www.ziyouz.com kutubxonasi
54
Poshsholik ham sendaqalarni yoqtiradi. Endi davr-davronlaring o‘tdi. Mening davr-
davronim esa o‘tmaydi. Sen esing bo‘lsa, mening davlatimga kir. Davlat ishlari seni xor
qilib qo‘ymaydi.
— O‘g‘rilikdan hazar qilaman.
— Uyingga yetib olguncha hazar qilmay tur. Sen menga yoqib qolding. O‘g‘il bola
ekansan. Faqat men bilan gap talashma. Sen gap bilarkansan, men ish bilaman. Ora
ochiqmi?
Albatta, ora ochiq edi. Osmonda quyosh bilan oy to‘qnash kelmagani kabi bu tasodifiy
hamrohlarning fe’li, dunyoqarashida yaqinlik bo‘lishi mumkin emas edi. Jahongir o‘ziga
to‘q oilada tug‘ilib o‘sdi. U uyida to‘plangan boylikni birovning haqi deb bilmas edi. Otasi
ham, bobosi ham bularni Ollohning ne’mati deb bilib, shukrona sifatida kambag‘allarni
siylab kelishgan. Boylik ham, kambag‘allik ham Tangrining bir sinovi, boy
manmanlikdan, kambag‘al o‘zgalar haqiga xiyonat qilishdan asralishi zarur — ularning
aqidalari shu edi. Ular birovning yeb turgan nonini tortib olishmagan, aksincha, yeb
turgan nonlaridan sindirib berishgan. Shunday oilada nazari to‘q bo‘lib o‘sgan odam
o‘g‘riga yon bosarmidi?
Burgut esa Tangrining sinovlariga bepisand qarovchi davrada unib-o‘sdi. Yetimlik
suvini barvaqt ichib qo‘ygan bu odamning aqidasi bitta edi — o‘zing yulib olmasang,
senga birov bermaydi. Ishlab, mehnat bilan topib yeyish haqidagi tushuncha unga
begona aniqroq aytilsa, aynan shu o‘g‘rilikni u mehnat deb biladi. Birovning haqi degan
tushunchani u o‘zicha talqin qiladi. Ya’ni: bu dunyo umumniki, ne’matlar ham umumniki.
Demak, hamma eplaganicha yulib oladi bu ne’matni.
Shunday ekan oraning ochiqligi tabiiy.
Ular kutgan poezd oqshomda keldi. Burgut Jahongirning xaltasidagi tugunchani ochib
tamaddi qilib oldi. Jahongir o‘zining qattiq noniga qanoat qildi. Burgut uni zo‘rlamadi.
Kechasi Jahongirning badanida og‘riq turdi. Jahongir avvaliga buni ochlikka yo‘ydi.
Tongga yaqin titray boshladi. Dastlab vagon uni tebratgan bo‘lsa, endi uning titrog‘idan
vagon chayqalayotganday edi. Jahongir isitma aralash alahsiradimi yo baqirib yubordimi
— bilmaydi. Peshonasiga tekkan muzdek kaftni sezib ko‘zini ochdi.
— Ahvol chatoq-ku? — dedi unga engashib qarab turgan Burgut.
Tong otdi, kun yoyildi. Vagon ichi dimiqdi. Jahongir nafas oololmay qoldi. Yaqin
o‘tirganlar uning titrog‘ini ko‘rib, o‘zlarini chetga olishdi.
— Bezgakka o‘xshaydi, — dedi birov.
— Yo‘q, terlama bu, — dedi boshqasi.
— Hammamizga yuqtirmasa edi. Balki vabodir?
— Vaboda titramaydi, vabomas. Lekin kasalining yomonligi aniq. Duch kelgan
yerlarda yotib yuradigan daydiga o‘xshaydi.
Shu singari gaplar vagon bo‘ylab tarqalib, vagon-og‘asi Burgutga yaqinlashdi:
— Birodar, keyingi bekatda tushib qolganinglar ma’qulmikin, uzoqqa borolmaysizlar.
Dori-darmon qilmasangiz bo‘lmas.
Burgutning vagondagi gaplardan xabari bor, odamlarning mehrsizligidan g‘azablanib
o‘tirgan edi. Vagonog‘asi dori-darmonni gapirmaganida uni urib yuborishga ham tayyor
edi. «Yo‘l uzoq, bu ahvolda o‘lib qoladi», deb o‘ylab, uning maslahatiga ko‘ndi.
Poezd to‘xtagach, vagonog‘asi yordamida bir amallab Jahongirni ko‘tarib tushib,
bekatdagi yakka daraxt ostiga yotqizdi. Jahongir ozg‘in bo‘lgani bilan suyagi yo‘g‘on edi
— ikkovlon qora terga botishdi.
Burgut arava topib kelguncha Jahongir majolsiz nigohini titrayotgan barglarga qadab
yotdi.