TILLARNING O‘ZARO TA’SIRI VA RIVOJLANISH QONUNIYATLARI
Ibtidoiy jamoada kishilar urug‘ bo‘lib yashaganlar. Bir nechta urug‘lar qabilani tashkil qilgan. Bu uyushmalarning o‘z tili bo‘lgan. Qabilalar ko‘payib, tarqala boshlaydi. Uzoqroq hududdagi qarindosh qabilalar bir tilning turli shevalarida so‘zlashuvchi qabilalar uyushmasiga birlashadi. Qabila ittifoqlarining umumiy tili bo‘ladi, ayrim qabila tillari qabila tiliga nisbatan sheva holatini egallaydi.
Qabilalar ittifoqi xalqni tashkil qiladi. Xalqning asosiy belgilaridan biri milliy tilning bo‘lishidir. Shevalar, milliy tillar urug‘chilik davridan boshlab ko‘payib boradi.
Shevalardagi farq ortib borib, yangi til paydo bo‘ladi. Son o‘zgarishi sifat o‘zgarishiga olib keladi. Vaqt o‘tgan sayin, masofa kengaya borib, yangi tillar paydo bo‘ladi. Bu differensatsiya va integratsiya (farqlanish va mujassamlashuv) hodisasidir. Shevalarning ko‘payishi va yangi tillarning paydo bo‘lishi tilshunoslikda farqlanish (differensatsiya) deyiladi, ya’ni tillarning shevalarga ajralishi.
Til butun bir xalqqa xizmat qiladi, sheva esa xalqning bir guruhigagina taalluqli. Til ko‘p funksiyalidir, hamma uchun umumiy aloqa vositasidir, ya’ni invariant vositadir. Millatning asosiy belgilari umumiy hudud, umumiy til, umumiy madaniyat birliklaridir. Shu belgilarni o‘zida mujassamlashtirgan uyushma millat deyiladi. Bu uyushmaning tili milliy til deyiladi.
Milliy tilning xalq tilidan farqi unda adabiy yozuv shaklining mavjudligidir. Har bir millatning madaniy merosi ana shu tilda o‘z aksini topadi. Tilning rivojlanish tarixi jamiyat tarixi bilan uzviy bog‘liqdir. Til taraqqiyotida qo‘shni xalqlar o‘rtasidagi turli munosabatlar, savdo–sotiq va madaniy aloqalar, urushlar o‘z ta’sirini qoldiradi. Bu ba’zi tillarga ko‘proq, ba’zilariga kamroq ta’sir etadi. Dunyoda sof tilning o‘zi yo‘q. Masalan, ingliz tili lug‘at boyligining 30 foizi sof ingliz so‘zlari bo‘lib, qolganlari roman va sharq tillaridan o‘zlashgan.
Tillarning chatishuvida substrat (tag qatlam)1 va superstrat (ustki qatlam)2 hodisalari haqida gapirish mumkin. Substrat va superstrat tushunchalari mag‘lub tilning g‘olib tildagi elementlariga nisbatat qo‘llanadi. Bir tildan ikkinchi tilga so‘zlarning o‘zlashtirilishi substratga kirmaydi. Substratda g‘olib til mag‘lub tilni siqib chiqaradi va bunda mag‘lub til g‘olib tilga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Superstratda kelgindilar tili mahalliy tilga sezilarli ta’sir o‘tkazadi, lekin uni siqib chiqara olmaydi.
Tilda inqilob bo‘lmaydi. Tildagi o‘zgarishlar asta-sekin evolyutsion yo‘l bilan amalga oshadi. Til taraqqiyotida turg‘unlik bo‘lmaydi. U doim rivojlanadi.
Har qanday til o‘z tarixiy taraqqiyoti davomida lug‘at tarkibini ichki va nashqi manbalar hisobiga boyitib, rivojlantirib boradi. Til taraqqiyotining bu umumiy qonuniyati o‘zbek tili uchun ham taalluqlidir. O‘zbek tili lug‘at tarkibining boyishida ichki manbalar muhim manbalarlardan hisoblansa-da, dunyodagi hech bir til faqat o‘z ichki manbalarlarigagina tayanib ish ko‘rmaganidek, o‘zbek tili uchun ham faqat o‘z so‘zlari, o‘z qatlam boyligi va imkoniyatlarigina kifoya qilmaydi. O‘zbek tili lug‘at sostavining boyishi va takomillashuvida tashqi manba (resurs) muhim rol o‘ynaydi. Umuman, dunyoda hech bir til boshqa tillardan mutloq ajralgan holda rivojlana olmaydi. Shu sababli, har qanday tilning lug‘at tarkibida shu til bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan boshqa tillarning elementlari mavjud bo‘ladi. Xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar negizida tillararo so‘z almashtirish yoki o‘zaro so‘z o‘zlashtirish hodisasi sodir bo‘ladi. Chunki xalqlar o‘rtasida sodir bo‘lgan o‘zaro munosabatlar natijasida o‘zlashgan moddiy ashyolar va ma’naviy-ma’rifiy tushunchalar bilan birga, o‘z navbatida, ularni ifodalovchi leksemalar ham o‘zlashadi.
Dunyoning ko‘pgina tilshunoslari tillarning o‘zaro aloqasi xususida talaygina ilmiy izlanishlar olib borishgan. Olib borilgan tadqiqotlarning ko‘pchiligida bu masalaga ijtimoiy-tarixiy hamda psixologik nuqtai nazardan yondoshilgan, ya’ni muayyan bir til tarixini o‘rganish orqali mazkur tilning o‘z taraqqiyoti davomida tarixning u yoki bu davrida boshqa tillar ta’siriga tushishi va buning natijasida tillar o‘rtasida o‘zaro so‘z almashish hodisasi kuzatilgan. Tabiiyki, tillar o‘rtasida o‘zaro so‘z almashish aloqasining miqdoriy natijalari turli tillarda turlicha bo‘ladi. Jahon tillari orasida hech qachon va hech qayerda boshqa tillar ta’siriga tushmagan yoki o‘z lug‘at boyliklaridan boshqa tillarga bermagan til topilmasa kerak. Shuningdek, hech bir tirik til boshqa bir til bilan o‘zaro aloqaga kirishmaslik kafolatini bera olmaydi. Ayniqsa, o‘zaro aloqada bo‘lgan xalqlarning tillari bir-birlariga ta’sir etishi, bir-birini boyitishi uchun xizmat qilishi, bunday o‘zaro ta’sirning leksikada samarali bo‘lishi ma’lum fakt. Xalqlarning o‘zaro aloqalari, tillarning bir-biriga ta’siri turli davrlarda, turli sharoitlarda o‘ziga xos ko‘rinishda bo‘ladi. Bunday o‘zaro ta’sir ayrim davrlarda kuchsiz darajada bo‘lsa, boshqa bir davrda sezilarli va samarali tarzda bo‘ladi. Shu bilan birga, bunday o‘zaro ta’sir ba’zi vaqtlarda stixiyali tarzda bo‘lsa, ayrim davrlarda uni ma’lum qonun-qoidalar asosida yo‘lga solish, unga insonning faol aralashuvi talab etiladi.
Darhaqiqat, turli tarixiy davrlarda azaliy o‘zbek tili ko‘plab boshqa tillar bilan o‘zaro aloqada bo‘ldi. Shu bois, o‘zbek adabiy tilining lug‘at tarkibida qadimgi uyg‘ur, so‘g‘d, xitoy, arab, mo‘g‘ul, fors-tojik kabi ko‘plab tillarning elementlari mavjuddir. Bu tillar o‘zbek tili lug‘at tarkibiga turli davrlarda, turli darajada, turli yo‘llar bilan ta’sir etgan. Shunga ko‘ra, o‘zbek tiliga o‘tgan so‘zlarning soni ham turli miqdordadir. Ayni shunday holatni o‘zbek tilining barcha terminologik sistemalarida ham to‘liq kuzatish mumkin.
Quyida o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan va u bilan muomalada bo‘lgan tillar mavzusini o‘zbek kitobatchilik terminologiyasi timsolida berishga harakat qildik.
Ta’kidlash lozimki, ba’zi turkiy tillarda bo‘lganidek, o‘zbek kitobatchilik terminologiyasi shakllanishining dastlabki bosqichlarida (XI-XII asrdan XX asr boshlariga qadar) o‘zbek adabiy tilining lug‘at boyligidan ayni sohaga oid terminlar yaratishda asosiy manba o‘laroq yetarli darajada foydalanilmagan. Bu yo‘nalishda asosiy ustunlikka, birinchi navbatda, arab tili, keyin esa, fors-tojik tili ega bo‘lgan. Shu bois, o‘zbek kitobatchilik terminologiyasining shakllanishida arab hamda fors-tojik tillarining o‘rni katta bo‘lgan.
Dostları ilə paylaş: |