1-programma: Toshkent vaqti bilan soat 830 – 900davomida, Qobul vaqti bilan 6 – 630, Anqara (Turkiya) vaqti bilan 430 – 500 soatlarda. Eshittirish 20-30, 40-41,50 metr atrofidagi qisqa to’lqinlarda olib boriladi.
2-programma: Toshkent vaqti bilan soat 2150 - 2240 davomida, Qobul vaqti bilan 2010 – 2100, Anqara vaqti bilan 1650 – 1740 gacha, 40-41,50 metr atrofidagi qisqa to’lqinlarda.
3-programma: Toshkent vaqti bilan soat 2340 – 2430, Qobul vaqti bilan 2200 – 2300, Anqara vaqti bilan 1930 - 2030, 20, 30, 50 metr atrofidagi atrofidagi qisqa to’lqinlarda eshitish mumkin bo’ldi.
“Vatandosh” radiostanstiyasi eshittirishlari o’nlab, rubrika va ruknlarda uyushtirilmoqda va vaqt-vaqti bilan mamlakatimiz va xalqaro hayotdagi tarixiy sanalar munosabati bilan yillik rubrikalarga asos solinadi. Hozirgi kunda “Dilkashlar gurungi”, “Do’st bilan obod uying”, “Sanalar va voqealar”, “Sovet sharqi musulmonlari hayotidan”, “Vatan mehri, yodi”, “Vatandosh radiostanstiyasi sizga javob beradi”, “Faqat ayollar uchun”, “Gazeta va jurnallarni varaqlaganda”, “Hayot ziynati”, “Hamma uchun yagona zamin”, “Har xil fikrlar ummonida”, “Jamiyat va inson”, “Ilhom lahzalari”, “Muloqot”, “Bo’ston”, “Ona tilim – jonu dilim”, “Inson uchun, tinchlik uchun” kabi ko’pgina eshittirishlarning roli oshdi. Adabiy-badiiy eshittirishlar yo’nalishida o’zbek klassik sovet adiblarining yubileylari haqidagi xabar va ma’ruzalar beriladi, o’zbek klassik adabiyotida, san’at va hozirgi zamondagi o’zbek madaniyati yutuqlari va ilmiy-nazariy tadqiqot yangiliklari haqida gapiriladi. Hozirgi zamon o’zbek (sovet) adabiyoti ijodkorlari bilan suhbat, asarlardan, sh’rlardan namunalar eshittiriladi. O’zbek tili va uni o’rganishga bag’ishlangan ko’rsatuv, eshittirishlar uyushtiriladi.
1987 yildan boshlab ijtimoiy siyosiy yo’nalishda har bir o’zbek vatandosh bilan uyushtirilgan muloqotlar, partiya va davlat rahbarlari bilan u yoki bu sohadagi suhbatlar, hozirgi davrdagi jumhuriyat bila bog’liq ekologik, sostial, madaniy, iqtisodiy muammolarni aks ettiruvchi eshittirishlar, xorijga sayohat qilib qaytgan o’zbek vatandoshlar bilan uchrashgan o’zbekistonlik jamoatchilik vakillari bilan suhbat asosida tuzilgan xotira va materiallar, hamda radiojurnal, radiokompozistiyalar (ko’proq o’zbek vatandosh ayollarga, yoshlarga va bolalarga hamda bayramlarga mo’ljallangan) uyushtiriladi. Xorijdagi o’zbek vatandoshlar bilan o’zaro aloqalarni mustahkamlashda “Oydin” gazetasining ahamiyati kattadir. 60-yillarning 2-yarmida xorijdagi o’zbek vatandoshlarni jumhuriyatimizdagi iqtisodiy, madaniy o’zgarishlar bilan tanishtirishb turuvchi maxsus gazetaga ehtiyoj kuchaydi. Chunki xorijdan kelayotgan maktublar, iltimosnoma va takliflarni faqatgina Do’stlik jamiyati hamda “Vatandosh” radiostanstiyasi faoliyati bilan uddalash oson emasdi.
Xorijdagi o’zbek vatandoshlar uchun maxsus chiqarilishiga mo’ljallanadigan gazeta va u bilan bog’liq ishlar juda katta tabiiy murakkabliklarni vujudga keltirgan edi. Eng avvalo O’rta Osiyodan xorijga borib qolgan o’zbek vatandoshlar asosan arab va lotin alfavitida – eski o’zbek tilida mutolaa qilar edilar. Bizda 2-jahon urushidan oldingi davrlarda ketma-ket arab alfavitidan lotin alfavitiga, undan esa rus alfavitiga o’tish bilan bog’liq reformalar xorijdagi o’zbeklar bilan O’zbekiston o’zbeklarini bir-biridan ma’lum ma’noda uzoqlashuviga sabab bo’lgan edi. 1991 yil bahorida jumhuriyatimizda mehmon bo’lgan Afg’oniston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi Asadullo Habib: “Sizlarning alifboingiz xorijdagi millatdoshlaringiz bilan muloqotni ancha qiyinlashtirib yubordi. Nazarimda ikki tomonlama zarar etkazdi. Birinchidan o’zbeklarni o’z o’tmishidagi madaniy merosidan ajratib qo’ydi. Ikkinchidan o’zbeklarni boshqa o’zbeklardan (xorijlik o’zbeklardan) ajratib qo’ydi”, - degan edi. Alfavitlar almashuvi o’zbekistonlik o’zbeklarni xorijdagi qon-qarindoshlar bilan o’zaro hamkorligiga to’sqinligi “Oydin” gazetasi vujudga kelishida yana kuchliroq sezildi. Mamlakatimiz respublikamizda (RSFSR Ukraina SSR, Belorusiya SSR) tub joy va xorijdagi vatandoshlar alfavitida bir xil edi. Bu esa gazeta, jurnallar chiqarish, tashviqot xarakteridagi materiallar chiqarish uchun imkoniyatlarni osonlashtirar edi. Bizda hozirgi va eski o’zbek adabiy tilini arab alfaviti orqali egallay bilgan, gazeta talablariga javob bera oladigan tajribali jurnalistlar deyarli yo’q edi. Shunga qaramay 1968 yil 13 iyun “Do’stlik” jamiyati maxsus yig’ilishida gazetaning birinchi nomerini ushbu yil kuzga qadar nashr qilish vazifasi qo’yildi. O’sha payt ushbu xayrli ishga rahbarlik qilganlardan biri: “Bizda arab alfavitini biladigan va bu alfavitda yaxshi fikr yozadiganlar bor, lekin ular maqolalarni tahrir qilishni, kerakli o’rinlarni qayta tuzatishni bilmaydilar. Ikkinchidan biz reforma qilingan yangi arab alfavitida emas, balki bobokalonlarimiz A.Navoiy, Muqimiy, Furqatlar yozgan harflarda, eski o’zbek tilida materiallar tayyorlashimiz kerak. Gazeta arab va o’zbek tillarida bir oyda 2 marta chiqishi kerak. Uning 2 beti lotin harfida bo’lishi rejalashtirilgan. Lotin alfavitidagi harflarni terish kerak. Eski alfavit uchun yangi lotin alfavitida bo’lmagan “x”, “g”, “d”, “j” harflarini terishga to’g’ri keladi. Bu harflarni metalldan yasash o’z kuchimiz bilan amalga oshirildi. Biz gazeta nomini uzoq o’yladik va faqatgina bir oydan keyingina u “Oydin” nomini oldi”, - degan edi.
Yuqorida qayd qilingan qiyinchiliklarga qaramay “Oydin” gazetasining birinchi nomeri 1968 yil yoz faslida nashrdan chiqdi. Gazetaning birinchi nomeri 850 nusxada xorijdagi o’zbek vatandoshlarga tarqatildi. Gazeta “Ona yurting omon bo’lsa, rangi-ro’ying somon bo’lmas” shiori ostida oyida bir marta, arab alfavitida o’zbek tilida chiqa boshladi. Gazeta nashrdan chiqqandan so’ng uning ilk nomeri o’zbek vatandoshlar yashayotgan mamlakatlardagi sovet elchixonalari adresiga yuborildi. Jumladan, SSSR ning Afg’onistondagi elchisi o’rtoq K.I.Aleksandrovga: Do’stlik jamiyati huzuridagi “Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqa bog’lash sho’’basi” arab alfavitida, o’zbek tilida “Oydin” gazetasi nashr qila boshladi... Ushbu gazetaning nishona nomeridan 200 nusxa sizga yuboryapmiz. “Oydin” gazetasini “Afg’onistonda yashayotgan o’zbek va O’rta Osiyo jumhuriyatlaridan borib qolgan o’zbek vatandoshlarga tarqatishda hamkorlik qilishingizni iltimos qilib so’raymiz”, deyilgan edi Afg’onistonda gazeta nusxalari bilan yuborilgan maktubda. “Oydin” gazetasining soni Turkiya (150 nusxa), Olmoniya (150 nusxa), Suriya (50 nusxa), AQSh (50 nusxa), Misr Arab jumhuriyati (30 nusxa), Iordaniya (25 nusxa), Hindiston va Pokiston (25 nusxa), Livan (20 nusxa) kabi mamlakatlardagi elchixonalarda maxsus maktublar bilan yuborilgan edi. Gazeta o’zbek vatandoshlar tomonidan yaxshi kutib olindi va o’qila boshlandi. “Oydin” gazetasi yordamidagi e’lonlar natijasida xorijdagi o’zbek vatandoshlar o’z qarindoshlarini izlab topa boshladilar. Yildan-yilga “Oydin” gazetasining xorijga yuborilishi ko’paydi. “Oydin” gazetasi xorijdagi vatandoshlar agar 1968 yil oyiga 850 nusxadan olib turgan bo’lsalar, 1969 yilda 1300 nusxadan, 1970 yilda 1500 nusxadan oldilar. 1971 yil davomida esa 14,600 nusxa “Oydin” gazetasini xorijdagi o’z o’quvchilariga yuborilgan.
“Oydin” gazetasini nashr qilish, uni xorijdagi o’zbeklarga etkazib turish kabi mas’uliyatli vazifalarni gazetada dastavval muharrirlik qilgan R.Ibrohimov va A.Juvonmardiev (O’z FA si katta adabiy xodimi) kabilarning xizmatlari katta bo’ldi. “Oydin” gazetasi xorijdagi o’zbeklarga faqatgina xorijdagi elchixonalar orqaligina emas, balki xorijdagi o’zbek vatandosh orqali chet ellarga savdo-sotiq maqsadida suzuvchi O’zbekiston nomi bilan bog’liq teploxod va kemalar orqali, (bunday teploxod va poroxodlar 20 ga yaqin) O’zbekistonga mehmon bo’lgan xorijlik mehmonlar vositachiligida ham o’z o’quvchilariga etkazildi. 70-yillarda teploxodlar Yaqin va O’rta Sharqdagi, Janubiy-Sharqiy Osiyodagi Aleksandriya, Jazoir, Karachi, Tripoli, Chittagon, Bombey, Madras, Kalkutta, Avkaz, Bushir, Xodeyda, Istambul, Adana, Izmir kabi yuzlab portlarda bo’lganlarida o’zbek vatandoshlar teploxodlardagi O’zbekiston bilan bog’liq ko’rgazmalarni tomosha qilganlar, badiiy adabiyot namunalarini olib, “Oydin” gazetasining yaqin nomerlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo’lganlar. Yildan-yilga “Oydin” gazetasining mazmuni va yangi rukn va rubrikalar bilan boyidi. U “Oydin ko’zgusi”, “Chet elliklar O’zbekiston haqida”, “Otalar so’zi – aqlning ko’zi”, “Donolar bisotidan”, “O’zbek taomlari”, “So’z mulkiga sayohat”, “Vatan madhi”, “Vatandosh taassurotlari”, “Qishloqlarimiz gulbog’larimiz”, “Qon-qarindoshlarini qidiradilar”, “Merosimizni o’rganamiz” rubrikalari ostida chiqib turdi. “Oydin” gazetasining “Oydin kutubxonasi” rubrikasida o’zbek klassik va o’zbek sovet adabiyoti namoyondalaridan o’nlab kishilarning asarlaridan namunalar doimiy e’lon qilib borildi.
Gazetaning chet eldagi o’quvchilari bilan birga doimiy muxbirlarining soni ham ko’paydi. “Oydin” gazetasi xorijda o’zbek, arab va turkiy tillarda nashr qilinadigan gazeta hamda jurnallar ularning xodimlari bilan ijodiy aloqalar o’rnatdi. Ayniqsa, Afg’onistonda savr inqilobidan 21 kun keyin chiqa boshlagan Afg’oniston o’zbeklarining Yulduz Afg’onistondagi turkman tilida nashr qilinadigan “Kurash” (“Gurash”) gazetasi hamda gazeta va jurnallardan “Al Baas”, “Al-Furson”, “Haqiqati inqilobi saur” (Suriya va Afg’onistondagi matbuot organlari) kabilar bilan ijodiy aloqalar o’rnatildi, o’zaro materiallar almashildi. “Oydin” gazetasi muxbirlarining maqolalari ushbu organlarda e’lon qilingan.
“Oydin” gazetasi tariximizning 70-yillar davomida doimo samarali ish olib borolmadi. O’n yillar davomida umumlashtiruvchi xarakterga ega bo’lgan, O’zbekistonda mavjud bo’lgan muammolar haqida fikr yurituvchi maqolalar uning sahifalarida deyarli e’lon qilinadi. Gazeta “Vatan” jamiyati uning viloyat bo’limlari faoliyati haqida xorijdagi o’zbek vatandoshlarga kengroq ma’lumot berishga etarlicha o’rin ajratmadi. “Oydin” gazetasi uzoq vaqt yosh o’zbek vatandoshlar bilan ishlash masalasini eng oldingi vazifalar qatoriga qo’ya olmadi. 1979 yil 6 martda “Vatan” jamiyati o’z qarorida: “Oydin” o’z maqolalarida yoshlar temasiga etarlicha ahamiyat bermayapti. Gazetada maktab yoshigacha bo’lgan bolalar va o’smirlar uchun maxsus rubrika ochish kerak, - deb qayd qilingan edi. Bundan tashqari gazetada xorijdan O’zbekistonda ta’lim olayotgan o’zbek vatandoshlar, hamda chet ellik talabalar, aspirant, ilmiy xodimlar bilan bo’lgan suhbatlar, rang-barang maqolalar juda oz miqdorda e’lon qildi. “Oydin” gazetasi o’zbek milliy an’analarini targ’ib qiluvchi minbarga aylanishi kerak edi. Lekin sho’ro mafkurasi bunga yo’l bermadi. Xorijdagi o’zbeklarni ota-bobolari yurti O’zbekiston bilan hamisha tanishtirib, bog’lab turuvchi “Oydin” gazetasining nashri keyinchalik 6650 nusxaga etdi, yoki (gazeta arab alfavitida 6 ming, lotin alfavitida 650 nusxa) har oyda o’zbek tilida muntazam 1992 yilgacha chiqarilib turildi. “Oydin” gazetasini doimo o’qib boruvchi o’zbek vatandoshlar uning muharririyatiga minnatdorchilik maktublari yo’llab turadilar. Daniyadan vatandoshimiz: Ishoq Daniz: “Daniya mamlakatida biz o’zbek turklari ellik oila yashab, ishlab kelamiz. Turkmanistonlik hunarmandlarning (san’atkorlarning) Kopengagen shahrida konstert berganligi bizda juda katta taassurot qoldirdi. Sizlar jo’natgan “Oydin” jaridasini olib ko’p quvondik. Gazeta juda mazmunga boy maqolalarga ega”, - deb yozadi. Bu singari ma’lumotlarni ko’plab keltirish mumkin. Xullas, Sho’ro davrida hamkorlik cheklangan, o’zaro ishonchsizlik ruhida kechdi. Faqatgina istiqlol tufayli – o’zbek vatandoshlar bilan hamkorlik istiqbollari ochildi.