www.ziyouz.com kutubxonasi
47
— Bu kishi ketgach, dadangizning kayfiyatlari buzilmaganmi?
Yo‘lchivoy o‘ylandi. U eslash uchun o‘yga tolmadi. Aksincha, dadasining sarosimasini,
onasiga bir gapni pichirlab aytganini, onasining hushidan ketayozganini aytish yo
aytmasligini bilmay o‘ylandi. Oxiri bir qarorga kelib, javob berdi:
— Yo‘q, buzilmagan.
— Siz yoki onangiz Olamgir Muhammadrizo o‘g‘lini bilirmidingiz?
Yo‘lchivoyning rangi o‘zgardi. Yuzi uchdi. Jahongirga xuddi yosh boladay javdirib
qarab qoldi. Solihov savoliga javob topganday bo‘ldi: bu katta bosh, bu o‘tkir ko‘z, turtib
turgan yanoq, qalin lab, to‘liq gavda ovoz... ha, ovoz ham Jahongirni eslatardi. Solihov
endi Jahongirga qaradi. Jahongir Salihovning kashfiyotini sezganday boshini egib oldi.
Solihov:
— Olamgir Muhammadrizo o‘g‘lini eshitganmisiz? — deb savolini qaytardi.
— Yo‘q... — dedi Yo‘lchivoy qat’iyatsizlik bilan.
— Dadangiz tug‘ma oqsoq edilarmi yo yaralanib, yo oyoqlari sinib oqsab qolganmilar?
— Dadam... tug‘ma ekanlar.
— Siz Qashqar yo‘lida tug‘ilganmisiz?
— Ha.
— Bolalaringiz-chi?
— Hammasi Qashqarda tug‘ilgan.
— Nechta bolangiz bor?
— Uch o‘g‘il, bir qiz.
— Ismlari nima?
— Kattasi Jahongir, ikkinchisi Zoyir... uchinchisi...
Uchinchisining ismi Jahongirning qulog‘iga kirmadi. Ko‘kragini birnima qisib kelib,
tomog‘ini g‘ippa bo‘g‘di, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Uzoq-uzoqlardan g‘alati tovushlar
eshitdi. So‘ng osmon bilan yer tutashgan joyda do‘mboq o‘g‘il bola ko‘rindi. Bolakay
yastanib yotgan poyonsiz lolazordan yugurib kelib, o‘zini uning quchog‘iga otdi...
7. O‘G‘RI Kapitan Ramziddin Ramazonov uchun Jahongirning birinchi qamoqdan keyingi hayoti qorong‘i. Chunki Jahongirning boshidan o‘tgan voqealar tergov hujjatlariga tirkalmaydi. Bu bobda ana shu voqealar qalamga olinadi. Jahongir lolazor oralab yugurib kelgan do‘mboqchani quchoqlaganini aniq eslaydi.
G‘alati tovushlar ham esida. Keyin-chi, keyin nima bo‘ldi? Ovozlar tindi. Lolazor olovga
aylandi. Yer yuzi lovullab yondi. Jahongirga nima uchundir alanga ta’sir etmadi. Faqat
tutundan bo‘g‘ildi. Og‘ir-og‘ir nafas oldi. Keyin kuragi achishdi — cho‘g‘ bosildi shekilli.
So‘ng hammasi tindi — boshqa narsani eslolmaydi. Qancha yotganini ham bilmaydi.
Uzoqdan eshitilgan ovozlar hushiga keltirdi. Ko‘zini ochay dedi-yu, qo‘rqdi: Yo‘lchivoyni
ko‘rishdan qo‘rqdi.
Yo‘lchivoyni dastlab ko‘rganida yuragi jiz etgan edi. Muhtaram o‘quvchining yodida
bo‘lsa, mayor Solihov Yo‘lchivoyning shakli-shamoyilida Jahongirga xos belgilarni sezgan
edi. Jahongir esa Siddiq oxun mahallaga osh bergan kuni xizmat qilib yurgan
Yo‘lchivoyga ko‘zi tushib, unda Xadichaning belgilarini ilg‘adi: uzun kipriklar, bejirim
burun, chap yuzida kulgich, tutashgan qoshlar... Ko‘rdi-yu, hatto osh oshalagan qo‘li
muallaq turib qoldi. Sherigi «Ha, olmaysizmi», demaganida qancha vaqt nest bo‘lib
o‘tirishini o‘zi ham bilmasdi.