Umumiy pedagogika


Oʻzbekiston respublikasining «ta’lim toʻg‘risida”gi qonuni asosida uzluksiz ta’lim prinsiplari



Yüklə 2,54 Mb.
səhifə25/261
tarix26.11.2023
ölçüsü2,54 Mb.
#136132
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   261
UMK 3 kurs um.ped. FILOL Jumaniyoziva

Oʻzbekiston respublikasining «ta’lim toʻg‘risida”gi qonuni asosida uzluksiz ta’lim prinsiplari
«Ta’lim toʻg‘risida”gi Qonun bilan ta’lim Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e’lon qilindi hamda ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari belgilandi.
Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari:

  • ta’lim va tarbiyaning insonparvarligi hamda demokratik xarakterdaligi;

  • ta’lim tizimining uzluksizligi va izchilligi;

  • davlat ta’lim tizimining ilmiyligi va dunyoviyligi;

  • ta’limda umuminsoniy va milliy-madaniy qadriyatlarning ustuvorligi;

  • davlat ta’lim standartlari doirasida barchaaning ta’lim olishi uchun imkoniyat yaratilganligi;

  • tayanch (toʻqqiz sinf hajmidagi) ta’limning majburiyligi;

  • ta’lim, ma’naviy va jismoniy tarbiya dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;

  • bilimdonlik va iste’dodni rag‘batlantirish;

  • ta’lim muassasalarida chet tillarni oʻrganish, din tarixi va jamiyat madaniyati sohasida bilim olish uchun sharoitlar yaratish;

  • ta’lim muassasalarining siyosiy partiyalar va ijtimoiy-siyosiy harakatlarning ta’siridan xoli boʻlishi;

  • tarbiyalanuvchilar va ta’lim oluvchilarni orasidagi doʻstona munosabatni yoʻga qoʻyish;

  • pedagog shaxsini, uning ijtimoiy mavqeini hurmatlash;

  • amaldagi qonunlar doirasida mulkchilikning barcha shakllaridagi talim muassasalarining teng huquqliligi, ularning mustaqilligidan iboratdir.

Mazkur qonun bilan jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’iy nazar, har kimning bilim olishda teng huquqli ekanligi kafolatlanadi va ta’lim muassasalarida ta’lim berish tilidan foydalanish tartibi Davlat tili haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz umumiy oʻrta ta’lim maktablarida 7 ta til (oʻzbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillari)da oʻqitih yoʻlga qoʻyildi va oʻquvchilarni barcha tillarda darsliklar bilan toʻliq ta’minlash tizimi yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasining ta’lim tizimi yagona va uzluksizdir.
Uzluksiz ta’lim quyidagi ta’lim turlarini oʻz ichiga oladi:

  • maktabgacha ta’lim;

  • umumiy oʻrta ta’lim;

  • oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi;

  • oliy ta’lim;

  • oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim;

  • kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;

  • maktabdan tashqari ta’lim.

Maktabgacha ta’lim bolaning sog‘lom, har tomonlama kamol topib shakllanishini ta’minlaydi. Unda oʻqishga intilish hissini uyg‘otadi, uni muntazam ta’lim olishga tayyorlaydi hamda bola olti-etti yoshga yetguncha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muasasalari va oilalarda amalga oshiriladi. Bu kabi ta’lim muassasalarining faoliyatini tashkil etishda mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari, xalqaro fondlar faol ishtirok etadi.
Umumiy oʻrta ta’lim toʻqqiz yillik majburiy xarakterdagi umumiy hamda uch yillik majburiy-ixtiyoriy xarakterdagi oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limidan iborat. Umumiy oʻrta ta’lim boshlang‘ich ta’limni ham qamrab oladi. Mazkur bosqichda oʻquvchilarning fanlar asoslari boʻyicha muntazam bilim olishlari, bilim olish ehtiyojining yuzaga kelishi, asosiy oʻquv-ilmiy va umummadaniy bilimlarning oʻzlashtirilishi, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy-axloqiy fazilatlar, mehnat, ijodiy fikrlash, atrof-muhitga ongli munosabatda boʻlish, shuningdek, kasb tanlash koʻnikmalarining shakllanishi uchun pedagogik shart-sharoit yaratiladi.
Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi attestat oʻquvchilarning umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga egaliklarini belgilaydi.
Oʻquvchilarni kasb-hunar ga yoʻnaltirish vazifasi maktab jamoasi va ota-onalar hamkorligida oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazlari rahbarligida amalga oshiriladi.
Mavjud ta’lim muassasalarining davr talablarini hisobga olgan holda isloh qilishdan tashqari MDH davlatlarida oʻxshashi yoʻq yangi turdagi oʻquv yurtlari – kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar tashkil etildi. Shu tarzda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning barcha tarmoqlari uchun yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va ijodiy rivojlantirishga yoʻnaltirilgan uzluksiz oʻquv-ilmiy ishlab chiqarish ta’limining yaxlit tizimi shakllantirildi.
Oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi uzluksiz ta’lim tizimining mustaqil turi sanalib, umumiy oʻrta ta’lim negizida tashkil etiladi. Oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limining ikki muhim yoʻnalishi boʻlgan akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida ta’lim olish oʻquvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda tanlanadi.
Akademik litsey oʻquvchilarning imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olgan holda ularning jadal intellektual rivojlanishi chuqur, sohalashtirilgan, tabaqalashtirilgan, kasbga yoʻnaltirilgan ta’lim olishlarini ta’minlash maqsadida davlat ta’lim standartlariga muvofiq oʻrta maxsus ta’lim beruvchi, yuridik maqomga ega ta’lim muassasasidir.
Akademik litseylarda oʻquvchilar oʻzlari tanlab olgan ta’lim yoʻnalishi (gumanitar, texnika, agrar va boshqa sohalar) boʻyicha bilim saviyalarini oshirish hamda oʻzlarida fanni chuqur oʻrganishga qaratilgan maxsus kasb-hunar koʻnikmalarini shakllantirish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Akademik litseylar asosan oliy oʻquv yurtlari qoshida tashkil etiladi. Kasb-hunar kollejlari esa oʻquvchilarning muayyan kasb-hunar ga moyilligi, layoqatlari, bilim va koʻnikmalarini chuqur rivojlantirish, ularning tanlangan yoʻnalishlar boʻyicha bir yoki bir necha zamonaviy kasb sirlarini egallash imkonini beradi.
Kasb-hunar kolleji oʻquvchilarning kasb-hunarga moyilligi, bilim va koʻnikmalarini chuqur rivojlantiruvchi, tanlab olingan kasb-hunar boʻyicha bir yoki bir necha ixtisosni egallash imkonini yaratish maqsadida tegishli davlat ta’lim standartlari doirasida oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limini beruvchi, yuridik maqomga ega ta’lim muassasasidir.
Oliy ta’lim oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi negiziga asoslanib, ikki bosqich (bakalavriyat hamda magistratura)da tashkil etilib, mutaxassisliklar yoʻnalishlari boʻyicha xalq xoʻjaligining turli sohalariga oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlaydi. Oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabul qilish davlat grantlari negizida va pullik-shartnomaviy asosda amalga oshiriladi.
Bakalavriat – mutaxassisliklar yoʻnalishi boʻyicha fundamental va amaliy bilim beradigan, ta’lim olish muddati kamida toʻrt yil davom etadigan tayanch oliy ta’lim.Bakalavr darajasiga ega boʻlgan shaxs oliy ta’lim tizimi yoʻnalishidagi oʻzi tanlagan soha boʻyicha oliy ma’lumotli mutaxassis hisoblanadi va davlat klassifikatorida belgilangan lavozimda ishlash huquqiga ega boʻladi.
Magistratura – aniq mutaxassislik boʻyicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida ta’lim muaddati kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’lim boʻlib, magistraturadagi tahsil yakuniy klassifikatsion davlat attestatsiyasiga muvofiq olib boriladi.
Magistr bakalavr darajasidagi mutaxassisdan farqli ma’lum ixtisoslik boʻyicha ta’lim olgan yuqori malakali mutaxassis hisoblanib, u ilm-fan sohasida, ishlab chiqarishning mas’uliyatli lavozimlarida faoliyat koʻrsatadi. U aspiranturaga kirish huquqiga ega.
Oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, shaxsning ijodiy ta’lim – kasb-hunar manfaatlarini qanoatlantirishga qaratilib, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amalga oshiriladi. Oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim falsafa doktori va fan doktori dissertatsiyalarining himoyasi bilan yakunlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan tegishli ravishda falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasi hamda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomga ega boʻlish huquqini beradi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayonida asosiy e’tibor mutaxassislarning kasb bilimlari va koʻnikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirishga qaratiladi. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ana shu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi. Bu muassasa tinglovchilari oʻqish natijalariga koʻra davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi guvohnoma yoki sertifikatga ega boʻladilar.
Maktabdan tashqari ta’lim maktabdan tashqari davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat organlari, jamoat tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yoʻnalishlarda yoʻlga qoʻyilib, bolalar hamda oʻsmirlarning ta’limga boʻlgan, yakka tartibdagi, ortib boruvchi talab-ehtiyojlarini qondirish, ularning boʻsh vaqti va dam olishini tashkil etish maqsadida olib boriladi.Shuningdek, qonun bilan ta’lim oluvchilarni, ta’lim muassasalari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish, yetim bolalarni va Ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining vasiyligisiz qolgan bolalarni, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar va oʻsmirlarni oʻqitish, ijtimoiy yordamga va tiklanishga muhtoj boʻlgan shaxslar uchun oʻquv-tarbiya muassasalarini tashkil etish tartibi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining «Ta’lim toʻg‘risida”gi Qonunining maqsad, vazifalarini roʻyobga chiqarish, qonunning hayotiyligini ta’minlash hamda uzluksiz ta’lim sohasidagi tub islohotlarni amalga oshirish maqsadida «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» qabul qilingan.
Respublikada kadrlar tayyorlash tizimi rivojini ta’minlashning qator asosiy yoʻnalishlariga e’tibor qaratilgan boʻlib, ular quyidagilardan iboratdir: ta’limning uzluksizligini ta’minlash; pedagog va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; ta’lim jarayonini mazmunan oʻzgartirish; ma’naviy-axloqiy tarbiya va ma’rifiy ishlar; iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlar; ta’lim tizimini boshqarish; kasb-hunar ta’limi sifatini nazorat qilish tizimini shakllantirish; ta’lim tizimini moliyalash; moddiy-texnika ta’minoti; ta’lim tizimining yaxlit axborot makonini vujudga keltirish; ta’lim xizmati koʻrsatish bozorini rivojlantirish; ta’lim sohasida ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash hamda bu sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash; fan va ta’lim jarayonlari aloqalarini rivojlantirish; ishlab chiqarish va ta’lim tizimi integratsiyalashuvini rivojlantirish; ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi xalqaro hamkorlik.
Oʻzbekistonda kadrlar tayyorlash milliy modeli mazmuni samaradorligi qator ustuvor pedagogik yoʻnalishlarga e’tibor berishni taqozo etadi. Jumladan, barkamol avlod tarbiyasida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishga ta’sir etishning ustuvor yoʻnalishlari mavjud boʻlib, ularning yechimini ta’minlash, takomillashtirish va rivojlantirish ma’naviy va jismoniy sog‘lom avlodni tarbiyalashning muhim omili hisoblanadi. Mazkur ustuvor yoʻnalishlarni quyidagicha tasnif etish mumkin:

  • ta’lim mazmunining samaradorligini ta’minlashda uzviylik va vorislikni ta’minlash;

  • ta’lim muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatning nufuzi va ijtimoiy maqomini koʻtarish, ta’lim-tarbiya sohasida jahon ilg‘or tajribasini hisobga olish, oʻrganish va mamlakatimiz milliy mintalitetiga xos g‘oyalarni amaliyotga keng tatbiq etish;

  • ta’lim-tarbiya tizimi faoliyat mazmuni samaradorligini oshirish boʻyicha uning huquqiy negizini takomillashtirish;

  • katta tajribaga ega, iste’dodli, oʻz kasbiga sodiq oʻqituvchi murabbiylarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning samarali mexanizmini vujudga keltirish va amaliyotga tatbiq etish;

  • ta’lim tizimida qoʻllanilayotgan oʻquv standartlari va oʻquv dasturlarini zamon talabi nuqtayi nazaridan takomillashtirish;

  • ta’lim mazmuni (reja, dastur, darslik, oʻquv metodik qoʻllanmalar)ni mazmunan davr talabiga mos holda takomillashtirishga erishish;

  • ta’lim va tarbiya jarayonini yangi oʻquv–uslubiy majmualar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish;

  • ta’lim-tarbiya jarayonida modem aloqasi, elektron aloqa, masofadan turib oʻqitish tizimidan foydalanish;

  • ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini ta’minlashda xalqning boy ma’naviy merosi, intellektual salohiyati va umumbashariy qadriyatlardan keng foydalanish;

  • ta’lim-tarbiya jarayonini axborotlashtirish, axborot texnologiyalaridan foydalanish, uzluksiz ta’lim tizimini jahon axborot tarmog‘iga ulanadigan kompyuter axborot tarmog‘i bilan qamrab olish, oʻquv-tarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta’minlash;

  • oʻquvchilarni kitob bilan ishlashga odatlantirish, buning uchun esa maktab kutubxonalar fondlarini mamlakat va chet el oʻquv, metodik, badiiy adabiyotlari bilan toʻldirish, axborot resurs tizimini eng chekka hudud ta’lim tizimida ham rivojlantirish;

  • umumta’lim maktablarida pedagog kadrlar tarkibi sifatini oshirish, oʻqituvchilar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish, pedagoglarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib berish, ushbu ta’lim muassasalariga ilmiy darajaga ega pedagog-kadrlarni koʻproq jalb etish;

  • ta’lim mazmunining samaradorligini doimiy oshirib borish, amalga oshirilayotgan ishlar natijasiga baho berish maqsadida muntazam monitoring olib borish mexanizmini nazariy, ilmiy va metodik jihatdan yaratish;

  • oʻquvchilarning qobiliyatlari va imkoniyatlariga muvofiq ravishda ta’limga tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy qilish;

  • ta’lim jarayoniga fan va texnologiyaning ilg‘or yutuqlarini olib kirish;

  • oʻquvchi-yoshlarning jismoniy salomatligi ma’naviy salomatligi garovidir, shuningdek, ta’lim samaradorligini oshirishning ham muhim omilidir. Shu bois oʻquvchi-yoshlarning jismoniy tarbiyasiga, sport bilan mashg‘ul boʻlishiga, reproduktiv salomatligiga, sog‘lom turmush tarziga alohida e’tibor berish;

  • pedagogning mahorati, oʻz ustida izchil doimo ishlashi, ijodkorligi va tashabbuskorligiga erishish chora-tadbirlarini belgilash (pedagogning nutqiy madaniyati, adabiy til me’yorlarining yetik, funksional, kommunikativ aspektlari, pedagogik kasbiy muloqoti, nutqiy ta’sir – oʻqituvchining ohangi, notiqlik san’ati va boshqalar);

  • pedagogika fanining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha fundamental ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ularda olg‘a surilgan g‘oyalarni amaliyotga keng tatbiq etish;

  • ta’lim-tarbiya jarayonini innovatsion tashkil etish va boshqarish mexanizmini ilmiy-metodik jihatdan yaratish;

  • barkamol avlodni tarbiyalashda ta’lim muassasalari bilan jamiyatning barcha ijtimoiy institutlari hamkorligining yagona konsepsiyasini ishlab chiqish;

  • mamlakatimizdam mavjud maktabdan tashqari muassasalar, penitensiar va maxsus oʻquv-tarbiyaviy muassasalarda olib boriladigan ta’lim-tarbiya mazmunini davr talabi nuqtayi nazaridan takomillashtirish va boshqalardan iboratdir.

«Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning asosida kadrlar tayyorlash milliy modeli va uning mohiyati yoritiladi. Milliy modelning oʻziga xos xususiyati mustaqil ravishda toʻqqiz yillik umumiy oʻrta hamda uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limini joriy etilishi bilan belgilanadi. Bu esa oʻz navbatida umumiy ta’lim dasturlaridan oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi dasturlariga oʻtilishiga zamin yaratadi1.
Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari quyidagilardan iboratdir:

Shaxs

Kadrlar tayyorlash tizimining bosh subyekti va obyekti, ta’lim sohasidagi xizmatlarning iste’molchisi va ularni amalga oshiruvchidir.
Shaxs uzluksiz ta’lim jarayonida dunyoviy, ilmiy bilimlarni oʻzlashtiradi, fan asoslarini puxta egallaydi, ishlab chiqarish sohalari bilan tanishadi, shuningdek, oʻzida ijtimoiy ta’sirlar yordamida ma’naviy-axloqiy sifatlarni tarbiyalab boradi. Shaxsda oʻzlashtirilgan bilim, faoliyat koʻnikmalari va hayotiy tajriba asosida kasbiy mahorat ham shakllanib boradi. Yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlar va yuqori darajadagi kasbiy malakaga ega boʻlish uchun shaxs oʻz oldiga muayyan maqsadni qoʻya olishi hamda unga erishish yoʻlida tinimsiz izlanishi, oʻqib-oʻrganishi lozim. Shundagina u ijtimoiy raqobatga chidamli, malakali kadr boʻlib shakllanadi.
«Ta’lim xizmatlarining iste’molchisi sifatida shaxsga davlat ta’lim olish va kasb-hunar tayyorgarligidan oʻtish kafolatlanadi. Ta’lim olish jarayonida shaxs davlat ta’lim standartlarida ifoda etilgan talablarni bajarishi shart.
Shaxs ta’lim xizmatlarining yaratuvchisi sifatida tegishli malaka darajasini olgach, ta’lim, moddiy ishlab chiqarish, fan, madaniyat va xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat koʻrsatadi va oʻz bilimi hamda tajribasini oʻrgatishda ishtirok etadi»1.


Yüklə 2,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   261




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin