Tijorat asosida faoliyat ko‘rsatuvchi barcha xo‘jalik yurituvchilar kabi sug‘urta tashkilotlari ham soliq qonunchiligida belgilangan soliqlarni to‘laydi. Ma’lumki, davlat soliqlardan iqtisodiyotni tartibga soluvchi mexanizm sifatida keng foydalanadi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mustaqillik yillari respublikamizda mustaqil soliq tizimi shakllandi va u doimo takomillashtirilib borilmoqda.
Mustaqillik yillari davlatimiz tomonidan bozor munosabatlari talablariga mos milliy sug‘urta tizimini shakllantirish va uning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada bugungi kunda yuridik va jismoniy shaxslarga keng ko‘lamli sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishga qodir moliya sektorining muhim bo‘g‘ini vujudga keldi.
Hozirgi kunda sug‘urta tashkilotlari davlat budjetiga quyidagi soliqlarni to‘laydilar:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
mol-mulk solig‘i;
yer solig‘i;
obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i.
Bizga ma’lumki, Soliq kodeksida boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan bir qatorda soliqlarga tenglashtirilgan boshqa majburiy to‘lovlarni ham to‘laydilar:
Boshqa majburiy to‘lovlarga quyidagilar kiradi:
1) ijtimoiy jamg‘armalarga majburiy to‘lovlar: yagona ijtimoiy to‘lov;
fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta
badallari; budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar. 2) Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar:
Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar;
Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar;
davlat boji;
bojxona to‘lovlari.
Sug‘urta tashkilotlari soliq to‘lovchi sifatida quyidagi huquqlarga ega:
davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlardan amaldagi soliqlar, boshqa majburiy to‘lovlar, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi o‘zgarishlar haqida axborot olish;
o‘z soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan davlat soliq xizmati organlari hamda boshqa vakolatli organlardagi mavjud ma’lumotlarni olish;
soliq munosabatlari masalalari yuzasidan o‘z manfaatlarini shaxsan yoki o‘z vakili orqali ifoda etish;
Soliq Kodeksida, boshqa qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida belgilab qo‘yilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda hamda tartibda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlardan foydalanish;
soliqlar, boshqa majburiy to‘lovlar, penya va jarimalarning ortiqcha to‘langan yoki undirilgan summalarini hisobga olish yoki qaytarib olish;
Soliq Kodeksida hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan shartlarda va tartibda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash;
soliq solish obyektini hisobga olishda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lashda o‘zlari yo‘l qo‘ygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;
soliq tekshiruvlari materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomalarini olish;
soliq tekshiruvlarini amalga oshirayotgan davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini bajarishga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
davlat soliq xizmati organlarining, boshqa vakolatli organlar va ular mansabdor shaxslarining Soliq kodeksiga va boshqa normativhuquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lmagan hujjatlari hamda talablarini bajarmaslik;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish.
Soliq to‘lovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Soliq to‘lovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega bo‘lish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek, vakilning ishtirok etishi soliq to‘lovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.
Soliq to‘lovchi vakillarining mazkur soliq to‘lovchining soliq munosabatlaridagi ishtiroki munosabati bilan sodir etilgan harakati (harakatsizligi) soliq to‘lovchining harakati (harakatsizligi) deb e’tirof etiladi.
Sug‘urta tashkilotlarining soliq to‘lovchi sifatidagi majburiyatlari quyidagilardan iborat:
o‘z soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarishi;
qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi;
davlat soliq xizmati organlariga va boshqa vakolatli organlarga imtiyozlar olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi;
soliq tekshiruvlari o‘tkazilayotgan vaqtda davlat soliq xizmati organlariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish, to‘lash bilan bog‘liq hujjatlar hamda ma’lumotlarni taqdim etishi;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi, shuningdek, mazkur organlarning, ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida sug‘urta tashkilotlarining daromadlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, sug‘urta tashkilotlarining xizmatlarni realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlari quyidagilar kiradi:
sug‘urta qilish, birgalikda sug‘urta qilish va qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha sug‘urta mukofotlari (badallari). Bunda birgalikda sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha sug‘urta mukofotlari (badallari) sug‘urtalovchining (birgalikda sug‘urta qiluvchining) daromadlari tarkibiga faqat uning birgalikda sug‘urta qilish shartnomasida belgilangan sug‘urta mukofotidagi ulushi miqdorida qo‘shiladi;
avvalgi hisobot davrlarida shakllantirilgan sug‘urtaviy texnik zaxiralarni kamaytirishning (qaytarishning) qayta sug‘urta qiluvchilarning sug‘urta zaxiralaridagi ulushi o‘zgarishi hisobga olingan holdagi summalari;
sug‘urta qilish, birgalikda sug‘urta qilish va qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha pul mukofoti, shuningdek, qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha tantemalar (foydadan olinadigan haq);
qayta sug‘urta qilishga o‘tkazilgan tavakkalchilik bo‘yicha sug‘urta to‘lovlari ulushining o‘rnini qayta sug‘urta qiluvchilar tomonidan qoplash summalari;
qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha mukofotlar deposiga hisoblangan foizlar summalari;
sug‘urta qildiruvchining (naf oluvchining) yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslarga nisbatan talab qilish huquqini realizatsiya qilishdan olinadigan, qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urtalovchiga o‘tgan daromadlari;
sug‘urta agenti, broker, vositachi xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun mukofot;
sug‘urta bozorining professional ishtirokchilariga xizmatlar ko‘rsatganlik uchun sug‘urtalovchi tomonidan olingan pul mukofoti;
sug‘urta xizmatlari ko‘rsatishdan va qo‘shimcha sug‘urta faoliyatidan olingan boshqa daromadlar.
Shubhasiz, sug‘urta tizimida erishilgan yutuqlarning asosida mazkur tizim uchun yaratilgan qulay muhit, birinchi galda, soliq imtiyozlari muhim o‘rin tutadi. 1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni sug‘urta yo‘li bilan himoya qiluvchi «Madad» sug‘urta agentligining tashkil etilishi va uni soliqlar hamda qonunchilikda nazarda tutilgan majburiy to‘lovlardan uch yil muddatga ozod etilishi sohani rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan berilgan dastlabki soliq imtiyozi edi.
Sug‘urtaning iqtisodiyot rivojlanishida nechog‘li ahamiyat kasb etishi hisobga olingan holda 1997-yil 18-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan «O‘zbekinvest» eksportimport milliy sug‘urta kompaniyasi tashkil etildi va mazkur kompaniya hamda uning hududiy sho‘ba korxonalari daromaddan olinadigan soliqdan va mulk solig‘idan besh yil muddatga ozod etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 25-fevraldagi farmoni bilan «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi tashkil etildi. Ushbu kompaniya va uning hududiy bo‘linmalari ham daromad va mulk soliqlarini to‘lashdan besh yil muddatga ozod etildi.
O‘zbekistonda milliy sug‘urta tizimi rivojlanishi uchun qulay shartsharoitlar yaratish hamda sug‘urta xizmatlari sohasida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 31-yanvardagi «Sug‘urta bozorini yanada erkinlashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmoniga binoan 2002-yilning 1-yanvaridan mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, barcha sug‘urta kompaniyalari daromad (foyda) solig‘i to‘lashdan uch yil muddatga ozod etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 17-apreldagi PQ-325-sonli «O‘zbekiston Respublikasida 2006–2010yillarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2006-yil 1apreldan sug‘urta tashkilotlari uch yil muddatga daromad solig‘i to‘lashdan ozod etildi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida ta’kidlanganidek, mulk sug‘urtasi va uzoq muddatli hayotni sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta mukofotlari summalari yuridik shaxslarning foyda va jismoniy shaxslarning daromad solig‘iga tortilmaydi
Yuqoridagilarni umumlashtirish asosida xulosa qilish mumkinki, davlatimizning sug‘urta sohasini bosqichma-bosqich, uzluksiz rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha joriy etgan soliq imtiyozlari, pirovardida, sug‘urta tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bir qatorda, ularning respublika mintaqalarida agentlik tarmoqlari va bo‘linmalarini keng miqyosda shakllantirish uchun katta imkoniyat yaratdi. Bularning hammasi istiqbolda sug‘urtalovchilar o‘rtasida raqobat muhitini yanada kengaytirish barobarida, korxonalar va aholining sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talabini to‘laroq va sifatli qondirishga zamin hozirlashi tabiiy.