Shaxsiy sifatlar tizimida:milliy mafkuraviy onglilik, milliy odoblilik, farosat, nozik didlik, oʻz kasbiga sadoqat va vijdoniylik, tashabbuskorlik, bolajonlik, talabchanlik, adolatparvarlik, pedagogik odob, tadbirkorlik, qat’iylik, har qanday vaziyatda oʻzini idora qila olish, millatlararo muloqot madaniyati, kuzatuvchanlik, samimiylik, topqirlik, kelajakka ishonch, xushmuomalalilik kabi fazilatlarga ega boʻlishi kerak.
Kasbiy sifatlar tizimida:pedagogik ziyraklik, Oʻzbekistonning oʻz istiqlol va taraqqiyot yoʻli mohiyati, beshta tamoyil rivojlanishining ma’naviy-axloqiy negizlarini bilishi, milliy tarbiya mohiyati va mazmunini chuqur anglash, chuqur ilmiy nazariy salohiyati, pedagogik ijod, oʻz fanining tarbiyaviy imkoniyatlarini mukammal bilish, pedagogik bilimlarni takomillashtirishga intilish, mamlakatimiz Prezidentining ichki va tashqi siyosatidan xabardorlik, oʻzbek xalqining an’analari, qadriyatlari, urf-odatlarini yaxshi anglashi, siyosat, tarix, madaniyat, ma’naviyat, adabiyot va san’at, axloqshunoslik, dinshunoslik, huquqshunoslik, oʻlkashunoslik, texnikaga oid ma’lumotlardan xabardorlik, etnopedagogika, etnopsixologiyaga oid bilimlarga ega boʻlish va hokazo.
OʻQITUVCHI KASBINING TARIXIY TARAQQIYOTI VA UNING JAMIYATDA TUTGAN OʻRNI
Pedagogik kasb– bu barkamol inson sifatida xarakterlanuvchi ijtimoiy ahamiyatga molik fazilatlarning barqaror tizimidir. Oʻqituvchining oʻz kasbiga ixlos qoʻyishi va ijtimoiy ahamiyatini tushunib yetishi, bolalarga ta’sir oʻtkazishi va ularga hamdardligini namoyon qila olishi shunday fazilatlar majmuasidirki, barchani pedagogik faoliyat va muloqoti bilan uyg‘unlashib bir butunlikni tashkil etadi.
Oʻqitish va tarbiyalash bir-biridan ancha farqli tushunchalardir. Oʻqituvchi oʻz kasbining toʻla ma’nodagi egasi boʻlishi uchun atrofidagi odamlar orasida hurmat-e’tibor qozona olishi kerak. Madaniyatli murabbiy, ezgu fazilatlar egasi sifatida barchaga namuna boʻlishi zarur.
VII asrlarga kelib Oʻrta Osiyoda ilm-fan va madaniyat sohasidagi rivojlanish bevosita ta’lim va tarbiya beruvchi mudarrislarning qizg‘in faoliyati hamda ularga qoʻyiladigan talablarning nihoyatda rang – barangligi va xilma – xilligi bilan diqqatga sazovordir.
A. Disterverg oʻqituvchining ta’limdagi roliga yuqori baho berib, uning sohasini mukammal bilishi, pedagogik mahoratini oshirib borishi oʻquvchilarni sevishi natijasida yuzaga keladi, deb uqtiradi. Oʻqituvchi bolalarning individual xususiyatlarini, qobiliyatini, faoliyatini chuqur bilishi uchun muayyan darajada psixologik bilimlarga ham ega boʻlishi kerakligini takidlagan.
Pedagog olim Djon Lokk oʻqituvchi psixologiyasining eng muhim jihatlarini ishlab chiqqan. Ular orasiga moʻtadillik, g‘ayrat – shijoatlilik, ehtiyotkorlik kabi xislatlarni kiritib, oʻqituvchining pedagogik faoliyatidagi rolini yoritib bergan.
A.I.Gersen, K. D.Ushinskiy, L.N.Tolstoy, I.G.Chernishevskiy kabi rus pedagog olimlari G‘arb mutafakkirlari g‘oyalarining vorislari sifatida mazkur muammolarga oʻz mulohazalarini bildirganlar. Jumladan, A.I.Gersen mulohazalariga koʻra, oʻqituvchining asosiy xislati – bu uning bolalar ruhiy dunyosini tushuna olishida, aqliy qobiliyatining mavjudligida va ma’naviyatining yuksakligida chunki u shunday iste’dodga ega boʻlmog‘i zarurki, unga har qaysi oʻqituvchi erisha olmaydi.
Taniqli rus pedagogi K.D.Ushinskiy ta’lim-tarbiya jarayonida oʻqituvchining roli va shaxsiga yuqori baho berib, sohaga oid ilmiy mulohazalarida hech bir qonun yoki tizim, ta’lim-tarbiya toʻg‘risidagi metod yoki tamoyillar oʻqituvchi shaxsining pedagogik faoliyatdagi mahorati oʻrnini bosa olmaydi deb hisoblaydi.
K.D.Ushinskiy oʻqituvchi ma’naviyati va kasbiy faoliyatiga yuqori baho beradi hamda ularning kasbiy malakalarini doimiy ravishda takomillashtirib borish maqsadga muvofiq ekanligi toʻg‘risidagi g‘oyani ilgari suradi. Mazkur g‘oyaning ijtimoiy ahamiyatini tasdiqlovchi tizim – oʻqituvchilarni qayta tayyorlovchi kurslar tizimini tashkil etishni ilk bor asoslab bergan.
K.D.Ushinskiy oʻqituvchining mashaqqatli mehnatini ta’riflab shunday deydi: “Hali yetilmagan va fikri xayoli tarqoq boʻlgan oʻttiz yoki qirqta oʻquvchining ongini butun dars davomida mashg‘ul qilib turish uchun oʻqituvchi oʻz soʻzlari va bergan masalalari toʻg‘risida koʻp bosh qotirishi, diqqatli boʻlishi kerak. Mana shu sababdan bilimi boʻlgan har bir kishi oʻqituvchi boʻlishga layoqatli boʻlavermaydi. Jamiyat tomonidan hamma vaqt ham yetarlicha ta’rif qilinmaydigan bu vazifani insof bilan ado qilmoq uchun zoʻr matonat va mahorat talab qilinadi”.
Buyuk rus adibi L.N.Tolstoy oʻqituvchi fazilatining mukammalligini oʻz mutaxassisligiga nisbatan ijobiy munosabatda boʻlishi bilan bir vaqtda bolalarga boʻlgan munosabatida, ularni xuddi oʻz farzandlaridek jon – dilidan sevishida ekanligida koʻrgan. Uning ta’kidlashicha, “agar oʻqituvchi faqat ishiga havas qoʻygan boʻlsa, u yaxshi oʻqituvchi boʻladi. Agar oʻqituvchi bolaga faqat otasi va onasi kabi havas qoʻygan boʻlsa, u oldingi oʻqituvchidan yaxshiroq boʻladi. Bordiyu, ikkala xislatni ham oʻzida mujassamlashtirsa, u holda u mukammal va mahoratli oʻqituvchi boʻla oladi”. «Aqlli, fikran boy, bag‘ri keng insonchalik hech narsa yoshlarni qiziqtirmaydi, oʻzining ortidan ergashtira olmaydi ham..., aql – aql bilan tarbiyalanadi, vijdon – vijdon bilan, vatanga sadoqatlilik – bevosita vatan uchun xizmat qilish bilan...,– deb ta’kidlagan edi mashhur rus pedagogi V.A.Suxomlinskiy. – Oʻqituvchi oʻzining butun borlig‘i, kundalik hayoti, ma’naviy madaniyati bilan hamkasblari va oʻquvchilarga oʻrnak boʻladi va ularni oʻz ortidan ergashtiradi». Oʻqituvchida pedagogik mahoratni shakllantirishning ilmiy nazariy asoslari pedagog olim V.A.Slastyeonin tomonidan ham tadqiq qilingan. U kasbiy – pedagogik tayyorgarlik, oʻqituvchining shaxsi va kasbiy shakllanish yoʻnalishi va bunda pedagogik mahorat toʻg‘risida soʻz yuritib, shunday yozadi: “Oʻqituvchi muntazam ravishda pedagogik nazariyalarga tayansagina, oʻqituvchilik mahoratini egallaydi. Chunki, pedagogik amaliyot doimiy ravishda pedagogik nazariyaga murojaat qilishni taqozo etadi. Birinchidan, ilmiy nazariyalar – taraqqiyotning umumiy qonuniyatlari, tamoyillari, qoidalarini aks ettiruvchi ilmiy bilimlardir, amaliyot boʻlsa, doimo aniq vaziyatga asoslanadi. Ikkinchidan, pedagogik faoliyat – falsafa, pedagogika, psixologiyaga oid bilimlar sinteziga asoslanuvchi yaxlit jarayondir. Bu bilimlar sintezisiz pedagogik amaliyotni maqsadli qurish juda mushkul. Demak, oʻqituvchidan nafaqat pedagogik mahoratni mukammal egallash talab etiladi, balki pedagogik amaliyotni toʻg‘ri va maqsadli tashkil qilish uchun chuqur ilmiy nazariy ma’lumotlarga ham ega boʻlish lozim.
Taniqli rus pedagogi A.S.Makarenko oʻz asarlarida oʻqituvchining kasbiy fazilati toʻg‘risida quyidagi fikrlarini bayon qilgan: “Pedagog darsda ma’lum bir oʻziga xos rolni oʻynamasligi mumkin emas. Sinf sahnasida rol oʻynashni bilmaydigan oʻqituvchi kasbiy faoliyat olib borolmaydi. U ma’lum ma’noda aktyor. Bizning xulq-atvorimiz, fe’limiz, xarakterimiz biz uchun pedagogik qurol boʻlishi ham aslo mumkin emas. Bolalarni qalb va koʻngil azoblari bilan, hijronli his – tuyg‘ularimiz yordamida tarbiyalashga umuman yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”. Olim oʻqituvchining hech bir kasbga oʻxshamaydigan kasbiy faoliyatini yuksak baholab, “Tarbiyachi tashkil etishni, yurishni, hazillashishni, quvnoq yoki jahldor boʻlishni bilishi lozim, u oʻzini shunday tutishi kerakki, uning har bir harakati, yurish – turishi, kiyinishi bolalarni tarbiyalasin” – deb yozgan edi.