Tayanch iboralar
Tirik tillar. Buxoro yahudiylari, o‘zlarini eroniy deb atovchi guruh, geografik joylashishi, diniy odatlar, standart til, ikki tillik, ko‘p tillik
Savollar
-
Hozirgi zamon eroniy tillar dunyoning qaysi hududlariga joylashgan?
-
Hozirgi zamon eroniy tillarning tasnifida qanday muammolar mavjud?
-
Hozirgi zamon fors adabiy tili qaysi sheva asosida shakllangan?
-
Hozirgi tojik adabiy tilining normasi qaysi dialektga asoslangan?
XVI. MAVZU
ISH REJASI:
-
Afg‘on tili.
-
Osetin tili.
-
Kurd tili.
-
Beluj tili.
Afg‘on tili (pashto)
Afg‘on tili yoki pashto tili, asosan, Afg‘oniston va Pokistonda tarqalgandir. pastun ko‘p.sh. pastana so‘zi afg‘onlarning nomidir. Bundan pasto tilning nomi kelib chiqqan. Afg‘onlar o‘z tillarini, pashto deb atashadi. Pashtu so‘zi ingliz tilidagi pusitu so‘zining buzilgan shaklidir (transletirratsiya shakli).
Afg‘on (pashtu) tilida hammasi bo‘lib 12-14 mln. aholi gapirishadi, shu jumladan 5-6 mln. kishi Pokistonda yashaydi. Savr inqilobi davrida va ayniqsa, «tolibon»lar xarakati davrida juda ko‘plab pashtunlar Pokistonga o‘tib ketishdi. Shuning uchun pashtunlarning aniq sonini belgilash qiyin. Ularning aksariyati hali ham qabila shaklida yashab, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Kupsonli afg‘on qabilalaridan durroniylar (Qandahor va Farrah viloyatlarida) va gilzaylar (G‘azni viloyatida) XVIII-XIX asrlarda feodal tizimga o‘tganlar. qolgan qabilalar esa boshlang‘ich qabila udumiga amal qilib, siyosiy va iqtisodiy masalalarni oqsoqollar kengashida (jirg‘a, Luy jirg‘a) hal qiladilar.
-
Afg‘on tili ikki katta dialektga ega. G‘arbiy yoki janubiy-g‘arbiy. Ulardan eng asosiysi Qandahor dialekti bo‘lib, bu dialektda gapirishuvchilarni pashtunlar deb atashadi. Afg‘onistondagi pashtu adabiy tili shu dialekt asosida shakllanmoqda.
-
Ikkinchi dialekt sharqiy yoki shimoliy-sharqiy bo‘lib, asosiysi bu Peshovar dialektidir. Bu dialektda gapirishuvchilarni paxtunlar deb atashadi. Bu dialektda so‘zlushuvchilarga, asosan, Pokistonda yashovchi pashtunlar kiradi va bu dialekt adabiy til darajasiga ko‘tarilmagan. Sharqiy afg‘on adabiy til standarti (paxto)ning asos tayanchi Yusufzay qabilasining tilidir. Bu dialektda gazeta va jurnallar nashr etiladi.
Afg‘on tilining bunday ikki dialektga bo‘linishiga sabab g‘arbiy afg‘on dialektidagi «Z, S» tovushlarining sharqiy afg‘on dialektiga “X, D” tovushlariga mos kelishidir. M.Qandaxor dialektida tiza tosh – Peshavor dialektida tida; shunga o‘xshash: pasto pashtu tili – paxto-paxto tili. Shundan ilmiy adabiyotlarda pashto va raxto terminlari uchrab turadi.
Afg‘on yozuvi arab alifbosiga asoslangan bo‘lib, unga bir qator belgilar kiritilgan. Afg‘on tilida badiiy adabiyot XVI-XVII asrlarda vujudga keldi.
Afg‘on tili 1933-yildan Afg‘onistonda rasmiy davlat tili hisoblanadi. Ungacha fors tili davlat tili vazifasini bajarardi.
Osetin tili
Osetinlar Kavkaz ortida yashashadi. Ular Rossiya tarkibiga kiruvchi Shimoliy-Osetin muxtor respublikasi hamda Gruziya davlati tarkibiga kiruvchi Janubiy-Osetin muxtor viloyatida istiqomat qiladilar.
Osetin tili ikki yirik dialektga ega:
-
Sharqiy dialekt yoki iron dialekti.
-
G‘arbiy dialekt yoki digor dialekti.
Aholining taxminan 75 foiz (%)i Eron dialektida gapirishadi. Digor dialekti o‘zining tarixiy-lingvistik xususiyatlarga ko‘ra qadimiyroqdir. Osetin adabiy tili iron dialekti asosida shakllangan. Digor dialektida ham biroz adabiyotlar va vaqtli nashriyotlar mavjud.
Eron dialektida so‘zlashuvchilar 1923-yildan boshlab to 1938-yilgacha lotin alifbosidan foydalanishgan bo‘lsa, 1938-yildan boshlab rus alifbosidan, digor dialektida gapirishuvchilar esa 1923-yildan 1938-yilgacha lotin alifbosidan, 1939-yildan to 1956-yilgacha gruzin alifbosidan va 1957-yildan to shu kungacha rus alifbosidan foydalanib kelishmoqda.
Osetinlarning ajdodlari alanlar (yunon manbalarida), osi, yasi (rus va gruzii manbalarida), qadim zamonlarda Azov va Qora dengizning shimoliy qirg‘oqlarida hamda shimoliy Kavkaz tog‘lari atroflarida yashashgan. Ular skif-sarmat qabilalarining bevosita davomchilaridir. XIV-XV asrlarda bir qism osetinlar Kavkaz orti hududlariga ko‘chib o‘tishgan. Osetin tilining grammatik tuzilishi unchalik ko‘p o‘zgarishga uchragani yo‘q. Faqat tildan flektiv xususiyat yo‘qolib, agglyunativ tip rivojlanmoqda. Fonetika qismida eroniy tillarga oid bo‘lmagan va Kavkaz tillariga xos bo‘g‘iz tovushlari “K, T, F, C”lar bor.
Kurd tili
Kurdlar hozirgi vaqtda to‘rt davlat: Turkiya, Eron, Iroq va Suriya hududlarida yashashadi. Bular yashagan maydon Kurdiston deb ataladi. Kurdlar shuningdek, Armanistonda, Ozarbayjonda, Gruziya va Turkmaniston respublikalarida ham yashaydilar. Kurdlarning umumiy soni 21-22 mln kishi. Kurdlar, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. XIX asrdan boshlab Eron, Iroq va Turkiyada kurdlarning ko‘pchiligi o‘troq holatga o‘tib, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Turli davlatlarda yashovchi kurdlar o‘sha davlatning yozuvidan foydalanib kelishmoqda. Masalan, Turkiya va Suriyada lotin alifbosidan, Eron va Iroqda arab alifbosidan. Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston va Turkmanistonda rus alifbosidan foydalanishadi.
Kurd tilida bir qancha dialektlar mavjud. Bulardan eng kattalari:
-
Shimoliy-g‘arbiy (kurmanji) dialekti.
-
Janubiy-sharqiy dialekt.
Shunday katta hududga tarqalgan kurdlar turli lahjalarda, masalan, guraniy, zaza, lahjalarida gapirishadiki, bu lahjalar uzlarining fonetik-grammatik xususiyatlariga ko‘ra mustaqil til darajasigacha ko‘tarilgan. Guraniy lahjasida, xatto yozma adabiyot ham mavjud. Kurmanji dialektida rod (jins) kategoriyasi mavjud, huddi pushtu tiliga o‘xshash ergativ konstruksiya bor.
Beluj tili
Beluj yoki baluchi tilida beluj (baluch, baluj)lar gapirishadi. Ular Eron va Pokiston o‘rtasida joylashgan Belujiston hududida yashashadi. Bundan tashqari belujlar Turkmaniston va Afg‘onistonda istiqomat qiladilar. Belujlarda qabila tizimi mavjud. Pokistonda rind, marri buchti, magasi kabi qabilalar ham bor. E’tiqodi bo‘yicha belujlar sunniy mazhabiga xosdirlar. Beluj tili ikki katta dialektga asoslangan:
1. Shimoliy yoki shimoliy-sharqiy.
2. Janubiy yoki janubiy-g‘arbiy (mekron).
Beluj tilida yozma adabiyot rivojlanmagan. Faqat keyingi paytlarda Pokistonda gazeta va jurnallar chiqayapti. Belujlarning aksariyati ikki tillidir. Beluj tili bilan birga fors tilini ham o‘z ona tilidek bilishadi. Pokistonda urdu yozuvidan ham foydalanishadi.
Tayanch iboralar
Pashtu-pushtu tili, afg‘on qabilalari, feodal tuzum, Qandahor dialekti, Peshovar dialekti, Iron dialekti, Digor dialekti, Kurmonjiy dialekti, Mekron dialekti.
Savollar
-
Afg‘on tilida badiiy adabiyot qachon paydo bo‘lgan?
-
Osetin adabiy tili qaysi dialekt asosida shakllangan?
-
Kurd tilida qaysi alifbodan foydalanishadi?
-
Belujlar yozma adabiyotga egami?
XVII. MAVZU
ISH REJASI:
-
Tat tili.
-
Tolish tili.
-
Eronning Kaspiy bo‘yi dialektlari.
-
Gilyon tili.
-
Lur va baxtiyor dialektlari.
-
Lar tili.
-
Fors dialektlari.
-
Markaziy Eron dialektlari.
Tat tili
Tatlar Ozarbayjon Respublikasining Apsheron yarim orolida va Rossiya federatsiyasining Dog‘iston muxtor respublikasida yashashadi. Ozarbayjon respublikasida yashovchi tatlar musulmon, Dog‘iston muxtor respublikasida yashovchi tatlar (iudey)lar musavviylardir. Tat tilida tub tat xalqidan tashqari tog‘ juhutlari ham gapirishadi. Ular (dag‘-juft) e’tiqodi bo‘yicha musaviylardir. Adabiyotda ularning shevasi juhud-tat lahjasi deb nomlanadi.
Ozarbayjondagi tatlar, asosan, ikki tillik bo‘lib, musulmonlardir. Ular uchun XIX asrning 20-30-yillarida yozuv yaratilgan, lekin o‘quvchilarning kamligi uchun foydalanilmagan. Shuning uchun tatlar ozarbayjon tilidan foydalanishadi. Dog‘istonda esa tatlar 1928-1938-yillarda lotin, 1939-yildan rus alifbosidan foydalanishadi. Ona tilida darsliklar mavjud.
Tat tili ikki dialektga ega:
-
Ozarbayjon tat shevasi (Osnovi iranskogo yazikoznaniya kitobida musulmon va xrestianlar shevasi – janubiy deb ataladi).
-
Tat – juhud shevasi. Tatlar Kavkaz hududiga eramizning IV-VII asrlarida Sososniylar sulolasi davrida Erondan chegaralarni qo‘riqlash uchun ko‘chirilgan askarlarning avlodlaridir. Eronda, V.Ivanovning guvohlik berishicha, eronliklarning o‘zlari-o‘zlarini boshqa-turk, kurd va arab millatlaridan ajratish uchun tatlar deb ataydilar. Qazvin viloyatidagi dehqonlar o‘zlarining tatlar deb atashadi. V.Ivanov boshqa eronshunoslar qatori (I.N.Beryozin, B.V.Miller, V.B.Bartold) tat terminini tojik terminiga bog‘laydi. (W.Jvanow The Dialest of go zarkhon in Alamut (AO.Vol. IX 1931. P.253)
Alisher Navoiy o‘zining «Muhokamatul-lug‘atayn» kitobida fors tilini sart tili deb ataydi. Biz sart va tat terminlari o‘rtasida hamohanglikni ko‘ramiz. Balkim bu bir terminning ikki xil fonetik ko‘rinishidir. Tatlarning umumiy soni 17000 kishini tashkil qiladi (Naseleniya SSSR, 1970).
Tolish tili
Ozarbayjonda yana bir eroniy tillardan tolish tili ham mavjud. Ular asosan, Lenkoran pastekisligida zich bo‘lib yashashadi. qisman Eronning Astra daryosi bo‘ylab va Ardabil shahri atrofida yashashadi. Tolishlar va tolish etnik termini to‘g‘risida o‘rta asr adabiyotlarida hech qanday ma’lumot yo‘q. Tolishlarning bir qismi shia mazhabiga tegishli bo‘lib (asosan Ozarbayjonda) qolgani sunniy mazhabiga mansubdir. Tolishlar ikki tillikdir. Ozarbayjon tili tolishlar uchun adabiy til hisoblanadi. B.V.Miller, Talishskiy yazik M., 1953. 30-yillarda tolish tili uchun yozuv yaratish xarakati samarasiz bo‘ldi.
Eronning Kaspiy bo‘yi dialektlari
Eronning Kaspiy bo‘yi dialektlari bo‘yicha ilmiy ish olib borgan olimlar, masalan V.Geyger bu guruhga quyidagi til va dialektlarni kiritadi: tat, talish, gilyon (dilaki), mozandaron (mazandaroni), va semnon (semnani) «Osnovi iranskogo yazikoznaniya» kitobida kaspiybo‘yi tillariga gilyon va mozandaron tillari hamda ularning dialektlari shamerzodi va velatru dialektlari kiritilgan.
Gilyon tili
Gilyon tilida so‘zlashuvchilar Eronning Gilyon viloyatida yashashadi. Gilyon viloyatining markazi Resht shahridir. 130 ming aholisi bor. Ular o‘zlarini gilek (gileklar) deb, tillarini esa gileki deb atashadi. Ularning umumiy soni 700 ming kishi atrofida.
Mozandaron tili
Mozandaron tilida so‘zlashuvchi aholi Eronning Mozandaron viloyatida yashashadi. Bu viloyatning yirik markazlari Sari, Babul, Shahi, Galus, Shohsevar shaharlari hisoblanadi. Ularning umumiy soni 600 ming kishi atrofida. Mozandaron tili ikki dialektga ega. Biri shamerzodi deb nomlanib u Shamirzod qishloG‘i nomi bilan atalsa, ikkinchisi Velatru nomi bilan fanga ma’lum. Bu Velatru qishlog‘i nomi bilan ataladi, bu ikki dialektda so‘zlashuvchi aholining soni aniq hisobga ega emas. Mozandaron va gilyon tillari hamda ularning dialektlari o‘z yozuvlariga ega emas. Shuning uchun bular hali to‘la olimlar tomonidan o‘rganilgan emas. Bu tillarda so‘zlashuvchi aholining aksariyati ikki tillikdir. Ularga fors tilining ta’siri juda kuchli bo‘lib, leksik qatlamida ham fors tilidan kirgan so‘zlarning salmog‘i ancha kattadir.
Bu tillar va dialektlarni o‘rganish bo‘yicha quyidagi adabiyotlar mavjud.
-
OIYA. Novoiranskie yaziki M., 1982, 447-554 str.
-
V.Geyger «Kleinere Dialekte und Dialektgruppen» v kn. «Grundrise der iranischen philologie», Bd 1, Abt 2.
-
Gilyanskiy yazik, 1971.
Lur va Baxtiyor dialektlari
Lur va baxtiyor qabilalari Eronning g‘arbiy va janubiy -g‘arbiy hududida ya’ni Luriston, Huziston va Zogros tog‘lari atrofida ko‘plab qabilalarga bo‘lingan holda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi holatda yashashadi. Ularning shevalari eroniy tillarning janubiy-g‘arbiy guruhiga mansub bo‘lib, fors tiliga juda yaqindir. Lur va baxtiyorlar yozuvga ega emas, lekin ularning folklor ijodi arab yozuvida aks ettirilgan. Mazkur dialektlar bilan O.Mann. (1910) va V.A.Jukovskiylar (1922) shug‘ullanishgan.
Lar tili
Eronning janubiy qismida Lariston viloyatidagi tog‘li joylarda lar tilida so‘zlashuvchi kishilar yashaydi. O.Mann va Romaskevich hamda eronlik tilshunos olim A.Eqtedoriy lar tilini dialekt sifatida ko‘radilar. O.N.YA kitobida YE.K.Molchanova uni mustaqil til sifatida bayon qiladi. Lar termini Tabariy asarida birinchi bor tilga olinadi. Ular Rey va Mazandaron hududlaridan ko‘chirilgan bo‘lib, Larijan «larijan» so‘zidan olingandir.
Larlar yozuvga ega emas. Ular arab-fors alifbosidan foydalanishadi. Fors tilini ta’siri juda kuchli. Shuning uchun lar tili leksikasida boshqa tillar (arab, fors, turk, kurd) ta’siri katta. A.Eqtedoriyning «Lug‘ati lar» kitobiga 5000 ta so‘z kiritilib, ular turli izohlar bilan berilgan (1955-y.). 1979-yilda yaponiyalik tadqiqotchilar K.Kamioka va M.Yamadalar 1000 ta so‘zni o‘z ichiga olgan lug‘at tuzganlar va u Yaponiyada nashr etilgan.
Fors dialektlari
Eronnning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan fors viloyatida fors tilining ko‘plab dialektlarida so‘zlashuvchi aholi yashaydi.
Ular, birunchiniy, so‘mguniy, masarli, panuniy dialektlarida so‘zlashadi. Bu dialektda so‘zlashuvchilar o‘zlarini tojik tojik, tillarini esa tajiki - tojikiy deb atashadi. Tarixan bir tildan chiqib kelgan bu aholining dialektlari hozirgi paytda fors va tojik tillarida fonetik leksik, leksik va grammatik tizimda ancha farq qiladi. Bu dialektlar bilan O.Mann, V.S.Rastorgueva va A.A.Kerimovalar shug‘ullanishgan. O.I.YA. 316-364-b.
Markaziy Eron dialektlari
Eron yassi tog‘liklari hududidagi viloyatlarda yashovchi eroniy (forsiy emas) dialektlarda so‘zlashuvchi aholining tili umumlashib, geografik jihatdan yaqin joylashgani uchun shu nom bilan ataladi. Bu dialektlar o‘zlarining geografik joylashishiga ko‘ra quyidagicha nomlanadi:
-
Koshon dialektlari, Bunga xunsari (yoki xunsariy), vonishuniy, tijuniy va kohrudiylar kiradi.
-
Isfahon dialektlari: sedeiy, giyaziy va isfahoniy.
-
Yazdiy yo gabriy. Yazd va Kermon shaharlari va ularning atrofida yashovchi parslarning dialekti. Ba’zi ilmiy adabiyotlarda eronlik parslarning dialekti «dari» termini bilan ham nomlanadi. Eronlik musulmonlar shu kungacha otashparastlik diniga e’tiqod qiluvchi parslarni gebralar deb atashadi. Shundan kelib chiqib dialektning nomini gabriy deb atashadi.
-
Nainiy dialekti – Isfahon va Yazd shaharlari orasidagi Nain shahri aholisining tiliga aytiladi. Bu dialekt Yazd otashparastlari dialektiga juda yaqin turadi.
-
Natanziy dialekti – Koshon va Isfahon shaharlari orasida joylashgan. Natanz tumanida yashovchi aholining tili.
-
Uriy dialekti – Ur va Mehrjon tumanlarida yashovchi aholining tili.
-
Semnon dialekti – Tehronning shimoliy qismida joylashgan Semnon shahri aholisining tili. Shu atrofda lasgerdiy, surxeiy, shemerzadiy, sengiseriy kabi dialektlarda so‘zlashuvchi aholi ham yashaydi. Bu dialektlarning hammasi o‘zining til xususiyatlari bo‘yicha Koshon, Isfahon va Mozandaron dialektlariga yaqin turadi.
Tehron shahri atroflaridagi dialektlar
Bu dialektlarda so‘zlashuvchi aholining soni juda ozdir. Tajrish qishlog‘i aholisining dialekti, Gozerxon qishlog‘i aholisining dialekti. Tehron shahri dialekti, hozirgi zamon fors adabiy tilining dialekt manbayi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu haqda Malik-ul-shuara Bahor, M.Vohidiy va L.S.Peysikovlarning ilmiy ishlari mavjud.
-
M.Bahor. Tarix tatavur-e zabon-e forsi. Tehron.
-
L.S.Peysikov. Tegeranskiy dialekt. M., 1947.
Tayanch iboralar
Musulmon tatlar, juhud tatlari, shia mazhabi, Mozandaron tili Shamirzod dialekti, Velatru dialekti, Lur va baxtiyor qabilalari.
Savollar
-
Eronning Kaspiy bo‘yi dialektlari soni nechta?
-
Lar mustaqil tilmi yoki dialekt?
-
Eronda o‘rganilgan fors dialektlari bo‘yicha yozilgan ilmiy asarlar mualliflari kimlar?
-
Eronda o‘lib borayotgan dialektlar bormi?
XVIII. MAVZU
ISH REJASI:
-
Pomir tillari:
a) sho‘g‘non-ravshan guruhi;
b) yazg‘ulom tili;
v) ishkashim tili;
g) vahan tili;
d) yag‘nob tili
-
Munjon tili.
-
Ormuriy tili.
-
Parachi tili.
-
qumzoriy dialekti.
Pomir tillari
Pomir tog‘ining g‘arbiy qismida yashovchi eroniy tillarda so‘zlashuvchi mahalliy aholining tillari. Eronshunoslikda shu nom bilan ataladi. Bular Tojikistonning Tog‘li – Badaxshon muxtor viloyatida yashashadi. Bu xalqlarning xammasi yozuvga ega bo‘lmagan va adabiy til sifatida tojik tilidan foydalanishadi. Shunga binoan o‘zlarini turli xujjatlarda tojik deb ko‘rsatishadi. Pomir tillari guruhiga quyidagi tillar kiradi:
-
Sho‘g‘non-ravshan tillar guruhi.
-
Yazg‘ulom tili.
-
Ishkashim tili.
-
Vaxan tili.
Mazkur tillar bir-birlaridan shunchalik farqlanadilarki, bir vohada yashovchi bu xalqlar bir-birlarini o‘z tillarida gapirishganda tushunmaydilar. Shuning uchun tojik tili bular uchun umumiy til bo‘lib xizmat qiladi.
Sho‘g‘non-ravshan guruhi. Bu guruhga quyidagi tillar kiradi:
a) sho‘g‘non tili (boju dialekti bilan birga);
b) ravshan tili (xuf dialekti bilan);
v) bartang tili;
g) o‘ro‘sho‘r tili;
d) sariko‘l tili.
Bu tillarning hammasi bir-biriga juda yaqin bo‘lgani uchun ularni bir tilning dialekti deb qarash mumkin. Sho‘g‘non tilida ko‘pchilik so‘zlashadi. Sho‘g‘non tilida so‘zlashuvchilarning bir qismi Afg‘onistonda ham yashaydi. Panj daryosining yuqori qismida ravshan tilida so‘zlashuvchilar yashashadi. Ular Afg‘oniston hududida ham yashaydilar. Ularning umumiy soni 10000 kishi atrofida. Bartang tilida Bartang daryosi oqimi bo‘ylab joylashgan qishloqlarda yashovchi kishilar so‘zlashadi. Ularning soni 5000 kishi atrofida.
Sariko‘l dialekti. Bu dialektda asosan Xitoyning Sinszyan muxtor viloyatida, Sariko‘l vohasida yashovchi aholi so‘zlashadi. Bu dialekt shuG‘non dialektiga juda yaqin turadi.
Yazg‘ulom tili. Yazg‘ulom daryosi bo‘ylab yashovchi aholining tili. Ular o‘zlarini zgamik (zgamik) deb ataydilar. Keyingi paytlarda yazg‘ulomliklarning ko‘pchiligi Kulob viloyatiga ko‘chirilgan. Yazg‘ulom tilining dialektlari yo‘q.
Ishkashim tili. Hozirgi vaqtda ishkashim tilida so‘zlashuvchilar Panj daryosining yuqori oqimida Ishkashim daryosi bo‘ylarida joylashgan ikki-uch qishloqda yashashadi. Ular o‘z tillarini «ishko‘shimiy» deb atashadi. Bu tilning ikki dialekti mavjud. Zebak va Sangin dialektlarida so‘zlashuvchilar asosan, Afg‘oniston hududida yashashadi.
Vahan tili. Panj daryosining boshlanish manbai Vaxan vodiysida yashovchi aholining tili. Ular o‘z tillarini xekzik o‘zlarini esa Wix deb atashadi.
Ular shuningdek Afg‘oniston hududida Panj daryosining chap irmog‘i Vaxan daryosi bo‘ylab yashashadi. Shuningdek ular Hindistonning Jammu va Kashmir knyazliklarida ham yashaydilar.
Yag‘nob tili. Tojikiston Respublikasining Yag‘nob daryosi vohasida yashovchi aholining tili. Yag‘nob tili yozuvga ega emas. Ikki dialektga: sharqiy va g‘arbiy dialektlarga ega Yag‘nob tili qadimgi so‘g‘d tilining bevosita davomchisidir. Fan yag‘nob tili yangi So‘g‘d tilining dialekti sifatida shu kungacha davom etib kelayotganini tasdiqlaydi.
Munjon tili. Munjon tili Afg‘oniston Badaxshonining janubiy-sharqiy qismida joylashgan Munjon hududida tarqalgan. Munjon tilida bir yidga dialekti mavjud. Bu dialektda gapirishuvchilar o‘zlarini (iaev ko‘p son. iave) deb atashadi. O‘rganilmagan til, yozuvga ega emas.
Ormuri tili. Ormuri tili kichik bir xalqning tili bo‘lib, u adabiyotlarda baraki, bargista nomlari bilan uchrab turadi. Ularning bir qismi Afg‘onistonning Log‘ar hududida, ikkinchi qismi esa Pokistonning Kapinguram hududida yashashadi. Ular dekhqonchilik, hunarmadchilik va savdo bilan shug‘ullanishadi. Omuriylar haqida tarixda birinchi bor Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z yodnomasida tilga olgan va ularning yashash joylari haqida ma’lumot bergan. Hozirgi paytda Bobur zikr etgan joylarda ormuriylar yashamaydi va ular ikki tillik bo‘lib, tojik yoki pashtu tillarida so‘zlashadi. Log‘ar va Koniguram dialektlari orasida sezilarli farqlar bor. Ormuriy tili yozuvga ega emas.
Parachi tili. Afonistonning Panjshir daryosi vohasida Kobul shahrining shimolida Kurob qishlog‘ida parachi tilida so‘zlashuvchi aholi yashaydi. Ular haqida «Boburnoma»da ma’lumotlar keltirilgan. Parachilar ikki tillik bo‘lib ular o‘zlarini tojiklar deb atashadi. Yozuvga ega emas.
Qumzori dialekti. Arabiston yarim orolining Ormurz ko‘rfazi janubiy qismidagi Musandam yarim orolida yashovchi beduinlarning tili. Qumzori dialekti Fors ko‘rfazining janubidagi birdan-bir fors tilining dialektidir.
Tayanch iboralar
Umumiy til, sariko‘l dialekti, «zdamik» tili, Kulob viloyati, «ishko‘shimiy» tili, Yag‘nob daryosi, yangi So‘g‘d tili dialekti, baraki, bargista tili, yozuvga ega bo‘lmagan xalqlar
Savollar
-
Pomir tillarida so‘zlashuvchi xalqlar qaysi davlatlarda yashaydilar?
-
Pomir tilida so‘zlashuvchi xalqlar uchun tojik tilining ta’siri qanday?
-
Pomir tilida so‘zlashuvchi xalqlarning migratsiyasi qay usulda olib borilayapti?
Hozirgi zamon eroniy tillarning tarixiy-dialektologik tasnifi
Hozirgi zamon eroniy tillarning tarixiy-dialektologik tasnifi ularning tarixiga asoslangan. Tasnifning eng muhim kriteriyasi bo‘lib qadimgi eroniy dialektlar orasidagi tasnifdir. Qadimgi davrda g‘arbiy eroniy dialektlarning sharqiy eroniy dialektlardan ajratish usuli hozirgi eroniy tillarning tasnifiga asos bo‘ladi. Hozirgi eroniy tillar ham ikki guruhga ajratiladi: 1. G‘arbiy eroniy tillar. 2. Sharqiy eroniy tillar. Qadimgi eroniy tillar davrida g‘arbiy eroniy til (dialekt)lar guruhiga kirgan tillar hozirgi eroniy tillar davrida ham shu guruhga kiradi. Sharqiy eroniy tillar guruhiga kirgan tillar hozirgi paytda ham sharqiy eroniy tillar guruhiga kiradi.
G‘arbiy eroniy tillar ham o‘z navbatida ikki kichik guruhlarga bo‘linadi:
1) shimoliy-g‘arbiy eroniy tillar;
2) janubiy-g‘arbiy eroniy tillar.
Shimoliy-g‘arbiy eroniy til (dialekt)lar qadimgi Midiya va Parfiya hududlarida yashagan xalqlarning tiliga borib taqaladi. Ular Eron yassi tog‘liklarining shimoliy va shimoliy-g‘arbiy hududlarida yashashgan. Bularga: a) kurd tili va kurd qabilalarining dialektlari (gurani, zaza va b.); b) beluj tili; v) talish tili; g) gilyon va mezondaron dialektlari; d) markaziy Eron dialektlari (qisman fors viloyati dialektlari); ye) ormuri; yo) parachi kiradi.
Janubiy-g‘arbiy eroniy til (dialekt)lar Eron yassi tog‘liklarining janubiy-g‘arbiy qismi (parsa viloyati)da mavjud bo‘lgan qadimgi eroniy dialektlarga bog‘lanadi. Hozirgi janubiy-g‘arbiy eroniy tillar ichida fors va tojik tillarining mavqei balandroq. Ularning har ikkisi fors (tojik) klassik tilini (parsi, farsi) shahobchalaridir (IX-XVI asr). Mazkur til o‘rta fors tilining davomidir. Bu o‘rta fors tili esa parsa viloyatida yashagan aholi tilining davomidir. Janubiy-g‘arbiy eroniy tillar tarkibiga tat, lur va baxtiyor dialektlari hamda yerli fors shevalari va kumzari dialekti kiradi.
Sharqiy eroniy tillar
Sharqiy eroniy tillar Dashti Kavirdan boshlab sharqqa qarab O‘rta Osiyo va Afg‘oniston hududida qadimiy eroniy dialektlarga bog‘lanadi. Bu guruhga Qora dengiz atrofida yashagan skif qabilalarining dialektlari kiradi.
Hozirgi zamon sharqiy eroniy tillar guruhiga:
-
afg‘on tili (pashtu);
-
osetin tili;
-
pomir tallari;
-
munjon tili;
-
yag‘nob tili kiradi.
Sharqiy eroniy tillar ham o‘z navbatida ikki kichik guruhga ajraladi: a) shimoliy-sharqiy tillar; b) janubiy-g‘arbiy tillar kiradi.
Shimoliy-sharqiy (skif) guruhi. Bu guruhga hozirgi eroniy tillardan osetin va yag‘nob tillari kiradi. Osetin tili Qora dengiz atrofidagi qadimgi skif dialektlari o‘rta asrlardagi alan tilining davomchisi bo‘lsa, yag‘nob tili esa shu kungacha davom etib kelayotgan so‘g‘d dialektining variantidir.
Bu guruhga XIII-XIV asrlarda iste’moldan chiqib ketgan xorazm tili ham kiradi. Osetin va yag‘nob tillarining bir qator o‘xshash xususiyatlari bor.
Janubiy-sharqiy guruh. Hozirgi eroniy tillarda bu guruhga quyidagi tillar kiradi: a) afg‘on; b) munjon; v) pomir. Bu tillarning hammasi qadimda (er.avv. II asrlarda) sak va tohar qabilalari yashagan hududda tarqalgan bo‘lib, qadimgi baqtriya va sak-tohar dialektlarining davomidir. O‘rta eroniy til davrida bu guruhga baqtriya va sak-xotan tillari kirgan.
Sharqiy-eroniy tillarning g‘arbiy-eroniy tillardan farqlanuvchi xususiyatlari haqida
Sharqiy-eroniy tillar g‘arbiy-eroniy tillardan fonetika, morfologiya, sintaksis va leksikada bir qator muhim xususiyatlari bilan farqlanadi:
-
Sharqiy eroniy tillarda affrikatlar mavjud, g‘arbiy eroniy tillarda esa yo‘q.
-
Sharqiy eroniy tillarda so‘z boshidagi jarangli undoshlarning affrikativ holatda bo‘lishi, g‘arbiy eroniy tillarda esa odatda ular saqlanadi.
-
Sharqiy eroniy tillarda son kategoriyasida h tovushi beqaror bo‘lib, g‘arbiy eroniy tillarda esa u barqarordir.
-
Sharqiy eroniy tillarning grammatik tizimida aniqlovchi aniqlanmishdan oldin keladi. G‘arbiy eroniy tillarda esa aniqlanmish – izofa aniqlovchi va h.k.
Umuman olganda hozirgi zamon eroniy tillarning fonetik, grammatik va leksik xususiyatlarining farqlanishi qadimgi eroniy tillar davridagi eroniy tillarning xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liq.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
-
I.M.Oranskiy «Vvedenie v iranskuyu filologiyu» M. 1960, 1988.
-
Osnovi iranskogo yazikoznaniya M., 1979, 1981, 1982.
-
Gamkrelidze T.V.Ivanov Vch.Vs. «Indoyevropeyskiy yazik i indoyevropeysi» tom I-II, Tbilisi, 1984.
-
Naselenie SSSR M, 1976.
Dostları ilə paylaş: |