www.ziyouz.com kutubxonasi
46
— Ayg‘oqchilaringiz aytishmadimi, to‘qib-chatishga usta-ku ular?
— Ular ayg‘oqchi bo‘lishganda, gapingizni qanday bo‘lmasin, eshitishardi. Ular o‘sha
mahallaning yigitlari. Sizni tanishar ekan.
— Bu dunyoda kim ko‘p — og‘ziga kuchi yetmagan odam ko‘p. Til besuyak,
benazorat, istagan paytdida tish hatlayveradi. Nachaynik, menga har gaplarni topib
kelavermang. Men aytganidan qaytmaydigan odamman. Muhlatingiz tugayapti, agar
ishni tezroq yumaloq-yostiq qilmasangiz holingizga maymunlar yig‘laydi. Keyin men
bilan bunaqa yumshoq muomala qilib o‘tirmaysiz. Do‘q-po‘pisaga o‘tasiz, so‘kasiz,
urasiz. O‘shanda men ham to‘nimni teskari kiyib olaman. «Men o‘ldirmaganman, qotil
uchinchi iz egasi», deb turib olaman. O‘shanda siz meni qattiqroq ura boshlaysiz,
qo‘llarimni qayirasiz, barmoqlarimga bolg‘a urasiz, burnimning uchiga papiros cho‘g‘ini
bosasiz, tirnoqlarim orasiga aigna sanchasiz... Men aytganidan tonmaydigan odamman,
baribir «o‘ldirmadim» deb turaveraman, ha, nachaynik, bu yog‘ini hisobga olmayapsiz.
Xo‘p, deb turganimdan foydalanib qoling.
— Sizga o‘xshagan bir dono muallim yetmay turuvdi. Menga kim aql o‘rgatarkin, deb
garang edim. Rahmat sizga. Qarangki, fe’limiz bir ekan: men ham aytganidan
qaytadigan odam emasman. Mayli, siz tonavering, sizni bexos sayratib yuboradigan
dalillar bor hali. Qirqbelliklar Olamgirni unutishmagan. Bu yoqda Sergey Komlev bor.
Boshini egib o‘tirgan Jahongir tergovchiga yalt etib qaradi: kechadan beri Sergeyni
eslayotgani bejiz emas ekan-da. Bular uning ham iziga tushishibdi-da?
— Unga tegmanglar, uning aloqasi yo‘q bu ishga.
— Sharipov — akangizmi?
Jahongir sonini ilon chaqqandek sapchib turib ketdi. Solihovga baqrayib qaradi. Tili
darrov gapga qovushmadi.
— Siz... gapni... unaqa aylantirmang, nachaynik... Men uni tanimayman. Akam yo‘q
mening, o‘lib ketgan u! Yigirma ikkinchi yilda! Dovonda qor bosib o‘lgan.
Solihov mo‘ljalni aniq olganiga ishonch hosil qildi.
— Yaxshi, — dedi u xotirjamlik bilan, — o‘zingizni bosing. Men gumonimni aytdim,
buncha asabiylashmasangiz?
Telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlab, navbatchi Yo‘lchivoy Sharipov kelganini ma’lum qildi.
— Yo‘lchivoy Sharipovmi, kiraversin, — dedi Solihov atayin ovozini ko‘tarib.
Yo‘lchivoyning nomini eshitib, Jahongirning sarosimasi ortdi.
— Nachaynik, bugun boshqa javob bermayman. Qamoqqa qaytaring, Xudo xayringizni
bersin, iloji bo‘lsa yolg‘iz xonaga qo‘ying.
— O‘ylab ko‘ramiz. Balki sizdan tilxat olib, chiqarib yuborarmiz.
— Nimaga? O‘ylab ish qiling, nachaynik!
— Qotilligingiz isbotlanmayapti, sizni uzoq ushlab tura olmaymiz. Hozir esa bir odam
bilan sizni yuzma-yuz qilaman.
— Kerak emas, men xohlamayman!
— Xohishingiz bizni qiziqtirmaydi. Anavi burchakka borib o‘tiring.
Xonaga ikki kishi kirib, Jahongirning yonidan joy olgach, ostonada Yo‘lchivoy ko‘rindi.
— Bu odamlarga yaxshilab qarang, birontasini taniysizmi? — dedi Solihov.
Yo‘lchivoy o‘tirganlarga bir qur nazar tashlab, Jahongirni ko‘rsatdi.
— Bu kishini bir-ikki marta ko‘rganman, biznikiga kelganlar.
— O‘zlari kelganmilar yo mehmonga chaqirganmisizlar?
— O‘zlari kelganlar. Otam rahmatli bilan darvozaxonada gaplashishgan. Ichkari
kirmaganlar.
— Oralaridan qattiq-quruq gap o‘tmaganmi?
— Fahmlamaganman.