1. Faoliyatning oʻzidagi qiziqishdan kelib chiqadigan holat– ichki motivatsiya. 2. Boshqa odamlarni xursand qiladigan holat yoki vazifa – ijtimoiy motivatsiya. 3. Yutuq motivatsiyasi – bunda boshqalar bilan raqobatlashish maqsadida vazifalarni yaxshi bajarish. 4. Koʻmakchi motivatsiya – bunda motivatsiya rag‘batlantirish yoki jazolash orqali paydo qilinadi”66. Oʻqituvchilarni innovatsion faoliyatga tayyorlash bir necha bosqichda, uzluksiz malaka oshirish orqali amalga oshiriladi.
Dastlab oʻqituvchilarni innovatsion faoliyatga psixologik jihatdan tayyorligini shakllantirish kerak. Bunda oʻqituvchi yetakchi didaktik prinsiplardan quyidagilarni bilishi kerak: pedagogik koʻnikmalarni egallashga ehtiyoj bilan oʻz faoliyatini oʻzgartirishga ehtiyoj oʻrtasidagi mutanosiblik, pedagogik jarayonda sub’yekt va ob’yektning birgalikdagi ijodiyoti, yangi, shu davrgacha ma’lum boʻlmagan vaziyatlardan chiqib keta olishlik prinsiplari.
Ikkinchi bosqichda psixologik-pedagogik bilimlar va pedagogik mahorat shakllantiriladi.
Demak, ilm-fan, texnika, ishlab chiqarish va texnologiyaning rivojlanishi ta’lim tizimida ham tub oʻzgarishlar sodir boʻlishiga olib keladi. Ta’lim tizimining modernizatsiyasi davlat va jamiyatning malakali kadrlarga, Shaxsning esa sifatli ta’lim olishga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda roʻy beradi.
Ta’lim amaliyotida pedagogik texnologiyalarning qoʻllanilishi ta’lim tizimi modernizatsiyasining tarkibiy elementi hisoblanadi. Zamonaviy sharoitda ta’lim-tarbiya jarayonlarini texnologiyalashtirish kam kuch va vaqt sarflagan holda kutilayotgan natijani qoʻlga kiritishga imkon beradi, oʻqitish sifatini yaxshilab, samaradorligini oshiradi.
Pedagogik innovatsiyalar pedagogik faoliyatga yangiliklarning izchil olib kirilishini tavsiflaydi. Pedagogik innovatsiyalarning didaktik imkoniyatlariga koʻra ta’lim tizimi va jarayoni rivojlanib boradi. Oʻqituvchining innovatsion faoliyati pedagogik jamoani harakatga keltiruvchi, olg‘a undovchi, bunyodkorlikka rag‘batlantiruvchi kuch sifatida namoyon boʻlib, ta’lim jarayonining sifatini kafolatlaydi. Shu sababli har bir oʻqituvchi innovatsiyalarning mohiyatini toʻla tushungan holda oʻz faoliyatiga izchil tatbiq eta olishi zarur.