www.ziyouz.com kutubxonasi
51
Jahongir qamoqdan qutulib chiqishi bilan «E, quyosh!» deb hayqirishni umid qilgan
edi. Baxtiga qarshi uni tun qorong‘usida ozod etdilar. Hayqirig‘i ichida qolib, buni yomon
bir narsaga yo‘ydi. Sovuq o‘lkaga bitta vagonda yetib kelgan edi. Bu yerlarga kelish
oson, qaytish azob ekan. U poezddan bunisiga chiqaverib holdan toydi. Kaltabinlik qilib
peshonasiga yozdirgani o‘ziga jabr bo‘ldi. Bekatlarda ham, poezdda ham odamlar undan
hayiqib, moxovga duch kelganday o‘zlarini chetga olishardi. Qamoqda berilgan qattiq
non tugab qolayozdi hamki, issiq o‘lkaning issiq nafasi sezilmaydi. Kunduzlari tan biroz
rohat oladi. Ammo kechalari muz ustida yotgandek bo‘ladi.
Yurtda qahatchilik hukm surayotganini ham shu yo‘lda bildi. Ochlikdan shishib,
ko‘chada o‘lib yotganlarni ko‘rdi. Insof qilinsa murda ustiga qog‘ozmi, lattami
tashlangan, aksar murdalar ochiq, terib olib ko‘mishga odam, tobut yetishmas edi. Bu
mudhish manzaralarni ko‘rib, Jahongirning yuragiga «yurtimda ham shu ahvolmikin»,
degan g‘ulg‘ula tushdi. Bir kunga mo‘ljallangan nonni ikki kunga yetkazib, sillasi quridi.
Bir bekatda poezd hadeganda kelavermadi. Jahongir xaltachasini quchoqlab, devorga
suyanib o‘tirgan edi, ro‘baro‘sida orasta kiyingan, qo‘lida yangi charm portfel tutgan yigit
ko‘rindi.
— Assalomu alaykum, — dedi u.
Necha yil davomida unut bo‘layozgan bu so‘z quloqqa allaqanday ajabtovur eshitildi.
Jahongir «birinchi ko‘rgan o‘zbegimni quchoqlab olaman», deb xayol qilardi. Salomni
eshitdi-yu, hushi uchdi. Nima qilishni bilmay qoldi. Hatto alik olishni unutdi.
— Qarasam, hamshaharga o‘xshaysiz, qaerliksiz?
— Qirqbeldanman, — Jahongir shunday deb qo‘yib, «Qirqbel»ni bilarmikin bu, deb
o‘yladi.
— Uygami?
— Ha.
— Birga ketar ekanmiz. Men bu yerga davlat ishi bilan kelganman. Siz nima qilib
yuribsiz?
— Qamoqdan qaytyapman. — Jahongir shunday deb o‘rnidan turdi. Yigitning ko‘ziga
tikildi: ko‘zi o‘ynab turibdi.
— Ismim Burgut. Sizniki-chi?
— Jahongir. Siz davlat odami bo‘lsangiz, men o‘ziga to‘q dehqon bolasiman. Sizning
tilingizda unsurman, men bilan birga keta olarmikinsiz?
— Siz ham, men ham bu yerda musofirmiz. Gapni siyosatga burmang. Agar malol
kelmasa menga yordam qilib yuboring. Poezd hali-beri kelmas ekan. Ungacha bir joyga
boramizu qaytamiz.
Jahongir «Baribir, bekor o‘tiribman, borsam bora qolay», deb unga ergashdi. Burgut
shaharchani yaxshi bilarkanmi, aylanma ko‘chalardan tez-tez yurar, ochlikdan sillasi
qurigan Jahongir unga arang yetishib borardi.
Yura-yura uch qavatli binoga yetdilar. Burgut to‘xtab, yon-atrofiga alangladi-da,
chaqqonlik bilan o‘zini yo‘lakka urdi. Jahongir uning izidan uchinchi qavatga ko‘tarildi.
Burgut charm qoplangan eshikni taqillatdi. Zum o‘tmay eshik qiya ochilib, go‘shtdor
bashara ko‘rindi. Mehmon kim kelganini bilishga ulgurmay Burgut eshikni kuch bilan
itarib ochib ichkari kirdi. Past bo‘yli, tepakal mezbon dahlizda haykalday qotdi.
— O‘rtoq Tozidullin, omonmisiz, mana, iltimosingizni yerda qoldirmay keldik. Andak
kuttirib qo‘yganimiz uchun uzr. Badxatroq ekansiz, turar joyingizni topguncha picha vaqt
o‘tdi. Ko‘p emas, u, oygina qidirdik uyingizni. Hamshahrim qamoqdan chiqib kelayotgan
ekan, «Yur, dedim, qiyomatli oshnam bor, palovxonto‘rani damlab kutyapti», dedim.
Palov tayyormi, o‘rtoq Tozidullin, kiraveraylikmi?
Burgut shunday deb unga yaqinlashdi. Tozidullin degani bir qadam tislanib tilga kirdi: