www.ziyouz.com kutubxonasi
42
uni urushdan omon olib chiqqandir. Unga qarab minglab o‘qlar otilgan, u esa tirik
qaytgan. Omaddanmi yo aqldanmi bu? Ko‘proq aqldandir. Aslida u menga emas, men
unga yordamchi bo‘lishim kerak ekan. Bunaqa nozik ishlarda tajriba emas, aql asqotadi.
Ammo bunaqa aql bilan ishlash qiyin bo‘ladi. Yon-atrofimizda aqldan ko‘ra hissiyotga
suyanadiganlar ko‘p. Qo‘limizda esa aqlni tan olmaydigan idoralarning ko‘rsatmalari,
chizgan chiziqlari bor. Kapitanga shuni aytib qo‘yishim zarur...»
Solihov biroz shu zaylda o‘tirgach, Sharipovnikiga borishni mo‘ljallab o‘rnidan turdi.
Kechagina Daydidara, Qirqbelda beboshlik qilgan izg‘irin bugun dovonlarni pisand
qilmay oshib kelib, shahar ko‘chalarida sarsari kezardi. Ayrim daraxtlar izg‘irin
shamolning yolg‘on gaplariga ishonib, yechinmoqqa kirishganlar. Shamol ularning
barglarini yulqib olib ko‘chalarda o‘ynaydi. O‘ynay-o‘ynay zerikadi-da, chang-to‘zonga
aralashtirib burchak-burchaklarga tiqib, jimib qoladi. So‘ng yana qo‘zg‘alib, yana
shumliklarini boshlaydi.
Sanjar Solihov ko‘chaga chiqqach, daydi shamolga ro‘baro‘ kelib plashining yoqasini
ko‘tardi. Furajkasini bostiribroq qo‘ydi-da, tramvay yo‘li tomon tez-tez yurdi. Shaharni
ikkiga ajratib turgan anhor ko‘prigidan o‘tgach, yurib ketayotgan tramvayga chaqqonlik
bilan chiqib oldi.
Eski shaharga yetgach, tramvaydan tushib, bozor ko‘chalaridan yurib o‘tdi.
Restoranlar oldida odam siyrak, shamol tufaylimi bozor ichi ham gavjum emasdi.
Siddiq Sharipovning darvozasi berk ekan. Mayor darvozani bir necha marta taqillatdi.
Endi ketaman, deganda ichkarida sharpa sezildi. Keyin ayol kishining «kim?» degan
xasta ovozi eshitildi.
— Men mayor Solihovman, militsiyadanman. Tunov kuni kelgan edim. Sizlar bilan
yana gaplashishim kerak.
Ichkaridan sado chiqmadi.
— Eshityapsizmi gapimni?
— Eshityapman... uyda o‘g‘lim yo‘qlar.
— Siz... Sharipovning oilalarimisiz?
— Ha.
— Sizdan so‘raydigan gapim bor.
— O‘g‘lim yo‘qlar.
Solihov «men o‘g‘lingizdan emas, sizdan so‘ramoqchiman», demoqchi edi, ayolning
maqsadini tushunib qoldi. Erkagi yo‘q uyga kirish odobdan emasligini unutayozgan, ish
yuzasidan deb bostirib kiraverishga o‘rganib ketgan ekan. Ichkaridagi xasta ovoz unga
bunday qilish yaxshi emasligini anglatib qo‘ydi. Cho‘ntagidan chaqiruv qog‘ozi olib yozdi-
da, darvoza tirqishiga qistirdi.
— Bu qog‘ozni o‘g‘lingizga berib qo‘ying, ertaga idoraga borsin.
— Bilmasam, vaqtlari bo‘larmikin, ishdalar.
— Bu qog‘ozni ko‘rsatsa, ishdan ruxsat berishadi. Kechikmay borsin. Aytmoqchi,
qaerda ishlaydi o‘g‘lingiz?
— O‘zlaridana so‘raysiz.
Solihov ajablanib bosh chayqadi-da, iziga qaytdi. Muyulishda bir fikr xayoliga kelib
choyxonaga qarab yurdi. U yerda ikki yigit shaxmat surib o‘tirardi. Choyxonachi
derazadan Solihovni kuzatib turganmidi, kirishi bilan darrov peshvoz chiqdi. Shaxmat
o‘ynab o‘tirgan ikki yigit unga bir nazar solishdiyu salom berib, yana donalariga tikilishdi.
Choyxonachi likopchaga besh-olti parvarda solib, bir choynak choy bilan keltirib qo‘ydi.
— Rahmatli Siddiq oxunnikiga fotihaga kelganga o‘xshaysiz. Kecha bosh hadmni
berishdi. Yo‘lchivoy bugun ishdadir. Bechoralarga javr bo‘ldi. Binoyi yurgan edi. Qo‘li
ochiq odam edi rahmatli. Shu hovlini sotib olganidan keyin, ko‘chib kelmay turib bir qo‘y