2.6. 2010- va undan keyingi yillarda milliy sug‘urta bozori
rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari
2010-yilda O‘zbekiston sug‘urta bozori jadal sur’atlar bilan taraqqiy etdi. Bozorda 34 ta sug‘urta kompaniyasi, 3 ta sug‘urta brokeri, 10 ta assistans, adjaster, syurveyer va aktuariylar faoliyat ko‘rsatdi. Shu yili sug‘urta kompaniyalarining hududiy bo‘linmalari soni 892 taga, sug‘urta agentlarining soni esa 6753 taga yetdi.
2010-yilda barcha sug‘urtalovchilar tomonidan jami 175,5 mlrd so‘m miqdorida sug‘urta mukofotlari to‘plashga erishildi. Holbuki, bu ko‘rsatkich 2007-yilda 73,5 mlrd so‘mga teng bo‘lgan. Yildan yilga sug‘urta bozori bo‘yicha yig‘ilgan jami sug‘urta mukofotlari tarkibida davlat ishtirokida tashkil etilgan sug‘urta tashkilotlarining ulushi kamayib borishi kuzatildi. Chunonchi, 2007-yilda ularning ulushi jami sug‘urta mukofotlari tarkibida 47,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2010yilga kelib bu ko‘rsatkich 36,9 foizga tushgan. Bu o‘z navbatida, sug‘urta bozorida raqobat muhiti kengayotganligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston sug‘urta bozori bo‘yicha to‘langan sug‘urta qoplamalarining 18,7 mlrd so‘mi ixtiyoriy sug‘urta turlariga, 8,9 mlrd so‘mi majburiy sug‘urta turlariga to‘g‘ri kelgan.
2010-yilda O‘zbekiston sug‘urta bozori rivojlanishida muhim o‘rin tutgan voqealardan biri 2010-yilning 26-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2011–2015-yillarda respublika moliyabank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida» PQ-1438-sonli qarorining qabul qilinishi bo‘ldi. Ushbu qaror asosida 2011–2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari Dasturi ma’qullandi. Bu dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
2011–2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlari hamda 2011–2015-yillarda respublika mikromoliyalash sohasini va nobank moliya sektorini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlardan iborat.
2011–2015-yillarda mamlakatimizda sug‘urta bozorini yuqori sur’atlarda ravnaq topishini ta’minlash maqsadida quyidagi choratadbirlarni amalga oshirish vazifalari belgilangan:
«Xususiy banklar va moliya institutlari hamda ularning faoliyatini kafolatlash to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish. Bu qonun 2012-yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Respublika moliya-bank tizimining faoliyatini baholash uchun «Fitch reytings», «Mudis» va «Standart end Puers» xalqaro reyting kompaniyalari tomonidan qo‘llaniladigan xalqaro normalar, mezonlar va standartlarni qo‘llash.
Respublika tijorat banklari va boshqa moliya institutlari faoliyatini baholash tizimini xalqaro reyting kompaniyalari standartlari va mezonlariga muvofiqlashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlari hamda reyting agentliklarining texnik ko‘magi va ekspertlarini jalb etish choralarini ko‘rish.
Zamon talablari asosida o‘quv-metodik ishlar va ilmiy-tadqiqot faoliyati sifatini oshirishni nazarda tutgan holda Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent Moliya institutining o‘quv rejalari, dasturlari va mutaxassisliklari, o‘quv va metodik ishlarning tashkil etilishini tubdan qayta ko‘rib chiqish. 2010-yilning noyabr oyidan 2011-yilning yanvar oyiga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutining o‘quv rejalari, dasturlari maxsus komissiya tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. Shuningdek, 2011-yilning yanvar oyida ikkala oliy ta’lim muassasasi rahbar xodimlari attestatsiyadan o‘tkazildi.
«Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi qonunini ishlab chiqish va joriy etish.
Tijorat banklari va bankdan tashqari kredit tashkilotlari tomonidan ajratilgan mikrokreditlarning ta’minoti sifatida kreditlarning qaytarilishini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta polislaridan foydalanish amaliyotidan yanada kengroq foydalanish.
2015-yilda umumiy sug‘urta sohasida sug‘urtalovchilarning ustav kapitali eng kam miqdoriga o‘rnatilgan talabni 1,5 mln yevroga va hayotni sug‘urtalash sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi sug‘urtalovchilarning ustav kapitali eng kam miqdoriga o‘rnatilgan talabni 2,0 mln yevroga, majburiy sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urtalovchilar ustav kapitalining eng kam miqdoriga o‘rnatilgan talabni 3,0 mln yevroga, qayta sug‘urtalash sohasida mazkur talabni 6,0 mln yevroga yetkazish choralarini ko‘rish.
Hayotni sug‘urtalash sohasini, jumladan uzoq muddatli va jamg‘arilib boruvchi hayotni sug‘urtalash turlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish.
Elektron hujjat aylanishiga o‘tish, sug‘urtalovchilar tomonidan davriy xususiyatga ega moliyaviy, sug‘urta va boshqa hisobotlarni elektron hujjat aylanmasining yagona tizimi orqali taqdim etishga o‘tish.
Sug‘urtalovchilar, sug‘urta va qayta sug‘urtalovchi brokerlar, jumladan ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlari va bosh buxgalterlariga qo‘yiladigan malakaviy talablarni kuchaytirish.
Sug‘urta bozori professional ishtirokchilari, shu jumladan, adjasterlar, syurveyerlar, aktuariylar va assistans xizmati ko‘rsatuvchi kompaniyalarning faoliyatini kengaytirish orqali sug‘urta bozori infratuzilmasini yanada rivojlantirish.
Mazkur qarorning talablaridan kelib chiqqan holda 2011-yil 31mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sug‘urtachilarning moliyaviy barqarorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida» qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan sug‘urta faoliyati turlariga qarab, sug‘urtachilarning ustav kapitali minimal miqdorlarini 2012–2014-yillar mobaynida bosqichma-bosqich, tabaqalashtirilgan tarzda oshirib borilishi maqsadga muvofiq, deb topildi. Ya’ni qayd etilgan yillarda sug‘urtalovchilar ustav kapitalining eng kam miqdorlari quyidagi miqdorlarda shakllantirishi zarur.
8-jadval Sug‘urtalovchilar uchun ustav kapitalining eng kam miqdorlari1