O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim vazirligi


Yangi eroniy til davrida eroniyzabon xalqlarning yozuvi va yozma adabiyoti (IX-XV asrlar)



Yüklə 366,19 Kb.
səhifə5/6
tarix22.10.2017
ölçüsü366,19 Kb.
#11025
1   2   3   4   5   6

Yangi eroniy til davrida eroniyzabon xalqlarning yozuvi va yozma adabiyoti (IX-XV asrlar)

Hozirgi zamon tirik eroniy tillarini tarixga nazar tashlasak, ularni yozuvga ega va ega emasligiga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratishimiz mumkin.



  1. Qadimgi yozma adabiyotga ega bo‘lgan xalqlar. Bularga forslar, tojiklar va dariyzabon xalqlar kiradi, ular deyarli 2,5 ming yillik yozuv va adabiyotga ega.

  2. Keyinroq yozma adabiyotga ega bo‘lgan xalqlar. Bularga XV asrda yozuv va yozma adabiyotga ega bo‘lgan afg‘on (pashtu)lar kiradi.

  3. Yaqin o‘tmishda yozuv va yozma adabiyotga ega bo‘lgan xalqlar. Bularga osetin xalqi mansub. Ular XVIII asrda yozuvga ega bo‘lib, o‘z adabiyotini yaratmoqdalar. Buxoro juhudlari ham XX asr boshlarida kirill alifbosi asosida o‘z yozuvlariga ega bo‘ldilar.

  4. O‘z yozuviga umuman ega bo‘lmagan xalqlar. Bularga Erondagi lur va baxtiyor qabilalari, Afg‘onistondagi munjonlar va O‘rta Osiyo lo‘lilari kiradi. Lur va baxtiyor qabilalarining folklorini arab yozuvi asosida olimlar tomonidan o‘rganishga urunishlar bo‘lgan. O‘rta Osiyoda, asosan, O‘zbekistonda Buxoro lo‘lilari uchun o‘zbek, tojik va rus tillaridagi maktablar eshigi hamisha ochiqdir.

Shunday qilib yangi eron tillarini o‘rganish manbalari va bu tillarda yaratilgan adabiyotlarni ikki guruhga ajratamiz:

  1. original yozuvlar yodgorliklari: nasr va nazmdagi badiiy adabiyotlar, ilmiy va tarixiy bayozlarni o‘z ichiga olgan o‘rta asr qo‘lyozmalari, yangi va eng yangi davrdagi litografiya, ko‘paytirish vositalarining nashr mahsulotlari va matbuot;

  2. tadqiqotchilarning yodnomalari (til, folklor, etnografiya, hozirgi davrda maxsus ilmiy maqsadlarni nazarda tutgan). Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, hozirgi zamon eroniy tillar davrini ikki qismga ajratib o‘rganamiz:

a) o‘rta asr yodgorliklari (mumtoz fors-tojik adabiyoti IX-XVI asrlar);

b) hozirgi zamon eroniy tillar (XVI-XVII asrlardan to shu kunlargacha).
Tayanch iboralar

Jonli fors tili, «mavali askarlar», yag‘nob (tili) shevasi. Zarafshon vohasi, Ahamoniylar yozuvi, budda dini, Qoraxoniylar sulolasi, Turk xoqonligi, Saljuqiylar davri



Savollar

  1. Yangi eroniy tillar davri qaysi davrdan boshlanadi?

  2. Eroniy tillarga qaysi G‘ayri eroniy tillar qo‘shilib ketdi?

  3. Eroniy tillarda gapirishuvchi qaysi millatlar turkiy tillarni qabul qildi?



XIII. MAVZU

ISH REJASI:

  1. Yozuv.

  2. Juhud alifbosi.

  3. Lotin alifbosi.

  4. Kirill (rus) yozuvi asosidagi yaratilgan alifbolar.

  5. O‘rta asrlarda fors (tojik) tilida yaratilgan yozma adabiyot (IX-V asrlar).

  6. Arablar istilosidan keyingi birinchi asrlardagi eroniy tillarning yozuvi.

Yozuv

Yangi eron til davrining aksariyat yodgorliklari arab alifbosida yozilgan. Arab alifbosining O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston va ularga qo‘shni davlatlarga tarqalishiga asosiy sabab islom dinining shu mamlaktlar xalqlari tomonidan qabul qilinishidir. Arab yozuvi xuddi oromiy yozuviga o‘xshab finikiy yozuviga borib taqaladi. Arab alifbosida 28 belgi bor. Yozuv o‘ngdan chapga qarab yoziladi. Xarflar bir-biriga qo‘shilganda ularning alohida ko‘rinishini o‘zgartiradi. Arab tilida bir xarf yozilish xolatiga qarab (alohida, so‘z boshida, so‘z o‘rtasida va so‘z oxirida) 2 va 4 ko‘rinishga ega bo‘ladi. Fors tilida arab tiliga xos bo‘lmagan 4 tovushga P-, Ch-, G-J- harflar moslashtirildi. Arab-fors alifbosini boshqa eroniy tillarga, masalan,osetin tiliga ham qo‘llashga xarakat qilingan.

Pushtu va Xorazm tiliga S- (saranduy, sarandvol) harfi qo‘shilib tillarning fonetik xususiyati imkon boricha aks ettirilgan. O‘rta Osiyoda joylashgan sobiq turkiyzabon va forsiyzabon xalqlar XX asrning 20-30-yillarigacha arab alifbosidan foydalanishgan. Keyinroq ular lotin va kirill alifbosiga o‘tishgan.
Juhud alifbosi

Arab alifbosi bilan bir qatorda ba’zi eroniy tillarni sabt etishda juhud alifbosidan ham foydalanishgan. Juhud alifbosidan Ahamoniylar davridayoq Eronda yashagan musaviy mazhabidagi kishilar foydalanishgan. Ular Xuroson orqali Afg‘oniston va O‘rta Osiyoga o‘tib qolgan musaviy mazhabiga tobe Buxoro juhudlari va Kaspiybo‘yi orqali Kavkazga kelib qolgan tog‘li xalq – totlardir. Tarixda ko‘plab juhud-fors alifbosi nomi ostida yozilgan adabiy asarlar uchrab turadi. Shuningdek diniy yo‘nalishdagi Injil (Bibliya)ga berilgan izohlar kitobi ham juhud alifbosida yozilgan.


Lotin alifbosi

XX asrning 20-30-yillarida sobiq Ittifoq hududida yashagan eroniyzabon xalqlar osetin, tojik, shug‘non, tolish va tatlar uchun lotin alifbosi tavsiya qilingan edi. Bu alifbo mazkur tillarning fonetik xususiyatlarini nazarda tutgan alifbo bo‘lib, arab alifbosiga nisbatan ma’qul edi, chunki u faqat tillarning tovush tarkibini emas, balki eron tillari morfologiyasini ham yaxshi aks ettirardi. Lekin turli ob’ektiv sabablarga ko‘ra lotin alifbosi eroniyzabon xalqlar tomonidan qabul qilinmay, undan faqat transkripsiya maqsadida foydalanilyapti xolos.


Rus (kirill) yozuvi asosidagi alifbolar

Lotin alifbosidan eroniy zabon xalqlar taxminan 10 yilcha foydalanishdi.

1939-40-yillarda lotin alifbosi har bir tilga moslashtirilgan kirill (rus) alifbosi bilan olmoshtirildi. Bu qarorni asosiy maqsadi boshqa xalqlar qatori eroniyzabon xalqlarni ham tezroq rus tiliga o‘rgatish va rus tili orqali rus madaniyatini boshqa xalqlarga singdirish edi.
O‘RTA ASRLARDA FORS (TOJIK) TILIDA YARATILGAN

YOZMA ADABIYOT VA YOZUV

(IX-XU ASRLAR)
Arablar istilosidan keyingi birinchi asrlardagi eroniy tillardagi yozuv

Yangi eroniy til davrining ibtidosi fors (tojik) tilida yozilgan ilmiy va badiiy adabiyotning gullab-yashnashi bilan belgilanadi. Bu davrda fors (tojik) tilida yozilgan adabiyotlardan boshqa biror eroniy tillarda yozilgan manbalarni ko‘rmaymiz. Ma’lumki, Xuroson va Movaronahrda fors tili axolining jonli tiliga aylangan edi. Biroq fors tilining yozuv tili yozma adabiyot tili va ish yuritish tiliga aylanib yanada kattaroq hududga tarqalganini ta’kidlab o‘tishimiz zarur. Agar VIII-IX asrlarda fors (tojik) tili Eronning janubiy-g‘arbiy qismi, Xuroson va Movaronahrda aholining jonli tili bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, adabiy til sifatida esa Ozarbayjon, Kurdiston, Kichik Osiyo, Hindiston va Xitoy Turkistoniga tarqalgan edi. Ya’ni fors adabiy tilidan faqat fors-tojiklar emas, balki kurdlar, afg‘onlar, hindlar, ozarbayjonlar va deyarli hamma turkiyzabon xalqlar foydalanishgan. Bu yerda shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, kurd tilida badiiy adabiyot XII asrning o‘rtalarida, afg‘on (pashtu) tilida esa XV-XVI asrlarning boshlarida yaratilgandir. Arablar istilosidan keyingi birinchi asrlarda fors tilida yozilgan adabiyotlar arablar istilosigacha bo‘lgan davrga nisbatan kam yaratilgan edi. Bu davrda fors tilida diniy (aksariyat zaroastriy, moniy va nasroniy) adabiyotlar yaratish yoki ko‘chirib yozish va tarjima qilish ishlari davom etardi. Albatta bunday asarlar otashparastlar, moniychilar va nasroniy jamoalarida yaratilardi. O‘z dinlariga sodiq qolgan bunday jamoalarning sonlari asta-sekin kamayib borardi. Bu mavzuda yaratilgan asarlar arab lashkarboshilari va keyinchalik yerlik hokimlar tomonidan yoqib yuborila boshlandi. Shunday usul bilan ko‘plab O‘rta Osiyo va Eronda yaratilgan asarlar yo‘q qilinib yuborildi. Bunday xolatlar shu kunlarda Afg‘onistonda ham uchrab turibdi. Afg‘onistonda vaqtincha hukumronlik qilib turgan Tolibonlar xarakatining rahbari Mulla Umar va uning safdoshlari fatvosi bilan Afg‘onistonning shimoliy qismidagi budda dinining san’at asarlari va haykallari yo‘q qilib yuborildi. Arab alifbosida yaratilgan adabiyotlar masalasiga kelsak, arab alifbosi arablar istilosidan so‘ng darrov fors tiliga moslashtirilmadi. VIII asrning o‘rtalarigacha Xurosonda fors alifbosidan (pahlaviy alifbosi asosida) foydalanib kelishgan va xat yozuvchi mirzalarni «magamiy»lar deb atashgan. Ular eronliklar bo‘lishib, islom dinini qabul qilmaganlar. Bu haqda al-Jahshiyoriyning (942-yilda vafot etgan) guvohlik berishicha forslar faqat 742-yildagina fors (pahlaviy) xatidan voz kechib, arab alifbosiga o‘tganlar. Va shu yildan boshlab arab tili va arab yozuvi Xuroson va Mavoranahr hududida idora ishlarida majburiy ravishda qo‘llanila boshlandi.


Tayanch iboralar

Arab yozuvi, finikiy yozuvi, musaviy mazhabi, juhud-fors alifbosi, nasroniy adabiyotlar.



Savollar

  1. Arab yozuvining asosi qaysi yozuvga borib taqaladi?

  2. Juhud alifbosidan qaysi davrda va qaysi joylarda foydalanilgan?

  3. Kirill va rus alifbosidan fanning qaysi sohalarida foydalanilgan?


XIV. MAVZU
ISH REJASI:

  1. Arab istilosidan so‘ng arab xalifatligi hududida arab tili va uning o‘rni.

  2. Somoniylar davrida fors-tojik tilida yaratilgan badiiy va ilmiy adabiyot.

  3. Mumtoz fors adabiy tilining dialektologik asosi.


Arab istilosidan so‘ng arab xalifatligi hududida arab tili va uning o‘rni

Hijriy 81-yil, milodiy 700/707-yildan boshlab arab tili davlat tili deb e’lon qilingan edi. VIII asrga kelib xalifat tarkibiga kiruvchi Xuroson va Movarannahr maydonida arab tilidan faqat xalifat vakillari emas, balkim yerlik hukumronlar ham foydalana boshlashdi. VIII-XI asrlarda arab tilidan faqat ish yuritish uchun foydalanibgina qolmay, balkim adabiy til sifatida ham foydalanildi. Shu davrda yashagan yerlik olimlar: matematik Al-Xorazmiy (780-847-y.); farg‘onalik astronom Al-Farg‘oniy (1X asr); faylasuf Al-Farobiy (X asr;) mashhur tilshunos Mahmud Koshg‘ariy (X1 asr); Ibn Xo‘rdodbeh (820-912-y.); ensiklopedist alloma Al-Beruniy (973-1048-y.) va alloma-tabib Ibn-Sino (980-1037-y.)lar o‘z asarlarini arab tilida yaratganlar. Qaerda islom dini tarqagan bo‘lsa o‘sha yerda arab tilidan foydalanishgan va arab tili Yaqin va O‘rta sharq mamlakatlarida huddi lotin tili o‘rta asrlarda Yevropada xalqaro til vazifasini bajargandek, bu yerda u ham huddi shu vazifani bajara boshladi. Lekin Eron va O‘rta Osiyoda yerlik aholining tillarida ham adabiyotlar yaratilaverdi, ammo ular bizgacha yetib kelmagan.

