Oʻzbekiston respublikasi oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat universiteti maktabgacha va boshlangʻich ta’lim fakulteti boshlangʻich ta’lim kafedrasi



Yüklə 108,74 Kb.
səhifə11/26
tarix09.05.2023
ölçüsü108,74 Kb.
#126595
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   26
Maxfirat diplom iwi new

Morfologik tipologiya. Morfologik tipologiya tillarni qarindoshlik munosabatlaridan qat’i nazar grammatik tuzilishi asosida turlarga ajratadi. Tillarning morfologik tipologiyasiga bagʻishlangan dastlabki ilmiy asar Germaniyada 1809-yilda Fridrix Shlegel tomonidan yaratilgan. «Hindlarning tili va donoligi haqida» degan asarida F. Shlegel tillarni flektiv va affiksal tillarga ajratadi. Uning fikricha, tillar paydo boʻlgan kundan boshlab, bu ikki turdan biriga mansub boʻladi va shundayligicha qoladi. Shunday qilib, tildagi doimiy sodir boʻlib turuvchi oʻzgarish inkor etiladi. Tasnifga asos qilib soʻz oʻzagidagi oʻzgarish olingan. F. Shlegel gapda soʻzlar munosabatga kirishganda oʻzakning ichki tuzilishi oʻzgaradigan tillarni istiqbolli hisoblab, ularni flektiv tillar deb atagan, bu turga nemis va boshqa hind - ovrupo tillarini kiritgan. Uning fikricha, affiksal tillarning oʻzaklari oʻzgarmaydi, grammatik shakl esa affikslarning toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻshilishi tufayli oʻzgaradi. Bunday tillarni u «nuqsonli» tillar deb atab, ularga grammatik strukturasi turkiy tillarnikiga oʻxshagan tillarni kiritgan. Qiyoslang:
Flektiv tillar Affiksal tillar shraybe - shriyb yozayapman - yozdim
jiewcy- Jiez yotibman - yotdim
1818-yilda F. Shlegelning ukasi Avgust Shlegel «Provansal tili va adabiyoti toʻgʻrisida xotiralar» degan asarida tillarni flektiv, affiksal va amorf tillarga ajratadi.
U amorf tillarga xitoy-tibet tillarini kiritib, ularning xususiyatlari toʻgʻrisida batafsil ma’lumot berdi, flektiv tillarni esa sintetik flektiv tillar va analitik flektiv tillarga ajratishni tavsiya etdi.
A. Shlegel ham tillarni mukammal va mukammal boʻlmagan tillarga ajratadi. Kezi kelganda shuni qayd qilish kerakki, tillarning yaxshi-yomon, mukammal yoki nuqsonliligi boʻlmaydi. XIX va hatto XX asrda yashab ijod etgan ayrim nemis va Amerika olimlari millat va ularning tillarini kamsituvchi ana shunday fikrlarni ilgari surishgan. Aslida barcha millat va tillar bir-biriga teng, chunki tillar oʻz jamiyatiga toʻla-toʻkis xizmat qiladi. Nemis tili nemis xalqiga qanday xizmat qilayotgan boʻIsa, Kannada (Hindiston), nanay tillari ham oʻz xalqiga aynan shunday xizmat qilmoqda. Barcha tillarning vazifasi bir xil, ya’ni aloqa vositasi xizmatini oʻtashdir.
Aka-uka Shlegellardan keyin bu masala taniqli nemis olimi, tilshunoslik fanining asoschilaridan biri Vilgelm Fon Gumboldt tomonidan har tomonlama koʻrib chiqildi. «Tildagi tovush va gʻoya shakllarini bir-biriga toʻgʻri va shiddat bilan qavushib ketishi, tillardagi munosabatlarning ifoda etilishi, gaplarning yasalish uslublari va tovush shakllaridan koʻrinib turadi», - deydi Gumboldt. Ana shularni hisobga olib, u tillarni flektiv, agglutinatinativ, ajratuvchi (amorf), mujassamlashtiruvchi (polisintetik) deb nomlanuvchi toʻrt turga ajratdi.
Bu tasnif oldingilaridan birmuncha farq qiladi. Gumboldt tillarning birinchi turi nomini oʻzgartirmay, «flektiv» tarzida qoldirib, unga qoʻshimcha tillarni kiritdi. Xususan, bunday tillarga faqat oʻzakda oʻzgarish sodir boʻladigan tillar emas, balki ba’zi affiksal tillar ham kirishini tushuntirdi. Lekin bu affikslar agglutinatinativ tillardagilardan tubdan farq qiladi.
Aka-uka Shlegellar affiksal deb atagan tillar guruhini Gumboldt agglutinatinativ atamasi bilan atadi. Bu bilan u affiksal flektiv tillarni affiksal agglutinatinativ tillardan farq qilishini nazarda tutdi.
Amorf tillarni u ajratuvchi tillar deb atadi, chunki amorf soʻzi shaklsiz degan ma’noni anglatadi. Xitoy-tibet tillari boshqa tillar kabi oʻz shakliga ega, lekin ularning grammatik shakllari boshqa tillardan farqli soʻz shakllarini oʻzgartirish yoʻli bilan emas, balki soʻz tartibi va ohang orqali oʻzgaradi.
Gumboldt mavjud tasnifga yana bir tillar guruhini kiritish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidlab, uni mujassamlashtiruvchi tillar deb ataydi.
Tillardan nuqson topishda V.Gumboldt ham chetda qolgani yoʻq. Uning fikricha, tafakkuming rivojlanishini ta’minlay oladigan va uning rivojlanishiga «toʻsiq boʻladigan» tillar mavjud. Birinchi turdagi tillarni u «qat- ’iy toʻgʻri shaklga ega boʻlgan tillar» va «ikkinchisini qat ’iy toʻg ‘ri shakldan chekinuvchi tillar» deb atab, birinchisiga flektiv tillarni, ikkinchisiga - agglutinatinativ, ajratuvchi va mujassamlashtiruvchi til turlarini kiritdi. Ammo u oʻz fikrini tasdiqlaydigan birorta asosli dalil topa olmadi.
Yuqorida keltirilgan olimlardan tashqari tillar tasnifi bilan Avgust Shleyxer, F.Misteli, N.Fink, F.F. Fortunatov, E.Sepir va boshqa bir qancha tilshunoslar ham shugʻullanishgan. Masalan, A.Shleyxer tillarni uchga ajratib (oʻzak, agglutinatinativ va flektiv tillar), har bir til oʻz taraqqiyot davrida ana shu uch bosqichni oʻz boshidan oʻtkazadi, deb tushuntiradi.
Uning fikricha, tillar oʻzak holida tugʻilib, vaqt oʻtishi bilan ba’zi oʻzaklar oʻz urgʻularini yoʻqotadi va yordamchi soʻzlar qatoridan oʻrin oladi. Bu yordamchi soʻzlar keyinchalik mustaqil soʻzlarga bogʻlanib, avval agglutinatinativ affikslarga, keyinroq esa flektiv affikslarga aylanadi. Umuman olganda tillarda mustaqil soʻzlarni yordamchi soʻzlarga va ularning oʻz navbatida qoʻshimchalarga aylanish hodisasi uchrab turadi. Turkiy tillarda bu hozir ham davom etmoqda, masalan, oʻzbek tilidagi Men talabaman gapini olsak, undagi shaxs va son koʻrsatkichining bevosita men olmoshiga aloqadorligi, shu olmoshdan kelib chiqqanligiga hech qanday shubha yoʻq. Bu gapimizga dalil sifatida hozirgi zamon boshqird va tuva tillarini keltirish mumkin. Ushbu tillarda kesimdagi shaxs va son koʻrsatkichini urgʻu olmagan kishilik olmoshlari bajaradi. Oʻzbek tilida bu jarayon birmuncha ilgarilab ketgan, ya’ni -man qoʻshimchaga aylanib, kesimga qoʻshilib yoziladi, lekin tuva va boshqird tillarida bu koʻrsatkich garchi urgʻu olmasa ham, oʻz mustaqilligini saqlab, kesimga qoʻshilmay yoziladi. Keltirilgan misol turkiy tillar, Shleyxer aytganidek, uch bosqichni bosib oʻtgan, deyishga hech qanday asos boʻla olmaydi. Turkiy tillarning tarixida oʻzak davri boʻlganligini isbotlaydigan dalil yoʻq. Lekin ayrim tillarda aks jarayonni kuzatish mumkin. Masalan, bir vaqtlar ichki va tashqi fleksiyaga boy boʻlgan ingliz, fransuz tillari keyinchalik oʻzlarining bu xususiyatlarini yoʻqotib, xitoy, birma tillari kabi gapda soʻzlarni bir-biriga bogʻlash, sintaktik munosabatlarni ifodalashda qat’iy soʻz tartibi va yordamchi soʻzlarni keng ishlatadigan boʻldi. Demak, Shleyxer yaratgan nazariya amalda tasdiqlanmadi.
Taniqli rus olimi F.F. Fortunatov tillar tipologiyasi mutlaq emas, balki nisbiy ekanini ta’kidladi. U mujassamlashtiruvchi tillarni tipologik sistemadan chetlatib, tillarning toʻrtinchi turi sifatida flektiv, agglutinatinativ tillarni qoʻshdi va unga semit tillarini kiritdi, chunki bu tillarda negiz fleksiyalari asosiy grammatik vosita rolini oʻtaydi. Bu tillardagi ichki fleksiyalarning negizlarga boʻIgan munosabati agglutinatinativ tillardagi affikslarning oʻzak va negizlarga boʻIgan munosabati bilan bir xildir, deydi F.F. Fortunatov.
Amerika tilshunosi E.Sepir morfologik tipologiyaning yangi sistemasini yaratishga urindi. U tillarni 15 dan ortiq turga ajratdi. Bu tasnif qator kamchiliklari tufayli koʻpchilikka manzur boʻlmadi. Hozirgi zamon tilshunosligida V.Fon Gumboldt yaratgan morfologik tipologiya koʻpchilik tomonidan e’tirof etilib, tillarni toʻrt turga ajratish an’anaga aylangan. Bu tasnif asosida Gumboldt sistemasi yotgan boʻlsa ham, uning uzoq vaqt saqlanib qolishiga Gumboltdan keyin yashab ijod etgan tilshunoslar oʻz hissalarini qoʻshdilar. Endi tillarning ana shu toʻrt asosiy morfologik turini batafsil koʻrib chiqamiz.
Flektiv tillar. Flektiv tillar tipiga hind-ovrupo va xom-som tillar oilasiga mansub boʻlgan tillar kiradi. Bu tillar sintetik flektiv tillar va analitik flektiv tillarga ajratiladi.
Sintetik flektiv tillarga nemis, rus tillarga o ‘xshagan fleksiyalarga boy tillar kiritiladi.
Nutqda soʻzlar orasidagi sintaktik munosabatlar asosan fleksiyalar asosida amalga oshiriladi. Analitik flektiv tillarda, garchi fleksiyalar boʻlsa ham, ularning miqdori katta emas, gapdagi soʻzlar orasidagi sintaktik munosabat koʻproq soʻz tartibi va yordamchi soʻzlar vositasida amalga oshiriladi. Shuning uchun antik tillarda soʻz tartibi qat’iy, har bir gap boʻlagi oʻz oʻrnida turishi shart. Analitik flektiv tillarga ingliz, fransuz tillari kabi tillar kiritiladi. Bu tillarda odatda gapning egasi birinchi oʻrinda (kesimdan oldingi oʻrinda), kesim ikkinchi oʻrinda (egadan keyingi oʻrinda), agar kesim oʻtimli fe’l bilan ifodalangan boʻlsa, unda uchinchi oʻrinda (kesimdan keyin) toʻldiruvchi turadi. Aniqlovchining oʻrnini oldindan belgilab boʻlmaydi. U doimo ot bilan bogʻlangan boʻladi; aniqlanmish qayerda boʻlsa, aniqlovchi ham shu yerda boʻladi; u ega vazifasini bajarayotgan soʻzdan oldin ham, qoʻshma ot kesimning ot qismi vazifasida kelgan otdan oldin ham turishi mumkin. Hoi esa ma’nosiga koʻra gapda turli oʻrinlarni egallab turishi mumkin. Shunday qilib, soʻz tartibi toʻgʻrisida gap borganda ega, kesim va toʻldiruvchining gapdagi oʻrni nazarda tutiladi. Sintetik flektiv tillarda soʻz tartibi nisbatan erkin.

Yüklə 108,74 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   26




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin