Ta’limning ma’ruza – seminar tizimi Birinchi universitetlar paydo boʻlishi bilan ta’limning ma’ruza – seminar tizimi yuzaga kela boshlaydi. U yaratilgan paytdan beri hali deyarli hech bir katta oʻzgarishlarga ega emas. Ma’ruza, seminar, amaliy va laboratoriya ishlari, konsultatsiya va tanlagan kasbi boʻyicha amaliyot hozirgacha leksion – seminar tizim sifatida oʻqishning asosiy shakllaridan biri boʻlib kelmoqda. Ma’ruza – seminar tizimi oʻzining sof koʻrinishida oliy va oliy maktabdan keyingi ta’lim amaliyotida qoʻllaniladi. Oʻzbekistonda uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limini tatbiq etilishi bilan ma’ruza – seminar tizimidan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida foydalanila boshlandi.
MA’RUZA VA UNING OʻZIGA XOSLIKLARI Ma’ruza – oliy ta’limda oʻqitishning asosiy shakli hisoblanib, quyidagi vazifalarni amalga oshirishga imkon beradi:
1) yoʻnaltiruvchi: talabalarni oʻquv materialining asosiy jihatlariga e’tibor qaratishga imkon beradi;
2) axborot: oʻqituvchi ma’ruza vaqtida muammoni, muammo bilan bog‘liq asosiy dalil va xulosalar mohiyatini ochib beradi;
3) metodologik: ma’ruza jarayonida muammoning falsafiy – nazariy asoslari namoyon etiladi.
4) tarbiyalovchi: talabalarda tinglash, idrok etish, munozarada ishtirok etish madaniyatini shakllantirish;
5) rivojlantiruvchi: talabalarda mantiqiy fikrlash, xulosalar chiqara olish qobiliyatini rivojlantirish.