DALILLARNI TEKSHIRISH – jinoyat ishi holatlarini to‘g‘ri aniqlash uchun haqiqiy ma’lumotlarning ishonchliligini hamda ular olingan manbalarning sifatini sinchkovlik bilan, har tomonlama va xolisona aniqlash bo‘yicha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning faoliyatidir.
DALILLARNI TO‘PLASH– surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan daliliy axborotni topish, talab qilib olish, qabul qilib olish va protsessual qayd etishga hamda qonunda nazarda tutilgan protsessual harakatlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan jarayon.
DALILLARNING ALOQADORLIGI, MAQBULLIGI VA ISHONCHLILIGI – dalillar belgilangan tartibda to‘plangan va jinoyat qonunchiligida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq bo‘lsagina, ular maqbul deb e’tirof etiladi. Tekshiruv natijasida haqiqatga muvofiq ekanligi aniqlangan dalillar ishonchli deb hisoblanadi.
DASTLABKI SUD MUHOKAMASI – prokuror, advokat va boshqa ish natijasidan manfaatdor taraflar ishtirokida ayblanuvchini sudga berish bilan bog‘liq masalalar muhokamasi.
DASTLABKI TERGOV – jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin to uni sudda ko‘rish uchun tayinlashgacha bo‘ladigan jinoyat protsessining bosqichi. Ushbu jarayonda ish bo‘yicha dastlabki xulosalarga kelinadi va so‘ngra jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqiladi. Dastlabki tergov jarayoniga jinoyat sodir etilganligini aniqlash, ayblanuvchi yoki ayblanuvchilarni qidirish va ularning jinoyatlarini oshkor qilish, jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rish va yangi jinoyatlarni oldini olishdan iborat ishlar kiradi.
DASTLABKI TERGOV ORGANLARI – O‘zbekiston Respublikasida d.t.o. ichki ishlar, prokuratura va milliy xavfsizlik xizmati organlarining tergovchilari tomonidan amalga oshiriladi.