www.ziyouz.com kutubxonasi
41
— Bunaqa rahmatlarni ko‘p eshitganmiz. Shoshilib, begunoh bir odamning qarg‘ishiga
qolib ketmaylik. Aytmoqchi, o‘ttiz sakkizinchi yilda kim tergov qilgan ekan?
— Muhammedshin, nima edi?
— Nazarimda, xuddi kapitan Jabborov tergov qilganga o‘xshaydi. Qirqbeldan
qaytayotib u bilan aytishib oldik, — Solihov shunday deb bo‘lgan gaplarni qisqacha
bayon qildi. — U yana davri kelishiga ishonyapti.
— Ishonishiga asos bor, — dedi Ramazonov vazminlik bilan. — Ular ko‘pchilik. Hozir
pana-pana joylarda jon saqlashyapti. Ob-havo ularga sal moslansa, yashnab ketishadi.
Ob-havo o‘zgaruvchan, har narsani kutish mumkin. Bu toifa Stalinga qanday sadoqat
bilan xizmat qilgan bo‘lsa, Gitlerga ham shunday xizmat qilishi mumkin edi. Siz shunaqa
odamlardan nafratlanasiz, to‘g‘rimi?
— Nima qilish kerak bo‘lmasa? Birovni pichoqlagan yoki otgan odamni kechirsa
bo‘ladi. Bularni-chi?
— Men nafratlanmayman, achinaman bularga. Bu sohada bir umr ishlashmaydi-ku,
to‘g‘rimi? Erta-indin qarigan chog‘ida o‘zi qamab yuborgan bir odamni ko‘chada
tasodifan uchratib qolsa nima qiladi? Men dekabrchilar haqida o‘qigan edim. So‘zidan
qaytmaganlar surgun qilingani holda tonganlar, sotganlar, xoinlar bazmu jamshidda
yuraverganlar. Oxir-oqibat surgundagilar afv etilib Peterburgga qaytishganida xalq ularni
olqishlab qarshi olgan. Tonganlar, sotganlar esa ko‘chaga ham chiqolmay qolgan. Ana
endi o‘ylang: jazoga tortilganlar kimlar edi? Surgun azobini tortganlarmi yo issiq o‘rinda
qolganlarmi? Jabborovlarning taqdiri shularga o‘xshamaydimi? Borib-borib
ko‘rshapalakka o‘xshab yashab, o‘lib ketmaydilarmi?
— Sizning o‘xshatishingiz menga ma’qul kelmadi, — dedi Solihov, — Dekabrchilarning
o‘sha xoinlarida ham avval maslak bo‘lgan. Faqat so‘nggi daqiqada qo‘rqoqlik qilib
do‘stlarini sotishgan. Agar ko‘chaga chiqolmay qolishgan bo‘lsa, demak, ozgina insoflari
bor ekan. Jabborovlarda insof, uyat borligiga ishonmayman. Mana, kecha o‘zim ko‘rdim
shunday uchrashuvni. To‘g‘ri, Daminni u qamamagan. Lekin baribir hamkasblarining
qilmishi uchun ham uyalishi kerak-ku? Minglab xonadonlarda onalarning, xotinlarning,
farzandlarning qarg‘ishlarini eshitib ham yuragi titramas bularning. Shularni eslasam,
iste’foga chiqib ketgim keladi. Men o‘g‘rilaru qotillar bilan olishib keldim. Lekin
qaerdadir, qaysi ishdadir chalg‘igan bo‘lishim mumkin. Kimningdir taqdiriga dog‘
tekkizgandirman. Xo‘sh, bu gunohlarimga nima deyman?
Sanjar bu savolni o‘ziga-o‘zi bergandi. Ramziddindan javob olish niyati yo‘q edi.
Shuning uchun unga tikilib qaramadi. Nigohini notayin bir nuqtaga qadadi. Ish yuzasidan
boshlangan savol-javobning ruhiyatga ta’sir etuvchi ohangga burilishi Ramziddin
Ramazonovga ham ta’sir etdi. U javob berishga majbur emasligini bilsa-da, biroz o‘yga
cho‘mib, so‘ng so‘z boshladi:
— Gunohdan hech kim forig‘ emas. Gap qanday sharoitda gunoh qilinganida. Agar
bilib turib qilingan bo‘lsa «Ular — jabborovlar, biz — bu bizmiz!» deb ko‘krakka
mushtlashga hojat yo‘q. Jabborovlarni muhokama qilib ayblashga ham haqqimiz yo‘q.
Solihov savolni o‘ziga-o‘zi bergani kabi, Ramazonov ham javobini xuddi o‘ziga-o‘zi
aytayotganday og‘ir-bosiqlik bilan gapirdi. Gap ohangida kesatiq ham, o‘pka-gina ham,
ayblash ham yo‘q edi. U ana shu vazminligi bilan nogahoniy bu suhbatga nuqta qo‘ydi.
Kapitan qog‘ozlarini olib chiqib ketgach, biroz urinib, charm qoplamasi titilib qolgan
o‘rindiqqa o‘tib o‘tirdi. «Bu ishlarga yaramay qolyapman shekilli. Ramazonov bopladi
meni. Jizzaki bo‘lib boryapsiz, demasdan turib jizzakiligimni aytdi, — deb o‘yladi u. —
Qoyil qolish kerak unga. O‘zi turgan-bitgani shumi yo urushda o‘lim ko‘raverib, qon
ko‘raverib, dahshat ko‘raverib, sovuqqon bo‘lib qolganmi? Yo‘q, palagi toza buning.
Urush ko‘rganlarning aksari asabiy, mendan battar jizzaki. Balki Ramazanovning shu aqli