Muhammadniyoz Nishotiyning ma’rifiy-axloqiy qarashlari Muhammadniyoz Nishotiy XVIII asrning birinchi yarmida Xorazmda tug’ilib voyaga etgan iste’dodli ma’rifatparvar shoirdir. U Xorazmning go’zal tabiati, yoqimli ob-havosi, xushmanzara joylari haqida mehr to’la so’z yuritib “jannat-misol” diyorning olimlar va shoirlar maskani ekanidan faxrlanadi:
Bor edi Xorazm diyori—erim, Ondin edi yaxshi-yomon guharim. Nishotiy ana shu diyorda bolalik va yoshlik chog’larini o’tkazadi, maktab va madrasada ta’lim oladi. Bu davrdagi Xiva va Buxoro xonliklari o’rtasidagi o’zaro feodal urushlar butun o’lkani va xalqni notinch qilib, obod joylarni vayronaga aylantirganidek Nishotiyning ahvolini ham qiyinlashtiradi. Shundan so’ng u Buxoroga keladi va tinch ijod bilan shug’ullana boshlaydi.
Nishotiyning tug’ilgan va vafot etgan sanasi hozircha noma’lum. Nishotiyning hayoti va ijodini o’rganishda akademik V.Abdullaev, X.Rasulov, M.Qosimov, H.G.Kor-ogli va boshqalarning xizmatlari katta bo’lib, shoir merosi ilmiy muomalaga kiritildi.
Nishotiyning professor A.Hayitmetov tomonidan topilib nashr etilgan va ilmiy muomalaga kiritilgan kichik hajmdagi “Qushlar munozarasi” va katta hajmdagi “Husn va Dil” falsafiy-didaktik dostonlari diqqatga molikdir.
“Qushlar munozarasi” dostonida laylak, zog’, hakka, qumri, bulbul, to’ti, qirg’ovul, kaklik, qarchig’ay, tovus, humo, hudhud kabi qushlar qatnashadi. Shoir qushlar hulq-atvori va ularni so’zlatish orqali inson va insoniy fazilat to’g’risida mulohaza yuritadi, manmanlikni, behuda maqtanishni qoralab, har kim hayotda o’z o’rnini, o’z qadrini bilmog’i kerak, degan ma’rifiy-axloqiy xulosani chiqaradi. Demak, shoir qushlar munozarasi tasviri vositasida ularning fazilatlari bilan o’quvchilarni tanishtirishni ham maqsad qilib qo’yadi. Agar bu ma’lumotlarning ayrimlari hozirgi ornitologlartomonidan qayd qilingani hisobga olinsa, unda Nishotiy o’sha zamon parrandashunoslik ilmidan ham xabardor ekani ravshanlashadi. Shuningdek, Nishotiy har bir qush timsolida o’sha sharoitdagi ijtimoiy tabaqalarning jamiyatda tutgan o’rni va vazifasini, axloqqa zid bo’lgan illatlarini fosh qiladi. Shu jihatdan hudhud tilidan keltirilgan masal “Qushlar munozarasi” asarining axloqiy-ta’limiy xulosasidek tuyuladi: