Issiqxonalar yo'nalishida yangicha tashabbus Kompaniya aholini ish bilan ta'minlash, kam ta'minlangan oilalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida yana bir yangi “Issiqxonali uylar” qurish loyihasi ustida ishlamoqda. Unga ko'ra, 20 sotix maydonning 11 sotixida innovatsion issiqxona, 9 sotixida turarjoy qurilib, korxonada faoliyat yuritayotgan xamda ushbu soxada tajribaga ega bo'lgan yosh oilalarga berish, keyinchalik bu amaliyotni Buxoro viloyatining tumanlarida xam amalga oshirib, muhtoj oilalarni ish bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Yagona sharti, oila shu erda yashab, issiqxonada mehnat qilib, talab etilgan mahsulotarni kompaniyaga etishtirib beradi. Korxona kerakli ko'chat, mineral ozuqalarning barini o'zi yetkazib beradi, tayyor mahsulotni ham o'zi oladi. Oila faqat ishchi sifatida mehnat qiladi. Buning uchun ularga doimiy oylik maoshi to'lanadi. 10 yildan so'ng oilaning uzoq yillik mehnati evaziga uy ham, issiqxona ham ularga shaxsiy mulk sifatida rasmiylashtirib berilishi ko'zda tutilmoqda.
— Mazkur loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad korxonaning doimiy ishchilariga ega bo'lishi orqali, jahon standartlariga mos sifatli hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, kompaniya faoliyatini kengaytirish barobarida yosh oilalar va kam ta'minlangan oilalarga munosib ish sharoiti yaratib, doimiy daromad manbai bilan ta'minlashdan iborat, — dedi Beshim Hamroyev. — Bunda odamlarning ish jarayonini bilmasligi muammo bo'lmaydi. Ular uchun Gollandiyadan taklif etilgan tajribali agronomlar tomonidan maxsus o'quv kurslari o'tiladi. Keyinchalik ham ular oilaga yo'l-yo'riq ko'rsatib, issikxona ishlarini tashkil etishda ko'maklashib boradi.
Hozircha O'zbekistonda, balki O'rta Osiyoda ham yagona bo'lgan bunday loyihaning ilk namunasi ustida ishlar olib borilyapti. Viloyatda ana shunday uyning birinchisi qurib bitkazilgan. Unda mustaqil ishlay oladigan oila tayyorlanib, keyin ularga topshiriladi.
Yaqin yillarda Buxoro viloyatida bosqichma-bosqich 400 ta ana shunday “issiqxonali uylar”ni qurib, odamlarga berish rejalashtirilgan. Ushbu xayrli tashabbus hududda aholini ish bilan ta'minlash, turli xildagi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, issiqxonalar sohasida mutaxassislar tayyorlashda yangicha yondashuv, ilg'or tajriba bo'lishi shubhasiz.
Xulosa: Aholi soni tobora oʻsib borishi oziq-ovqatga boʻlgan talabni ham oshiraveradi. Bu tabiiy hol, albatta. Tahlillarga koʻra, bugungi kunda dunyoda 14,3 foiz aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondirilmayapti, 12 foizi surunkali ravishda ochlikdan aziyat chekadi va buning 827 millioni rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Oʻzbekistonda oziq-ovqat taqchilligi hozircha xavf tugʻdirmayapti. Lekin aholi soni yiliga yarim milliondan koʻpayib borayotgan ekan, bu masala mamlakatimiz uchun ham dolzarb boʻlib qolaveradi. Chunki nufus ortsa, ekin maydonlari ham kengayadi, degani emas.
Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Qanday choralarni koʻrish lozim? Yagona yoʻl oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning yuqori samarali usullaridan foydalanishdir. Bunga amalda qishloq xoʻjaligini diversifikatsiyalash hamda modernizatsiyalash hisobiga erishiladi.
Toʻgʻri, bu borada yurtimizda keng koʻlamli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilinmoqda. Biroq sohani tubdan isloh etish katta miqdordagi mablagʻni talab qiladi. Tabiiyki, ushbu jarayonda xorijiy tashkilotlar, jamgʻarmalar va moliya institutlari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatish muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbarining “Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazkur yoʻnalishdagi ishlarga jiddiy turtki beradi. Yaʼni qamrovi va hajmi jihatidan oʻta yirik hisoblangan muhim loyiha roʻyobga chiqariladi.
Loyihaning umumiy qiymati 84,8 million AQSH dollariga teng boʻlib, mahalliy byudjet, kredit liniyalari va grant mablagʻlari hisobidan qoplanishi koʻzda tutilgan. 2018 — 2023 yillarda roʻyobga chiqariladigan ushbu loyiha Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida yoʻlga qoʻyiladi.
— Mazkur yoʻnalishda shu paytga qadar katta miqdorda mablagʻ ajratilmagan edi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi Bahodir Rahmatullayev. — Qolaversa, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlari bejiz tanlanmadi. Chunki vodiyliklar azal-azaldan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash boʻyicha katta tajribaga ega. Bugun loyiha ushbu hududlarda sinov tariqasida start olayotgan boʻlsa, kelajakda uning samarasiga qarab boshqa viloyatlarda ham tatbiq etiladi.
Loyiha doirasida birgina issiqxonalarni tashkil etishga salkam 15,5 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bu moʻljaldagi ishlar uchun ajratilayotgan ulushning eng katta qismini tashkil qiladi. Boisi issiqxonalar respublikamiz va xorij davlatlari bozorlari rastalarini qishin-yozin sarxil meva hamda sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlab turishning eng maqbul usulidir.
Ammo zamonaviy issiqxonalarni yaratishning oʻziga xos murakkabliklari ham bor. Shundan boʻlsa kerak, sohada hamon hal etilmagan muammolar mavjud. Masalan, issiqxonalar uchun moʻljallangan uskunalarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan, ular hamon xorijdan olib kelinadi. Shu kabi qator muammolar issiqxona xoʻjaligini yuritish va uning salohiyatidan toʻlaligicha foydalanish imkonini bermayotgan edi. Endi esa vaziyat tubdan oʻzgaradi.
Aynan shu yoʻnalishning rivojiga sharoit yaratib berish maqsadida Prezidentimiz “Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat bilan issiqxonalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Davlat-xususiy sherikligida meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning butun zanjirini oʻz ichiga oluvchi klaster shaklini joriy qilish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish kabi vazifalar shular jumlasidandir.
Endilikda yoqilgʻi yoqish yoʻli bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona, muassasa va tashkilotlar roʻyxati tuzib chiqiladi hamda ularga tutash hududlarda zamonaviy issiqxona komplekslari joylashtiriladi. Aniqlangan yer uchastkalari esa elektron savdolarga qoʻyib boriladi va unda tadbirkorning zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish boʻyicha majburiyatlari koʻrsatiladi.
2019 yilda mazkur yoʻnalishdagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi, boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy moliyaviy tashkilotlarning 200 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan hajmdagi mablagʻlari jalb qilinadi. Bundan tashqari, tadbirkorlar uchun preferensiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari ham belgilangan.
— Tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 105 ta zamonaviy issiqxona kompleksini tashkil etishga oid istiqbolli loyiha shakllantirildi, — deydi Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Sanjar Otajonov. — Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi toʻliq nazoratga olinib, bu borada tadbirkorlarga zarur yordamlar koʻrsatiladi.
Yana bir yangilik: endilikda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻini yetishtirish boʻyicha urugʻchilik klasterlari ham tashkil etiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar yuqori sifatli boʻlishi uchun 2019 yilning 1 sentyabriga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining sifatni nazorat qilish laboratoriyasi negizida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarining nav, genetika va ekish sifat koʻrsatkichlarini baholash boʻyicha laboratoriya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bu sohani rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan omillarni bartaraf qilishga yordam beradi.
Qaror bilan joriy etiladigan yangiliklar bisyor. Ilmiy loyihalarning respublika grant tanlovlarini oʻtkazish, Samarqand viloyatida qishloq xoʻjaligi axborot-maslahat markazini ishga tushirish va u yerda ilmiy ishlanmalarning maʼlumotlar bazasini yaratish, Oʻsimliklar milliy genofondini issiqxona majmualari uchun yaratilgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining istiqbolli navlari bilan boyitish kabi tarmoq taraqqiyotiga daxldor boʻlgan tadbirlardan yana koʻplab misollar keltirish mumkin.
Qisqasi, yuqorida qayd etilgan tarixiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi jahon bozorini raqobatdosh oliy sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan toʻldirish, eksport hajmini keskin oshirish imkonini beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
https://uz.lacroixx.com/1684-when-is-it-better-to-plant-cucumbers-for-seedlings-an.html