Uo‘K: 821. 21-3 kbk: 82. 3(5Hin) k-19 Kalila va Dimna


BUZURJMEHR BUXTEQONING «KALILA VA



Yüklə 1,38 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə4/70
tarix15.10.2022
ölçüsü1,38 Mb.
#118324
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   70
KAMILA VA DIMNA

BUZURJMEHR BUXTEQONING «KALILA VA 
DIMNA» KITOBIGA YOZGAN MUQADDIMASI
Nasihat, hikmat va masallar majmuasidan 
iborat bo‘lgan bu «Kalila va Dimna» kitobi hind 
brahmanlari va olimlari tomonidan yozilgandir. 
Har bir xalqning olim va faylasuflari qanday 
vositalar bilan bo‘lmasin, o‘z orzu va istaklari-
ni amalga oshirmoq, mavjud tartibni intizomga 
solmoq uchun hamisha fikr yuritganlar, har xil 
tadbirlar ila ish ko‘rmoqchi bo‘lganlar, bu haqda 
har xil asarlar yozmoqqa intilganlar. Shulardan 
biri qushlarning va yovvoyi, yirtqich hayvonlar-
ning tilidan yozilgan, g‘oyat chuqur ma’noli, nafis 
ramz va muammolarga to‘la ushbu kitobdir. Olim-
lar bu yo‘lni tanlab zo‘r imtiyozga ega bo‘lganlar: 
avvalo, bu bilan ular xohlagan so‘zlarini aytib, 
har bir bobni orzu qilganlari darajada bezash im-
koniyatiga ega bo‘ldilar. Buning ustiga, ular shu 
yo‘l bilan nasihat, hikmat, latifa va hazil-mutoyi-
ba javohirlarini bir-biriga qo‘shganlar, toki dono 
odamlar bu kitobni mutolaa qilib, foydalansinlar, 
nodon odamlar esa uni afsona deb o‘qisinlar.
Yosh shogirdlar esa savodli bo‘lmoq, ilm 
orttirmoq, naql aytmoq maqsadida bu kitob-
da yozilganlarni osonlik bilan yodlarida saqlab 
qolgusidurlar. Katta bo‘lib, aql va tajriba egasi 
bo‘lganlarida, yodlab olgan va esda saqlab qolgan 
naqllar ustida fikr yuritib, ularni tushunganlarida 
dillari naqadar foydali hikmatlar bilan to‘lganligi-
ni ko‘radilar va o‘zlari kutmagan ulkan boylikka, 
bitmas-tuganmas xazinaga ega bo‘lganlarini bi-
ladilar. Yoshlarning xursandligi katta bo‘lganda 


46
otasidan meros bo‘lib qolgan xazinani topgan va 
shu tufayli umrining oxiriga qadar qiyinchilik 
ko‘rmasdan yashay olishni bilgan odamning se-
vinchiga o‘xshaydi.
Bu kitobni o‘qiganda uning nima uchun yozil-
ganligi va qanday maqsadlarni ko‘zda tutganligini 
tushunish kerak. Aks holda, odam bu kitobdan 
foyda ololmaydi, uning boyliklaridan bebahra 
qoladi. Bu kitobni tushunishning birinchi sharti 
shuki, uni to‘g‘ri va diqqat bilan o‘qiy bilishdir. 
Zotan, bir narsani diqqat bilan o‘qimasdan turib, 
uning ma’nosini tushunmoq mumkin bo‘ladimi, 
axir? O‘qishni yaxshi biladigan odam bu kitobni 
o‘ylab o‘qishi va uning ma’nosiga yetishga shoshil-
masligi lozim, chunki uning ma’nosiga odam 
chuqur o‘ylab qi yinchilik bilan erishadi.
Naql qilibdurlarkim, bir kishi sahroda xazina 
topib olibdi va o‘z-o‘ziga: «Agar bu xazinani bir 
o‘zim tashisam, ko‘p vaqtim bekor ketadi, o‘zim 
qi y nalib, qaytaga xafa bo‘laman. Yaxshisi, bir 
necha xizmatkor topib, bir necha ulovni kira qilib, 
biroz muddat ichida xazinaning hammasini uyga 
tashib olay», – debdi.
U xuddi shunday qiladi. O‘zi xazinaning tepa-
sida qolib, la’l va javohirlar yuklangan ulovlarni 
uyiga yuboradi. Lekin yukni olib ketayotgan hiyla-
kor odamlar boyliklarni u kishining uyiga emas, 
o‘z uylariga olib borishni maqsadga muvofiqroq 
deb biladilar.
U nodon kishi esa o‘z manziliga kelganida, 
pushaymonlikdan boshqa hech narsa topmaydi.
Yana shunday haqiqatni bilish lozimki, foyda 
kitobni yodlashda emas, uni tushuna bilishda-


47
dir. Kimki bilmagan ishga yopishsa, uning ahvoli 
so‘zni yodlab olgan, lekin ma’nosini tushunma-
gan odamning ahvoliga o‘xshaydi.
Hikoyat
Hikoya qilibdurlarkim, bir odam arabcha o‘r-
ganishni havas qilib, savodli do‘stlarining biri-
dan qizil lavha ustiga bir necha arabcha so‘zni 
yozib berishni iltimos qilibdi. Do‘sti ham ilti-
mosini bajaribdi. U odam arab so‘zlari yozil-
gan qizil lavhani uyiga olib boradi va unga har 
zamon-har zamonda qarab qo‘yib, nihoyat, 
arab tilini juda yaxshi bilib oldim, degan fikrga 
keladi. Bir kun majlisda arabcha so‘zlamoq-
chi bo‘ladi-da, misi chiqadi. Majlisda bo‘lgan-
lardan biri uning xatosini yuziga solib kuladi.
U odam bundan g‘azablanib: «Mendan xato topa 
olmaysan – qizil lavhada shunday yozilgan», – deb 
javob beradi...
Insonlar ilmni egallab olishlari, uning ma’nosi-
ga chuqur tushunishlari kerak, chunki ilm narigi 
dunyoga olib boriladigan eng katta sovg‘adir, 
bu dunyoda esa bilimli bo‘lmasdan yashash qi-
yindir. Quyoshning jamoli yer yuzini yoritganligi 
va hayotga abadiy umr bag‘ishlagani kabi, ilm 
ham qalblarni nur bilan yoritadi. Tajribaning 
shifobaxsh dori-darmonlari odamlarni og‘ir jaho-
lat kasalligidan xalos etadi. Yaxshi ishlar ilmga 
yarashadigan bezakdir. Bilim daraxtining mevasi 
odamlarga xayrixohlik va boshqalarni ranjitmas-
likdir. Ilmli bo‘lib, unga amal qilmaganlar, bila 
turib tahlikali yo‘ldan qaytmagan va yo‘lda qa-


48
roqchilarga uchrab bor-yo‘g‘idan ajralgan odam-
larga o‘xshaydilar; o‘ziga yoqmaydigan ovqatning 
zararli ekanligini bila turib, undan bosh tortmay-
digan, natijada, halok bo‘ladigan kasal odamlarga 
o‘xshaydilar. Xullas, ishining yomon ekanligini 
bila turib nafsini tiyolmagan odam azob-uqubat 
oloviga yo‘liqadi. Masalan: biri ko‘r, biri sog‘ ikki 
odam o‘raga yiqilib yaralansa, farosatli odamlar 
ko‘zi sog‘ odamni ayblaydilar, ko‘zi ojiz kishining 
ishini uzrli deb biladilar.
Bilimli bo‘lish har narsadan oldin insonga o‘z 
hurmatini oshirmoq va izzatini saqlamoq uchun 
kerakdir. Ilm boshqalarga o‘rgatish uchungina 
qo‘lga kiritilsa, odam undan biron foyda ko‘rmasa, 
u suvidan hamma foydalanadigan, lekin bundan 
o‘zi bebahra bo‘lgan buloqqa o‘xshaydi.
Ikki narsadan, ya’ni, ilm va mol-dunyodan 
odam avval o‘zi foydalanib, so‘ngra boshqalarga 
ulashib berishi kerak. Yaxshi natija bergan tajri-
balarni odam avval o‘ziga, so‘ngra boshqalarga 
tatbiq etishi lozim, ya’ni, odam avval o‘zini, shun-
dan keyin boshqalarni davolashi kerak.
Kimki bu so‘zlarning ma’nosiga yetmasa va 
ularni bekorchi deb hisoblasa, beaql ko‘rga 
o‘xshaydi. Aqlli odam qiladigan ishining oxiri nima 
bilan va qanday tugashini oldindan ko‘z o‘ngiga 
keltirishi kerak, qayerga borishini yo‘lga chi-
qishdan oldin bilishi kerak. Aks holda, u yo‘lning 
yarmida sarson bo‘lib qoladi, falokatdan boshqa 
narsaga yo‘liqmaydi. Ajdodlarining hayotidan 
ibrat darsi olib, ularning tajribasidan foydalan-
gan odam aqlli hisoblanadi, o‘zbilarmon odam 


49
hamisha mashaqqat ichida yashaydi. Ziyonli har 
narsada bir foyda bor deb aytadilar, eng yaxshisi, 
boshqalarning ko‘rgan ziyonlarini nazarda tutib, 
ularning foydali tajribalaridan istifoda etishdir. 
Bu yo‘ldan bormagan odamlar kundan kunga 
muvaffaqiyatsizlikka uchraydilar va nihoyat, taj-
ribadan saboq olib, to‘g‘ri yo‘lga tushib olganlari-
ga qadar o‘lim vaqti kelib qoladi. Kimki fursatni 
qo‘ldan bersa, harakat qilib bir ishni amalga 
oshi rish o‘rniga tanballik qilsa, to‘g‘riligi shubhali 
yo yolg‘on xabarlarni to‘g‘ri deb hisoblab, ularni 
boshqalarga gapirib yursa, yolg‘onchining til-
yog‘lamaligiga ishonsa, o‘z tarafdorlarini fitnachi 
odamlarning so‘zlariga inonib ranjitsa, mas’ul 
vazifalarni aqlli odamlarga topshirmasa, unday 
kishining yashashga haqi yo‘qdir.
Aqlli odamlar tuban va yaramas muhitga 
tushib qolsalar, tezda undan qutulishga harakat 
qilishlari kerak. Kimki ko‘r-ko‘rona noma’lum 
yo‘lga chiqsa, xalqning ketayotgan to‘g‘ri yo‘lidan 
uzoqlashadi va qancha ko‘p yursa, shuncha ko‘p 
adashadi. Agar bir odamning ko‘ziga tikan kirsa 
va u bu tikanni chiqarib olmasdan, uni ahami-
yatsiz bir narsa hisoblab, ko‘zini ishqay boshla-
sa, mutlaq ko‘r bo‘ladi. Aqlli odam ko‘pning ra’yi 
bilan hisoblashib, unga ishonishi kerak, lekin 
shu bilan birga, aql va tajribaning so‘zlariga ham 
quloq osishi kerak. Xullas, soddadillik va xato-
larga yo‘l bermaslik kerak. Aqlli odam o‘ziga ravo 
ko‘rmaganni o‘zgaga ham ravo ko‘rmasligi kerak. 
Chunki har bir ishning o‘z mukofoti bor, muddat 
yetganda, albatta, oqibati ma’lum bo‘ladi.


50
Bu kitobni o‘qigan odamlar har narsadan oldin 
uning mag‘zini chaqib, unga oroyish bergan is-
tioralarni, ramzli va muammoli so‘zlarni tushunib 
olishlari kerak.
Ibn Muqaffa bu muqaddimaga ilova qilib ayta-
diki, men bu kitobning hind tilidan qilingan tar-
jimasini ko‘rdim va Iroq, Shom, Hijoz ahli ham 
undan foydalansinlar, deb uni ona tillari bo‘lgan 
arabchaga tarjima qilishni xohladim. Men bu 
kitobni mumkin qadar asliga to‘g‘ri va oydin tar-
jima qilishga harakat qildim, toki kitobxonlar va 
talabalar undan osonlik bilan foydalana olsinlar.


51

Yüklə 1,38 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin