Oʻqituvchining yechimi. Bu vaziyatda oʻqituvchi oʻzining tarjribali va pedagogik nazokatga egaligini namoyon eta oldi. U karikaturani oʻzining ustidan kulish vositasi deb emas, aksincha, san’at asari sifatida qabul qildi. Natijada oʻqituvchi aybdor talabani qidirib, unga tanbeh berishni istamadi. Buning oʻrniga oʻzining san’atga boʻlgan muhabbatini koʻrsatdi. Bunday yondashuv talabalarga oʻqituvchining irodali, oʻziga hurmat bilan munosabatda boʻlishi, hissiyotlarini jilovlay olish, oʻz-oʻzini boshqara bilish qobiliyatiga egaligini koʻrsatdi. Oqibatda talabalar oʻqituvchining ruhan barqaror ekanliklarini angladi. Shu sababli keyingi safar ular oʻqituvchini kamsitish yoki ustidan kulishni istashmaydi. Bayon etilgan vaziyatda oʻqituvchi: 1) izohlash (oʻzida muayyan guruh yoki alohida shaxsga yoʻnaltirilganlikni ifodalovchi hissiy-og‘zaki ta’sir etish usuli); 2) xulq va faoliyatni rag‘batlantirish metodlaridan biri boʻlgan – qoʻllab-quvvatlash metodidan foydalandi.
3. Ta’lim-tarbiya jarayonlari, pedagogik faoliyat hamda hodisalarning tarkibiy elementlari oʻrtasidagi oʻzaro birlik va aloqadorlikni anglash hamda tahlil qilishga yoʻnaltirilgan keys. Keys bayoni. Tarix fani oʻqituvchisi bir soatlik darsida quyidagi xatti-harakatlarni amalga oshirdi:
1) ma’lumotlarni izchil bayon qildi;
2) zarur oʻrinlarda tayanch tushunchalarga alohida urg‘u berdi;
3) xaritadan tarixiy voqelar sodir boʻlgan joylarni koʻrsatdi;
4) vaqti-vaqti bilan talabalarga savollar berib, ulardan javoblar oldi;
5) oʻquv filmi orqali tarixiy voqelikka oid dalillarni namoyish etdi.
Keys topshirig‘i. Oʻqituvchining xatti-harakatlari qanday metodlar yordamida amalga oshirilganligini aniqlang.
Oʻqituvchining yechimi. Tarix fani oʻqituvchisi qoʻllagan metodlar:
1) hikoya;
2) tushuntirish;
3) tasvirlash;
4) suhbat;
5) namoyish.
4. Ta’lim-tarbiya jarayonlari, pedagogik faoliyat hamda hodisaning tarkibiy elementlarini tizimlashtirish, sintezlash, bosqichlarni izchil ifodalashni taqozo etadigan keys. Keys bayoni. Mashq bajarishni tashkil etish bosqichlari:
1) oʻqituvchi nazorati ostida talabalar tomonidan oʻquv harakatining;
2) zarur koʻnikma va malakalar shakllangunicha oʻquv harakatlarning koʻp bora takrorlanishi;
3) dastlabki bajarilishi oʻqituvchining faoliyat maqsadi va mazmunini tushuntirishi;
4) topshiriqni bajarish ketma-ketligini koʻrsatishi. Ushbu holatda mashq bajarishni tashkil etish bosqichlari notoʻg‘ri koʻrsatilgan. Keys topshirig‘i. Mashq bajarishni tashkil etish bosqichlarini zarur izchillikda ifodalang.