2-chizma. Ta’kidlash kerakki, qonun e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirgan bo‘lishiga qaramay, ushbu qonunning 27-moddasiga binoan 17moddaning 2-bandi ushbu qonun kuchga kirgan sanadan boshlab 6 oy vaqt o‘tgach, amalga kiritildi.1 17-moddaning 2-bandi ish beruvchining qator majburiyatlarini, shu jumladan, uning ushbu qonunga muvofiq o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash majburiyatini ko‘rsatib o‘tadi. Shu munosabat bilan majburiy sug‘urtaning bu turi amalda 2009-yilning 17aprelidan 6 oy o‘tgandan so‘ng amal qila boshladi. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘laqonli amalda bo‘lishini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida» 2009-yil 24-iyunda 177-sonli qarori qabul qilindi.2 Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish jarayonini shartli ravishda ikki bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi bosqich, majburiy sug‘urta shartnomasi imzolangan paytdan sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan kun yoki majburiy sug‘urta shartnomasi muddati tugagan sanagacha davom etadi. Ikkinchi bosqich, majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta hodisasi yuzaga kelgan paytdan boshlanadi. Birinchi bosqich, sug‘urta munosabatlarida faqat sug‘urtaning ushbu turini amalga oshirgan sug‘urtalovchi va ish beruvchi kabi subyektlar ishtirok etadi. Mazkur bosqichda majburiy sug‘urta shartnomasi tuziladi va sug‘urtaning ushbu turi bo‘yicha sug‘urta mukofoti to‘lanadi. Sug‘urta shartnomasiga binoan sug‘urtalovchi kelishilgan haq sug‘urta mukofoti evaziga sug‘urta hodisasi yuzaga kelganda ish beruvchi va jabrlanuvchi yoki naf oluvchiga sug‘urta shartnomasida kelishilgan sug‘urta summasi doirasida sug‘urta to‘lovlarini to‘lash majburiyatini zimmasiga oladi.
Ta’kidlash lozimki, majburiy sug‘urta shartnomasining asosiy shartlari qonunning o‘zi bilan muvofiqlashtiriladi. Mazkur shartlar asosida Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko‘rsatilgan qarori bilan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalari tasdiqlangan. Ushbu qoidalar majburiy sug‘urtaning mazkur turini amalga oshirishning umumiy qoidalari, subrogatsiya, sug‘urtalovchini almashtirish yoki annuitetlar shartnomasiga ko‘ra sug‘urtalovchini o‘zgartirish, yakuniy qoidalar kabi umumiy shartlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, qoidalar fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasiga tegishli shartlarni ham o‘z ichiga oladi. Bu shartlar majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish, o‘zgartirish va muddatidan avval bekor qilish, sug‘urta summasi, sug‘urta mukofoti va uni to‘lash qoidalari, majburiy sug‘urta shartnomasida ishtirok etayotgan tomonlarning huquq va majburiyatlari, sug‘urta hodisalarini ko‘rib chiqish tartibi, ko‘rilgan zarar hajmini aniqlash va majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qoplamasini to‘lash, shuningdek, annuitetlar shartnomasiga tegishli shartlar, sug‘urta summasi, sug‘urta mukofoti va annuitetlar shartnomasi bo‘yicha qaytarib sotib olish summasi, annuitetlar shartnomasida ishtirok etuvchi tomonlarning huquq va majburiyatlari, annuitetlar shartnomasi bo‘yicha joriy to‘lovlar shaklida sug‘urta qoplamalarini to‘lash tartibi, annuitetlar shartnomasini o‘zgartirish va muddatidan avval bekor qilish tartibidan iborat.
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi ommaviy shartnoma hisoblanadi va bir yil muddatga tuziladi. Ammo agar ish beruvchining faoliyati bir yildan kam muddat davom etishi mo‘ljallangan bo‘lsa, u holda shartnoma ish beruvchi tomonidan ushbu faoliyatni olib borish muddatiga tuziladi. Majburiy sug‘urtaning ushbu turi bo‘yicha sug‘urta summasi quyidagicha belgilanadi.1
Majburiy sug‘urta shartnomasi tuzilayotgan sanaga kelib, bir yildan ko‘p faoliyat olib borgan ish beruvchi uchun – ish beruvchi barcha xodimlarining ushbu shartnoma tuzilgan kungacha o‘tgan 12 oyda olgan yillik ish haqi hajmidan;
O‘z faoliyatini yangidan boshlayotgan ish beruvchi uchun barcha xodimlar uchun majburiy sug‘urta shartnomasi tuzilgan kundan keyin keladigan 12 oy uchun oladigan ish haqi hajmidan. Bunda yillik ish haqi miqdori birinchi oydagi ish haqini 12 ga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblanadi.
O‘z faoliyatini kamida bir yil avval boshlagan ish beruvchi uchun ish beruvchining barcha xodimlari ish beruvchining ushbu faoliyatini amalga oshirish muddatida olgan ish haqi hajmida.
Majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta mukofoti sug‘urta tariflari asosida hisoblanadi. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta tarifi ikki tarkibiy qismda shakllantiriladi:
Bazaviy stavka va ish beruvchi olib borayotgan faoliyatning xavflilik darajasiga ko‘paytiriladigan koeffitsiyent. Bazaviy stavka ish beruvchilar va sug‘urtalovchilar uchun yagona hisoblanadi hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasining yillik 0,1 foiz miqdorida belgilanadi. Bazaviy stavkaga ko‘paytiriladigan koeffitsiyent ish beruvchi olib borayotgan faoliyatning xavflilik darajasiga qarab belgilanadi. Faoliyat xavfliligi esa ish beruvchi faoliyat turining xavflilik darajasi klassifikatsiyasi darajasiga muvofiq belgilanadi. Ish beruvchi faoliyat turining xavflilik darajasi klassifikatsiyasi qoidalar asosida tasdiqlangan ushbu klassifikatsiyaga binoan iqtisodiyot sohalari kasbiy xatarlarining 20 ta klassiga ajratilgan. Har bir klass bo‘yicha tegishli koeffitsiyentlar belgilangan. Agar ish beruvchi klassifikatsiyada keltirilmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, faoliyatning bu turiga nisbatan kasbiy xatarlar klasslari bo‘yicha o‘rtacha sug‘urta tariflariga teng 3,400 hajmidagi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Shuningdek, sug‘urtaning ushbu turi bo‘yicha sug‘urta tariflari tarkibi ham belgilangan bo‘lib, bunda sug‘urta mukofoti hajmidagi netto-stavka va sug‘urta mukofoti hajmida majburiy sug‘urtani amalga oshirish xarajatlari ulushi belgilab beriladi. Sug‘urta tarifi tarkibiga muvofiq, tarif stavkasining 70 foizi ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash shartnomasi bo‘yicha to‘lovlar va 30 foiz ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash xarajatlari (shu jumladan, sug‘urta hodisalarini oldini olishga oid ogohlantirish tadbirlari zaxirasiga chegirmalar tarifning 5,0 foizini tashkil etadi)dan iborat.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, bugungi kunda respublikada majburiy sug‘urtaning ijtimoiy yo‘naltirilgan tizimi shakllantirilmoqda. Bu tizim mamlakat iqtisodiyotining zamonaviy talablariga to‘liq javob beradi. Majburiy sug‘urta turlarining tatbiq etilishi yaqin yillar ichida mamlakat sug‘urta bozorini rivojlantirishga qudratli turtki beradi va majburiy sug‘urtaning aholini ijtimoiy himoyalashda ishtirokini oshiradi.