www.ziyouz.com kutubxonasi
52
— Keligiz, keligiz, plov tayyor, — dedi u duduqlanib.
— Qani, hamshahar, tortinmang, kiravering. O‘rtoq Tozidullin o‘zimizning odam.
— Gazidullin, — deb o‘zini tanishtirdi mezbon.
Jahongir ichkari kirdi. Xona bir oz betartib edi. Gazidullin yo kecha mehmon kutgan,
yo yeb-ichib yig‘ishtirishga erinib, idish-tovoqni to‘plab qo‘yavergan edi.
Burgut borib divanga o‘tirdi-da, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— Hamshahar, keling, o‘tiring, — dedi Jahongirga, so‘ng mezbonga qaradi: —
Tozidullin, kim aytadi sizni davlat odami deb, shu ham tirikchilikmi, odam turadimi bu
uyda yo molmi? Tez yig‘ishtiring. Keyin qorin g‘amini yeng. Vaqtimiz ziq, tez bo‘ling.
Mezbon gavdasiga yarashmagan holda chaqqon harakat qilib dumaloq stol ustini
birpasda tozaladi. So‘ng non, kolbasa, pishloq qo‘ydi.
— Kolbasang cho‘chqanikimasmi? — dedi Burgut.
— Astag‘firulloh, minda musulman-ku! Chushka yo‘q minda. Marhamat kiligiz,
pojaluysta.
— Ko‘rdingizmi, hamshahar, davlat odami juda odobli bo‘ladi-da.
Jahongir qorni och bo‘lsa-da, dasturxon ustidagilardan bir chimdim, bir chimdimgina
yedi. U Burgutning muomalasidan noxush bir nimaning isini sezib turardi. Bu
mehmondorchilik do‘stona uchrashuv samarasi emasligini allaqachon fahmlagan edi.
Burgut Jahongirning ziyrak zehni ko‘p narsani ilg‘aganini sezdi. Shu uchun kutilmaganda
mehmondorchilikka yakun yasadi. Enli sochiqqa non, kolbasa, pishloqni o‘rab Jahongirga
uzatdi:
— Hamshahar, olvoling, yo‘lda asqotadi. Har bekatda gullab turadigan restoranlar
yo‘q hozir. O‘rtoq, Tozidullinga davlat non-ovqat berib turadi.
Jahongir tugunchani istamaygina olib, xaltasiga soldi.
— Endi siz meni ko‘chada poylab turing. Biz o‘rtoq Tozidullin bilan davlat ishlarini
gaplashib olishimiz kerak.
Jahongir o‘rnidan turib xaltasini olayotganida nigohi Gazidullinning ko‘ziga tushdi. Bir
qop go‘shtday bo‘lib turgan bu odamning javdiragan ko‘zlarida hadik zohir edi. Gazidullin
dastlab Jahongirni yollangan jallod sifatida qabul qilib, o‘takasi yorilayozgan edi, endi
esa ko‘rinishi qo‘rqqulik, ammo fe’li mo‘min bo‘lgan bu odamning chiqib ketayotganidan,
Burgut bilan yolg‘iz qolayotganidan qo‘rqdi. Jahongir buni bir qarashda sezdi.
«Bu qotma olifta sizlab turib jonni oladigan toifadanga o‘xshaydi», deb o‘yladi
Jahongir, zinapoyadan tusha turib. U muyulishga o‘tib, devorga suyanganicha Burgutni
kuta boshladi. Gazidullinning derazasini o‘zicha chamalab topib, o‘sha yoqqa tikildi.
Nazarida deraza ochilib yo Burgut, yo mezbon uloqtirib tashlanadiganday edi. Bu
«davlat» odamlarida qanday «davlat ishi» borligini Jahongir ilg‘agan edi. Burgut
Gazidullinni uch oy qidirgan ekan, demak, orada jiddiy gap bor. Bu ikki «davlat odami»
o‘g‘rimi, bosqinchimi, qotilmi — Jahongir uchun shugina qorong‘i.
Burgut hayallamadi. Qo‘lidagi portfelini qappaytirib chiqib keldi. Jilmayib kelishidan
ma’lumki — ish pishgan.
— Davlat ishiday og‘ir yumush yo‘q dunyoda. Tushuntirish ishlarini olib bormasangiz
bo‘lmaydi, — dedi u Jahongirga yaqinlashib.
Jahongirning ko‘ngli noxushlikni sezib, derazaga qarab oldi — harakat sezilmadi.
— Uni... o‘ldirdingizmi? — dedi Jahongir Burgutga tik qarab. Burgut bunday savolni
kutmagan edi, Jahongirga taajjub bilan qaradi.
— Esingiz joyidami, hamshahar, men jallod emasman, davlat ishidagi odamman.
— Birodar, davlat ishidan latta hidi kelib turibdi.
— E, hamshaharim, go‘l odamga o‘xshaysiz. Qani, ketdik, bu yerda turmaylik, —
Burgut shunday deb Jahongirni qo‘ltiqladi. — Bizning ishdan latta hidi kelmaydi,