IX asrga kelib arab tili asta-sekin yerli til fors-tojik tili tomonidan siqib chiqarila boshlandi, chunki yerli aholining aksariyati shu tilda gapirashar edi. Fors tilini zabt etish uchun arab alifbosi qachon birinchi marta qo‘llanilgani shu paytgacha noma’lum. Tarixiy sharoitlardan kelib chiqib, IX-X asrlarda Eronning g‘arbiy viloyatlarida va O‘rta Osiyoda fors tilida yozma adabiyotni yaratish, buning uchun esa yozuv zvrurligi sezildi. Bu haqda «Tarix-e Seiston»da eslatib o‘tilgan.
Somoniylar davrida fors tojik tilida yaratilgan badiiy va ilmiy adabiyot

Arab xalifaligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan feodal davlatlar. Tohiriylar (821-873); Saffariylar (873-903); Somoniylar (875-999) davrida fors adabiyoti arab alifbosi asosida yaratila boshlandi. Ayniqsa, Somoniylar davrida yozma adabiyot gullab-yashnadi.

Bu davrda fors-tojik tili Somoniylar davlatining rasmiy tiliga aylandi. Uning poytaxti Buxoro shahrida fors yozma adabiyotining yulduzlari Rudakiy (IX asr oxiri va X asr boshi), Abul Xasan Shahid Balxiy, Abu Mansur Muhammad Ibn Ahmad Daqiqiy va Abu Shukur Balxiylar yashab ijod qildilar. Dunyoning eng ulug‘ shoirlaridan biri Abul Qosim Firdavsiy (933/934 – 1020/1025) ham Somoniylar sulolasi bilan bevosita bog‘liqdir.
Fors (tojik) adabiy tilining siyosiy va madaniy hayotga kirib kelishi va arab tilining asta-sekin siqib chiqarilishi

Arab tili, eng avvalo, she’riyatda (poeziya) o‘z o‘rnini fors tiliga bo‘shashib berdi. Chunki shoirlar o‘z hukumronlarini madh etib, tevarak atrofga uni ko‘z-ko‘z qilar va o‘z navbatida hukmronining raqibini haqoratlab, uni masxara qilar, shu bilan feodal hukmron sinfga bevosita xizmat qilganlar. Masalan, Mahmud G‘aznaviy davrida saroyda «Malik(a) ul-shu’aro» boshchiligida mahsus shoirlar xizmati bo‘limi bor edi. Arab tili esa ilmiy adabiyotlar tili bo‘lib xizmatini davom ettiraverdi. Masalan, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalar shu davrda o‘z ilmiy ishlarini arab tilida yozganlar. Lekin, shu bilan bir qatorda, arab tilida yozilgan ba’zi diniy, tarixiy, falsafiy asarlarni fors tiliga tarjima qilish ishlari boshlandi. Masalan, Somoniy amirlardan biri shunday degan: «farmud ki in kitob-ro va parsi boyad kard to sass va amm-ra manfaat buvad». Tarjima qilingan asarlar qatoriga «Tafsir»lar, «Tarixi Tabariy»larni kiritish mumkin. “Tarixi Tabariy”ni Somoniylar sulolasida vazir bo‘lib ishlagan Abu-Ali Muhammad Bal’amiy arab tilidan mumtoz fors tiliga tarjima qilgan. Amir Mansur Ibn Nuhning farmoniga ko‘ra «Tafsir» fors tiliga (parsi-yi dari-yi rahi rast) tarjima qilingan. O‘rta Osiyoda ham shunday ahvolni ko‘ramiz. 933-934-yillarda Nurshahi tomonidan arab tilida yozilgan «Tarixi-Buxaro» 1128 yilda fors tiliga tarjima qilingan va 1178-yilda qayta tahrir bilan yana tarjima qilingan.

Arab alifbosi asosida Tus hokimi Abu Mansurning farmoniga ko‘ra yerli aholining og‘zaki nasriy ijodi bir to‘plam sifatida kitob holiga keltirilgan. Muallifi noma’lum bo‘lgan «udud al-a’lam». 982-983-yillarda Guzgan (Afg‘onistonning shimoliy-g‘arbiy qismida) maydonga kelgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Mumtoz fors adabiy tilining dialektologik asosi

G‘arbiy Erondan tortib to sharqiy Turkistongacha bo‘lgan maydonga tarqalgan fors tili o‘z-o‘zidan hududiy shevalarga bo‘lingandi. X asrda yashagan arabiyzabon geograf Muqaddasiy Xuroson, Seyiston va Movarannahrni yaxshi bilagan. U bu viloyatlarda fors (tojik) tilining Nishopur, Bust, Mavr, Balx, Hirot, Buxoro, Samarqand, Shosh, Farg‘ona shevalari mavjudligini ta’kidlab o‘tgan. Uning yozishicha, Tus va Nisa shevalari bir-biriga juda yaqin, Seraxs va Obivaod shevalari esa Marv shevasiga o‘xshash. Bomiyon, Tohariston, Termiz shevalari Balx dialektiga yaqin turadi. Marv va Balh shevalari orasida muomalada bo‘lgan Juzjon shevasi har ikki dialektga yaqin turadi. Asosiy farqlar fonetika va leksik qatlamlarda uchraydi. Bu degan so‘z forsiyzabon xalqlarda umumzabon yo‘q degan xulosaga olib kelmaydi. Lekin fors tojik adabiy tilining dialektal bazasi qaysi dialekt asosida shakllangan degan savolga javob bera olmaydi. Rus eronshunoslaridan K.G.Zaleman «Kratkaya grammatika novopersidskogo yazika», V.A.Jukovskiy «Novopersidskiy pismenniy yazik», I.M.Oranskiy «Vvedenie v iranskuyu filologiyu», eronlik olimlardan Malik ush-Shuaro Bahor «Sabkshenosi» va Parviz Notel Xonlari «Zabonshenosi va zabone forsi» asarlarida mumtoz fors adabiy tili Xuroson, Seyston va Movarannahr shevalari asosida shakllanganini ta’kidlab o‘tishadi. Mumtoz fors adabiy tili o‘zining leksik, semantik fonetik va grammatik til normalariga ega edi. (YE.E.Bertels).

XV asrgacha fors va tojik adabiy tillarining til xususiyatlari bo‘yicha keskin chiziq tortish mumkin emas. Shuning uchun ilmiy adabiyotlarda XV-XVI asrgacha faqat fors termini ishlatilmay ko‘pincha fors-tojik termini qo‘shib ishlatilmoqda (SH.Shomuhammedov).
Tayanch iboralar

Davlat tili, xalqaro til, Somoniylar sulolasi, fors tojik adabiy tili, Xuroson dialekti. Fors-tojik tilining normalari.


Savollar

  1. Arab tili qachon xalqaro til darajasiga ko‘tarilgan?

  2. Fors tojik tilidagi yozma adabiyot qaysi davrda gullab yashnadi?

  3. Mumtoz fors-tojik tilining dialektologik asosi haqida eronshunos olimlarning qanday fikrlari mavjud?



XV. MAVZU
ISH REJASI:

  1. Hozirgi zamon (tirik) eroniy tillar. hozirgi zamon eroniy tillarning joylashish o‘rni.

  2. Hozirgi zamon eroniy tillarning tasnifiy muammolari.

  3. Hozirgi zamon fors tili.

  4. Hozirgi zamon tojik tili.


HOZIRGI ZAMON (TIRIK) ERONIY TILLAR

Hozirgi zamon eroniy tillarning joylashish o‘rni

Eroniy tillar va shevalar hozirgi kunda dunyoning juda katta maydonini egallagan: g‘arbda Tigr daryosidan tortib to sharqda Hind daryosi havzasi, Xitoy Turkistonigacha, shimolda Kavkaz tog‘laridan to janubda Fors ko‘rfazi va Arab dengizigacha bo‘lgan yerlarda eroniy tillardan yoki shevalaridan birida kishilar gapirishar edi. Bu degan so‘z biz yuqorida zikr etgan yerlarda hamma xalqlar shu tillarda gapirishar edi degan so‘z emas. Eroniy tillarda gapirishuvchi xalqlar bilan bir qatorda, semit, turk, iberiy-kavkaz, hind tillarida so‘zlashuvchi xalqlar ham ular bilan birga yashardi.

Xatto rasmiy davlat tili fors, dariy, tojik bo‘lgan Eron, Afg‘oniston va Tojikiston kabi davlatlarda ham aholining ko‘pchiligini eroniy bo‘lmagan boshqa tillarda so‘zlashuvchi xalqlar tashkil qiladi. Hozirgi kunda eroniy tillarda so‘zlashuvchi aholining aniq hisobini aytish qiyin. Chunki Old va Markaziy Osiyo davlatlarida demografik statistika bo‘yicha aniq, ishonarli ma’lumotlar yo‘q.
Hozirgi zamon eroniy tillarning tasnifi muammolari

Eroniy tillar oilasida shunchalik shevalar, lahjalar ko‘pki, ularning ichidan mustaqil tillarni ajratib olish muammodir. Bu muammo shundan iboratki, birinchidan, eroniy tillar ichida yozuvga ega bo‘lmagan shevalar anchagina, ikkinchidan, bu tillar va dialektlar yetarli darajada o‘rganilmagan, uchinchidan eroniy tillar va dialektlar o‘rtasida aniq kriteriy yo‘q. Masalan, Afg‘onistonda pashtu tilining mahalliy shevalaridan hisoblangan Qandahor dialekti asosida pashtu adabiy tili shakllangan. Pokistonda esa Peshovar viloyatida halil-momand dialekti asosida adabiy til yuzaga kelgan. Bu ikki adabiy tilning shakllari bir-birlaridan fonetik, morfologik xususiyatlari bilan sezilarli darajada farqlanadi. Biz shu kunda pashtu tilida mustaqil ikki adabiy til mavjud deb ayta olamiz. O‘zbekistonda Buxoro yahudiylari va yerlik lo‘lilar yashaydi. Yahudiylar o‘z tillariga ega, lekin uni mustaqil til deb atash mumkinmi? Yo‘q, albatta. Mahalliy lo‘lilar ham o‘z tillariga ega. Lekin u yozuvga ega bo‘lmagan til. Bu tillar bilan juda oz kishi shug‘ullangan xolos.

Mazkur tillar ko‘pchilik shevashunos olimlarning fikricha tojik tilining shevalaridan biridir xolos. Yahudiy tilida adabiyotlar nashr etilgan. Lekin ular yaxudiy tilining adabiy normalari asosida yozilganmi yoki tojik adabiy tili mezonlari asosida nashr etilganmi? Buni olimlar chuqurroq o‘rganishi kerak. Eronshunoslikda eroniy tillar va shevalarni tasniflash bo‘yicha qabul qilingan yagona mezon yo‘q. Shuning uchun bu ma’ruzada hozirgi zamon eroniy tillar va shevalar haqida gapirar ekanmiz, yuqorida aytilgan kamchiliklarni nazarda tutmaymiz va sharq mamlakatlarining ko‘pchiligida qabul qilingan odatga ko‘ra shevalarni ularning geografik joylashishiga ko‘ra nomlaymiz.
Hozirgi zamon fors tili

Hozirgi zamon fors tili, asosan, Eron hududida tarqalgan. Fors tili Eronda rasmiy davlat tili hisoblanadi, chunki forslar Eron aholisining deyarli yarmini tashkil qiladi. Forsiyzabon aholining aksariyati Eronning markaziy va janubiy viloyatlarida istiqomat qilishadi. Forslar asosan katta shaharlarda yashashadi. Forslarning ayrim guruxlari Iroqda, Saudiya Arabistonida va Baxrayin orollarida yashashadi. Shuningdek, o‘zlarini «eroniy»lar deb atovchi fors guruhlari O‘zbekistonda (Buxoro, Samarqand, Jizzax va Katta qo‘rg‘on shaharlarida), Turkmanistonda (Ashxabod, Marv shaharlarida) va Zakavkaze (Kavkaz orti) mamlakatlarida yashashadi. O‘rta Osiyodagi eroniylar bular eski Marv shahrining aholisi bo‘lib, ular Buxoro amirining (XVIII asr oxiri XIX asr boshlari) farmoni bilan Buxoro va Samarqand shaharlari atrofiga zo‘rlik bilan ko‘chirib kelinganlar. Ular diniy e’tiqodi bo‘yicha shia mazhabiga mansub bo‘lib, sunniy mazhabiga tegishli atrofdagi kishilardan ajralib turadilar. Sobiq Ittifoq davrida diniy odatlarning taqiqlanishi natijasida ular tojik aholisi bilan qo‘shilib ketdilar. Eroniylarning ko‘pchiligi ikki-uch tillikdir.

Hozirgi zamon fors tili va hozirgi zamon tojik tilining chiqib kelishi bir bo‘lsada ularning mumtoz adabiy tili Xuroson dialekti asosida shakllangan bo‘lishiga qaramay, ularning geografik xolati, siyosiy ahvoli va iqtisodiy jarayonlar tufayli alohida-alohida mustaqil tillarga ajrala boshladilar. Hozirgi fors adabiy tili o‘zining dialektal bazasini Tehron dialekti asosida shakllantirib tez rivoj topa boshladi. Malik-ush-shuaro Bahor o‘zining «Sabkshenosi yo to’rix tatavur-e forsi» kitobida shunday yozgandi: «Kami namiguzarad ke tamom-e mardo‘m-e eron be zudi be lahje-ye tehron xarf mizanad», haqiqatan, hozirgi zamon fors adabiy tili Tehron dialekti asosida shakllanib, o‘zining standart til normalariga ega bo‘ldi va shu asosda ko‘plab badiiy, ilmiy asarlar yaratildi va yaratilmoqda. Eron yozuvchi va shoirlaridan Sayid Nafisiy, Kozimiy, Sodiq Xidoyat, Bo‘zurg Alaviy va boshqalarning asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Hozirgi fors yozuvi arab yozuviga asoslangan bo‘lib unga qo‘shimcha harflar kiritilgan. Eronda yashovchi forsiyzabon juhudlar esa fors tilida yozish uchun juhud alifbosidan foydalanib kelishmoqda.

Hozirgi zamon tojik tili

Tojiklar asosan, O‘rta Osiyoda yashashadi. Tojikiston Respublikasida tojiklar aholining asosiy qismini tashkil qiladi. Undan tashqari O‘zbekiston Respublikasining quyidagi tumanlarida zich yashashadi:



  1. Farg‘ona vodiysida: a) Namangan viloyatining Pop, Chust, Kosonsoy tumanlarida; b) Farg‘ona viloyatining So‘x, Rishton tumanlarida;

  2. Qashqadaryo viloyatida: a) Qashqadaryo daryosi yuqori oqimda; b) Shahrisabz va Qarshi tumanlarida;

  3. Buxoro viloyatida: a) G‘ijduvon, Nurota, Karmana tumanlarida; b) Buxoro shahrida;

  4. Samarqand shahrida;

  5. Surxondaryo viloyatida: a) Sherobod daryosi yuqori oqimida; b) Boysun tumanida; v) Sariosiyo tumanida;

  6. Toshkent viloyatida: a) Chirchiq daryosi yuqori oqimi bo‘ylab; b) Chatqol va Pskom daryolari oqimi bo‘ylab; v) Bo‘stonliq tumanining tog‘liq (Burchmulla), Bog‘iston hududlarida.

Tojiklar shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod va O‘sh viloyatlarida ham yashashadi. Shuningdek ular Turkmaniston respublikasining O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida ham yashashadi. O‘rta Osiyo hududlarida tojik tilida so‘zlashuvchi ba’zi etnik guruhlar ham bor. Bular O‘rta Osiyo yoki Buxoro juhudlari (ular o‘zlarini «ivri» yoki yahudiy, deb atashadi) bo‘lib, O‘zbekistonda Buxoro, Samarqand Kattaqo‘rg‘on va Farg‘ona vodiysidagi shaharlarda yashashadi. Shunday guruhlardan yana biri O‘rta Osiyo lo‘lilaridir. Ular O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi, Samarqand viloyatida, Tojikistonning Hisor vodiysi va Kulob viloyatlarida yashashadi. O‘zbekistonda Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatida guruh-guruh bo‘lib qishloqlarda arablar ham yashaydiki, ularning bir qismi tojikcha, bir qismi o‘zbekcha gapirishadi. Ko‘pchiligi esa ikkitillikdir. Bulardan tashqari, tojik tilida Afg‘onistondan chiqqan jamshidlar, hozarlar (bular asosan, Turkmanistonda yashashadi) gapirishadi. O‘zbeklarning ko‘pchiligi ham tojik tilini bilishadi. Tojik va tojikzabon xalqlarning ko‘pchiligi Afg‘onistonda ham yashashadi. Shimoliy Afg‘onistonda tojiklar aholining taxminan 50 foiz (%)ini tashkil qiladi. Afg‘oniston janubida Qandahor viloyatida, g‘arbiy qismi Hirot viloyatida ham ko‘plab tojiklar yashaydi. Afg‘oniston poytaxti Kobulda esa boshqa xalqlar qatori tojiklar ham yashaydi va bu shahar shevasi adabiy til darajasiga ko‘tarilib, u «Kabuliy», «Forsiy kabuliy» nomlari bilan ilmiy adabiyotga kirib keldi. Afg‘onistonda shuningdek, bir necha guruhlarga bo‘linib ketgan chor-aymoqlar ham yashaydiki, ular to‘la tojik tilida gapirishadi. Bu qabilalar – firuzquhlar, jamshidlar taymaniylar va hazoriylardir. Bularni Afg‘onistonda turk tatarlari deyishadi.

  1. Firuzkuhlar – yarim ko‘chmanchi qabila bo‘lib, Murg‘ob daryosi bo‘ylab yashashadi. E’tiqodi bo‘yicha musulmon sunnitlar. Ular Amir Temur davrida Erondan bu yerlarga ko‘chirilganlar.

  2. Jamshidlar ham yarim ko‘chmanchi holda hayot kechirishadi va Xirot viloyatining shimoliy-g‘arbiy qismi, Kushka va Xarirud daryosi bo‘ylab joylashishgan. Ularning bir qismi Eronda ham bor. Afg‘oniston bilan chegaradosh sharqiy Xurosonda zich joylashishigan. Ularning vatani Seyiston bo‘lib, Amir Temur ularni XIV asrda shimol tomonlarga ko‘chirgan. Erondagi jamshidlar shia mazhabiga, Afg‘onistondagi jamshidlar esa sunniy mazhabiga e’tiqod qiladilar.

  3. Taymaniy yoki teyminiylar Hirotning janubiy-sharqiy qismida Farrah rud daryosining yuqori oqimida yashashadi. Dehqonchilik, yarim ko‘chmanchi holda chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Sunniy mazhabiga mansub. Chingizxon davrida O‘rta Osiyoga kelib qolgan mo‘g‘ullar bo‘lib, ular keyinchalik tojikzabon bo‘lib qolishgan.

Hazora-hazoriylar, asosan, Afg‘onistonning Kobul va Maydonshor, Bomiyon Xirot shaharlari orasida yashashadi. Shuning uchun bu hududlarni azarejot deb atashadi. Ular Afg‘oniston Turkistonining tog‘li hududlarida va Badahshon viloyatining janubiy qismida ham yashashadi. Ular ikki guruhga bo‘linadi. Qalayi-nav va Kattag‘on hududlarida yashovchi hazoralarni «deh-i-ziynat», qolgan joylarda yashovchi hazoralarni «barbariy»lar deb atashadi. Sunniy mazhabiga mansub bo‘lib, hammalari ko‘chmanchi holatda yashashadi va chor-aymoq guruhiga mansubdirlar. Ko‘pchiligi shia mazhabiga mansub. Shia mazhabiga mansub bo‘lganlarning soni Afg‘onistonda taxminan 1 mln. kishiga yaqin. Hazoralar Eronda, Turkmanistonda va qisman Tojikiston davlatlarida ham yashaydilar.

Hazoriylar Chingizxonning yurishida qatnashgan askarlarning avlodlari bo‘lib, hazora so‘zining o‘zi hazor – ming so‘zidan olingandir. Zahiriddin Muhammad Boburning guvohlik berishicha XVI asrda ham mo‘g‘ul qo‘shinlarining bir qismi o‘z tilini saqlab qolganlar (Kobulning g‘arbiy qismida, tog‘li tumanlarda yashovchi qismi). Lekin XIX asrga kelib, ular ham deyarli o‘z tillarini yo‘qotib, tojik tilini qabul qilganlar.

Fors tojik tilining turli shevalarida temuriylar yoki teymuriylar (Xirotning janubiy qismida), beluj ko‘chmanchi qabilalari (Xuroson hududida) hamda Xuroson arablari (Seraxs, Birjanda) hududlarida tojik tilida gaplashishadi. Tojik tili Tojikiston respublikasida davlat tili deb e’lon qilingan. Tojik adabiy tili standart til darajasiga ko‘tarilib bormoqda. Uning shakllanishida mashhur yozuvchi va shoirlardan Sadriddin Ayniy, Mirza Tursunzoda, S.Ulug‘zoda, Sulaymon Loyiq va boshqalarning xizmatlari katta. Tojik tilining yozuvi ham huddi turkiy xalqlar kabi bir necha alifbolarga asoslangan. 1928-29-yillargacha tojiklar arab alifbosidan foydalanishgan bo‘lsa, 1928-29/1939-40-yillarda lotin alifbosidan foydalanishdi. 1940-yildan boshlab (kirill) rus alifbosidan foydalanishmoqda. Unga 6 ta qo‘shimcha harf kritilganki, ular faqat tojik tilining o‘ziga xos tovushlarini ifoda etadi.


Yüklə 366,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin