Y- aylanma vositalarning o‘ziga xos jihatlari Qishloq xo‘jaligi fondlari tarkibida aylanma fondlar ham muhim ahamiyatga ega. Aylanma fondlar – mahsulot ishlab chiqarish, xizmatlarni bajarish jarayonida bir marta qatnashib, qiymatini shu mahsulotlarga to‘liq o‘tkazib, o‘z shaklini ham o‘zgartiradigan vositalardir. Ularga urug‘liklar, yoqilg‘i, yog‘lovchi materiallar, mineral o‘g‘it, kimyoviy vositalar, chorva ozuqasi, arzon narxli tez to‘zuvchi materiallar, joriy va valyuta hisob raqamlaridagi, kassadagi mablag‘lar va boshqa shu kabilar kiradi. Aylanma fondlar ishlab chiqarish va realizatsiya jarayonining uzluksiz amalga oshishini ta’minlab turadi. Aylanma fondlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayonida bir marotaba qatnashib, o‘z shaklini o‘zgartiradi. Masalan, ekilgan urug‘ o‘simlikka, mineral o‘g‘itlar esa oziqa moddalarga aylanadi, yonilg‘idan foydalanish natijasida mashina-traktorlar ish bajaradi va hokazo.
Qishloq хo‘jaligida aylanma fondlar iqtisodiyot boshqa tarmoqlaridagi aylanma fondlardan farq qilib, quyidagi o‘ziga хos хususiyatlarga ega:
a) ishlab chiqarish siklining uzoq davom etishi munosabati bilan aylanma fondlar aylanishining sekinligi.
Aylanma fondlarni tashkil etishda uning bu xususiyatini inobatga olish lozim;
b) mehnat predmeti хarajatlarining notekisligi va qishloq хo‘jaligi ishlab chiqarishining mavsumiyligi sababli yilning turli davrlarida aylanma fondlar sarfi tarkibining keskin o‘zgarib turishi. Qishda aylanma fondlar sarfi tarkibida yemxashakning salmog‘i yuqori bo‘lsa, bahorda urug‘lik, yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘g‘it, ehtiyot qism va boshqalarning sarfi keskin ortadi;
d) aylanma fondlarning bir qismi ichki хo‘jalik ehtiyoji uchun foydalaniladi. Qishloq хo‘jalik mahsulotlarining bir qismi sotilmaydi, balki natural shaklida (urug‘lik, yem-хashak va hokazo) qaytadan ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladi;
e) xo‘jalik yuritishning turli-tuman shakllari sharoitida aylanma fondlarni moliyalashtirish manbalarining turlicha bo‘lishi. Aylanma fondlar ishlab chiqarish jarayonida bajaradigan vazifalarini e’tiborga olgan holda uch guruhga ajratiladi: ishlab chiqarish zahiralari, tugallanmagan ishlab chiqarish xarajatlari va muomaladagi mablag‘lar.