SUD ISHLARINI HAL QILISHGA ARALASHISHGA YO‘L QO‘YILMASLIGI – sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Muayyan ishni har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rishga to‘sqinlik qilish yoki g‘ayriqonuniy sud qarori chiqarilishiga erishish maqsadida sudyalarga qanday bo‘lmasin biron-bir tarzda ta’sir etish qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyadan ko‘rilgan yoki ish yuritishidagi ishlar mohiyati bo‘yicha biron-bir tushuntirishlar berishni, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari, kimga bo‘lmasin, tanishib chiqish uchun ishlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi. Ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlarida muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan o‘zicha hal qilib qo‘yishga yoki sudga boshqacha tarzda ta’sir etishga haqli emas.
SUD ISHLARINI YURITISHNING OSHKORALIGI– hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
SUD QARORLARI – bu moddiy-huquqiy va protsessual masalalarni hal qilish bo‘yicha sud (sudya)ning yozma shaklda rasmiylashtirilgan hujjatidir. Ko‘rilayotgan va hal etilayotgan masalalar bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar hukm, ajrim, qaror qabul qiladi. Sudning hukm, ajrim, qarorlari qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi lozim.
SUD MAJBURLOV CHORALARI – sud tomonidan sud majlisi ishtirokchilariga nisbatan qo‘llaniladigan, ularning zimmasiga ayrim harakatlarni sodir etish yoki undan tiyilishni yuklovchi choralardir.
SUD MAJLISI – sudda ishlarni ko‘rishda taraflarni ogoh qilgan holda ochiq va yopiq tarzda o‘tkaziladigan majlisi.
SUD MAJLISI KOTIBI– sud majlisi bayonnomasini yuritilishida, shuningdek barcha protsessual harakatlarni amalga oshirilishida raislik qiluvchiga ko‘maklashuvchi shaxs.