Eron yassi tog‘ligining g‘arbiy qismiga tarqalishi.

  3. Midiylar.

  4. Fors qabilalari va Ahamoniylar davlati.

  5. Sak (skif) qabilalari.


QADIMGI ERONIY TIL DAVRIDA ERONIYZABON QABILA VA ELATLARNING JOYLASHISHI

O‘rta Osiyo va unga yondosh viloyatlarning eroniyzabon qabila va elatlari

Qadimgi eroniy til davri eroniyzabon xalqlarning taxminan 2000 (ikki) ming yillik tarixini o‘z ichiga oladi. Bu davrning boshlanishida oriy qabilasidan ajrab chiqqan eroniyzabon qabilalar O‘rta Osiyo, Xuroson va unga yondosh viloyatlarda yashashardi (Xuroson – XVAR-AS – kun chiqar sharq, tarixda Xuroson nomi bilan shimoldan Amudaryo va janubdan Hindqush tog‘lari va Dashti-Kabir cho‘llari orasidagi maydon nazarda tutilgan). Ularning hayoti va sharoiti haqida axborot beruvchi birinchi manba Avestodir. Avesto qadimgi eroniy tillarning eng qadimgi yodgorligi bo‘lib, u bir paytda eroniy zabon xalqlarining, yozma adabiy ijodidir. Avestoning Videvdat qismida eroniyzabon qabila va elatlarning joylashishi haqida ma’lumotlar uchratamiz. Vivedat qismining mualliflariga O‘rta Osiyo va unga qo‘shni viloyatlarning eng katta vohalari ma’lum bo‘lgan: Gava-so‘g‘diyona Zarafshon daryosi vohasida marva (yunoncha Marg‘iyon, Murg‘ob daryosi vohasida Mavr vohasi oazis, hozirgi Mariy viloyati) vaxdi (yunon. Vaqtriya, Amudaryoning yuqori va o‘rta oqimi, Shimoliy Afg‘oniston va O‘rta Osiyoning janubiy-sharqiy qismi) haraiva (areia, Xarirud daryosi bo‘ylari, Shimoliy Afg‘onistonning Hirot shahri atroflari) Xvarizm – xvarizem – Xorazm.5

Eron yassitog‘ligining g‘arbiy qismi (farsa viloyati – parsa qadimgi fors yozuvlarida) Avestoda umuman tilga olinmaydi.
Eroniyzabon qabila va elatlarning Eron yassi tog‘ligining g‘arbiy qismiga tarqalishi

Er.avv. I minginchi yillarning boshlaridan boshlab katta-katta eroniyzabon qabilalarning Eronning g‘arbiy qismlariga ko‘chishi kuzatiladi. Mesopatamiya va unga yondosh hududlarda qadimgi vaqtlarda hind-evropa tillar oilasiga kirmaydigan tillarda gapirishuvchi qabila va elatlar yashashardi. Bunga sabab otashparastlik dinining asoschisi Sipiytmon Zardo‘sht Xorazmlik bo‘lib u yakkaxudolikni ya’ni zardushtiylik ta’limotini keng targ‘ib qila boshlaydi. Boshliq, urug‘ va qabila boshliqlari, ko‘p xudolikka sig‘inishni targ‘ib qiladigan qoxinlar qarshiligiga duch kelgan Zardo‘sht o‘zi tug‘ilib o‘sgan Xorazmni tark etib, o‘zining yaqin maslakdoshlari bilan Eronning sharqiy viloyatlariga ketishga majbur bo‘ladi. Zardo‘shtning diniy ta’limoti Eron shohi Kavi Vishtaspga ma’qul bo‘ladi va uni davlat dini sifatida e’zozlashga farmon chiqaradi. Eronning barcha hududlarida keyinchalik Afg‘oniston va O‘rta Osiyoda otashkadalar-ibodatxonalar quriladi. Ammo Sipiytmon Zardo‘sht 77 yoshida Balx shahridagi ibodatxonada g‘oyaviy dushmanlaridan biri Bratarvaxsh tomonidan zaharli xanjar sanchib o‘ldiriladi. Qorun va Kerxda (hozirgi Xuzisbon poytaxti Suza shahri) Elam davlati hukumronlik qilgan bo‘lib, uerda rasmiy til elam tili bo‘lgan.

G‘arbiy Eronning tog‘li rayonlarida kassib va lulo‘boy tog‘li qabilalari yashashgan. Ularning tillari elam tiliga yaqin bo‘lib, balkim qarindosh til bo‘lgandir. Kaspiy dengizining janubiy-g‘arb tomonlarida qadimgi yunon mualliflariga ma’lum kaspiy va mainyat qabilalari yashashgan. Bu qabilalarning tili va uning qaysi guruhga qarashli ekanligi haqida hozircha biror hukum chiqarish qiyin.

Shunday qilib, er.avv. I minginchi yillarda Eron yassi tog‘liklariga kelib joylashgan va u yerga o‘z nomini bergan eroniyzabon qabilalar yerli tub aholi bo‘lishmagan. Eron so‘zi o‘rta eron tilida etnik nom “arua”ning roditelniy padej, ko‘plik shakldagi ko‘rinishidir. Qadimgi Eron “aruanam xsadram” (oriylar podshohligi), O‘rta Eron “Eran sahr” (Eron podshohligi). Birinchi marta bu termin yunon tarixchisi Eramosfenning kuzatuvchi daftarida ariane” shaklida uchraydi.6

Haqiqatan Mesopotomiyada eroniyzabon qabilalarning ta’sir kuchi katta bo‘lib, assuriy podshohlarining yozuvlarida eroniyzabon qabila va ularning boshliqlarining nomlari, o‘z qo‘l ostiga birlashtirilgan podshohlarning nomlari zabt etilgan.
Midiy (Midiyonlar)

Assuri podshohi Shulmanu ashsharidu III ning yozuvlarida birinchi marta (er.avv. 835-y.).

Midiy – “tadai” – qabilasi eslatib o‘tiladi. Bu qabilalar er.avv. VIII-VI asrlarda Eronning shimoliy – g‘arbiy qismida quldorlik davlatini tuzganlar. Bu davlatning poytaxti qadimgi fors tilida – hamgmatana ham”gmata” – hozirgi Hamadon shahridir. Ular bu mamlakatga o‘z nomlarini mada” berdilar. Madiyon nomi Qur’onda ham uchraydi.

Midiy tilida yozma yodgorliklar yo‘q. Lekin saqlangan manbalarda midiy tilining eroniy tillar guruhiga mansubligi haqida ma’lumotlar bor. Geredot 6 ta midiy qabilalarining nomini keltiradi. Shuningdek bir necha midiy so‘zlarni ham keltiradiki, bular midiy tilining eroniy tillar guruhiga tegishli ekanligini tasdiqlaydi. Masalan: aruazantie” – oriy qabilasi, midiy spaka avesto span qadimgi fors tilida saka, hozirgi tojik tilida sag” hozirgi fors tilida sag” – it, kuchuk.

Midiy qabilalari qadimgi sharqda muhim rol o‘ynashgan Midiy podshohligining ta’siri Eron yassi tog‘ligining kattagina qismini hamda Kichik Osiyogacha bo‘lgan (Kappadokiya) – Galis hozirgi Qizil irmoq daryosigacha bo‘lgan hududni o‘z ichiga olganki, mazkur daryo Qora dengizga qo‘yilgan.
Fors qabilalari va ahamoniylar davlati

Qadimgi Sharq tarixida yana bir eroniyzabon qabilalaridan biri fors qabilasi katta rol o‘ynadi (qadimgi fors – parsa). Bu termin assuriy yozuvlarida er.avv. IX asrlarda, ya’ni midiyonlar haqida birinchi ma’lumot paydo bo‘lgan paytda «parsua» shaklida uchragan. Bu davrda fors qabilalari hali kuchga ega emasdi. Bir necha asr keyinroq fors qabilalari fors qo‘ltig‘ini janubiy-g‘arbiy qismiga kelib joylashadi va shu hududga qabila nomi Parsa (parsa – qadimgi yunon – Peraus Persida, arablashgan shakli Fars, Farsistan) beriladi. Er.avv. 593-yilda birlashgan fors qabilalari hukmron Midiy davlatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarib, midiylar davlatini ag‘darishadi va mustaqil Ahamoniylar davlatini qurishadi. (er.avv. 550-yil) Ahamoniylar davlati juda katta hudud O‘rta Osiyo va Armanistondan boshlab to janubda Habashistongacha, Egey dengizi qirg‘oqlaridan to sharqda Inda havzasigacha bo‘lgan joylarni o‘z tassarrufiga oldi.

Fors qabilalari ham o‘zlarini oriy qabilasiga mansub hisoblardilar. Masalan: Doro I o‘z yozuvida shunday yozdirgan: Man, Doro, ulug‘ podshoh, shoxlarning shohi... Vishtasp o‘g‘li, Ahamoniy, fors, fors o‘g‘li, oriy, zotidan (Dar, NR, 8-15-betlar) arua” so‘zi fors dohiylarining ismi oldidan ham qo‘yilib talaffuz qilingan. Masalan: Doro I ning bobosining nomi Ariuaramna” bo‘lgan.
Sak (skif) qabilalari

Er.avv. I minginchi yillarda O‘rta Osiyoning shimoliy hududlarida yashagan ko‘chmanchi qabilalarni saklar deb atashgan. Ular ham eroniyzabon qabilalardan bo‘lib, qadimgi fors yozuvlarida ularning bir necha qabila nomlari keltirilgan



  1. Saka tigraxauda” – uchli popoqli saklar, ular Sirdaryo vohasidan shimolga ko‘chib borgan qabilalardir;

  2. Saka haumavarga” – Murg‘ob daryosi atrofida yashagan saklar;

  3. Saka tuaiu para sugdaw” – So‘g‘dlarning orqa tomonidagi saklar;

  4. Saka tuaiu paradraua” – dengiz ortidagi saklar.

Bu yerda qaysi dengiz nazarda tutilgani noma’lum. Agar Orol dengizi nazarda tutilgan bo‘lsa unda ular Saklar, agar qora dengiz nazarda tutilgan bo‘lsalar unda ular skiflardir. O‘rta Osiyoning g‘arbiy qismidan to Qora dengizning shimoliy hududlarigacha bo‘lgan maydonda yashagan ko‘chmanchi qabilalar haqida yunon va lotin yozuvlarida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Yunonlar bu qabilalarni skiflar va sarmatlar deb atashgan. Skiflar Bosfor bo‘g‘ozi orqali Dunay daryosiga chiqqan Doro I askarlari bilan urushishgan va uni chekinishga majbur qilishgan (Geredot. Tarix). Keyinroq antik mualliflar Strabon (eramizning boshlari) va Arian (er.avv. II asr) hozirgi Turkmaniston hududida yashagan saklar, hamda ulardan uzoqroqda yashagan massagetlar haqida ma’lumot beradilar. Ular massagetlarni Kaspiy dengizining sharqida saklardan sal chetroqda va katta tekislikda yashashganini xabar qilishadi. Massaget termini sak qabilalarining uyushmasi, ya’ni “katta, ulug‘ saklar” ma’nosini ifodalaydi. Hind va Xitoy manbalarida sak qabilalari O‘rta Osiyoning sharqiy qismi va Xitoy Turkistonida yashashgani haqida ma’lumotlar bor.

Skif tili haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Lekin yunon Qora va Azov dengizlari atrofida topilgan yozuvlarda bir necha skif so‘zlari uchraydi. Bu so‘zlar skif sarmat qabilalari va kishi nomlari. Skiflar ham o‘zlarini oriy qabilasiga mansub, deb bilardilar va eroniy tillarning shevalaridan birida so‘zlashardilar. Skif sarmat qabilalarining nomlarini qiyoslang: arii, alan, alani, skif qabilalari boshliqlari nomlari: ariantas, ariapetses, ariasamnes va h.k.

Shunday qilib, eroniyzabon qabila va elatlar – xorazmiylar, so‘g‘dlar, sak (skif)lar midionlar, forslar va boshqalar qadimgi eroniy tili davrining vakili bo‘lib, ular g‘arbdan Dunay daryosi va shimoliy Qora dengiz sharqdan Farg‘ona vodiysi va sharqiy Turkistongacha, shimoldan Sirdaryo bo‘ylaridan janubda fors qo‘ltig‘igacha bo‘lgan hududda joylashgan edilar
Tayanch iboralar

Xuroson viloyati, Dashti-Kabir cho‘llari, muqaddas Videvdat, otashkada Spiytmon Zardo‘sht, Xorazm vohasi podshoh Shulmanuasharidu III ning yozuvlari Parsa qabilasi, Ahamoniylar podshohi Doro I Sak qabilalari


Savollar

  1. Eroniyzabon xalqlar oriyzabon xalqlardan ajralib chiqqach,dastlab qaerlarda yashagan?

  2. Eroniyzabon xalqlarning yashash joylari haqida qaysi kitoblarda ma’lumotlar bor?

  3. Sak va Midiy xalqlarining yashagan joylari haqida ma’lumotlar qaysi manbalarda mavjud?


VI. MAVZU

ISH REJASI:

  1. Qadimgi eroniy til davrining yozma yodgorliklari. Avesto.

  2. Avestoning kashf qilinishi va o‘rganilishi.

  3. Avesto matnlarining shakllanishi va yozilishi.

  4. O‘zbekistonda Avestoning o‘rganilishi.

  5. Avestoning tarkibi va mazmuni.

  6. Avesto tili.

Qadimgi eroniy til davrining yozma yodgorliklari

A V E S T O

Avesto eroniy tillarning eng qadimgi va eng muhim yodgorligidir. Arablar kelguncha Eronda rasmiy davlat dini otashparastlikning matnlari jamlangan Muqaddas kitobdir. Islom dini Eronga va O‘rta Osiyoga kirib kelgach, ko‘plab otashparastlar Hindistonga qochib ketganlar. Ular, asosan Bombey, Kalkutta shaharlari atrofiga va mamlakatning sharqiy qismlari Seyiston, Kermon, Mekron viloyatlariga borib joylashganlar.

Hozirgi vaqtlarda Hindistonda otashparastlarni parslar deb atashadi va ularning soni taxminan 150000 kishiga yetadi. Ularning aksariyati hind tili – gujeratini og‘zaki va adabiy til sifatida qabul qilganlar. XV asrda parslarning muqaddas kitoblari gujeratiga tarjima qilingan. Eronda, ular asosan, Yazd va Kermon shaharlarida, qisman guruh-guruh bo‘lib Tehron, Shiroz va Mekron shaharlarida yashaydilar taxminan ularning soni 20000 kishiga yetadi. Otashparastliklarni Eronda gebrlar deb atashadi.
Avestoning kashf qilinishi va o‘rganilishi

Qadimgi Eronda muqaddas kitob Avesto mavjudligi haqidagi ma’lumotlar qadimgi yunon suriya, armen, arab mualliflarining asarlarida qayd qilingan. Avesto haqida eroniyzabon xalqlarning og‘zaki ijodida va X-XI asrlarda ijod qilgan Firdousiyning «Shohnoma» asarida eslab o‘tilgan. Lekin, fanga Avestoning ayrim parchalarini aks ettirgan qo‘lyozmalar XVII-XVIII asrlarda ma’lum bo‘ldi. Notanish tilda yozilgan bu qo‘lyozmalarga XVIII asrgacha hech kimning tishi o‘tmagan. XVIII asrning ikkinchi yarmida yosh fransuz Anketil Dyuperron (1731-1805-y.) 1754-yilda Oksfordda saqlangan Avestoning bir necha varag‘i bilan tanishgach, Hindistonga borishga jazm qildi va u yerda 1755-1761-yillarda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirib, Avestoni o‘rganishga muvafaq bo‘ldi. U yerda Anketil Dyuperron qadimgi muqaddas matnlarni o‘qishga o‘rgandi va o‘zi bilan bir qancha qo‘lyozmalarni Parijga olib qaytdi. Olib kelingan qo‘lyozmalarni obdon o‘rganib, Avestoni tarjima qildi va uni fransuz tilida izohlar berib «Zend Avesto» nomi bilan nashr ettirdi.

Shunday qilib ikki asrdan ortiqroq davrda ilmiy davrgacha qadimgi eron qo‘lyozma boyligi kirib keldiki, u hammaning e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Er.avv. II minginchi yilgacha O‘rta Osiyo va unga qo‘shni hududlarda yashagan xalqlarning tarixiy va madaniy hayoti haqidagi ma’lumotlar shu qimmatli yodgorlik Avestoda o‘z aksini topgan. Lekin Anketil Dyunerron yetarli darajada filologik tajribaga ega bo‘lmagani uchun uning tarjimalarida bir qator noaniqliklar va xatolar ro‘y beradiki, ularni tuzatish uchun ko‘plab olimlar turli izohlar bera boshladilar. Xatto ba’zilar matnlarning haqiqiy ekanligiga shubha ham bildirdilar. Masalan,Zand” so‘zining o‘zi «Bilim, ta’lim, qonun ma’nolarida o‘rta fors tilidagi Avestoning versiyalarini emas, balki asosiy Avesto matnlarini belgilash uchun ham ishlatilgan» (Bu haqda nemis olimi J.C.Tavadianing asarlariga murojat qiling).

Yana shuni unutmaslik kerakki, zand termini Avestoning o‘rta fors tiliga qilingan tarjima matni ma’nosida ham qo‘llanilgan. 1826-yilda daniyalik tilshunos Rasmus Kristian Rosk (1787-1832) qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asoschilaridan biri Avesto tilini qadimiyligini asoslab, uning Hindistonning qadimiy tili sanskrit bilan qarindosh ekanligini asoslab berdi (Oranskiy EFK 70 bet).

XIX asrning I va II yarimlarida Avestoning ayrim parchalarini tarjima qilish va grammatik tizimlarini ayrim xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha bir qator ilmiy ishlar qilindi.
Avesto matnlarining shakllanishi va yozilishi

Biz yuqorida ba’zi joylarda ta’kidlab o‘tganimizdek Avestoning qismlari turli davrda turli mualliflar tomonidan O‘rta Osiyo hududida yaratilgan. Avestoning O‘rta Osiyo olimlari tomonidan o‘rganilishi X-XI asrlarda Abu Rayhon Beruniyning Avesto bilan bog‘liq tadqiqotlaridirki, u alohida qiymatga ega. Zero Beruniy Avestoni chuqur bilgan holda o‘z zamonida o‘tmishdan unga yetib kelgan xronologik, etnografik, tarixiy ma’lumotlarni tahlil qiladi. Shu munosabat bilan biz Beruniyning ilk o‘zbek avestoshunosi deb atashimiz mumkin. O‘rta asrlarda O‘rta Osiyoda islom dini mavqeining kuchayishi munosabati bilan Avestoga nisbatan mahsus qiziqishlar kuzatilmaydi. Lekin klassik adabiyotda Avesto motivlari u yoki bu tarzda uchrab turadi. Avesto bo‘yicha tadqiqotlar O‘zbekistonda XX asrning II yarmidan boshlandi. Bu ishda N.M.Mallaev, A.P.Qayumov singari olimlar xizmatini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, «O‘zbek adabiyoti tarixi» nomli ko‘p jildlik akademik va «Istoriya uzbekskoy literaturi» kitoblarda Avesto haqidagi qismlarda ko‘pgina fikr-mulohazalar bildirildi. O‘zbekistonda avestoshunoslik, asosan, istiqlol davrida jiddiy yo‘nalish tusini oldi. Ayniqsa, 1990-yildan boshlab Mirsodiq Ishoqov va Asqar Mahkamovlar tomonidan Avestoning o‘zbek tiliga tarjimalari turli nashrlarda e’lon qilina boshlanadiki, bu ilmiy jamoatchilikning e’tiborini o‘ziga torta boshladi. Bu davrda o‘zbek olimlarining ko‘pchiligi rus tilida nashr etilgan rus eronshunoslari Ye.E.Bertels, I.S.Oraginskiylarning va ba’zan esa, ma’naviy jihatdan biroz eskirgan O.Makavelskiylarning «Avesto» kitoblaridan foydalanib tayyorlagan maqola va risolalar ham ommaviy nashrlarda e’lon qilina boshlanadi. Shuningdek, Homidiyning eronlik mashhur avestoshunos olim Pur Dovud tayyorlagan forsiy nashrlardan foydalanib yozgan maqolalari ham gazeta va jurnallarda e’lon qilina boshlandi. Keyingi paytlarda, Avestoning 2700 yilligiga bag‘ishlab, respublikamizda o‘tkazilayotgan qator tadbirlar ham avestoshunoslikka muhim hissa qo‘shmoqda.

Agar Avestoning birinchi qismi er.avv. II minginchi yillarda yaratilgan deb hisoblasak, u o‘sha davrdagi eroniyzabon qabilalar hayotini ya’ni O‘rta Osiyo hududida ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullangan chorvadorlarning turmush tarzi, diniy qarashi va mifologiyasini aks ettiradi.

Keyinroq yaratilgan Avestoning II qismlari esa payg‘ambar Zardo‘sht (Zaroastra) va uning diniy ta’limotiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu davrda ko‘chmanchi aholini ko‘proq o‘troq holatga o‘tib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangani o‘z aksini topgan.

Yanada keyinroq Ahamoniylar davrida zaraastrizm (otashparastlik) dini Eronda davlat dini darajasiga ko‘tarilib, xukumron dinga aylandi. Tabiiyki, og‘zaki nutq tarzida aytib kelingan Avestoning qadimgi gimnlari davr o‘tishi bilan turli o‘zgarishlarga uchragan, to‘ldirilgan va ba’zi sodda qismlari tashlab yuborilgan. Bu yerda bir muammo borki u ko‘pchilikni boshini garang qilmoqda. U ham bo‘lsa, Avesto matnlarining qachon, qaerda, qaysi xolatda yozilishidir. Zaroastrizm an’analariga ko‘ra Avesto Ahamoniylar davrida 9999 xo‘kiz terisiga tilla harflar bilan yozilib, Taxtijamshidda saqlash uchun qo‘yilgan, lekin Iskandar Zulqarnayn ularni o‘zi Eronga bostirib kelganda yondirib yuborishga buyurgan.7 Bu haqda «Tarixi Balamiy» da ham aniq ma’lumotlar berilgan. Keyinroq Parfiya shohi Valkash 1 eramizning (51-78-yillarida) davrida matnni tiklash uchun urinishlar bo‘lgan.8 Avesto o‘sha paytlarda unli tovushlarni ifodalamaydigan oromiy yozuvida yozilgan. Oromiy yozuvi finikiy yozuvining bir varianti bo‘lib, u er.avv. 1X asrdan to er.avv. VIII asrgacha Old Osiyoda keng rivoj topdi. Boshqa somiy tillaridagi kabi oromiy yozuvida ham aksariyat undosh tovushlar berilgan, unlilar esa yozuvda aks ettirilmagan, faqat cho‘ziq unli tovushlargina yozuvda ahyon-ahyonda yozilgan xolos. Bu yozuvdan eng qadimgi afsona va ma’ruzalarni diniy vaznlarni yig‘ishda foydalanishdiki, keyinchalik bular Avesto kanon (tekstlariga)lariga kiritildi. Ayniqsa Avesto tarkibini aniqlash va tahrir qilish ishlari Sosoniylar davrida keng avj oldi. Avesto ustida tadqiqotlarning muhim bosqichi uning fonetik, grammatik tarkibini muqaddas matn sifatida saqlash maqsadida yaratilgan mahsus «Avesto alifbosi»ning paydo bo‘lishidir. Bu alifboning keng qamrovligi shundaki, uning shartli harf belgilari Avesto tilining murakkab fonetik tuzilishi va turli-tuman fonologik xususiyatlarini to‘liq hisobga ola bilgan. Aniq fonetik harf – belgini uyg‘onligi sababli Avestoning allaqachon unitilgan «o‘lik» tilini saqlash imkonini yaratgan.

Avestoning eng oxirgi mukammal matni taxminan eramizning IV asrida Shopur II (310-379-y.) davrida shakllangan va uning o‘rta fors tiliga tarjimasi eramizning VI asri Xusrav I (531-579-y.) davrida amalga oshirilgan.


Yüklə 366,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin