www.ziyouz.com kutubxonasi
5
— Uinnetkda, sening otangnikida, — dedi Berkxardt. — Bu turg‘unlikdan ikki yil oldin bo‘lgandi.
Buvang hali tirik edi. O’shanda necha yoshda eding? O’n birdami?
— Ha, shunday.
— O’shanda hammalaring birga yashardingiz. Onang, akang Xenli va sen. Akang Xenli tirik edi.
Juda qiziquvchan bola edi-da. Sen bo‘lsang, negadir odamlardan o‘zingni olib qocharding. Bular
hammasi yaxshi esimda. Biz otang bilan moliyaviy tanglikdan keyingina, yigirmanchi yillar oxiri,
o‘ttizinchi yil boshlarida qayta uchrashdik. Bu paytga kelib u onang bilan ajrashgan edi.
— Ha, to‘g‘ri.
— Xenli o‘shanda necha yoshda edi? O’n beshda, — fikrini ovoz chiqarib aytganday dedi Berkxardt.
— U juda e’tiborli va sadoqatli farzand edi. Yozgi ta’til paytlari u bankda ishlay boshlagandi. Sen
bo‘lsang, meningcha, uning qiziqishlariga moyil emasmiding, to‘g‘rimi?
Palmer darhol javob bermadi. Berkxardt juda sinchkov edi, biroq keksa Palmer va uning o‘g‘illari
haqidagi haqiqatni bilishga hech kim muvaffaq bo‘lolmagandi.
— Ha, men bu bilan ancha keyinroq qiziqa boshlagandim, — ming‘irladi Palmer.
U qariyaning nima deyishini bilishni istardi. Chol u haqda nimalarni bilarkan? Hozir Berkxardt uning
siymosida sodiq va mehribon farzandni, otasining jonkuyar vorisini ko‘rishni istardi.
— Seni hamisha boshqa narsalar qiziqtirardi, — ta’kidladi Berkxardt. — Esimda, o‘shanda sen bu
yerda, sharqiy sohilda qandaydir voqeaga aralashib qolganding. Bu Redklif yoxud Smit kollejidan bir
qiz bilan bog‘liq edi aftidan?
Palmer cho‘zib tirjaydi.
— Bu siz qaysi voqeani nazarda tutyayotganingiz bilan bog‘liq.
Berkxardt kuldi. Bu uning ikkinchi bor kulishi edi.
— Keyin esa, — davom etdi u, — urush vaqtida sen bir necha bor o‘limdan qolding. Maxsus xizmat
topshirig‘imidi?
— O, unchalik emas! Oddiy harbiy topshiriq edi.
Berkxardt bir necha daqiqa trubkasini so‘rganicha jim o‘tirdi.
— Balki urushdan keyin, uyingda joylashib, o‘z ishning bilan shug‘ullana boshlagach, ancha yengil
tortgandirsan?
Palmer shoshmasdan viskini ichishda davom etdi. Xavfli damlar o‘tib ketdi.
— Ha, albatta, — u yolg‘on gapirdi.
— Men bo‘lsam, seni hamon o‘n bir yoshli, yuvvosh, o‘z hayotiy qarashlariga ega bolakay sifatida
eslayman.
— Men hali hayotga o‘z qarashlari bo‘lmagan birorta ham o‘n bir yoshli bolakayni uchratganim
yo‘q.
— Sen o‘shanda Xenli yordamida Lindberg samolyotining modelini yasaganding, xuddi hozirgidek
esimda: kattakon model, jin ursin, uzunligi qariyb bir metr kelardi. Sen o‘z qurilmangda olis-olislarga
uchib ketaman deb turib olganding, o‘sha joyni esa Ki-ber-Pass deb ataganding.
— Bo‘lmasam-chi, — dedi Palmer, — o‘sha paytda fantastik sarguzashtlar kitobini ko‘p o‘qirdim.
Kitobni Xenlidan olgandim. O’sha yilni men ham yaxshi eslayman.
— Esingdami, onang seni ko‘ndirishga qancha uringandi: «Keragi yo‘q, uchib ketma, Vudi, bu juda
uzoq-ku. Biz boshqa ko‘risha olmaymiz!» derdi onang. Sen bo‘lsang: «Hechqisi yo‘q. Ertadan keyin
uyga qaytib uchib kelaman» derding... Ajoyib, yoshlikda kelajakni tasavvur qilish juda oson! Biroq,
ona uchun bu unchalar oson kechmasdi. O’sha paytda men ham bunga ishonolmasdim. Mana,
hammasi o‘zgardi, go‘yo bir kunda yuz bergandek.
— Ha, qariyb hammasi shunday, oradan atigi bir necha o‘n yil o‘tdi, xolos, — dedi Palmer.
— Xo‘sh, nima demoqchiligim senga tushunarlimi? — birdan keskin so‘radi Berkxardt. — Odamlar
eng oddiy narsalarni murakkablashtirishga moyil. Buning hammasi oddiy narsalar ekanini ko‘rish
uchun alohida aql tuzilishi kerak.
— Alohida aql tuzilishi... bunga yo bankir, yoki go‘dak ega bo‘lishi mumkin.