“Pedagogik mahorat” fani kompetentli oʻqituvchilarni tayyorlashga xizmat qiladi. Oʻqituvchilar va tarbiyachilarning kasbiy faoliyati sirlarini, mohirligini oʻrgatuvchi va uni takomillashtirish toʻg‘risida ma’lumotlar berib boruvchi fan boʻlib, pedagogik mahoratning mohiyat – mazmunini, hozirgi zamon talablari doirasida kasbiy faoliyatini rivojlantirishning yoʻllarini, vositalarini, shakllarini oʻrganadi. «Pedagogik mahorat» fani kasbga oid bilim va qobiliyatlarni oʻqituvchilarda shakllantirish, ijodkorlikni tarbiyalash, mahorat, koʻnikma va malakalarni egallashlari uchun, pedagogik texnika, pedagogik hamkorlik, pedagogik nazokat, nutq madaniyati toʻg‘risida ma’lumotlar berib boradi.
Bu maqsad boʻlajak oʻqituvchilarning quyidagi vazifalarni muntazam bajarib borishlari orqali amalga oshiriladi:
1. Boʻlajak oʻqituvchilar pedagogik mahoratning nazariy va metodologik asoslari bilan qurollantiriladi.
2. “Pedagogik mahorat” fanining pedagogik texnika, pedagogik hamkorlik (muloqot), pedagogik nazokat, pedagogik qobiliyat, tarbiyachilik mahorati, ta’lim jarayonini boshqarish, nutq madaniyati, tarbiya texnologiyasi, pedagogik ijodkorlik, refleksiya kabi tarkibiy qismlari toʻg‘risidagi bilimlar tizimini egallaydilar.
3. Boʻlajak oʻqituvchilar milliy urf-odat va an’analarimiz va Oʻrta Osiyo mutafakkirlarining boy ijodiy meroslarida aks etgan pedagogik mahorat sirlarini mustaqil egallashga nisbatan oʻzlarida ehtiyoj va havasni rivojlantirib boradilar.
4. Egallangan pedagogik-psixologik va metodik bilimlar, koʻnikma va malakalar toʻg‘risidagi ma’lumotlar asosida har bir boʻlajak oʻqituvchi oʻzining Shaxsiy pedagogik mahoratini shakllantiradi.
5. Oʻquv-tarbiyaviy jarayonni jahon andozalariga xos soʻnggi zamonaviy metod va shakllar asosida tashkil etish va boshqarishni amalga oshirishning nazariy va amaliy asoslarini muntazam oʻzlashtiradilar.
6. Oʻqituvchilar oʻz kasbiy mahoratlarini takomillashtirishlari uchun shaxsiy-ijodiy malaka oshirishning shakl, usul va vositalarini egallaydilar.
7. Tarbiyachi mahoratining mohiyati, funksiyasi, tuzilishi toʻg‘risida oʻqituvchilar uzluksiz ma’lumotlarni oʻrganib boradilar.
8. Yuksak zamonaviy axborot texnologiyalari va portal tizimidan erkin foydalanish asosida oʻz kasbiy mahoratlarini shakllantiradilar.
Pedagogik mahoratning oʻzi nima? Unga hozirgi zamon fani nuqtayi nazaridan quyidagicha ta’rif beriladi:
Pedagogik mahorat – oʻqituvchilarning shaxsiy (bolajonligi, xayrixohligi, insonparvarligi, mehribonligi va hokazo) va kasbiy (bilimdonligi, zukkoligi, fidoyiligi, ijodkorligi, qobiliyati kabilar.) fazilatlarini belgilovchi xususiyat boʻlib, oʻqituvchilarning ta’lim-tarbiyaviy faoliyatida yuqori darajaga erishishini, kasbiy mahoratini doimiy takomillashtirib borish imkoniyatini ta’minlovchi faoliyatdir. U oʻz fanini mukammal bilgan, pedagogik–psixologik va metodik tayyorgarlikka ega boʻlgan, oʻquvchilarni oʻqitish, tarbiyalash va rivojlantirishning optimal yoʻllarini izlab topish uchun, amaliy faoliyat olib boradigan har bir oʻqituvchining kasbiy faoliyatida namoyon boʻladi.
I.P.Rachenko pedagogik mahoratni pedagogik san’atning bir qismi sifatida ta’riflab, shunday yozadi: “pedagogik mahorat deganda oʻqituvchining pedagogik-psixologik bilimlarni, kasbiy malaka va koʻnikmalarni mukammal egallashi, oʻz kasbiga qiziqishi, rivojlangan pedagogik fikrlashi va intuitsiyaci, hayotga axloqiy-estetik munosabatda boʻlishi, oʻz fikr mulohazasiga ishonchi va qat’iy irodasi tushuniladi”.
Oʻqituvchilarning kasbiy pedagogik tayyorgarligi shartli ravishda quyidagi yoʻnalishlarda olib boriladi:
1) oʻqituvchining shaxsiy fazilatlar boʻyicha tayyorgarligi;
2) oʻqituvchining ruhiy-psixologik tayyorgarligi;
3) oʻqituvchining ijtimoiy-pedagogik va ilmiy-nazariy jihatdan tayyorgarligi;
4) oʻqituvchining maxsus va ixtisoslikka oid uslubiy bilimlarni egallab borishi.
Yana ta’kidlash joizki, pedagogik mahorat oʻqituvchilar hamda tarbiyachilar shaxsiy va kasbiy sifatlarining yig‘indisi boʻlib, oʻqituvchi mahoratini shakllantirishni ta’minlovchi omillarni, pedagogik–psixologik, metodik bilimlarni doimiy rivojlantirib borishi lozim. Oʻqituvchi pedagogik mahoratini shakllantirishni ta’minlovchi omillar quyidagilar:
a) ixtisoslik boʻyicha oʻquv predmetini, zamon, ilm–fan, texnika taraqqiyoti darajasida mukammal bilishi, uning boshqa oʻquv fanlari bilan oʻzaro aloqadorligini ta’minlash malakasiga ega boʻlishi;
b) ta’lim oluvchilarning yosh, fiziologik, psixologik hamda shaxsiy xususiyatlarini hisobga olishi, ularning faoliyatini obyektiv nazorat qilishi va baholashi;
d) ta’lim jarayonini demokratlashtirish va insonparvarlashtirish asosida oʻz faoliyatini tashkil etishi;
e) oʻquv-tarbiyaviy jarayonni zamon talablari darajasida tashkil qilish uchun asosiy pedagogik-psixologik va metodik ma’lumotlarga ega boʻlishi;
f) fanlarni oʻqitish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishni bilishi;
g) jamoani «koʻra bilish», oʻquvchilarning qiziqishlari, intilishlari, ularning hayot faoliyatlarida uchraydigan qiyinchiliklarni tushunish va hamdard boʻla olish, oʻz vaqtida ular fikrini anglay bilish, zukkolik bilan har bir bolaning xarakter xususiyati, qobiliyati, irodasini tushunish hamda ularga muvaffaqiyatli ta’sir koʻrsatishning shakl, usul, vositalaridan xabardor boʻlishi;
h) oʻz shaxsiy sifatlari (nutqining ravonligi, tashkilotchilik qobiliyati, badiiy ehtiyoji, didi va hokazo) ni takomillashtirish malakasini egallashi.
Oʻqituvchining pedagogik mahorati pedagogika oliy ta’lim muassasalarida shakllanib boradi. Yuksak saviyali pedagogik kadrlar tayyorlashga nisbatan talablar, malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, oʻz kasbi bilan uzluksiz taraqqiyotga moslasha olish boʻlajak oʻqituvchi umummilliy mavqeining oʻsib borishini ta’minlaydi.
Oʻqituvchining pedagogik mahoratini uzluksiz takomillashtirib borish naqadar muhim va davr talabi ekanligi ta’kidlanmoqda. Shunday ekan, “Pedagogik mahorat” ning vazifalarini «Ta’lim toʻg‘risida”gi Qonun hamda “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” talablari belgilab beradi. Uning vazifalari quyidagilardan iborat:
– ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan yangilanish va islohotlarni insonparvarlik va demokratik tamoyillarga moslab olib borish;
– ta’lim mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda boyitib borishni ta’minlash;
– boʻlajak oʻqituvchilarning ma’naviy-axloqiy jihatdan dunyoqarashini rivojlantirishda milliy urf-odat va an’analarimizdan, boy adabiy merosimizdan samarali foydalanishning tezkor metod va usullarini ishlab chiqish va joriy etish;
– ta’lim va tarbiya jarayonini kelgusida oʻqituvchilardan talab qiladigan darajada sifatini va barqaror rivojlanish kafolatlarini, ustuvorligini ta’minlash uchun normativ hujjatlar, oʻquv–uslubiy adabiyotlar, moddiy–texnika va axborot bazasi bilan boyitib borish;
– boʻlajak oʻqituvchilarning yuksak kasbiy tayyorgarlik darajasi, malakasi, bilimi, madaniy va ma’naviy-axloqiy saviyasining sifatini zamon talablariga javob beradigan darajada oshirib borish;
Oʻqituvchi pedagogik mahoratning tarkibiy qismlarini bilishi, uning cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishi lozim. Quyida keltirilayotgan “Pedagogik mahorat” fanining asosiy tarkibiy qismlari milliy an’ana va urf – odatlarimizdan kelib chiqib, hozirgi global rivojlanish davrida yanada toʻldirilib borilishi mumkin.