www.ziyouz.com kutubxonasi
55
«Umrim bargga o‘xshab ilinib qoldimi? — deb o‘ziga-o‘zi savol berdi. — Akam bilan
otishishga chiqqanimda bargning uzilishi qiyin bo‘lgan edi. Jonning uzilishi qiyinmi? Ha...
Zokirxo‘ja azoblanib jon bergandi. Zokirxo‘janing qismati mening peshonamda ham bor
ekan-da. Yo‘lda xor bo‘lib o‘lish uchun muzliklar ichida tirik qolgan ekanman-da. Qasos
haqdandir... demak, qasos mening qo‘lim bilan bo‘lmaydimi? Armon bilan ketamanmi?
Bir o‘g‘rining qo‘lida jon berib, go‘rga janozasiz, kafansiz kiramanmi?..
Jahongirning ko‘zidan yosh dumaladi. U o‘layotgani uchun g‘amda emasdi, armon
bilan o‘layotganidan afsusda edi.
Jahongir ko‘zini yumib-ochdi. Voajab, hozirgina daraxt barglari yam-yashil edi. Endi
sap-sariq tusga kiribdi. Ana, birin-sirin uzilmoqqa boshladi barglar. Yomg‘irday
yog‘ilyapti barglar. Birpasda shoxlar yalang‘och bo‘lib qoldi. Daraxtlar daraxt emas,
osmonga sanchib qo‘yilgan nayzalarga o‘xshaydi. Bag‘riga sonsiz-sanoqsiz nayza
sanchilgan osmon azobga qanday chidaydi? «Daraxt nimaga quridi? Qiyomat yaqinmi?
Machitlarda mol boqilayotgan bo‘lsa, qiyomat boshlangandir. Odamlar dupurlab
chopishyaptimi? Mahsharga shoshilishyaptimi? Men nima qilib yotibman? Qiyomat
boshlanibdi, yer silkinyapti. Ha, qiyomat bu. Hammayoq qon... qon...»
Isitma otashidagi Jahongirning ko‘zlari ochiq, lekin hech nimani ko‘rmas edi. U
aravaga olib yotqizishganini sezmadi. Aravaning silkinishini zilzila deb, qo‘sh ot dupurini
odam dupuri, deb xayol qilib fikran mahshar sari shoshilardi.
Musofir shahardagi shifoxonaga olib kelinganini, sakkiz kun deganda hushiga
kelganini, keyinroq hamxonalaridan bildi.
— Akangiz mehribon ekanlar, sakkiz kun parvona bo‘ldilar, — dedi hamxonasi, u
o‘ziga kelgach.
Jahongir «akam kim ekan?» deb ajablandi. Bozorga ketgan Burgut qaytgach, «akasi»
kim ekanini bildi.
«Men Tangrim o‘g‘rining qo‘li bilan yerga qo‘yadi, deb o‘ylasam, o‘g‘rining qo‘li bilan
jonimni qaytarib beribdi-ku? Uning qo‘lidan non olmagan edim, jon oldim... Olloh
jonimni beribdimi, demak, qasos ham mening qo‘lim bilan bo‘ladi...»
Jahongir «Meni deb shuncha yurdingizmi», demadi. Burgut esa «Seni tashlab ketishga
ko‘zim qiymadi», demadi. Burgut to yurtga yetib borguncha ham Jahongirning kasalidan
gap ochmadi.
So‘nggi bekatga yetib kelishgach, Burgut qo‘l uzatdi:
— O‘sha gap-gap: ora ochiq, omon bo‘l, hamshahar, — dedi kulimsirab.
— Sizni qaerlardan yo‘qlasam bo‘ladi?
— Qarzingni bermoqchimisan? Qo‘yatur, ko‘milgan tillalaring joyida tura tursin.
Muhtoj bo‘lsam seni o‘zim topaman. Sen meni butunlay unut, ora ochiqmi?
Shunday dediyu bekatda to‘zib yurgan odamlar orasida bir onda g‘oyib bo‘ldi.
Jahongir shundan so‘ng uni ko‘rmadi. Burgut «Muhtoj bo‘lsam seni o‘zim topaman»,
degan edi, topmadi. Jahongir buning shunchaki ko‘ngil uchun aytilgan gap ekanini
bilardi. Burgut muhtojlikka uchraganda ham kelmas edi. Chunki u g‘irrom bilan bir
qatorda minnatga ham toqat qilolmas edi. Jahongir keyinchalik o‘g‘rilarni ko‘p ko‘rdi,
ammo Burgutga o‘xshaganini uchratmadi.
Burgut unut, degani bilan Jahongir uni unuta olmadi. Uni ko‘p esladi. Bugun
shifoxonada ko‘z ochgani sabab bo‘ldimi yo Shoqolning gaplarimi, harholda Burgutni
yana yodladi.
Jahongir o‘shanda Burgut bilan xayrlashgach, shaharning qaerida tunashini bilmay
garangsidi. Bu shaharda quchoq ochib kutib oladigan yaqini yo‘q. Mehmonxonalarning
unga joy bermasligi tayin. O‘ylab-o‘ylab bir paytlar tahsil olgan madrasasiga borishni
xayol qildi.