www.ziyouz.com kutubxonasi
43
so‘yib xudoyi qildi. Ko‘chib kelganidan so‘ng mahallaga osh berdi. Kimningdir qasdi bor
ekan-da, a? Sizam oxunlardanmisiz deyman-a?
Solihov kulumsirab iyagini silab qo‘ydi.
— Oxunga o‘xsharkanmanmi?
— Odam odamga o‘xshaydi-da.
— Siddiqjon akaning sihatlari yaxshimidi?
— Ha, hali baquvvat edi rahmatli. Oqsab yurishi demasangiz to‘rt muchasi soppa-sog‘
edi. Haftada ikki marta ulfatlari bilan shu choyxonada oshxo‘rlik qilishardi. «Xitoyda
lag‘mon yeyaverib sovug‘im oshib ketdi», deb hazil qilardi rahmatali.
— Ulfatlari shu mahallali kishilarmi?
— Murodilla aka, Ro‘zijon shu mahallada turishadi. Qolganlari har yerdan... —
choyxonachi shunday deyishga deb qo‘yib Solihovga savol nazari bilan tikildi. — O‘zlari
kim bo‘ladilar, juda surishtirib qoldilar?
— Men... militsiyadanman, qotilni izlab yuribman.
— Ha... shunday demaysizmi, sizni fotihachi deb o‘ylabman.
— Siddiq Sharipov ulfatlaridan birontasi bilan gap talashib qolmaganmidi?
— Be, yosh bolami ular. Aroq ichishmasa. Bari namozxon. Oshni yeb, choyni ichib,
chaqchaqlashib o‘tirishardi. Oshni o‘zim quling o‘rgilsin qilib damlab berardim.
«Qashqarda Islom oxunning lag‘monini, bu yerda Jo‘ravoyning palovini yemagan odam
dunyoga kelmadim desa ham bo‘ladi», deb maqtashardi meni. Agar ulfatlar bilan o‘tirish
niyatingiz bo‘lsa, choyxonani begona qilmang, xizmatingizga shaymiz. Sizdek odamlarga
xizmatni qilsak, boshimiz osmonda-da.
— Gap-so‘zlarida Qashqardagi turmushlarini ham eslasharmidi?
— Ha, eslashardi. Lekin men tayin o‘tirib eshitmaganman gaplarini.
— Biron bir odamdan nolishganmi yo falonchi bekor keldi bu yurtga, deyishganmi?
Choyxonachi o‘ylandi. So‘ng «Yo‘q», deb bosh chayqadi.
— Siddiq Sharipovning o‘limidan oldin bu uyga notanish yoki yurish-turishi shubhali
odamlar kelmaganmidi?
— Ochig‘ini aytsam, uylarini kuzatmaganman. O‘sha voqeadan keyin dam-badam
qarab-qarab qo‘yadigan bo‘libman, o‘zim ham hayronman.
— Bir marta savdoyiroq odam bilan yoqa bo‘g‘ib turishganini ko‘rganman men, — dedi
shaxmatchi yigitlardana biri. Aftidan, ularning ko‘zlari shaxmatda bo‘lsa ham quloqlari
bu yoqda edi.
— Qaysi savdoyi? — dedi choyxonachi unga qarab.
— Peshonasiga yozib olgan-chi?
— He, esi yo‘q, qanaqasiga savdoyi bo‘lsin u, taqvodor odam, — choyxonachi
shunday degach, Solihovga qarab izoh berdi: — Narigi mahallada Jahonqori degan odam
borlar. Qiroatlari juda yaxshi-da. Odamlarga qo‘shilmayroq yurganlari uchun bular
savdoyi deyishadi.
Solihov o‘rnidan turib, yigitlarga yaqinlashdi.
— O‘yinlaringizga xalal beraman endi, yigitlar, — u shunday deb cho‘ntagidan
Jahongirning suratini olib ko‘rsatdi, — shu odammi?
— Ha, shu, — dedi yigit.
— Qachon ko‘rgan edingiz?
— Oxun aka o‘lmaslaridan o‘n kuncha oldin.
— Qay vaqtda?
— Ertalab azonda.
— Nima qilishayotgan edi?